“Ota yurtdan keldingizmi?”. Turkiyaga qilgan safarimiz davomida bu iliq so'zlarni bir necha bor eshitdik…

O'zbekiston — Turkiya hamkorligi yangi bosqichga ko'tarilgani, ikki mamlakat rahbarlari uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar sohalar rivojida muhim omil bo'layotgani, ma'naviyatimiz, madaniyatimiz, tilimiz yaqinligi, dinimiz birligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugun o'z ustida ishlamagan jurnalist, u sohaning qaysi yo'nalishida – gazeta va jurnallar, teleradiokanallar, matbuot va axborot xizmatlari yoki OAV sifatida davlat ro'yxatidan o'tgan veb-saytlarda faoliyat yuritmasin, jamoada, hayotda munosib o'rin topishi, muvaffaqiyat qozonishi mushkul.

Yurtimizda jurnalist kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ayni paytda, OAVlarida faoliyat yuritayotgan ijodiy xodimlar, jurnalistika bo'yicha ta'lim olayotgan yigit-qizlarimizga soha sir-asrorlarini, yangicha – ya'ni zamonaviy  fikrlashga o'rgatish, tajriba almashish, shuning barobarida, ularni rag'batlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan o'tkazib kelinayotgan turli seminar-treninglar, davra suhbatlari, “Master-klass”lar, “Yilning eng faol jurnalisti”, “Oltin qalam” kabi tanlovlar ham ayni shu maqsad yo'lida amalga oshirilayotgan ishlar sirasiga kiradi.

Uyushmamiz bosh-qosh bo'layotgan tanlovlar orasida “Oltin qalam” o'zining nufuzi, qamrovi kengligi, xalqaro miqyosda o'tkazilishi kabi jihatlari bilan ajralib turadi. Bu yilgi xalqaro tanlovda ham bir qator xorijiy tashkilotlar, xususan, Turkiya Respublikasining O'zbekis­tondagi elchixonasi “Turkiya tashqi siyosati haqidagi eng yaxshi material uchun” nominatsiyasi bilan ishtirok etdi.

Mazkur nominatsiya g'olibligini O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Mahalla” telekanali katta muharriri Sadoqat Dadayeva, O'zbekiston Milliy axborot agentligi — O'zAning Namangan viloyati bo'yicha foto muxbiri Hotam Mamadaliyev, Qalampir.uz veb-sayti xodimi Sunnatilla Abdullayev qo'lga kiritib, Turkiyaga ijodiy safar yo'llanmasiga ega chiqqan edi. Tegishli taklif va kelishuvga muvofiq, kamina hamda “Xalq so'zi” gazetasi mas'ul xodimi Farrux Bo'tayev ham ular bilan birga 15-19 sentyabr kunlari Turkiya safarida bo'ldik.

Safarimizning birinchi kuni yakshanba — dam olish kuniga to'g'ri keldi. Fursatdan foydalanib, Turkiya poytaxtining diqqatga sazovor joylarini tomosha qildik. Geografik jihatdan rivojlanish uchun qulay mintaqada joylashgan, G'arb bilan Sharq o'rtasida o'ziga xos ko'prik vazifasini bajaruvchi Turkiyada aholining ham sharqona, ham Yevropa uslubida kiyinishiga ko'zingiz tushadi. O'zbekistondan ekanimizni bilgan mahalliy aholi vakillari “Ota yurtdan keldingizlarmi” deya iliq munosabatda bo'lishi kayfiyatimizni ko'tardi.

O'zga yurtga safar qilgan jurnalistni shu yurt urf-odat va an'analari, tarixi, siyosati, mamlakatning ayni kungi rivojlanish jarayonlaridan tashqari, ommaviy axborot vositalari faoliyati, sohaga oid texnika va texnologiyalar, ish usul va uslublari, OAVlarida jurnalistlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar qiziqtiradi, albatta.

Safarimiz davomida Turkiya Prezidenti huzuridagi kommunikatsiyalar boshqarmasiga, ushbu davlat teleradiokompaniyasi — TRTga, “Anadolu” axborot agentligi, beshta gazeta va oltita nodavlat telekanalni o'zida birlashtirgan “Turkuvaz mediya” korparatsiyasiga tashrifimizning uyushtirilishi ayni muddao bo'ldi.

