Saylov kampaniyasi ish boshladi

Xalq o'zining muammolari, dardu tashvishini kimga ishonadi? O'zi ovoz bergan deputatgami?.. Demak, ushbu maqomni oqlay biladigan nomzodga ovoz berish lozim. Nomzodlar va ularning saylovoldi dasturlari esa ommaviy axborot vositalari, turli tadbirlar orqali xalqqa yetkaziladi. Ushbu jarayon qanchalik ochiq, shaffof va adolatli o'tsa, natija ham shunga yarasha bo'ladi.

27 sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o'tkazilgan o'quv seminarida joriy yilning 22 dekabrida Oliy Majlis va vakillik organlariga bo'lib o'tadigan saylov kampaniyasini yoritish bilan bog'liq amaliy va huquqiy masalalar ko'rib chiqildi. Unda Markaziy saylov komissiyasi va Adliya vazirligi vakillari jurnalistlarga saylov qonunchiligidagi yangiliklarni tashkiliy va huquqiy jarayonlarga doir ma'ruzalari orqali yetkazdi.

— Markaziy saylov komissiya­si 20 sentyabr kuni saylov kampaniyasi boshlanganini e'lon qildi. Bu yilgi kampaniya “Yangi O'zbekiston — yangi saylovlar” shiori ostida o'tadi, — deydi Markaziy saylov komissiyasi kotibi, kotibiyat mudiri Xudoyor Mamatov. — Nega yangi O'zbekis­ton? Xabaringiz bor, keyingi uch yilda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab berdi. Harakatlar strategiyasi va uning mahsuli sifatida ma'muriy islohotlar konsepsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjatlarni hayotga tatbiq etish borasida davlat hokimiyat va boshqaruv organlari, xo'jalik boshqaruv organlari tubdan isloh qilinib, maqbullashtirilyapti. Bu organlarga zamonaviy bilimlarni egallagan, turli tillarda so'zlasha oladigan tashabbuskor, iqtidorli yoshlar jalb qilinmoqda. So'z erkinligi, axborot erkinligi, hurfikrlilikka keng yo'l ochilayotirki, bugun har bir yangilik butun mamlakat, qolaversa, dunyoning istalgan burchiga yetib bormoqda. Bularning bari yangi O'zbekiston qiyofasini ko'rsatmoqda.

Xo'sh, nega yangi saylovlar deyapmiz? Bunga sabab kampaniya demokratik islohotlarning yangi bosqichida o'tayotgani, eng muhimi, xalqimizning siyosiy-huquqiy madaniyati yuksalib, ularning deputatlarga, partiya­lar oldiga qo'yayotgan talab va tashabbuslarida namoyon bo'l­moqda. Bundan tashqari, avvalgi saylov jarayonlari beshta qonun bilan tartibga solingan bo'lsa, ayni paytda, tarqoq va bir-birini inkor etadigan ayrim normalar chiqarib, endilikda 500 ga yaqin norma yaxlit saylov kodeksiga mujassam etilgani ham yangi saylovlar deyilishiga sabab bo'ldi. Ushbu kodeks 103 moddadan iborat. Biz milliy davlatchilik tarixiga ega xalq­miz. Insonlarning huquqini himoya qilish, uni qadrlashdek o'lmas qadriyatlarimiz ham ushbu kodeksda o'z aksini topdi.

Mamlakatimizda demokratik saylovlarni o'tkazishda avvalgi tengsizlik prinsipiga barham berildi. Avval Ekoharakatga berilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 15 kvotalangan o'rin bekor qilinib, O'zbekiston Ekologik partiyasi tashkil bo'ldi. Endilikda beshinchi siyosiy partiya sifatida joriy yilgi kampaniyada Qonunchilik palatasidagi 150 ta deputatlik o'rniga birday da'vogarlik qilishi mumkin. Bundan tashqari, Ekoharakatning faqat Qonunchilik palatasida vakili bo'lib, mahalliy organlarga nomzod ko'rsatish imkoni yo'q edi. Bundan buyon Ekologik partiyasi ham qolgan to'rtta partiya bilan bir xil huquq­larga ega va xalqning ichiga bemalol kirib bora oladi. Gap faqat sog'lom raqobatda…

Markaziy saylov komissiyasi bo'lim boshlig'i Farhod Nas­riddinov saylov qonunchiligidagi yangiliklarni birma-bir qayd etib o'tarkan, quyidagilarga alohida to'x­taldi:

— Prezidentimizning 2017 yil 22 dekabrda Parlamentga qilgan ilk murojaatlaridagi tashabbusdan kelib chiqqan holda, Markaziy saylov komissiya tomonidan Saylov kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Buning uchun ishchi guruh tashkil qilinib, unga huquqshunoslar, siyosiy partiyalar vakillari jalb etildi. Loyihani ishlab chiqishda yigirmadan ziyod davlatning tajribalari o'rganildi. 2018 yil avgustdan boshlab loyiha muhokamaga qo'yildi. Avval jamoatchilik, so'ng eks­pertlar va xalqaro tashkilotlar o'rtasida muhokamadan o'tdi va taklif-mulohazalar e'tiborga olindi. Unga saylov qonunchiligida ilgari bo'lmagan qator yangiliklar kiritildi. Asosiylaridan biri shuki, ayni paytda Prezidentimiz tomonidan zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish to'g'risida qabul qilingan qarorga muvofiq, saylovchilarning yagona elektron ro'yxati shakllantirildi. Bundan maqsad bir saylovchi bir ovozga ega bo'lishini ta'minlashdan iborat. Avvallari bir saylovchi ham doimiy, ham vaqtincha yashash joyidagi ro'yxatga kirgan bo'lsa, endi saylovchining xohishiga ko'ra, faqat bir manzilda ro'yxatga olinadi…

Ma'ruzachi bundan buyon saylovchi ovoz berish byulletenidagi istalgan belgini tanlashi mumkinligi, yashirin ovoz berish prinsipi buzilmasligi uchun oldindan ovoz beruvchilarga ajratilgan varaqaning bekor qilingani kabi bir qator yangiliklar to'g'risida ham to'xtalib o'tdi.

X. Fayziyeva.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 1 =