O'zanini topgan o'zlik

Dunyoda birliklar – ko'p. Ammo eng buyuk birlik – til birligi.

Ekvator chizig'iga yaqin mamlakatlar amalda Yer sharining belbog'ini tashkil etadi. Nima sir-sinoat, bilmadim-u, bashariyat paydo bo'lganidan buyon hamma ana shu o'rtaliqqa qiziqadi.

Turkiy xalqlarning asl Vatani, asosan, aynan ana shu o'rtaliqda joylashgan. Yer yuzida qirqqa yaqin turkiy tilli xalq bor. Bu tillarda gaplashadiganlarning umumiy nufuzi 200 million kishidan oshadi.

Qardosh” so'zining asl shakli — “qorindosh”. Bu “bir qorindan tug'ilgan” degan ma'noni anglatadi. Qisqarishga uchrab, ixcham holga kelgan. Tilshunoslikda “qardosh tillar” degan atama bir tillar oilasining bir til guruhiga kiradigan tillarga nisbatan ishlatiladi. Slavyan til guruhiga kirgan barcha lisonlar — bir-biriga qardosh zabonlilardir. Xuddi shunday, turkiy til guruhiga kiradigan zabonlar ham bir-biriga qardosh tilli xalq­lardir.

Til xususiyatlariga ko'ra, turkiylar quyidagi uch guruhga ajratiladi:

Birinchi guruh — o'g'uzlar. Bunga turklar, ozarboyjonlar, turkmanlar, gagauzlar, qo'miqlar kiradi.

Ikkinchi guruh — qipchoqlar. Bunga qozoqlar, qirg'izlar, qoraqalpoqlar, tatarlar, boshqirdlar, chuvashlar, no'g'aylar kiradi.

Uchinchi guruh — qarluq-chigillar. Bunga uyg'urlar kiradi.

Xo'sh, nega o'zbeklarimizni bu guruhlarning birortasida ham sanamadik? Gap shundaki, o'zbek millati — buyuk bobomiz Amir Temur ta'biri bilan ayt­ganda, turkning bosh bo'g'inidir. Turkiy olamda adabiy tilimiz ming yillardan oshiq davrlardan buyon qarluq-chigil lahjasiga tayangan holda shakllanib, taraqqiy etib kelgan. Shuning uchun adabiy tilimizni inobatga olgan holda, tilshunoslikda o'zbek tili qarluq-chigil guruhiga kiritiladi.

Faxrlanadigan joyimiz yana shundaki, dunyodagi barcha turkiy xalqlar bizga qarindosh. O'g'uz, qipchoq, qarluq-chigil lahjasi vakillari bizga juda-juda yaqin hisoblanadi. Demak, biz, timsoliy qilib aytganda, turkiy olamning “Yuragi” bo'lamiz.

Turkiy xalqlar bashariyat tarixida munosib o'rin tutadi.

Turk olimi, professor Umoy Turkesh Gunoyning aniqlashicha, turkiy xalqlar miloddan avvalgi IV ming yillikdan hozirga qadar o'tgan 6 ming yil mobaynida 16 buyuk imperatorlik, yuzlarcha katta-kichik davlat qurgan. Turkiyaning ko'p shaharlarida tarixda hukm surgan turkiy davlatlar bayroqlari o'rnatilgan. Ular orasida Xorazmshohlar, Qoraxoniylar, Temuriylar davlatlari bayroqlarini ko'rish har qanday yurtdoshimiz qalbida g'urur uyg'otadi. Qoraboq universiteti hovlisida esa turk dunyosi tarixida o'tgan atoqli sarkardalar byustlari bor. Ular orasida Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Bobur siymosi ham bor.

Bugungi kunda turkiy tilli xalqlar o'z hokimiyatiga ega yoki ega emasligi jihatidan quyidagi uch guruhga bo'linadi:

Birinchi guruhi – turkiy tilli davlatlar. Rus bosqinidan keyin Yer yuzida bitta turkiy tilli davlat, ya'ni Turkiyagina qolgan edi. 1991 yili uning yoniga sobiq ittifoqdan ajralib chiqqan yana besh turkiy tilli davlat — O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turk­manis­ton, Ozarbayjon Respublikalari qo'shildi.

Ikkinchi guruhi — o'z davlatchiligiga ega turkiy xalqlar. Bular boshqa bir davlat sub'yekti sifatida o'z davlatchiligiga ega. Masalan, Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Tatariston, Boshqirdiston, Oltoy, Saxa (Yoqutiya), Tuva, Xakasiya Respublikalari kiradi. Bular boshqa davlat tarkibida o'z milliy davlatchiligi xususiyatlariga ega.

Modomiki, shuncha turkiy xalq bor ekan, o'z-o'zidan, “turk dunyosi” degan tushuncha ham mavjud bo'ladi. Biroq sobiq ittifoqdan ajralib chiqqan turkiy tilli besh davlat o'z mustaqilligiga ega bo'lganidan keyin Yer yuzida “turkiy tilli davlatlar” degan tamoman yangi bir tushuncha paydo bo'ldi. Yashirishning yoki qog'ozga o'rab o'tirishning hojati yo'q — dunyoda qaysi davlat taraqqiy etgan bo'lsa, o'zaro birlik orqasidan bunga erishilgan. Jahon tajribasi shuni ko'rsatadiki, bir til guruhiga mansub xalqlar hamisha o'zaro birlashishga intilaveradi, ammo hamma vaqt buni istamaydigan kuchlar ham topilaveradi.

