O'smirlar jinoyatga nega qo'l urishmoqda?

Bizni ajablantirgani, hayhotday uyda bo'yga yetgan, ammo hali nikohdan o'tib, turmush qurmagan o'g'il va qizning yolg'iz yashab kelganidan, nahotki, mahalla-ko'y, uchastka noziri xabardor bo'lmagan? Ishonging kelmaydi…

Farzandlarimizni mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni chuqur egallagan, mustahkam hayotiy pozitsiyaga ega, chinakam vatanparvar insonlar sifatida tarbiyalash biz uchun hamisha dolzarb masala hisoblanadi.

Shavkat Mirziyoyev.

Darhaqiqat, ma'naviy yetuk va jismonan sog'lom barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlatimizning bosh maqsadiga aylandi.

Shunga qaramay, ba'zi o'smir-yoshlar yaratilayotgan ulkan imkoniyatlardan foydalanib, o'qib, izlanib komil insonlar bo'lib yetishish yoki tadbirkorlik bilan shug'ullanib, bir ishning boshini tutib, kelajakda jamiyat hayotidan munosib o'rin egallash o'rniga, turli qing'ir yo'llar bilan tezroq boylik orttirib, hashamda yashashga intilayotganlari, oqibatda, nainki o'zi, balki ota-onasi, yaqinlari uchun ham isnod keltirayotganini anglab yetmayapti chog'i.

Misol uchun, tovlamachilik qilib yengil boylik orttirish yo'liga kirib qolgan mana bu o'smir-yoshlarning xurmacha qilig'i mahalla-ko'y oldida oila a'zolarini uyatga qo'ydi. 2019 yilning 14 mart sanasida jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudi binosida sudya M.Yusupov raisligida o'tkazilgan ochiq sud majlisida Ilhom Kenjayev va Sohib Qo'ziboyev (ismi shariflari o'zgartirilgan) ishi ko'rib chiqildi.

O'zganing mulkini firibgarlik yo'li bilan qo'lga kiritish ilinjida oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo'lib harakatlangan ayblanuvchilar o'tgan yilning sentyabr oyida Berdimurod Mansurovning Olmazor tumani, Jomiy mavzesidagi ish joyiga kelishadi. Ular Berdimurodning uyning tashqi eshigi oldiga zina reshyotkasi hamda dastak yasatish uchun usta qidirib yurganidan xabardor bo'lgan edilar. Kelib zinani o'lchab ko'rishadi, reshyotka va dastak uchun ketadigan materiallar og'zaki hisob-kitob qilinadi. Avvaliga material va ish haqiga jami to'qqiz million so'm kerakligini aytishadi. Ishni boshlashlari uchun esa to'lov tariqasida oldindan uch million so'm berishini uqtirishadi.

Qiziq, birovning pulini firibgarlik bilan olib, bamaylixotir so'lim kafeda maishat qilish, o'zganing mablag'ini o'ylamay sarflash uchun odam qay darajada imonini yo'qotgan bo'lishi kerak? Nahotki, uyi­dagilarining xabari bo'lmagan? O'g'illari har kuni ko'chadan ovqatlansa, buning ustiga uyiga shirakayf kelsa, bu ota-onani qiziqtirmaganiga xayron qolasan kishi.

Xullas, oradan kunlar, haftalar o'tsa hamki, “buyurtma”dan darak bo'lmaydi. Hovli zinasi yalang'och turaveradi. Bundan xavotirga tushgan buyurtmachi qo'l telefoni orqali ular bilan bog'langanda ishni tugatishga mablag' yetmagani, yana ikki million so'm bersa ish bitishini aytishadi. “Og'zi kuygan qatiqni puflab ichadi”, degan maqol bor. Berdimurodning hali og'zi kuymagan chog'i, so'ralgan mablag'ni berib yuboradi.

