Qobiqdagi aks-sado

Olimlarning fikriga ko'ra, zamonaviy jurnalistikaning rivojlanishi o'nbeshinchi asrda Germaniyaning Mayns shahrida bosma mashinaning ixtiro qilinishi bilan bog'liq. Bo'lsa bordir. Ammo jurnalistikaning dastlabki vazifasi xabar va ma'lumot berish bo'lganini hisobga olsak, uning umri yozuvning kashf etilishi bilan teng.

Bugunga kelib bu faoliyat turi insonlarning o'y-fikrlari, qiziqishlarini aniqlab beruvchi o'ziga xos barometr vazifasini ham bajarishini anglab qolasiz. Mazkur barometrning qanday ishlashini bizning sharoitimizda sinab ko'rish qiyin. Chunki chop etilayotgan gazetalar ham, teleko'rsatuv hamda ijtimoiy tarmoqlar bir-birlaridan kam farq qiladi. Ha, to'g'ri bir payt­lar, aytaylik, o'sha cobiq Ittifoqning so'nggi yillarida gazetalar, teleko'rsatuvlar, radio eshittirishlar juda jonlanib ketdi. O'sha yillari respublikamizning “Fan va turmush” jurnali adadi salkam bir necha yuz ming nusxaga chiqqani ham bor gap. “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”)ni aytmaysizmi, qandayam o'qishli gazeta edi-ya. Hozir-chi, ayrim gazetalarning bor-yo'qligini birov bilib, birov bilmaydi.

Yaqinda “Mushtum” jurnalining Bosh muharriri Nosirjon Toshmatov bilan bir yig'inda uchrashib qoldik.

— Qalay, ijodning gashtini surib yuribsizmi? — deyman qo'lini olib.

— Qalay emas, oltin, — deydi Nosirjon. — Bir-ikkita masalalar bor, shularni hal etib olsak, ishimiz yurishib ketadi. Masalan, obuna ishi. Bizning esa obunani shakllantiradigan kuchli “richag”larimiz yo'q. “Richag” bu — xalqqa manzur chiqishlar emasmi? — deyman uni bahsga chorlagandek bo'lib. — E, aka deydi u kulib, bilasiz-ku, bugunga kelib nashrlar uchun obuna qilish, matbuot nashrlarini tarqatish va savdo tizimi og'ziga suv tomizish holatiga tushib qolgan. Aslida, juda ko'p jurnalxonlarning o'z manzillariga obuna bo'lishmayotganining asosiy sabablaridan biri ham shu. Obuna bo'lsangiz ham gazeta-jurnal uyingizga yetkazib berilmaydi. Chunki minglab aloqa bo'limi xodimlari o'rni qisqarib ketgan. Uyga yetkazib berilmagandan keyin nima qildim, undan ko'ra “kioska”dan olaman, deydi-da o'sha obunachi. Mana shu joyda esa yana bir muammo chiqadi: viloyatlardagi juda ko'p joylarda o'sha “kioska”ning o'zi yo'q… Shundan keyin kuningiz… Ba'zi kinofilmlarda ko'rgansiz: gazetaning yangi sonini osmonga ko'targanlaricha baqirib-chaqirgan bolakaylar xaridor qidirishadi. Biz ham bugun jurnalning asosiy qismini ana shu taxlitda sotyapmiz. Bular ham mayli, bir kun kelib iziga tushib ketar. Bosma ommaviy axborot vositalarining faoliyati bilan bog'liq odamning ruhini tushiradagin boshqa bir jihat borki, unga davlat tomonidan e'tibor berilmasa, “Mushtum”­ning, shuningdek, boshqa nashrlarning ham boya siz aytgan “musht”lari zarbasiz bo'lib qolaveradi. Bu — chop etilayotgan tanqidiy maqolalarga nisbatan munosabat. Jurnalning deyarli har bir sonida tanqidiy maqola bosamiz. Ularda tilga olingan na hokimiyatlar, na sudlar, na prokuratura va na boshqa ko'plab tashkilotlar, avvalo, tilga olingan masalaga nisbatan lom-mim de­yishmaydi, lom deyishsa ham mimni buzib aytishadi: javobgarlikni his etishmaydi. Bunday borishda mustaqil bosma nashr­larning xalq ichidagi obro'si o'sha xalq­ning o'zi aytgan “…karvon esa o'taveradi” kabi ahvolga tushib qolishi hech gap emas.