Turkiy tilli davlatlar rahbarlari birinchi sammiti Turkiya Respublikasi Prezidenti Turg'ut O'zal tashabbusi va O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qo'llab-quvvatlashi asosida 1992 yilning 30 oktyabrida Anqara shahrida bo'lib o'tgan edi. 1994 yilning 18 noyabrida Turkiyaning Istanbul shahrida ikkinchi, 1995 yilning 28 avgustida Qirg'izistonning Bishkek shahrida uchinchi, 1996 yilning 21 oktyabrida Toshkentda to'rtinchi, 1998 yilning 9 iyunida Qozog'istonning Ostona shahrida beshinchi, 2000 yilning 8 martida Ozarbayjonning Boku shahrida oltinchi, 2001 yilning 26 martida Istanbul shahrida yettinchi, 2006 yilning 17 noyabrida Turkiyaning Antaliya shahrida sakkizinchi va 2009 yilning 3 oktyabrida Ozarbayjonning Naxichevan shahrida to'qqizinchi sammitda Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik Kengashi tashkil etildi. 2010 yilning 15 sentyabrida Turkiy tilli davlatlar rahbarlarining  o'ninchi sammiti o'tkazildi.

2011 yildan boshlab esa “Turkiy tilli davlatlar” Hamkorlik Kengashi sammitini o'tkazish boshlandi. Birinchi sammit o'sha yili Olmaota shahrida 21 oktyabrda bo'lib o'tdi. Ikkinchi sammit 2012 yilning 23 avgustida Bishkekda, uchinchi sammit 2013 yilning 16 avgustida Ozarbayjonning Gabala shahrida, to'rtinchi sammit 2014 yilning 5 iyunida Turkiyaning Bodrum shahrida, beshinchi sammit 2015 yilning 11 sentyabrida Ostonada va oltinchi sammit 2018 yilning 3 sentyabrida Qirg'izistonning Cho'lponota shahrida bo'ldi.

Bir muddat mamlakatimiz bu jarayonlarga qo'shilmadi. Buning turli ob'yektiv va sub'yektiv sabablari bor edi, albatta.

Yaqinda davlatimiz tarixida muhim bir yangilik yuz berdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 14 sentyabrida O'zbekiston Respublikasining “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to'g'risidagi Naxichevan bitimini (Naxichevan, 2009 yil, 3 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunini imzoladi. Mazkur hujjat O'zbekiston Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 13 sentyabrida qabul qilingan va Senat tomonidan 2019 yil 14 sentyabrida ma'qullangan.

Shunday qilib, biz ezgu jarayonga qo'shildik. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi, ya'ni yettinchi sammitida teng huquqli a'zo sifatida qatnashamiz.

Kengashning maqsadi — unga a'zo davlatlar o'rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Kengash Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi maqsadlari va qat'iyatlari va xalqaro huquqning boshqa tan olingan, shu jumladan, suveren tenglik, hududiy yaxlitlik va xalqaro chegaralarning buzilmasligi, ichki ishlarga aralashmaslik kabi qat'iyat va me'yorlariga amal qilgan holda faoliyat olib boradi.

Shuni ham qo'shimcha qilib o'tish kerakki, 1993 yilning 7 dekabrida Qozog'istonning Olmaota shahrida imzolangan bitim bilan “Turksoy” Uluslararo turk madaniyati xalqaro tashkilotiga, 2008 yilning 21 noyabrida Istanbulda imzolangan bitim bilan esa Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasiga asos solindi.

Har mamlakatning o'z hududi, muayyan imkoniyat va sharoitlari, Yer osti va Yer usti boyliklari, xalqi, uning salohiyati va boshqa qadriyatlari  bo'ladi. Xalq ana shularni ishga solib, o'z taqdirini o'zi belgilaydi, milliy rivojlanishning turli-tuman yo'llarini izlaydi, jahon hamjamiyatida o'ziga munosib o'rin egallashga intiladi. Bunda u bir so'mini noo'rin birovga bermaydi ham, birovning bir chaqasiga zoriqmaydi ham. Bersa, evaziga nimanidir oladi. Olsa, uni, albatta, qaytaradi. Ammo bir haqiqatni unutishga hech kimning haqqi yo'q: hech bir davlat o'z qobig'iga o'ralib olib rivojlangan emas. Taraqqiyotning siri — o'zaro hamkorlikda.

O'zbekistonimiz  aholisining nufuzi jihatidan turkiy tilli mamlakatlar orasida Turkiyadan keyin turadigan ikkinchi yirik davlatdir. Turkiya birinchi galda biz bilan mustahkam birlikka erishmoqchi. Bu — amalda Markaziy Osiyoning yarmi bilan hamdamlik ta'minlandi, degani. Chunki mintaqamiz umumiy aholisining teng yarmi O'zbekistonimizda yashaydi.

Shuning uchun Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi faoliyatida O'zbekistonimizning o'z munosib o'rni va mav­qei bo'ladi, albatta. Bundan ham biz, ham boshqalar yutadi.

Haqiqiy hamkorlik degani shunday bo'ladi-da.

Sultonmurod Olim.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − fourteen =