Shtab-kvartirasi Anqara shahrida joylashgan “Anadolu” axborot agentligi ijodiy jamoasi bilan uchrashuvda, ayni paytda, mazkur ommaviy axborot vositasida tayyorlanayotgan foto, video va matnli xabarlar 13 tilga tarjima qilinib, dunyoning yuzdan ortiq mamlakatiga tarqatilayotgani, mahalliy gazeta va jurnallar, teleradiokanallar agentlik materiallaridan faol foydalanib kelayotgani aytib o'tildi. Ta'kidlanganidek, yildan-yilga “Anadolu” qamrab olayotgan hududlar geografiyasi kengayib, xodimlari soni ko'payib bormoqda.

— Agentlik xodimlari, jumladan, foto muxbirlari ish jarayoni bilan tanishib, ular olgan bir qancha suratlarni ko'zdan kechirish, tajriba almashish imkoniyatiga ega bo'ldim, — deydi O'zbekiston Milliy axborot agentligi — O'zAning Namangan viloyati bo'yicha foto muxbiri Hotam Mamadaliyev. — Ushbu mamlakatda chop etilayotgan gazeta va jurnallardan joy olayotgan suratlarning 50 foizidan ko'prog'i “Anadolu” foto muxbirlari hissasiga to'g'ri kelayotgani ular mavzu tanlashda adashmayotgani, yuksak mahorat bilan tarixga muhrlayotgan suratlari raqobatbardosh ekanini anglatadi. Bu yerlik hamkasblarim suv ostida suratga olishni ham yo'lga qo'yishgan ekan.

Sakson million nafardan ziyod aholi istiqomat qiladigan Turkiyada olti ming nomga yaqin xususiy (bu yerda davlat, vazirlik va tashkilotlar muassislik qiladigan nashrlari yo'q) gazeta va jurnal chop etilmoqda. «Sabah», «Istanbul», «Vatan», «Dunyo» gazetalari shular jumlasidan. Ayni kunda uch yuz ellik nafardan ko'proq xodim faoliyat yuritayotgan, mamlakat bo'yicha tarqatiladigan «Sabah» gazetasi tahririyatida ham bo'ldik. Gazeta 3 va 4 sahifalariga nashr tarqatiladigan hududga oid qiziqarli, tahliliy materiallar berib borish, informatsiya xarakteridagi materiallarni o'ziga xos tarzda, o'qishli qilib tayyorlash yo'lga qo'yilgan. Bu yerni ham bosma nashrlarda kechayotgan qiyinchilik, muammolar chetlab o'tmayotgan ekan. O'n yilcha oldin qariyb 800 ming nusxada chop etilgan mazkur nashr bugun 300 mingga yaqin adadda chiqmoqda. Tahririyat jamoasi (alohida guruh) tirajni saqlab qolish va ko'paytirish ilinjida izlanayotir.

Har kuni chop etiladigan “Sabah”­ning yangi sonlarini markaz va joylardagi gazeta mas'ul xodimlari qisqa vaqt ichida gazetxonlarga yetkazadi, boshqacha ayt­ganda, pochta xizmatini ham o'zlari bajaradi. Turkiyada chiqadigan “Sabah” kabi nisbatan ko'p tirajli gazetalari bitta nashriyotdagi emas, bir paytning o'zida mamlakatning Anqara, Istanbul, Izmir, Bursa, Antaliya kabi yirik shaharlaridagi bosmaxonalarda ham chop etiladi.

Yana bir jihat, bu yerda gazeta va jurnallarga obuna bo'lish unchalik ommalashmagan. Nashrlar bizdagidek (markaziy, partiya va ayrim tarmoq gazetalarimiz ko'zda tutilmoqda) A-2 formatda emas, zamonaviy va qulay hisoblanayotgan A-3 formatda chiqadi. Matbuot nashrlariga aholi, korxona va tashkilotlarning ma'lum foizi ixtiyoriy ravishda, asosan, yillik obuna bo'ladi. Qisqasi, Turkiyada aholi gazeta va jurnallarni, asosan, kioska va boshqa joylardan sotib olib o'qir ekan.

Rejaga binoan TRT1, TRThaber, TRTokul, TRTsport, TRTavaz, TRTkurdi, TRTworld, TRTcocuk, TRTbelgesel kabi o'ndan ortiq telekanalni birlashtirgan Turkiya teleradikompaniyasi faoliyati bilan tanishuvimiz ham taassurotlarga boy, qiziqarli kechdi.

