Quvur yotqizish chala qolib ketdi

Olib borilayotgan har bir ezgu sa'y-harakat “Islohot-islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan ulug'vor maqsadga qaratilgani yanada ahamiyatlidir. Chindanda yangilanishlarning tub mazmun-mohiyati inson omiliga qaratilgani bilan e'tiborga loyiqdir.

Yurtimiz o'zgacha chiroy kashf etib, o'zgarishlar bo'lmoqda. Respublikamizning qaysi go'shasida bo'lmaylik, zamonaviy, yangicha qiyofa kashf etgan, bir-biridan qolishmaydigan ko'rkam inshootlarni ko'rib, qalbing quvonchga to'ladi. Xalq­imizning turmush farovonligi oshib, mehr-oqibatning mujassamligi, o'zbek xalqining kelajagi porloq ekanligidan dalolatdir. Albatta, bunday e'tibor va g'amxo'rlikdan faxrlanmay bo'ladimi? Jumladan, biz Bo'stonliq tumanidagi Chinor mahallasida yashayotgan 364 xonadondan iborat aholi ham shart-sharoit va imkoniyatlardan mamnun bo'lib, shu yurt farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz. Ayni kunda mahallamizga kelsangiz, tanib bo'lmas darajada o'zgarib ketganligiga guvoh bo'lasiz. Ayniqsa, “Bo'stonliq Plasteks” ip yigiruv fabrikasining tashkil etilganligi qishlog'imiz ko'rkiga yanada ko'rk qo'shdi. Natijada 200 nafar yoshlarimiz ish bilan ta'minlandi.

Lekin bir muammo borki, bizni o'ylantirib kelmoqda. Bu ham bo'lsa, mahallamizni gazlashtirish masalasidir. Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 mart­dagi bayonnomasining 15-bandiga asoslanib, Chinor mahallasining aho­lisi xonadonlariga tabiiy gaz quvuri tortish rejalashtirilgan edi. Ammo 3,5 kilometr uzunlikdagi gaz quvuri  “Chorvoq” hududigacha olib kelindi-yu bizning mahallaga bor yo'g'i 600-700 metr quvur tortish qolganida ish oxirigacha yetkazilmay, qolib ketdi. Toshkent viloyati arxitektura va qurilish bosh­qarmasi tomonidan hujjatlar to'liq rasmiylashtirilib, ekspertizadan o'tkazilgan bo'lsa-da, “O'ztransgaz” AKdagi rahbarlar bizni har xil bahonalar bilan chalg'itmoqda. Qishli-qirovli kunlar yaqin qolyapti. Hademay qish kirib keladi. Ko'plab murojaatlarimizga “maishiy gaz ballonlaridan foydalaninglar” degan mazmunda “Toshkentgazta'minot” unitar korxonasi va bosh­qa idoralardan “maslahat”li javoblardan nariga o'tilmayapti. Tuya elak ortganda oqsaydi, deganlari shu bo'lsa kerak-da. Rosti, murojaat qilaverib charchadik. Ammo… yurtimizning xalq­parvar mutasaddilari 400 ga yaqin xonadonda yashovchi 1500 dan ziyod aholi nomidan qilayotgan arizamizga balki e'tibor qaratishar degan ilinjdamiz.

Zero, Prezidentimiz ko'p bora ta'kidlaganidek, odamlar ertaga yoki  kelajakda emas, bugun yaxshi yashashni istaydi. Yoki bu ulug' aqida, kerak bo'lsa ezgu topshiriqning “O'ztransgaz” AKdagi akalarga aloqasi yo'qmi?

Chinor MFY ahli nomidan

Tohir Qobulov,

Risqitilla Mo'minov,

mahalla faxriylari.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 3 =