El e'zozlagan ustoz

Xalqaro statistika ma'lumotlariga ko'ra, hozir dunyoda qirq mingga yaqin kasb-kor bor ekan. Barcha kasblar ichida o'qituvchilik kasbi eng hurmatga loyiq kasb sanalarkan. O'qituvchilik – eng og'ir va mashaqqatli, shuningdek, eng sharafli vazifa ekanligi davlatimiz tomonidan ham e'tirof etilmoqda. Chunki, jamiyatning oddiy a'zosidan tortib, to eng yuksak martabadagi insonlar, ulug' olimu mutafakkirlar ham o'qituvchilarning saboqlari ila ta'lim-tarbiya olishadi.

Ana shunday ustozlardan biri, yosh avlodning milliy qadriyatlar va umuminsoniy tuyg'ularga hamohang ruhda tarbiya topishida katta hissa qo'shgan Jur'at Sodiqovdir. U 1939 yili Toshkent shahrida tug'ilgan. Avval o'rta maktabni, so'ng o'sha paytlardagi “Proftexshkola”ni bitirib, Toshkentdagi 81-maktabga ishga keladi va yoshlarga duradgorlik kasbi sirlarini o'rgata boshlaydi. 1961 yilda Nizomiy nomli Toshkent pedagogika institutining Fizika va matematika fakultetiga o'qishga kiradi.

Uch yil harbiy xizmat safida burchini o'tab qaytgach, o'qishini davom ettirib, 1968 yili tamomlaydi. Shu tariqa J.Sodiqovning ustozlik faoliyati boshlanadi. Avval Shayxontohur tuman xalq ta'limi bo'limi boshlig'ining o'rinbosari lavozimida o'n yil xizmat qildi. Ke­yinchalik poytaxtdagi 197 va 109-umumta'lim maktablarida direktor, so'ngra Uchtepa tumani xalq ta'limi bo'limining mudiri vazifalarida ishladi.

“Har bir inson o'z zimmasidagi vazifani halol ado etmog'i lozim”, degan gapni o'ziga shior qilib olgan Jur'at aka ta'lim sohasidagi zaxmatli mehnatlari munosib taqdirlandi, u “O'zbekiston xalq ta'limi a'lochisi” nishoniga sazovor bo'ldi. O'ta kamtarligi, xushmuomalaligi bilan elga tanilgan ustoz hali-hamon o'quvchilari e'zozida, hamkasblari hurmat-e'tiboridadir.

— Ota-onalar vaqti-vaqti bilan ilm dargohi — maktabga kelishib, bolalarining ta'limidan xabar olib turishsa, ularning tartib-intizomga rioya qilishlarini kuzatishsa, o'ylaymanki, o'quvchilarning xushyorligi ortadi. Bilim olishga ishtiyoqi oshadi. Oilada intizom, tashabbuskorlik bo'lsa bu xususiyat, albatta, shu xonadonda o'sib-ulg'ayayotgan farzandlarga ham o'tadi, — deydi ustoz J.Sodiqov.

Maorif sohasida hormay-tolmay xizmat qilgan Jur'at Sodiqov bugungi kunda jamoatchilik ishlarida ham faol ishtirok etadi. Mahallamiz fuqarolar yig'inlarida doim dolzarb muammolarni o'rtaga tashlaydi.

Navbatdagi mahalla faollari yig'inida:

— Azizlar, keling, mahallamizni “Kitobxonlar mahallasi”ga aylantiramiz, zero bu muhtaram Prezidentimizning tashabbusi, biz birinchilardan bo'lib qo'llashimiz kerak, — deya kitobxonlikning inson ongi-tafakkuri o'sishida juda katta ahamiyati borligi haqida to'lqinlanib gapirdi. Yangi ta'mirlangan mahalla idorasidan ajratib berilgan ma'naviyat va kitobxonlik xonasini badiiy asarlar, siyosiy kitob­lar bilan jihozlashda ustozning o'zi bosh-qosh bo'ldi.

Vaqt ziq, zamon shiddatli. Hozirgi globallashuv jarayonida butun dunyoga tanilib borayotgan kelajagi buyuk davlat — O'zbekistonimiz uchun barkamol avlod tarbiyasida jonkuyar bo'lgan Jur'at Sodiqovga o'xshagan ustozlarimiz, pedagog-murabbiylarimiz hamisha omon bo'lsinlar.

Vohid Ismoilov,

fizika-matematika fanlari nomzodi,

dotsent.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 2 =