Darvoqe, mavzudan biroz chalg'i­dik shekilli. Matbuotning jamiyat hayotidagi barometrlik vazifasi haqida gapirayotgan edik.  Bugungi gazetalarimiz o'zlarining “segment”­lariga — o'quvchilariga egami? O'z-o'zimga ana shu savolni berar ekanman, xayolimdan bir paytlar Buyuk Britaniyadagi “Bi-bi-si” teleradiokompaniyasiga malaka oshirish uchun borganimda ko'rgan va tinglaganlarim yodimga tushadi. Masalan, Londonda «San» («Quyosh») degan gazeta chop etiladi. Gazeta oldi-qochdi voqealarni yozadi. Asosan aktrisalar, modelyerlar, aktyorlarning hayoti, ularning qiziqishlari, hoyu havaslari, kim-kim bilan yaqin munosabatda-yu, kimning jazmani tashlab ketgani haqida. Gazetaning kunlik adadi ikki minginchi yillar boshida to'rt million nusxani tashkil etardi. 2016 yil sanasiga ko'ra bu ko'rsatkich 1 million 611 ming 464 taga yetgan. Demak, bosma nashrlar inqirozi nafaqat bizda, shuningdek, g'arb davlatlarida ham yuz bermoqda. Shunga qaramay, bugun ham o'sha o'lkalarda ertalablari metroga chiqsangiz o'rindiqlar ustida, vagonlarning oyna chetlarida turli gazetalarni, eng ko'pi esa, «San» gazetasini ko'rish mumkin. Yo'lovchilar poezdga o'tirayotib gazetalarni varaqlashadi. O'qigani o'qiydi, o'qimagani ko'z yugurtirib, o'tirgan joyiga tashlab ketaveradi. Boshqacha aytganda, kamxarj talaba metroga tushish uchun pul topsa bo'ldi. Manziliga yetguncha bugungi yangiliklardan bemalol xabardor bo'lishi mumkin. Bizda ham metro bor. Bizda ham gazetalar bor. Ammo Angliyadagi kabi gazetxon yo'q. Bizning metrolarimizdagi yo'lovchilarning qo'llarida gazeta yoki jurnalni emas, og'ir-og'ir yuk xaltalarni ko'rasiz. Ularning ko'zlari kim nima kiygani-yu, xaltasida nima ortmoqlab borayotganida bo'ladi…

Umuman, Angliyada o'nlab gazeta-jurnallar chop etiladi. Ular orasida butun jahonga mashhur gazetalar borki, bu nashrlar barchasi xususiy yoki aksioner guruhlarga qaraydi. «Tayms» va «Gardian» gazetalari liberal gazetalar hisoblanib, yuksak saviyadagi axborot vositasi sanaladi. «Deli telegraf» ham ommaviy gazeta bo'lib, kunlik adadi o'sha ikki minginchi yillarda 1,041 ming nusxani tashkil etardi. 2018 yil ma'lumotiga ko'ra, mazkur gazetaning bir kunlik adadi 363 ming 183 taga tushib qolgan. «San», «Miror», «Deyli Meyl» kabi «oldi-qochdi» gazetalarning nufuzi ham yildan-yilga pasayib bormoqda. Ammo bu degani jamiyatda intellektual fikr, voqea-hodisalardan ko'ra oldi-qochdi gaplarga, birovlarning shaxsiy ishlariga aralashish, oilaviy sirlarini bilishga qiziqish kamaydi degani emas. Agar bir paytlar bu kabi barometr rolini yuqoridagi kabi gazetalar bajargan bo'lsa, bugun ular o'rnini televidenie va ijtimoiy tarmoqlar egalladi desa bo'ladi. Buni «Bi-bi-si»ning bir yillik byudjeti keyingi yigirma yilda 2 milliard funt-sterlingdan qariyb 5 milliardga o'sganidan ham bilsa bo'ladi. Mazkur byudjet har bir xonadon yoki tashkilotdagi telenuqta hisobidan yig'iladi. Bitta telenuqta 100 funt-sterling(yigirma yil ilgari) turadi. Demak, televidenie xarajatlarini 20 million xonadon va tashkilot to'laydi. O'sha 20 millionta xonadon pul to'layaptimi (yana oldindan), demak, odamlar uni ko'rishayapti.

