Qo'qon – “Jahon hunarmandlar shahri”

Xalqimiz azaldan o'z kasbining chinakam fidoyisi bo'lgan mohir hunarmandlarni “usta” va “ustazoda” degan nomlar bilan ulug'lab, e'zozlab keladi.

Shu o'rinda buyuk mutafakkir Bahouddin Naqshband bobomizning “Hunar shunday tulporki, unga mingan kishi albatta hurmat-e'tibor topgay va saodat manziliga yetgay”, degan hikmatli so'zlarini eslab o'tishni joiz, deb bilaman.

Kelgusi yili tavalludining 700 yilligi nishonlanadigan bu tabarruk zot nafaqat aziz-avliyo, avvalo, o'zlari ham yetuk hunarmand, ahli hunarning piri bo'lganlar. Bu ulug' siymoning “Diling – Ollohda, qo'ling – mehnatda bo'lsin” degan ezgu da'vatiga amal qilib, yurtimizdagi ming-ming hunarmandlar o'zlarining mashaqqatli, halol mehnati, insoniy fazilatlari bilan xalqimizga, yoshlarimizga ibrat va namuna bo'lib kelmoqdalar.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 14 sentyabrda

Qo'qon shahrida Birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalining

tantanali ochilish marosimidagi nutqidan.

Farg'ona viloyati Qo'qon shahrida o'tgan birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali qizg'in kechdi.

Bunda Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o'tkazish to'g'risida”gi qarori dasturilamal bo'ldi.

Festivalda dunyoning 78 ta davlatidan 370 dan ziyod mohir hunarmand, taniqli madaniyat arboblari, san'atshunos olimlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

Xalqaro hunarmandchilik festivaliga mezbonlik qilgan Qo'qon shahri o'zining nafis san'ati, mash­hur hunarmandchilik maktabi va adabiy muhiti, ma'rifat va yuksak ma'naviyati bilan nom qozongan. Bu yerda yaratilgan san'at durdonalari nafaqat xalqimizning, balki umumjahon mulkiga aylanib ulgurgan.

Qo'qon shahar markazidagi Xudoyorxon O'rdasi maydoni fes­tival kunlari har doimgidan gavjum bo'ldi. Mehmonlar uchun tarixiy ziyoratgohlar bo'ylab sayyohatlar uyushtirildi. Hunarmandchilik va milliy liboslar ko'rgazmalari, badiiy va hujjatli filmlar tomoshalari, kitob­lar, albom va fotosuratlar savdolari, askiya va qiziqchilar, folklor va dorbozlik jamoalari, polvonlar chiqishlari xalqimizning asrlar mobaynida sayqallanib kelayotgan qadriyatlarini butun dunyoga tarannum etdi.

Festival doirasida “Hunarmandchilik va xalq amaliy san'ati istiqbollariga” bag'ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada 26 mamlakatdan 36 nafar olim va tad­qiqotchi ishtirok etdi. Konferensiya yakunida “Xalq amaliy san'ati va hunarmandchilikni rivojlantirish bo'yicha Qo'qon rezolyutsiyasi” imzolandi.

Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, hunarmandchilikning paydo bo'lishi dunyo sivilizatsiyasi rivojida eng muhim va tarixiy qadam ekani yana bir karra isbotini topdi. Hunar barcha xalqlar hayotida muhim o'rin egallagani bois ushbu tantana nafaqat o'zbek xalqi, balki butun dunyo san'at vakillariga ilhom beruvchi manba bo'ldi, deya baralla aytish mumkin.

Qo'qon shahriga Jahon hunarmandlar shahri maqomi berilishi ham ushbu amaliy harakatlarning natijasidir. Ushbu unvon 2014 yilda ta'sis etilib, shu kungacha dunyodagi 36 shahar sazovor bo'lgan. Mustaqil Davlatlar Hamdo'st­ligi mamlakatlari orasida birinchi bo'lib Qo'qon shahriga berilgani, albatta, har bir yurtdoshimiz qalbida cheksiz faxr-iftixor uyg'otadi.

