Eng yaqin … olis yo'l (Hikoya)

Yozuvchi Jo'ra Fozil (Jo'ra Fozilov) Buxoro viloyati Romitan tumanida tug'ilgan. O'zbekiston Milliy universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini tugallagan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Jo'ra Fozilning “Muhabbatning bayramlari”, “Barqut mavsum”, “Buxoro elchisi”, “Baxt yulduzi”, “Mening qizil gulim”, “Bolalikning yolg'iz yodgori”, “Buxoriyning qaytib kelishi”, “Ayriliq ostonasi”, “Tiramoh armonlari, “G'oziyon zindoni”, “Yo'lbarsdaraning so'ngi sultoni”, “Oshiq Buxoriy qissalari”, “Xongulning sarguzashtlari” kabi hikoyalar, qissalar va romanlardan iborat qator kitoblari nashr etilgan.

Adibning “Do'stga zor bo'lgan kuning” hikoyasi asosida Qozog'iston kino ijodkorlari tomonidan badiiy film suratga olingan.

Mustaqilligimizning 28 yilligi munosabati bilan “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Jo'ra Fozil

Momoqaldiroq vahshat ila gumburlab, yashin chaqnadi, chor atrof oppoq shu'ladan bir necha soniya yorishib turdida, yana qorong'u zulmat qo'yniga g'arq bo'ldi. Gumbur-gumbur, yashin-chaqin bir necha bor shu taxlit takrorlangach, sharros yomg'ir quya boshladi.

Qirmizi ro'mol o'ragan kelinchak monand shaftolizor seskanib ketib, uzundan uzoq “oh” chekdi. Shaftoli gullari sharros yomg'irning og'ir va shafqatsiz tomchilariga dosh berolmay, yer bilan bitta bo'ldilar. Har gal chaqmoq chaqnab, atrof kuppa kunduzdek yorishganda, ko'lmaklar yuzini qoplagan gul barglari behol titrab, go'yo achchiq qismatlaridan noligandek, o'zaro pichirlashib qo'yardilar.

Momoqaldiroqning og'ir zarbalari shamol va yomg'ir tomchilariga qo'shilib, g'arq gullagan shaftolizorni ostin-ustun etar, ba'zi-ba'zida esa, daraxtlar qattiq siltanib, xuddi ulkan bo'z chodir yirtilgandek, “sha-a-r­-rr” etgan tovush eshitilardi.

Xuddi shu asnoda uning ko'ziga sahrodagi sarobdek bo'lib, nozik bir sharpa ko'rindi, yuragi “shuv” etdi. Sharpani aniqroq ilg'ash uchun ko'zlarini yumib ochdi. “Nahotki, bu…” — Yuragi hapriqdi. “Yo'g'-e, axir…” Oxiri chidayolmay, hayqirdi.

— Muhabbat, Muhabbatim, bu senmisan?!

O'z ovozidan o'zi hayratga tushdi. Quloqlari chippa bekilib, dahshatli gumburlashlar bir zum tinganday bo'ldi. Co'ngra guldirakdek eshitildi.

— Ha, ha, menman, menman, axir… Tanimadingizmi?!

Quloqlari yana aniq-tiniq eshita boshladi. Bu — ilk Muhabbat Nidosi, aks-sadosi edi!

Shunda necha yillardan beri yuragini yondirib yurgan kalima tiliga keldi.

— Muhabbat, baxtlimisan?! Loaqal, baxt nimaligini bilasanmi? O'tinaman, ayt, baxtiyormisan?..

Yana momoqaldiroq gumburladi, chaqmoq chaqnadi. Atrof ming chiroqli qandil porlagan yanglig' yorishib ketdi. Qirmizi yolqinga burkangan shaftolizor shamolda atlas ko'ylagining etagi bexosdan ko'tarilib ketgan qiz boladek chinqirib yubordi…

— Eh, Jamol aka, nahot, shu savolni sizdan eshitayotgan bo'lsam?! Men, axir, sizsiz qanday baxtli bo'lishim mumkin?! Cizdan ayro baxtli bo'lishga or qildim!

Yomg'ir shovullashi qizning iltijoli tovushini bosib yubormoqchi bo'lar, lekin bu sas Jamolning quloqlari ostida tog' o'ngirlaridagidek kuchli aks-sado berardi.

