Yolg'on xabar (Fake news): Axborot makonida aldanib qolmang! yoxud o't balosidan, suv balosidan… troll balosidan ham asrasin!

Yolg'on-yashiq, fisqu fasod gaplarni xalqimiz hazm qilolmagan va bundan keyin ham qabul qila olmaydi. Vaqti kelib, bu borada milliy qonunchiligimizga yangiliklar kiritilar, biroq qing'ir ishning qiyig'i, so'rog'i ham bor.

Bugungi axborot asrida deyarli har kimning qo'lida telefon, deyarli har telefonda kami bilan o'ntasining to'qqiztasida bir, ikki, goho uchtalab ijtimoiy tarmoq ilovalari mavjud. Shunday ekan, qo'lida aloqa qurilmasi bor har kim – axborot tarqatuvchi. Shu o'rinda aytish mumkin, besh qo'l barobar bo'lmas ekan-da…

“Hurriyat” gazetasining joriy yil 25 sentyabrdagi 32-sonida chop etilgan blogerlar haqidagi (“Blogerni jurnalist deb bo'lmaydi”, “Axborot maydonida hech qachon bo'sh o'rin topilmaydi”) maqolalarini o'qib, o'z fikr-mulohazalarimni bildirishni lozim topdim.

Hozirgi kunda o'zlarini bloger deb atayotganlar “telegram”, “facebook”, “YouTube”, “instagram” singari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida obunachilarini orttirish uchun hech narsadan tap tortishmayapti.

Yaqinda televidenieda bir xabar berildi. Unda o'zini poezd ostiga tashlagan ikki o'smir haqida so'z bordi. Ma'lum bo'lishicha, ular telegramm tarmog'idagi sahifasida obunachilarini ko'paytirish uchungina bu ishga qo'l urishgan. Angrenlik bunday «bloger» o'smirlarga, albatta, qonuniy chora ko'rildi.

Afsuski, ularning ayrimlari obunachilar sonining ortishi uchun o'zini poezd ostiga tashlasa, boshqalari yolg'on xabar — fake news tarqatishni ma'qul ko'rayapti. Oxirgi paytda yolg'on xabarlar biroz ortgandek. Buni rasmiy manbalarda kunda-kunora berilayotgan raddiyalar ham tasdiqlab turibdi.

Fake news aslida nima?

Fake — (inglizchadan) «soxta», «qalbaki», degan ma'nolarni anglatadi.

Haqiqatga juda o'xshab ketadigan yolg'on xabarlar, maxsus dasturlar orqali o'zgartirilgan fotosuratlar, montaj qilingan videolavhalar, ijtimoiy tarmoqlarda boshqa shaxslar (taniqli insonlar) nomidan ochilgan yolg'on profillar bunga misol bo'la oladi.

Odatda, bu kabi yolg'on axborot, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ta'biri bilan aytganda, “trol”lar tomonidan tarqatiladi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi — trollning ortida tirik shaxs turibdi. Lekin, ism-sharif yo taxalluslar, profil ma'lumotlarining barcha-barchasi soxta. Trollar o'zlari tarqatayotgan axboroti kabi yolg'on shaxs.

Mushuk tekinga oftobga chiqmaganidek, trollar ham tekinga biron ishga qo'l urishmaydi. Haqiqatga yaqin taxminlarga ko'ra, bu harakatlar ortida manfaatdor doira vakillari turibdi va trollarning faoliyatlarini moliyalashtirmoqda. Ular chegara bilmaydi, har qanday davlat va xalq­qa tahdiddek bo'y ko'rsatib turadi.

Bir yolg'on axborotga shunchami, deguvchilar uchun shuni aytishni istardikki, 1993 yili Ruandadagi genotsid (insoniyatga qaratilgan eng og'ir jinoyat) mahalliy radiodan tarqalgan birgina yolg'on axborot mevasi edi. O'tgan yili Hindistonda ham “WhatsApp” messenjeri orqali tar­qalgan feyk suratlar 25 kishining toshbo'ron qilinishiga olib kelgan. Bundan tashqari, yil boshida Jazoirdagi namoyishlar va buning ortidan Jazoir Prezidenti Abdulaziz Buteflikaning iste'foga chiqishiga «elektron pashshalar» nomini olgan trollar guruhi bosh sabab qilib ko'rsatilgan.

Misolni olisdan emas, o'zimizdan ham keltirish mumkin. Zotan, o'zimiz ham ba'zida trollarning yolg'on xabarlariga aldanib qolayapmiz.