Bu haqda «Gardian» gazetasiga maqolalar yozuvchi, mustaqil jurnalist Marsel Berleks bizga shunday degani hamon yodimda: Malika oilasidagi voqealarga qiziqish, taniqli kishilarning shaxsiy hayotiga aralashish, ularning maoshlari, tanish-bilishlari, jazmanlari haqida yozish muammoga aylanib qoldi. Ayniqsa, malika Diana o'limidan keyin. Jurnalistlar ana shunday narsalar haqida ko'proq yozishni istaydilar. Chunki, bularning hammasi an'ana. Shunga qaramay, jurnalist odamlarning shaxsiy hayotiga qay darajagacha aralashishi mumkin, degan muammo mavjud. Masalan, Fransiyaning sobiq prezidenti Mitteran qonuniy nikohida bo'lmagan xotin bilan yashagan. Undan qizi ham bo'lgan. Ammo bu haqda Fransiya matbuoti o'z vaqtida lom-lim demagan. Bizda esa bunday emas. Bizni kim boshqarayotganini bilishimiz kerak. Davlat tepasiga kelgan har bir odamning o'tmishi va bugunini jamoatchilik, albatta, bilishi zarur. Nega? Chunki, turli «mish-mishlar»dan ko'ra, bor gapni gazetada o'qigan ma'qul. Zotan, angliyaliklar turli «mish-mish»­larga, ayniqsa, er-xotin o'rtasida bo'ladigan sir-asrorlarga juda qiziqishadi. Mayli, bular haqida gazetalar yozsin, nima qipti? Yolg'on bo'lsa, sud oldida javob beradi. Katta miqdorda tovon to'laydi. «San» gazetasi siyo­satchi Elton Jonning ba'zi bir noinsoniy xatti-harakatlari haqida yozdi. Axborot noto'g'riligi tufayli gazeta 1 mln. funt sterling miqdorida tovon to'ladi… Yoki shu gazetaning o'zi Diananing jazmani haqidagi maqola uchun 20 ming, suratning soxtaligi uchun 500 ming funt-sterling tovon to'ladi».

Ko'rinib turibdiki, «San», «Miror», «Deyli telegraf» kabi ishqiboz gazetalarning nufuzi ke­yingi yigirma yilda tushib ketganiga Marsel Berleks aytganidek, taniqli kishilarning shaxsiy hayotiga aralashish, ularning maoshlari, tanish-bilishlari, jazmanlari haqida yozish muammoga aylanib qolishidan tashqari ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi ham asosiy sabablardan biri bo'lgan desak adashmaymiz. Bu degani kelajakda bosma matbuot inqirozga uchraydi, degani emas, albatta. Chunki ijtimoiy tarmoqlardagi bitiklar nari borsa uch kunlik yo to'rt-besh kunlik. Tarixni esa biz istasak-istamasak, bosma nashrlar darj etadi. Kuningdan bir kun qolguncha osh ye deganlaridek, «kunidan bir kun qolguncha qo'lida gazeta ushlab jon beradigan»lar hali bor. Marsel janoblari aytganlaridan biz bir narsani, barcha nizolar sud orqali hal etilishi lozimligini o'zimizga singdira bilsak, boshqa ko'p narsalar o'z-o'zidan hal bo'ladi, deb o'ylayman. Ommaviy axborot vositasi birinchi navbatda Jarchi! Mabodo jarchi elu yurtga yolg'on jar solsa, o'sha yolg'oni uchun javob berishi kerak. Bizda hali bu narsalar odat tusiga kirganicha yo'q. To'g'ri, onda-sonda falon gazetani yoki jurnalist­ni sudga berishibdi, degan gaplar quloqqa chalinib qoladi. Ammo bu ishlar oxirigacha yetkazilmaydi: oqi oqqa, qorasi qoraga ajratilganlari kam uchraydi. Angliyalik jurnalist Tereza xonim aytadiki, xolislik, rost­go'ylik jurnalistning birinchi fazilati bo'lishi kerak. Agar o'sha Tereza xonim bizning ishimizga: yozayotgan maqolalarimizga, ko'rsatuv va eshittirishlarimizga ana shu mezon bilan yondashadigan bo'lsalar, boshini changallab qolishlari turgan gap. Chunki, nafaqat Tereza xonim, balki, o'zimiz ham qaerda xolismiz-u, qaerda rostgo'ymiz, ko'pincha farq­lab olishimiz qiyin. Shu bois eng omma­viy gazetamizning nufuzi 70 mingdan oshmaydi. Bu qariyb 35 million xalq uchun. Biz jurnalist­lar, muharrirlar, arboblar hanuzgacha o'z ichimizda «ikki yoki undan ortiq kishi bo'lib» maqola yozamiz, ko'rsatuv tayyorlaymiz. Birimiz aytmoqchi bo'lgan haqiqatni ikkinchimiz inkor etamiz. Uchinchimiz esa bu haq so'z gazeta yuzini ko'rmasdanoq burda-burda qilib tashlaymiz. Har birimizning mushtdek yuragimiz yonida kalladek senzura — qo'rquv yashaydiki, u nafaqat siz bilan meni, eng achinarlisi, butun bir jamiyatni asta-sekinlik bilan fikrlashdan, tashabbusdan uzoqlashtiradi, ma'nan yemirib boradi… Darvoqe, shu paytgacha biz senzurani yo'qotganlarimiz sirasiga elburutdan qo'shib qo'ygan ekanmiz, holbuki, u qalbimizda, yuragimizda in qurib yashamoqda.

