Saylovlar: Yangi O'zbekistonning imkoniyatlari

O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yurist Mirzo Ulug'bek Abdusalomov bilan suhbat

— Mirzo Ulug'bek Elchiyevich! Avvalo, Markaziy saylov komissiyasining ishi “qaynagandan qaynab” borayotgan bir paytda suhbat uchun vaqt ajratganingiz uchun Sizdan minnatdormiz!

— Ishimiz kundan-kunga “qaynab” borayotgani to'g'ri. Bu — tabiiy. Chunki, mamlakatimizda katta siyosiy tadbir — joriy yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga bo'ladigan saylovlar kampaniyasi tobora qizg'in pallaga kirib bormoqda.

Men jurnalistlar muloqotga chorlaganida har doim xayrixohlik bilan javob berishga urinaman. Chunki, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan doimiy muloqot, nafaqat Markaziy saylov komissiyasi Raisining, balki barcha darajadagi saylov komissiyalari rahbarlari va a'zolarining burchi, vazifasidir. Saylovlarni ochiq, oshkora va umume'tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida o'tkazishning muhim shartlaridan biri ham shu.

E'tibor bergan bo'lsangiz, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasi boshlangani e'lon qilingan kun — 20 sentyabrda biryo'la uchta tadbir — MSKning majlisi, Xalqaro matbuot markazining ochilishi va keng ko'lamli matbuot anjumani o'tkazildi. Ularning uchalasi ham jurnalistlarning faol ishtirokida o'tdi. Ko'plab savollar berildi. Televidenie o'sha kungi tadbirlarni to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatdi.

— Avvalgi saylovlarda Markaziy saylov komissiyasining jurnalistlar bilan muloqot maydoni sal soddaroq — “Matbuot markazi” deb atalar edi. Bu gal uning nomiga “xalqaro” atamasi qo'shilibdi. Sababi nimada?

— Bu, avvalo, so'nggi yillarda mamlakatimizning dunyoga bag'rini yanada kengroq ochayotgani, davlat va jamiyat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan tizimli, izchil, ayni paytda, jadal islohotlarning samaralaridan. Mamlakatimiz demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etish bosqichiga dadil qadam qo'ygani, ochiqlik va oshkoralik hayotimizdan tobora keng va mus­tahkam o'rin olayotgani, davlatimizning dunyoda nufuzi oshayotgani hamda barcha yo'nalishlarda xalq­aro aloqalari kengayib borayotgani bilan bog'liq.

Xalqaro matbuot markazi tarkibida oltita guruh fa­oliyat yuritadi. Bular — elekt­ron, bosma, xorijiy omma­viy axborot vositalari, internetdagi ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlaydigan hamda hududiy matbuot markazlarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradigan guruhlar. Ayni paytda, Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov o'tkazadigan okrug saylov komissiyalarining ham o'z matbuot markazlari bor. Ularga ham mamlakatimizning eng yuksak salohiyatli va tajribali jurnalistlari jalb etilgan.

— Markaziy saylov komissiyasi bo'lajak saylovlarga qanday tayyorgarlik ko'rdi? Sizdan joriy yildagi saylovlarning avvalgilardan farqli jihatlari haqida so'ralsa, qanday javob bergan bo'lar edingiz?

— Har qanday demokratik davlatda saylovlar muhim siyosiy voqea hisoblanadi. Davlat hokimiyati organlarini saylov orqali shakllantirish — mamlakatdagi konstitutsiyaviy tuzumning demokratiya tamoyillariga asoslanganligini namoyon etuvchi ko'rsatkichlardan biridir.

Saylovga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish — mohiyatan juda ko'p yo'nalishli ish. Bu ishni tizimli va samarali amalga oshirish usullarini topish va yo'lga qo'yish maqsadida, O'zbekistonda saylov qonunchiligi muntazam ravishda takomillashtirib kelinmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2019 yilning 25 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksini amaliyotga joriy etishga oid qonunning imzolanishi mamlakatimiz milliy saylov tizimidagi yangi davrni boshlab berdi.