— Bu yerdagi telekanallarda voqea joyidan to'g'ridan-to'g'ri jonli efirlarning ko'pligi, joylardan uzatiladigan xabarlar 10-15 daqiqada tayyorlanib, efirga berilishi e'tiborga molik, — deydi “Mahalla” telekanali katta muharriri Sadoqat Dadayeva. — TRT telekanallarida bo'lib, buni o'z ko'zimiz bilan ko'rdik, turk hamkasblarimiz bilan suhbatlashdik, do'stlashdik, eng muhimi, tajriba almashish imkoniyatiga ega bo'ldik.

Turk madaniyatining chinakam tar­g'ibotchisiga aylangan TRT telekanallarida boshqa millat va elatlarning ham urf-odat va tarixiy merosiga doir ko'rsatuvlar berib boriladi. O'tgan yili buyuk bobokalonimiz Imom al-Buxoriyning hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan hujjatli film ayni shu teleradiokompaniya kanallari orqali namoyish etilgan. Shuningdek, O'zbekiston tarixi, keyingi yillarda yurtimizda ro'y berayotgan o'zgarish va yangilanishlar milliy an'ana va marosimlarimiz haqida o'nlab teledasturlar, roliklar tayyorlanib efirga uzatilgan, bu jarayon davom etmoqda. Bu ishlarga Turkiyaga kelganiga bir necha yil bo'lgan, TRT tarkibidagi teleradiokanallar xodimlari — Toshkent viloyatining Bek­obod shahrida tug'ilgan Mahliyo Shodmatova, asli qirg'izistonlik o'zbek qizi Nargiza Otaxonova ham hissa qo'shayotgan ekan. Ular bilan suhbatlashdik.

— Bu yerda tarjimonlik, muharrirlik qilaman, — deydi Mahliyo Shodmatova. — OAV orqali Markiziy Osiyo davlatlarida, ayniqsa, keyingi yillarda O'zbekistonimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli bunyodkorlik ishlarini kuzatib xursand bo'laman. Maqsadim – bir necha yil tajriba oshirib yurtga qaytish, Vatanimiz jurnalistika sohasi ravnaqiga hissa qo'shish.

Safarimiz davomida Anqaradagi Turkiya Prezidenti qarorgohida, mamlakat parlamentida, Istanbuldagi “Ayya-Sofiya” muzeyi, Turkiya ishbirligi va muvofiqlashtirish agentligi — TiKA kabi bir qator davlat tashkilotlari va tarixiy maskanlarda ham bo'ldik. Taassurotlarimiz boyib, O'zbe­kis­ton — Turkiya hamkorligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib yurgan chog'imizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to'g'risidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009 yil 3 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunning imzolangani, Toshkent va Anqara shaharlari o'rtasida “Birodarlashuv aloqalarini o'rnatganlik haqida” kelishuvga erishilgani kabi yangiliklar Turkiya OAVlarida keng yoritilganiga, xushxabarni ushbu mamlakat xalqi, ziyoliylari nihoyatda ko'tarinkilik bilan qabul qilganining guvohi bo'ldik.

Turkiyada davlat idoralari mas'ul xodimlari bilan kechgan suhbatlarda keyingi yillarda O'zbekiston — Turkiya hamkorligi yangi bosqichga ko'tarilgani, ikki mamlakat rahbarlari uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar sohalar rivojida muhim omil bo'layotgani, ma'naviyatimiz, madaniyatimiz, tilimiz yaqinligi, dinimiz birligi alohida ta'kidlandi.

Albatta, har bir sohada bo'lgani kabi jurnalistikada ham tajriba almashish muhim va u rivojlanishga xizmat qiladi. Shu ma'noda Turkiyaga safarimiz har jihatdan foydali, ayni kungi gazeta, tele va radio, foto hamda internet jurnalistikasi muammo va rivoji bo'yicha muloqot va fikr almashishlarga boy kechdi. Ikki mamlakat jurnalistlarining o'quvi va malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo'yicha muzokaralar olib borildi. Bu boradagi ishlar kelgusida turk jurnalistlarining O'zbekistonga, yurtimiz ommaviy axborot vositalari vakillarining Turkiyaga ijodiy safarlari yanada ko'payishini ang­latadi. Zero, yangilanayotgan O'zbekiston dunyo jurnalistlari uchun ochiq, o'zbek jurnalistlari jahonga chiqmoqda.

Xolmurod Salimov,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi raisi o'rinbosari.

Toshkent – Anqara – Istanbul – Toshkent.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − fourteen =