Xo'sh, bizning gazeta va jurnallarimizni bozorbop mahsulotga aylantirish uchun nima qilish kerak? Buning uchun aslida ko'p narsa kerak emas. Shunchaki, bor gapni yozishni o'rganishimiz zarur, xolos. Ammo ana shu bor gapni yozishni o'rganish, ha, aynan o'rganish biz uchun juda katta dovon. Afsuski, bugun yoshi qirq bilan 70 o'rtasida bo'lgan jurnalistlarimizning, agar ular orasida bitta-ikkita bo'lmasa, aksariyatimiz bor gapni yozishga o'rganmaganmiz. Buning misoli sifatida sobiq SSSRda bo'lib o'tgan qayta qurish yillarini eslash kifoya. O'sha yillari juda ko'p respublikalarning jurnalist va yozuvchilari bir payt­lar yozib tashlab qo'ygan roman, hikoya, she'r, publitsistik maqolalarini birin-ketin e'lon qila boshladilar. Moskvada nashr etilgan «Novыy mir», «Znamya», «Roman gazeta» kabi jurnallar, o'nlab gazetalar yozuvchi va jurnalistlarning «yozuv stoli» uchun yozgan asarlarini chop eta boshlashdi.

Bizning matbuotimizda, nash­riyotlarimizda chop etish uchun qachonlardir yozilib, tayziqqa uchragan yoki shunchaki turli sabablarga ko'ra nashr etilmay qolib ketgan biror-bir jiddiy asar yoki turkum maqolalar topilgani yo'q. Albatta, yuqorida «bizning ko'pchiligimiz rost gapni yozishni o'rganmaganmiz» degani «bilmaymiz» degani emas. Bir qator ustoz yozuvchilarimiz, jurnalistlarimiz o'z davrida bor gapni qoyillatib yozishgan. Shuning uchun ularning ko'plari qatag'on qilindi, yillab qamoqlarda yotishdi, olis yurtlarga badarg'a etildi. Ularning barchalari bizning haqiqiy topgan va yo'qotganlarimizdir. Men ularning nomlarini keltirib o'tirmayman. Ularni hamma biladi. O'shanday qatag'onlar, o'shanday qama-qamalar qolganlarning ham yuragini olib qo'ygan. Shu bois rost gapni aytishni garchi bilsak-da, aytmaganmiz. Xalqda «qolgan ishga qor yog'adi» degan gap bor. Shunga o'xshab yuragimizdagi rost gaplar aytilmay qolib ketaverdi, qolib ketaverdi, ularning ustiga esa qancha-qancha qorlar yog'ib, izlar bosilib ketdi. Oxiri kelib esa qaysi rost gapu, qay biri xushomad, qaysinisi yolg'on ekanini ham ajratolmay qoldik.

Yurtimizda hurriyat shamollari esganiga o'ttiz yilcha bo'lyapti. O'sha shamolning dastlabki epkinini his qilgan o'n yashar bola bugun qirchillama yoshda. O'sha paytda maktab o'quvchisi bo'lgan bugun katta bir gazetada, radio-televidenieda muharrirdir, muallifdir. Undan kattaroqlar esa ulardan-da kattaroq lavozimlarda, vazifalarda mehnat qilishyapti. Axir, ular bugun yetmishboy, saksonboy, ellikboylar ko'rgan tayziqlarni ko'rishgani yo'q-ku! Mustaqillik uchun qatag'on bo'lgan yozuvchi-shoirlar, allomalar haqida faqat o'qishgan, eshitishgan. Ammo hali-hanuz biz istagan, biz xohlagan bor gap ularning og'zidan chiqqanicha yo'q.