Joriy saylovlarning avvalgilardan eng muhim farqli jihatlaridan biri ham shunda — saylovlarning ilk bor yangi Saylov kodeksi asosida o'tkazilishida.

Shu o'rinda alohida ta'kidlashim kerakki, saylov qonunchiligi bo'yicha ekspertlar, jumladan, xorijiy va xalq­aro ekspertlar mamlakatimizning Saylov kodeksidan g'oyat muhim va zamonaviy o'zgarishlar joy olganini keng e'tirof etmoqda. Ularning fikricha, O'zbekistonning Saylov kodeksi saylovchilar uchun ham, saylanuvchilar uchun ham, saylov tashkilotchilari uchun ham ko'plab yangi imkoniyat va qulayliklar yaratadi.

Kodeksdan saylovlarni umum­e'tirof etilgan xalqaro standartlar va prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora va shaffof o'tkazishga xizmat qiladigan o'ttizdan ortiq yangi normalar va qoidalar joy olgan. Amalda bo'lgan ko'plab cheklovlar chiqarib tashlangan.

Shu bois saylov qonunchiligidagi bu yangi normalar va qoidalarni joylarda saylovlarni o'tkazishda bosh-qosh bo'ladigan tashkilotchilar, eng avvalo, okrug va uchastka saylov komissiyalari rahbarlari va a'zolariga, saylovchilarga keng tushuntirish lozim.

Yana bir muhim yangilik — “Bir saylovchi — bitta ovozga ega” tamoyilini ta'minlash maqsadida, O'zbekistonning milliy saylov tizimiga Saylov jarayonini bosh­qarish axborot tizimi va Saylovchilarning yagona elektron ro'yxati joriy etilmoqda. Saylov organlari bo'yicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari ham zamon talablari darajasida takomillashtirilmoqda.

Saylov kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha asosiy tadbirlar dasturi loyihasi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Dasturda amalga oshirilishi zarur bo'lgan ishlar qadam-baqadam, kunma-kun belgilab chiqildi va uning ijrosiga har qachongidan erta — iyun oyidanoq kirishildi. Avvallari bu ishlar saylov kampaniya­si boshlanganidan keyin boshlanar edi.

Barcha darajadagi saylov komissiyalari a'zoligiga nomzodlarning saylov qonunchiligidagi yangiliklar, saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazishga oid bilim va ko'nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar odatdagidan uch oy avval — 3 avgustdan boshlandi.

Ta'kidlashim lozimki, o'qi­tishning yuqoridan quyiga qarab kengayib, takomillashib boradigan ko'p bosqichli bu usuli o'zining yuksak samaralarini bermoqda. Yakuniga yetgan ikki bos­qichda saylov komissiyalarining 51 mingga yaqin rais, rais o'rinbosari va kotibligiga nomzodlar o'qitildi. 3 oktyabrdan seminar-treninglarning uchinchi bosqichi boshlandi.

— Darvoqe, o'tgan hafta jurnalistlar uchun ham Toshkentda shunday seminar-trening o'tkazildi. Unda “Hurriyat” gazetasining vakili ham ishtirok etdi. Ikki kun davom etgan mashg'ulotlarda saylov qonunchiligi bo'yicha ko'zga ko'ringan olimlar va ekspertlarning ma'ruzalari tinglandi. Qiziqarli va juda foydali bahs-munozaralar bo'ldi.

— Jurnalistlardan bunday e'tiroflarni eshitish bizga mamnuniyat bag'ishlaydi, albatta. Bu yilgi saylovlarda 16 mingdan ziyod saylov okruglari va saylov uchastkalari tuziladi. Seminar-treninglarning avvalida 70 nafar respublika trenerlari va hududlarda 748 nafar “tuman trenerlari” guruhi shakllantirildi. Saylovlarni tashkil qilish va o'tkazish bo'yicha seminar-treninglarda jami 170 ming nafarga yaqin saylov komissiyalari a'zolari o'z bilimi va ko'nikmalarini oshiradi.