Berdimurod Mansurov o'zining pulini betayin ustalardan shunchaki ololmasligini bilgach, Olmazor tumani huquqni himoya qilish organlariga murojaat qiladi. Oqibatda ish sudgacha borib yetadi. Sud ajrimida ma'lum bo'lishicha, Ilhom oilaviy temirchilik kasbi, ya'ni temir-tersakdan turli buyumlar yasab, aholiga sotib, oila ro'zg'orini tebratayotgan o'z akasining yoniga boradi. O'zaro til biriktirib, yuqorida aytib o'tilgan mablag'ni undirishadi. Vo ajab, mehnat ortidan oilaviy turmush kechirib kelayotgan, hech qanday yetishmovchiligi yo'q bu aka-ukalarning firibgarlik bilan shug'ullanishiga nima sabab bo'ldi ekan?.. To'qlikka sho'xlik, deb shuni aytsalar kerak-da…

Birovning haqi oshqozonda jim turmaydi, o'zlashtirilgan mablag'lar egasiga qaytarildi. Buning ustiga, ular O'zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandida ko'rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Endilikda belgilangan uchastkada ishlab, ish haqining 20 foizini davlat g'aznasiga o'tkazib turishadi. Bu ham yetmagandek, qo'ni-qo'shni, mahalla-ko'y oldida sharmanda bo'lishdi. O'tgan ham, qaytgan ham qo'lini bigiz qilib “ana firibgar”, deb ko'rsatadigan bo'ldi.

Afsuski, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda hali balog'atga yetmagan ayrim yoshlarning yengil-elpi hayotga o'rganib qolayotgani, oila munosabatlariga tayyor emasligi, befarq­ligi yoki umuman tushunchasi yo'qligi sabab nikohsiz farzand ort­tirib olayotgani bot-bot aytilmoqda.

Ushbu yilning fevral oyida jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudi binosida sudya Muso Yusupovning raisligida o'tkazilgan yana bir ochiq sud majlisida ko'rilgan ish hech kimni befarq qoldirmaydi, desak mubolag'a bo'lmaydi.

Endigina mustaqil hayotga qadam qo'ygan, ammo hali uning achchiq-chuchugini tatib ko'rmagan balog'at yoshidagi yigit-qizning biri ongli, biri esa anglamagan holda, go'yo kelajakda turmush qurish bahonasida, oilaviy munosabatlarga kirishganini har bir ongli odam tanasiga singdirolmasligi turgan gap.

Chetdan kirib kelgan “ommaviy madaniyat” ta'siriga tushib qolayotgan, ayrim o'smir-yoshlarning hayotiga nahotki g'arb urf-odatlari shunchalik singib borayapti?! Nikohsiz oila qurish nafaqat qonunlarimizga, balki milliy qadriyatlarimizga, umuman, muqaddas dinimizga ham mutlaqo yot bo'lgan-ku!

O'ylamasdan bosilgan nojo'ya qadam oqibatida jinoyat sodir etildi. 1996 yil 27 yanvarda tug'ilgan Odilova Shahlo Ixtiyor qizi (ismi shariflari o'zgartirildi) Toshkentga oliy ta'lim muassasasida o'qish istagida keladi. Oradan vaqt o'tib, otasiga “Bu yil o'qishga kirolmadim, tikuvchilik sexida ishlab tayyorlanaman”, deb telefonda aytadi, roziligini olib, shaharda qoladi. Shahlo o'qishga “tayyorgarlik”ni tanishi Arslonbekning uyida uning hisobidan yashash va xizmatini qilish evaziga boshlaydi.

Endigina 23 yoshni qarshi olgan Shahlo ishongan odami — Arslonbek Bektimovning aldagani, aslida vaqtincha ko'ngilxushlik uchun uni uyida saqlab turganini bilgach, undan qasd olish payiga tushadi. 2018 yil 19 dekabr kuni soat 18:40 larda, o'zining vaqtincha yashagan uyi, Toshkent shahar Olmazor tumani Beruniy massividagi xonadonga yashirincha kiradi, mehmonxonadagi gilam tagida saqlanayotgan, Bektimov Arslonbekka tegishli, 16 800 AQSh dollari hamda mehmonxonadagi shkaf ustida turgan, 1 670 ming so'mlik, ikki dona “ROLEX” rusumli erkaklar qo'l soatini o'g'irlab voqea joyidan yashirinadi.

Bizni ajablantirgani, hayhotday uyda bo'yga yetgan, ammo hali nikohdan o'tib, turmush qurmagan o'g'il va qizning yolg'iz yashab kelganidan nahotki mahalla-ko'y, uchastka noziri xabardor bo'lmagan? Ishonging kelmaydi. Zero, nopoklik yo'lini tanlagan bitta shaxs­ning qilmishi atrofidagi yuzlab yoshlarga ta'sir o'tkazishi mumkin ekanligini esdan chiqarmaslik lozim.

