Ehtirom

Ziyo qalbingizni etmishdir Vatan

Ikrom Otamurod

…Muallim, siz — turfa darslar olami,

Yuragida ixlos, xoslar sirlashgan.

Imlolar jadvali, sonlar ko'lami,

Qadim ul asrorlar sizda birlashgan.

Ruhiy va jug'rofiy kengliklar bari

Sizning qalbingizda namoyon, yaxlit.

Shuur maydonining masalalari:

Darak gap,

Undov gap,

So'roq gap taxlit.

Muallim, siz — kabir,

Siz – ulug',

Lekin dilni munislikka oshno etasiz.

Davralar to'riga o'tmayin, lekin

Qimtinib quyidan kelib, ketasiz.

Qalb qo'rin bergansiz dunyoning sherday

Ot minib, go'z urgan nechalariga.

O'zingiz xokisor yurasiz birday

Piyoda saboqning ko'chalarida.

Nuri siyroj porlagan ko'zingizda

Armonlar lim-limdir, umidlar lim-lim.

Armonlarni qoldirib o'zingizda,

Uchurgaysiz umidlarni muallim.

Ma'rifat chashmidin suv ichgan faraxt –

Muruvvat sizga tan, mehr sizga tan.

Ilm tufrog'ida bo'y tortgan daraxt –

Ziyo qalbingizni etmishdir Vatan.

Muallim, siz – turfa darslar olami …

Muallim

G'ayrat Majid

Hayot kitobining avvali, boshi,

Tog'lardan mustahkam sabru bardoshi,

Sizga salom bo'lsin, qalblar quyoshi,

So'zlarning gulidan izhori dilim,

Ey aziz muallim, aziz muallim.

Sizdan harf o'rganib o'y-maqsad hosil,

Inson inson degan maqomga vosil,

Hayot saboqlarin olib muttasil,

Sizdan bahra olib yashaydi ko'nglim,

Ey aziz muallim, aziz muallim.

Gullarning nomini bildik siz sabab,

Dillarning holini bildik siz sabab,

Yo'llar maqomini bildik siz sabab,

Olamni tanitdi siz bergan ta'lim,

Ey aziz muallim, aziz muallim.

Navoiy so'z ichra muhtaram, mumtoz,

Ul zot she'r ahliga benazir ustoz,

Ustozga ko'rsatgan ehtirom, e'zoz,

Bu maktab mehridan munavvar yo'lim,

Ey aziz muallim, aziz muallim.

Bemor shifo istar Sinodan hamon,

Hazrat Naqshbandan taralgay irfon,

Yulduzlar ilmida Ulug'bek – sulton,

Ustozlar tufayli bo'lgandir olim,

Ey aziz muallim, aziz muallim.

Agar shogird topsa elda e'tibor,

Hammadan ilgari sizsiz baxtiyor,

Har dilning sizlarga tashakkuri bor,

Sog'lik, umr tilab hormaydi tilim,

Ey aziz muallim, aziz muallim.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − seven =