U mangulikka daxldor

Bundan deyarli yarim yil avval “O'tkan kunlar” romanining ingliz tilida nashr etilishi ham millatimiz, adabiyotimiz tarixida muhim voqelik bo'ldi. Bu yil mazkur romanning ilk boblari yozila boshlaganiga roppa-rosa 100 yil to'ladi.

“Adabiyot – abadiyat demak. Biz va biz kabi haqiqatni muqaddas bilib, qalam tebratgan barchamiz adabiyot sharofati ila abadiyatga yo'narmiz. Bizning farzandlarimiz, ular bo'lmasa, ularning farzandlari yoinki ularning o'g'il-qizlari bo'lsin, yozg'onlarimizni o'qir esalar, bizning qalamga olgan haqiqatimiz yashayverur. Haqiqat yashar ekan, biz ham yashayveramiz”.

Chinakam so'z san'atkori Abdulla Qodiriy ayni fikrlarni bildirganida mutlaqo haq edi. Chunki bugun bu benazir adib yodimizda, u yaratgan asarlar esa hamon sevib o'qilayapti. Demak, yozuvchi biz bilan yashayapti, shubha yo'qki, u mangu hayot bo'ladi.

Adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev bu haqda shunday fikrlarni bildirdi:

— Mustaqilligimiz tufayli Abdulla Qodiriy nomi va xizmatlarini yuzaga chiqarish, tarixiy adolatni tiklash borasida juda ko'p sa'y-harakatlar amalga oshirildi. Yozuvchi Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti va Mustaqillik ordeni bilan mukofotlandi.

Bu zot Abdurauf Fitrat, Abdul­hamid Cho'lpon kabi xalqparvar maslakdoshlari bilan birga otilib, bejanoza ko'mib yuborilgan tashlandiq joylar — Bo'zsuv bo'ylari bugun mutlaqo o'zgarib, u yerda “Shahidlar xotirasi” maydoni va “Qatag'on qurbonlari xotirasi” muzeyi barpo etildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligini nishonlash to'g'risida 2018 yil 3 dekabrda Vazirlar Mahkamasining maxsus farmoyishi qabul qilinishi yana bir quvonchli voqea bo'ldi. Unda mazkur qutlug' sana munosabati bilan o'nlab ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, kitoblar chop etish, filmlar, spektakllar yaratish, muzey va ijodiy maktab, kutubxona qurish bilan bog'liq xayrli ishlar nazarda tutilgan edi. Mana, bugun ularning bari asta-sekin amalga oshmoqda. Abdulla Qodiriy ijod maktabining ochilishi, uy muzeyining tashkil etilishi buning yorqin isboti.

Bundan deyarli yarim yil avval “O'tkan kunlar” romanining ingliz tilida nashr etilishi ham millatimiz, adabiyotimiz tarixida muhim voqelik bo'ldi. Bu yil mazkur romanning ilk boblari yozila boshlaganiga roppa-rosa 100 yil to'ladi. Demak, bir asrki, o'zbek xalqi o'z hayoti, XIX asr o'rtalaridagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar tarixi, jamiyat va oilaviy munosabatlar o'zining teran badiiy ifodasini topgan go'zal roman-rivoyat bilan oshnodir.

“O'tkan kunlar” asarini bilmaydigan o'zbek yo'q desak, sira mubolag'a emas. Hech bo'lmaganda atoqli kinorejissyor Yo'ldosh A'zamovning 1969 yili ekranlarga chiqqan “O'tkan kunlar” romani asosidagi badiiy film­ini ko'rmagan o'zbek yo'q desam fikrim yanada ishonchliroq bo'ladi.

“O'tkan kunlar” romani 1919 yillardan boshlab yangi adabiyot, yangi badiiyatga ehtiyoj ayni yetilgan paytlarda kitobxonlarga noyob tuhfa bo'lgan edi. Oradan ellik yil o'tib, insoniyat kino, televidenie kabi hodisalar tufayli mutolaaga asoslangan tafakkuriy taassurotdan vizual tasavvurlar olamiga dadil kirib borayotgan pallada “O'tkan kunlar” badiiy filmi o'zbek xonadonlariga ma'naviy zaruriyat bo'lib kirdi va favqulodda katta shuhrat topdi. Yusufbek Hoji, Otabek, Kumush, O'zbekoyim, Mirzakarim qutidor, Homid, Hasanali obrazlari buyuk aktyorlar qiyofasida jonlanib, tomoshabin ko'z o'ngida jonli siymolarga aylandi. Bularning bari pirovardida “O'tkan kunlar”ni o'zbek xalqining ma'naviy qadriyatiga, Abdulla Qodiriyni esa millat qahramoniga aylantirdi.

Mana endi oradan yana ellik yil, borini jamlaganda esa yuz yil o'tib, sof milliy romanimizning inglizcha tarjimasining dunyo bo'ylab ilk safari boshlandi.

Albatta, bu Qodiriy va uning ilk romanini jahon adabiyotsevarlariga tanishtirishning dastlabki tajribasi emas. “O'tkan kunlar” “Toshkentlik oshiqlar” nomi bilan nemis tilida (1968), rus, turk, uyg'ur kabi dunyoning o'nlab tillariga tarjima etilib, kitob holida chop qilingani ko'pchilikka yaxshi ma'lum. Dunyoni “O'tkan kunlar” romani bilan tanishtirish bu jahon xalqlarini o'zbeklar, ularning qalbi, madaniyati, tarixi bilan tanishtirish deganidir. Bugun biz ana shu qutlug' hodisaning dunyoga yuz ochayotganiga shohid bo'lib turibmiz.

Kamina o'zbek adabiyoti va san'atining oshuftasi, qolaversa, Abdulla Qodiriy ijodining muxlisi sifatida ana shunday tarixiy voqealar rivoji uchun, bu ulug' siymo nomini abadiylashtirish uchun sidqidildan xizmat qilayotgan barcha insonlarga tashakkur aytaman.

Ozoda Bekmurodova

yozib oldi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight − three =