Shu uyda qo'shnilarning balog'atga yetgan bolalari ham katta bo'layotgandir. Ular nega befarq bo'lishdi?..

Shunday qilib “Hech kim ko'rmadi, endi hech kim bilmaydi”, degan xayolga borgan Shahlo Odilova jinoyatga qo'l urdi. Savol tug'iladi: agar uning bokiraligiga xiyonat qilingan bo'lsa, qasd olmoqchi ekan, nega darrov sudga murojaat qilmadi? Otasini ogohlantirmadi?

O'ylamay qilingan ish oqibatida Toshkentda o'qish, kelajakda mutaxassis bo'lishni orzu qilgan Shahlo, o'z aybi bilan, keyingi hayotiga sudlangan degan qora tamg'ani bostirib oldi. U O'zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topildi.

Arslonbek Bektimov-chi, uning tezroq boylik orttirish, shohona yashash ilinjida Toshkentga kelib, mashina bozorida chayqovchilik qilib topgan pulini xarom-xarishga sarflanayotganini hech narsa bilan oqlab bo'lmaydi. Uning ota-onasi ham: “O'g'limiz ishlayapti, pul topayapti, endi turmushimiz yaxshi bo'ladi”, deb sevinib yurishgan bo'lsa, ne ajab.

Axir, kelajakda bizga munosib farzand bo'ladi deya avaylab o'stirgan ota-onaning orzusini bir lahzalik maishatga sotgan o'g'ilning qilmishi nonko'rlikdan boshqa narsa emasligi ayon-ku. Eng yomoni, Arslonbek bir oilaning yuzini yerga qaratdi. Bu ham kamdek, yoshgina qizning baxtini-taxtini o'g'irladi. Uning kelajagini badnom qildi.

Shahloning otasi K.Odilovning guvohlik berishicha, ayoli vafot etgach, boshqa uylanmaydi. Bolalarini tarbiyali, o'qimishli, uyli-joyli qilish maqsadida kecha-yu-kunduz ishlaydi. Uyda kam bo'ladi. Qizi Shahloning Toshkentda o'qiyman deganiga qarshilik qilmaydi. Ota sudda guvohlik berar ekan, boshini yerga qadaganicha tik tutolmadi. Uning bu kunlarni ko'rganidan ko'rmagani yaxshi ekanligi yuziga to'kilgan ko'z yoshlaridan ham bilinib turardi. Ne-ne orzu-havas bilan farzand o'stirib, endi voyaga yetganda huzurini ko'rish o'rniga bu ahvolga tushish hech bir ota-onaning boshiga tushmasin ekan…

Shu o'rinda aytish kerakki, bugungi texnika asrida kompyuter-internet kafelari, uyali aloqa vositalari orqali buzg'unchilikni, qo'poruvchilikni, fohishabozlikni tar­g'ib qilayotgan videoroliklar ba'zi o'smir-yoshlarning hayotini izdan chiqarmoqda. Ayniqsa, teledasturlarda berilayotgan G'arbning ko'rgan kishida shahvoniy hirs uy­g'otadigan seriallari ham yoshlarni G'arbga taqlid qilishga undayotgandek…

Yuqoridagi misollarni keltirishimizdan maqsad, jinoyatga jazo muqarrar ekanini aytib, o'smir-yoshlarni qo'rqitish yoki ulardagi hali ochilmagan, yashirinib yotgan iste'dod qirralarini kamsitish emas, balki qing'ir ish qilishga moyilligi bor ayrim yoshlarni o'zini, ota-onasini mahalla-ko'y oldida badnom qilishdan ogohlantirib o'tish edi.

Yana bir gap: farzand tarbiyasi, ayniqsa, qiz farzandlarni voyaga yetkazib, go'zal odob-axloq ila hayotga yo'naltirish, avvalo, har bir ota-onaning burchidir. Qaerdaki, oilada bo'shliq, e'tiborsizlik va ma'naviy kemtik sezilsa, o'sha yerda yuqoridagi kabi og'riqli muammolar qalqib chiqaveradi.

Yusuf Jo'rayev,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 − seven =