Eng muhimi, festival mezbonu mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Buni ular bildirayotgan fikr-mulohazalaridan ham yaqqol ko'rish mumkin.

Narina Xachaturyan,

Armaniston Respublikasi ta'lim, fan, madaniyat va sport vazirining o'rinbosari:

— Bunday nufuzli anjumanlar, xalqaro festivallar qo'shni respublikalar, uzoq-yaqin xorij davlatlari bilan do'stlik rishtalarini bog'labgina qolmay, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, turizm salohiyatini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.

O'zbekiston haqida har gal to'lqinlanib gapiraman. Mehmondo'st xalq, betakror ob-havosi, turli noz-ne'matlari qatorida hunarmandchiligi, milliy qadriyatlarini ham alohida e'tirof etaman. Ko'p yurtlarda bo'lganman, ammo sizning diyoringiz va shirinsuxan odamlaringizga o'xshashini aslo uchratmaganman.

Akmal Mirzamuhammad,

hunarmand, Pokiston:

— Qo'qon shahrida o'tkazilayotgan Xalqaro hunarmandlar festivalining tantanali tadbirida ishtirok etganimdan quvonchlarim cheksiz. Bunaqa jozibador festivalni ko'rmaganman. Milliy maqom qo'shiqlari yuragimdan joy oldi. Laparlar ham o'ziga xos va menga juda manzur bo'ldi. “Farg'ona tong otguncha” qo'shig'ini ishtirokchilar birgalikda kuylashi e'tiborimni tortdi. Bu qo'shiq mamlakatingiz san'atining milliy brendiga aylanib ulguribdi. Sahna ikki chetida dastur yakuniga qadar mohir ustalar tomonidan ikki peshayvonning tez va sifatli bitirilishidan, to'g'risi, lol qoldim.

Muhayyo Jo'rayeva,

“Hunarmand” uyushmasi Surxondaryo viloyati bo'limi rahbari:

— Biz ham ushbu festivalda ulug' ajdodlarimiz, Surxondaryoning tarixiy ko'rinishlari, viloyatimiz hunarmand­chiligining o'ziga xos jihatlari bo'yicha sahna asarlarini namoyish etamiz.

Xalqaro hunarmandlar festivali doirasida ko'rik-tanlov ham o'tkazildi. Unda horijiy davlatlardan kelgan hunarmandlar o'zlarining 30 dan ortiq yo'nalishdagi ijodiy ishlarini taqdim etdi. Mahalliy va xorijiy davlatlardan tuzilgan 7 nafardan iborat nufuzli hakamlar hay'ati xolislik bilan g'oliblarni aniqladi. Sakkizta nominatsiya bo'yicha, jumladan: “Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyasi bo'yicha birinchi o'rin (7 000 dollar)ni Muhammadali Yunusov (O'zbekiston), ikkinchi o'rin (5 000 dollar)­ga Sufion Katri (Hindiston) sazovor bo'ldi, uchinchi o'rin (3 000 dollar)ga Alisher Narzullayev (O'zbekiston) munosib deb topildi. Shuningdek, “Eng yosh hunarmand”, “Eng yaxshi hunarmandchilik maktabi ustasi”, “Qadimiy sulola davomchisi”, “Qadimiy hunarmandchilik turini tiklagan hunarmand”, “Eng faol hunarmand” nominatsiyasi g'oliblari ham aniqlandi.

2021 yilda xalqaro festival ikkinchi bor o'tkazilishini ma'lum qilgan tadbir tashkilotchilari festivalni yuqori saviyada tashkil etish va o'tkazishga yaqindan yordam bergan YuNESKOning yuqori martabali vakillariga, Jahon hunarmandlar kengashining Osiyo-Tinch okeani, Amerika va Afrika mintaqalari bo'yicha rahbarlariga, xorijiy va mahalliy hunarmandlar hamda barcha ijodiy jamoalarga minnatdorlik bildirdi.

Mehrizoda Husanova.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − four =