Mashg'ulotlarni mamlakatimizning saylov qonunchiligi bo'yicha taniqli olimlari, ekspertlari va amaliyotchilari, jumladan, O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiya­sining yetakchi mutaxassislari olib bormoqda.

— Saylov kodeksiga binoan kimlar deputat bo'la oladi-yu, kimlar bunday sharafli huquqdan foydalanish imkoniyatiga ega emas? Deputatlikka nomzodlarni kimlar va qanday tartibda ko'rsatishi mumkin?

— Bugun ko'pchilikni qiziqtirayotgan bunday savollarga ishonchli javob topish uchun Saylov kodeksini varaqlashdan avval, bizning barcha fuqarolik haq-huquqlarimiz, majburiyatlarimiz va burchlarimiz o'z ifodasini topgan mo''tabar hujjat — mamlakatimiz Konstitutsiyasiga murojaat qilishimiz to'g'ri bo'ladi.

Bosh Qomusimizning 117-moddasida “O'zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o'z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi” deb mustahkamlab qo'yilgan.

Boshqacha aytganda, bo'lajak saylovlarda ovoz berib, o'z xohish irodamizni erkin bildirish — har birimizning fuqarolik burchimizdir.

Saylov kodeksining 67-moddasida qayd etilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iboratdir. Parlamentimizning quyi palatasi deputatlari hududiy bir mandatli saylov okruglari bo'yicha ko'ppartiyaviylik asosida saylanadi. Ya'ni, Kodeksning 37-moddasida qayd etilganidek, Qonunchilik palatasi deputatligiga va mahalliy kengashlar deputatligiga nomzod ko'rsatish huquqiga faqat siyosiy partiyalar ega.

Bu yilgi saylov kampaniyasi boshlangani e'lon qilinganidan keyin mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan ana shunday beshta siyosiy partiya — Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O'zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O'zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik par­tiyasi, O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda O'zbekiston Ekologik partiyasining vakolatli vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ro'yxatga olinib, ularga saylovchilarning imzolarini to'plashi uchun tegishli imzo varaqalarining blankalari topshirildi.

Saylov kodeksiga asosan, endi har bir siyosiy partiya o'zining saylovda ishtirok etishini qo'llab-quvvatlovchi kamida 40 ming saylovchining imzosini to'plashi zarur. Shundagina siyo­siy partiya deputatlikka nomzodlar ko'rsatishi mumkin bo'ladi.

Ayni kunlarda imzo varaqalari berilgan barcha siyosiy partiyalar joylarda saylovchilar imzosini yig'ishga kirishgan.

Andijon shahridagi viloyat Yoshlar markazida joriy yil dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga o'tkaziladigan saylovlarga tayyorgarlik doirasida seminar-trening bo'lib o'tdi.

— Siyosiy partiyalarning faollari imzolarni avvaldan “g'aramlab qo'yishgan” bo'lsa-chi? O'taveradimi?

— Imzolarni oldindan “g'aramlab qo'yish”ning hech iloji yo'q. Chunki, Kodeksda imzolarni to'plash tartibi batafsil bayon etilgan. “Siyosiy partiya o'zining vakolatli vakili ro'y­xatga olinganlik guvohnomasini olganidan keyingina saylovchilar imzosini to'plashga haqli. Bu sanaga qadar to'plangan imzolar hisobga olinmaydi”. (38-modda).

Bu — birinchidan.

Ikkinchidan, ta'kidlanganidek, siyo­siy partiyalarning vakolatli vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro'yxatga olinganidan keyin­gina ularga imzo varaqalarining blankalari topshiriladi.