“O', Xudo, pichirladi uning tashnalikdan qaqragan lablari, u hamon o'n sakkiz yoshida-ku! Bu ne sir-sinoat?! O'sha egma qosh-u uzun kipriklar, luchchak shaftoli yanglig' yonoqlar…

Birdan chor-atrof yorishib ketdi va Jamol shaftoli gullari aro qizning nurli nigohini ko'rib, yuragi hapriqdi. Hamma yoqni larzaga solib, ostin-ustun qilayotgan talotum tingandek bo'lib, sokin tong nasimiday qo'shiq yangray boshladi:

Bizni tashlab qayga ketdi, ul qaro qoshim mening,

Termulib yo'liga ko'zdan oqadir yoshim mening…

Jamol lolu hayron, o'rnidan qimirlayolmas, biror so'z aytishga ham ojiz edi.

Qo'shiq tobora avjiga chiqar, endi chor-atrofni o'sha vahshati tun yorgan yeldirim misol qamrab olayotgandi.

Gulga ko'milgan bog'da alanga oralardi go'yo. Qo'shiq tezda butun borliqni izmiga bo'ysundirdi.

Jamol nima voqea sodir bo'layotganini idrok etolmas, Muhabbatni ko'zdan yo'qotib qo'ygan, butun vujudi bilan sel bo'lib qo'shiq ohangida tebranar, daraxtlar ham go'yo unga taqlid qilishayotgandek edi.

Nihoyat, qo'shiq sekin-asta, poyoniga yetdi va xuddi shu asnoda sukutga ketmoqchi bo'lgan bog' junbushga keldi. Muhabbat yana tilga kirdi.

— Azizim, suyukligim, yolg'izim! O'zingizchi, o'zingiz baxtlimisiz?..

Jamol quloqlarini bekitdi. Evoh! Garchand bu savolni o'zi birinchi bo'lib bergan esada, shu topda u eng nomaqbul, qo'rqinchli va har ikkovi uchun ham javobsiz edi.

U o'z-o'zidan qochib, vahshatli, sharros yomg'irli tun qo'yniga singib, yo'qolib ketgisi keldi. Lekin buning sira iloji yo'q, savol momoqaldiroqdan-da balandroq aks-sado bilan, daqiqa sayin takrorlanardi.

Nihoyat, u bir qarorga keldi. Axir, bir umr o'z-o'zingdan qochib yashayolmaysan-ku!

U jiddu jahd bilan tun zulmatiga tikilib, Muhabbatning gullararo nurlangan chehrasini izladi. Xuddi shu asnoda chaqnagan chaqmoq mushkulini oson qildi qo'ydi. Qizning mahzun-dilxun chehrasi diydalari oldida barq urdi.

— Men… Men sensiz baxtli bo'lishga urinib ko'rdim. To'g'rirog'i, butun umr harakat qildim. Ammo ko'rib turganingdek, qo'limdan hech nima kelmadi. Hech nima… Nachora, qismatim shu ekan, deya taqdirga tan berayozganimda, mana, bugun, shu sershovqin, seryomg'ir tunda seni yana uchratdim… Ayt, endi nima qilay? Bu majruh, abgor ko'ngil bilan qayga boray?..

Shamol daraxtlar oralab, ularning harir libosini silkitib, yomg'ir, gul-chechaklar iforini atrofga sochdi va shuning barobarida Muhabbatning tovushi eshitildi.

— Yo'q, yo'q, unday demang! O'zingizga tuxmat qilmang! Ciz baxtsiz odamga sira o'xshamaysiz… Buni chehrangiz aytib turibdi-ku… Ciz yaxshisiz… Hammadan yaxshi!..

Jamolning yuragini achchiq bir dard sermab o'tdi.

“Eh, Muhabbat, Muhabbat!.. U hamon meni ayaydi. Nahot, baxtli odamga o'xshasam. Yo'q, mutlaqo! Mutlaqo baxt­liga o'xshamayman!.. Ha, darvoqe, u qorong'uda ko'zlarimni ko'rmayapti, shu bois meni baxtli sanayotir. Ko'zlarimni ko'rganida bormi, bu gaplarni sira aytmasdi. Axir, dunyoi dunda menchalik baxtga intiq va lekin baxt ko'rmagan, mehrga tashna, lekin mehr ko'rmagan kimsa bormikan?.. Bilmadim…”

Jamolning ko'nglida sodir bo'layotgan yashin-chaqinlar tabiatdagidan ziyod bo'lsa bor, kam emasdi. U o'zini qo'lga olishga harakat qilib, so'z qotdi.

— Cen, har doimgidek, menga shaf­qat qilyapsan, to'g'rirog'i, ayayapsan. Ammo iltifoting dardimni yuz chandon og'irlashtirgusidir. Bu qalbdagi yaraga tuz sepish degani emasmi, axir?..