Aytishingiz mumkin: sizningcha nima haqda gapirilmay qolib ketyapti? Qaysi muammolar jurnalistlarimizning nazaridan chetda?

Umuman olganda, jurnalistlarimiz tilga olmayotgan sohalar, hatto muammolar ham yo'q hisobi. Hamma narsa haqida gapirilyapti. Aytish mumkinki, muhokama ham etilmoqda. Ammo ana shu sohalar, muammolar xususida bir xil gapiriladi. Masalalarning mohiyatiga chuqur kirib borilmaydi. Eng asosiysi, ko'tarilayotgan masalalarga nisbatan jurnalistlarimizning munosabatlari, o'ziga xos pozitsiyalari sezilmaydi. O'qituvchining baxtiyorligi haqida yozilgan maqola bilan fermer muvaffaqiyatlari haqidagi maqola bir xil uslubda yoziladi. Soxta pafos, o'ylab topilgan jumlalar qalashtirib tashlanadi. O'qib chiqasizu yodingizda hech narsa qolmaydi.

Har xil fikr qachonki, u tovush chiqarib aytilsagina har xil bo'ladi. Zotan, xolis va haqchil gapni hech kim to'sib turgani yo'q. Uni o'zimiz aytishdan istihola qilamiz.

— O'sha butun dunyoga «Temir xonim» deb nom chiqargan Margaret Tetcherning mamlakatni qayta qurishi uchun bor-yo'g'i o'n yil kerak bo'ldi, — deydi  Julya Monten. — Ana shu vaqt mobaynida davlat tasarrufidagi mulkning teng yarmi xususiy qo'llarga o'tdi. Bu tadbir natijasida Angliya 30 milliard funt-sterling foyda ko'rdi. Millionlab aksiya egalari paydo bo'ldi. Amerikalik publitsist Elvin Toffler tasvirlagan «kurrai zamin shitob bilan o'zining eng so'nggi halokatli silkinishiga yaqinlab borayotgan» bir paytda mamlakatni gullab-yashnashiga olib kelgan sabablar nima edi? Sirasini aytganda, bu sabablar unchalik ham yangi sabablar emasdi. Aytaylik, ulardan biri tadbirkorlikni har tomonlama qo'llab-quvvatlash. Yoki yana bir sabab, bu — davlatning iqtisodiy hayotga aralashuvini o'ta kamaytirish, xususiy mulkni ko'paytirish. Asosiy sabablardan yana biri har kim o'z-o'zini moddiy jihatdan ta'minlashi shart qilib qo'yildi. Davlat faqat nogironlarga yordam berishi aytildi. Albatta, bulardan tashqari ham sabablar bo'lgan. Masalan, jamiyat uchun zarar keltiradigan har qanday ish tashlashlar qat'iyan man etildi. Ko'rib turganingizdek, yuqoridagi «sabablar» mamlakat iqtisodiy-siyosiy hayotiga «davlat qo'li» bilan joylashtiriladigan bo'lsa, ular o'zining ijobiy samarasini yo'qotishi mumkin. Buni, bugun juda ko'plab bozor iqtisodiyotiga o'tayotgan mamlakatlar tajribasida ko'rish mumkin. Bu «sabab»lar, avvalo, jamoatchilik, birinchi navbatda, axborot vositalari yordamida o'zini o'zi erkin boshqarishi lozim.

Shunday ekan, Julya Montenning so'zlari odamni o'ylatadi.

Bu hayotda, qancha-qancha samimiyatlar so'nar ekan. Qancha-qancha mehr-oqibatlar barham topadi…  Ana shu samimiyatlarning so'nib ketmasligi, ularning ahvolidan ko'pchilikni xabardor qilib turuvchi bir qatlam — betaraf qatlam bo'lmog'i lozim. Bu qatlam dunyo va insoniyat uchun mehnat qilsin. Bu qatlamni ziyoli xalqi tashkil etsa, jurnalist, jurnalistika ana shu qatlamning qobig'i bo'lsinki, jamiyatdagi har bir hodisa ana shu qobiqqa urilib aks-sado bersin.

Zero, yurtimizda keyingi uch yil ichida olib borilayotgan ishlar shunday deyishimizga asos bo'la oladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev barcha sohalarda bo'lgani kabi matbuot va OAVlari faoliyatiga ham katta e'tibor, kuch berdi. Bugungi yangilanishlar, o'zgarishlar qalam ahlidan ham halollik va xolislik bilan izlanish, ijod qilishni taqozo etmoqda.

Yoqubjon Xo'jamberdiyev.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 12 =