Siyosiy partiyalar to'plagan saylovchilar imzolarining “o'tish-o'tmasligi”ga kelsak, Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to'g'ri to'ldirilganini tekshiruvchi Ekspertlar guruhi tuzadi. Ekspertlar guruhi tarkibiga ichki ishlar, adliya organlarining xatshunoslik bo'yicha mutaxassislari, shuning­dek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi.

— Siz, deputatlikka nomzod ko'rsatish huquqiga faqat siyosiy partiyalar ega, dedingiz. Demak, fuqaro deputatlik mandati uchun kurashga kirishishi uchun avval biror siyosiy partiyaning “etagidan tutish” shart. Talabning bunday qo'yilishi oqibatida birorta ham firqaga a'zo bo'lmaganlarning huquqlari cheklanib qolmaydimi?

— Aslo! Saylov kodeksining 70- va 91-moddalaridan bu savolingizga aniq-ravshan javob topishingiz mumkin. Ularda siyo­siy partiyalar o'z partiyasi a'zolaridan tashqari, partiyasizlarni ham deputatlikka nomzod etib ko'rsatishga vakolatli ekani ta'kidlangan.

Shu o'rinda ushbu moddalarda mustahkamlab qo'yilgan yana bir masalaga e'tiboringizni qaratmoqchiman. Bu — mamlakatimizda davlat hokimiyati vakillik organlariga xotin-qizlarning saylanish huquqi bilan bog'liq. Siyosiy partiyalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga o'z nomzodlarini ko'rsatganda, mazkur normaga qat'iy rioya etishlari zarur. Zero, ayollarning soni siyosiy partiyadan ko'rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o'ttiz foizini tashkil etishi kerak.

— Shunday qilib, kimlar deputatlikdan umid qilmasligi mumkin?

— Saylov kodeksiga binoan, sodir etilgan og'ir yoki o'ta og'ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar; saylov kuniga qadar so'nggi besh yil mobaynida O'zbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar; O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qo'mitasining, boshqa harbiylashtirilgan bo'linmalarning xodimlari; diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib ro'yxatga olinmaydi.

— Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazishga doir tadbirlarni yoritishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qanday yo'lga qo'yilmoqda?

— Yuqorida aytganimdek, saylovlarning ochiqlik, oshkoralik va transparentlik kabi umume'tirof etilgan demokratik tamoyillarga muvofiq o'tkazilishida ommaviy axborot vositalari muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Markaziy saylov komissiyasi o'z faoliyatida mazkur masalaga doim alohida e'tibor qaratib keladi. Ular aholining siyosiy faolligini oshirish, mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotidagi ishtirokini kengaytirishda faol yordam bermoqda. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari fuqarolarning o'z saylov huquqlarini ishonchli amalga oshirishida, xohish-irodasini erkin bildirishida, saylov komissiyalari fao­liyati oshkoraligini ta'minlashda ham muhim o'rin tutadi.

Markaziy saylov komissiyasi, shu maqsadda, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi — O'zA, “Dunyo” axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Uzreport” axborot agent­ligi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlikning borishi va o'tkazilishini yoritish bo'yicha ikki tomonlama bitimlar imzoladi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasiga oid tafsilotlarni aholiga turli tillarda yetkazishda muhim o'rin tutadigan ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik ham samarali yo'lga qo'yilgan. Xususan, mamlakatimizda chop etiladigan qozoq tilidagi “Nurli jol”, tojik tilidagi “Ovozi tojik”, koreys tilidagi “Koryo sinmun” kabi gazetalarning bosh muharrirlari bilan saylov jarayonlarini keng yoritish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Kelishuvlarni amalga oshirish doi­rasida barcha darajadagi saylov komissiyalarining faoliyatini izchil yoritib borish, deputatlikka nomzodlar va siyosiy patiyalar uchun ularning saylovoldi dasturlari qoidalari, mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy rivojlanishining muhim masalalariga oid mustaqil nuqtai nazarlarini saylovchilarga, jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalari, teng hajmda efir vaqti va nashr maydoni ajratish yo'li bilan keng va teng imkoniyatlar yaratishga alohida e'tibor qaratiladi.