Hali bir oy ham vaqt o'tgani yo'q, O'zbekiston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning ishdan olingani haqida axborotlar urchidi. Trollar, hatto, yolg'on xabarlari bilan boshqa bir insonni muftiy, deb ham e'lon qilishdi.

— Haqrost, bunga ishonmadim, — deydi O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Umidjon Mamarasulov. — Chunki axborot rasmiy manbadan berilgani yo'q. Boshqa bir internet sayti axborot berdi, qolgan internet nashrlar odatdagiday ularga qo'shilishdi yoki ko'chirishdi. Vaholanki, Musulmonlar idorasining rasmiy veb-sayti — “muslim.uz”da hech qanday bu haqda xabar berilmagandi. Axborotga ehtiyoj sezayapmizmi, uni qabul qilish immunitetini ham shakl­lantira bilishimiz kerak.

Bunday yolg'on xabarlar qurboniga nafaqat muftiy, balki O'zbekiston Hukumati, «Vaqf» xayriya jamoat fondi ham giriftor bo'ldi. Shu yil 18 sentyabr kuni ayrim ijtimoiy tarmoqlarda mahallalardagi masjidlar soni, diniy libosda yuradigan, soqol qo'ygan, missionerlik fao­liyati bilan shug'ullanadigan hamda turli maqsadlarda chet elga ketgan fuqarolar sonini aniqlash bo'yicha savodsizlarcha yozilgan xabarga O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Matbuot xizmati raddiya bilan chiqdi.

Asossiz va hech qanday mantiqqa ega bo'lmagandek tuyuladigan bu feyk xabar zamirida, agar chuqur mulohaza yuritilsa, ustomonlik bilan yashirilgan maqsad — Konstitutsiyamizda belgilangan e'tiqod erkinligiga rahna solinayotgandek tushuncha kelib chiqadi. Arzimagandek tuyulgan xabarning ham asl maqsadiga e'tibor berishni davrning o'zi taqozo qilmoqda…

Ushbu raddiya so'nggida aytilganidek, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soxta va yolg'on xabarlarga e'tibor bermasliklari va ogoh bo'lishlari so'raladi.

Blogerlik: xalq nima deydi?

Shubha yo'qki, trollarning makoni internet, ijtimoiy tarmoq. Blogerlik niqobi ostidagi trollarning jamiyat va davlatga xavfi yuqoridagi misollardan ham ma'lum. Xo'sh, xalq trollarning asosiy niqobi bo'lgan blogerlik faoliyati haqida nima deydi?

Telegramm tarmog'idagi «Sizning fikringiz» sahifasida avgust oyi yakunida bir so'rovnoma o'tkazildi. Unda 6245 respondent «O'zbekistonda ko'pchilik o'zini bloger hisoblaydi. Davlat blogerlar to'g'risida qonun chiqarishi kerakmi?» degan savolga javob berishgan.

Respondentlarning 22 foizi «Ha, faoliyat qonun bilan tartibga solinishi kerak», 20 foizi «Yo'q, u holda mutlaq nazorat o'rnatiladi», 14 foizi «Ha, ko'pchilik ishonchsiz axborot tar­qatayapti», 12 foizi «Ha, ba'zi blogerlar shaxsiy hayotga aralashishayapti», 10 foizi «Yo'q, yaxshisi qonun emas, tavsiyalar ishlab chiqish kerak», 9 foizi «Yo'q, O'zbekistonda blogerlar normal faoliyat yuritishayapti», 8 foizi «Ha, aslida kim blogerligini aniq belgilash kerak», 5 foizi «Yo'q, lekin ular uchun treninglar tashkil qilish kerak», degan javoblarni yo'llashgan.

Donishmand xalqimizda topib aytilgan naqlu hikmatlar bisyor. O't balosidan, suv balosidan, tuxmat balosidan asrasin, deya duoga qo'l ochadi keksalarimiz.

Trollarning ham turgan-bitgani — tuxmat. Yo'qsa, bir insonning — el ko'ziga ko'ringan siyosatchi yo san'atkorni badnom qilishga urinishini qanday izohlash mumkin?!

Yolg'on-yashiq, fisqu fasod gaplarni xalqimiz hazm qilolmagan va bundan keyin ham qabul qila olmaydi. Vaqti kelib, bu borada milliy qonunchiligimizga yangiliklar kiritilar, biroq qing'ir ishning qiyig'i, so'rog'i ham bor. Unga qanday javob berishni trollar va ular timsolida trollar ijrosidagi “spektakl rejissyor”lari unutmasliklari kerak.

Otabek Isroilov,

O'zbekiston jurnalistika va

ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + 12 =