Birdan u jimib qolib, o'z-o'zini koyiy boshladi. “Nega unga iddao qilyapman? Taqdir to'fonlari uni mendan kam qiynagani yo'q, ayol boshi bilan hammasiga chidab, sobiq oshig'iga iltifot ko'rsatyapti-ku! ”

Jamol tag'in Muhabbatning nigohlarini izladi. Lekin bu safar chaqmoq unga yordamga kelmadi, shamol shovullashini kuchaytirdi, xolos.

U qorong'u boqqa ko'zlari yirtilgudek tikilib, iltijo qildi.

— Kechir meni, Muhabbat, kechir. Hamma ayb o'zimda. Cevgim, sevgilim uchun kurasha olmadim…

Zulmat qo'ynidan nurdek bo'lib, yupatuvchi, allalovchi ovoz keldi.

— Kechirim so'rashning sira hojati yo'q. Ciz aybdor emassiz, taqdir taqozosi ekan, Azal Musavviri shunday amr etmish…

Jamolning dod deb yuborgisi keldi. Muhabbatning so'zlari og'riqli, shirin azob edi.

— Muhabbat, bu telba dunyoda butun umr Ceni va O'zimni izladim, lekin topolmadim. Men, gumroh, Mutlaq Cevgi, Mutlaq Mehr, hamda mutlaq Vafo izladim… Va hech birini topolmadim… Bu mashg'ulotim shoh Culaymon ta'biri bilan aytganda, shamolning ketidan quvib, uni ushlashga intilgan kabi besamar ekanini anglamabman.

Men sening ko'zlaringdagi singari Hayrat, Mehr, Muhabbatni izladim, izlayverdim. Ammo bandai ojizga uchragani — ta'ma, riyo, hasad, bag'ritoshlik bo'lib chiqdi va menga hech nima bermadi. Ezgu amallarim juda qimmatga tushdi. Men hozir eng kichik nevaramning yuzini ko'rgandagina o'zimni bir necha soniya baxtli his etaman, xolos… Shoir aytganiday, “Netay bir dam tutolmasman, yelda o'tgan umrim mening, bir qatrasin icholmasman, selda o'tgan umrim mening…”

Muhabbat sekin “oh” tortdi, unga qo'shilib, bog', koinot, butun borliq nola chekdi. Bu nido besamar umr marsiyasi, juda hazin, mahzun, shuning barobarida hayotbaxsh dostondek yangrardi. Zero, ushbu doston Poklanish, Muhabbat nidosi, Vidosi va hali hayoti oldinda bo'lgan oshiqlar uchun Cevgi dardi, Ishq darsi edi…

* * *

U erta tongda uyg'onganida hammayoq sokin, osuda, kecha yarim tundagi qiyomat qoyimdan asar ham yo'q, uya qurish ilinjida joni halak qaldirg'ochlarning “vijir”-“vijir”i quloqqa chalinardi, xolos.

Jamol qo'l-betini yuvgach, beqasam to'nini yelkasiga tashlab, boqqa chiqdi. Bahor tongining bokira sukunati qushlar xonishiga omuxta bo'lib, uni aldagan ekan. Shaftolizor o'g'ri urib ketgan hovliga o'xshab, abgor, aftodahol qiyofada mung'ayib yotardi. Momoqaldiroq, chaqmoq, yomg'iru shamol o'zining qora ishini qilib ulgurgan, ma'sum, munis shaftoli gullari Birinchi Muhabbat Mulki yanglig' g'orat etilgandi.

Ko'lmaklar yuzini qirmizi yolqin qoplagan, gul barglari suv yuzida xuddi g'oz patidek suzib yurardi.

“Evoh, — afsus chekdi u, — shu beqiyos go'zallik bir kechada mahv etildi-ya! — Ko'ksida simillagan og'riq paydo bo'ldi. Vujudini adadsiz sog'inch, o'rtanish hissi chulg'adi. G'orat etilgan bog'dan ko'z uzib, osmonga tikildi. Ko'kda yana qora-ko'kimtir bulutlar paydo bo'lmoqda edi…

U o'zi bilib-bilmay, pichirlay boshladi. Eng yaqin… olis yo'l Birinchi muhabbat Yo'lidir. Ilk bo'lgani bois, yurakka juda yaqin, olisligi — ajralganingdan so'ng, butun umr yetaolmaysan…

Bizni tashlab qayga ketdi, ul qaro qoshim mening,

Termulib yo'liga ko'zdan oqadir yoshim mening…

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 5 =