Bulardan tashqari, saylovlarni yoritib borishga bel bog'lagan boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari, xususan, O'zbekistonda rasman faoliyat olib borayotgan xorijlik jurnalistlar, shuningdek, saylov kampaniyasini yoritish maqsadida chet ellardan qisqa muddatga tashrif buyuradigan jurnalistlar ham akkreditatsiyadan o'tkaziladi.

— Saylov kuni fuqarolarning ovoz berish jarayonining natijalari Xalqaro matbuot markazida tezkorlik bilan ma'lum qilib boriladimi? Markaziy saylov komissiyasi o'z ishini bunday tezkorlik bilan tashkil etishi uchun zarur axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga egami?

— Ha, albatta. Suhbatimizning avvalida Markaziy saylov komissiyasi o'z ishini O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha asosiy tadbirlar dasturi asosida olib borayotgani haqida to'xtalib o'tgan edik. Ana shu das­turga binoan 2019 yil 22 dekabr kuni Xalqaro matbuot markazida jurnalistlar butun respublikada ovoz berish jarayonidan on-layn rejimida xabardor bo'lib borishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan butun kun mobaynida vaqti-vaqti bilan uyushtiriladigan brifing va matbuot anjumanlarida saylov jarayoni aniq ma'lumotlar asosida sharhlab boriladi.

— Saylovlarni bevosita kuzatib borishda xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Bu yilgi saylovlarda nechta davlatdan va qaysi xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar qatnashishi kutilmoqda?

— Bu savolga ilgari ham javob bergan edim. Basharti, mazkur masala ko'pchilikni qiziqtirayotgan ekan, takrorlasak foydadan xoli bo'lmaydi.

Mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga bo'lib o'tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish bilan bog'liq ishlarni, jumladan, saylovchilarning saylovda ovoz berish jarayonini yurtimizda fao­liyat yuritayotgan siyosiy partiya­larning, mahalliy o'zini o'zi bosh­qarish organlarining, BMT, Yevropa Kengashi, YeXHT, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, ShHT, MDH kabi ko'plab xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning vakillari, jurnalistlar, jumladan, xorijlik jurnalistlar — minglab odamlar bevosita kuzatib boradi.

Xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari haqida gap ketar ekan, bir raqamni yana bir bor aytib o'tishimiz zarur. Avvalgi parlament saylovlarida YeXHTning Demokratik ins­titutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi cheklangan missiyasining o'ttizga yaqin kuzatuvchisi ishtirok etgan bo'lsa, bu yil o'tajak saylovlarimizni Byuroning uch yuzga yaqin vakili kuzatib borishi kutilmoqda. Dastlabki ma'lumotlarga qaraganda, missiya asosiy guruhni, shuningdek, 30 nafar uzoq muddatli va 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchini o'z ichiga oladi. Uzoq muddatli kuzatuvchilarning funksiyasiga saylov jarayonining turli bosqichlarini hududlarda kuzatish kirsa, qisqa muddatli kuzatuvchilar saylov kuni biriktirilgan tumanlarda ovoz berishni kuzatadi.

Mamlakatimizda 2019 yil 22 dekabr kuni bo'ladigan saylovlar umum­e'tirof etilgan xalqaro saylov prinsiplari — universallik, tenglik, erkinlik, qonuniylik, adolatlilik, ovoz berishning yashirinligi, ochiqlik va hisobdorlik asosida o'tkaziladi, Vatanimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishga, dunyo­ning eng rivojlangan, demokratik davlatlari safidan mustahkam joy olishiga xizmat qiladi.

— Samimiy suhbatingiz uchun Sizga katta rahmat!

Suhbatni

A.Pardayev uyushtirdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − nine =