El-yurtga sidqidildan xizmat

muvaffaqiyatga eltuvchi yo'ldir, — deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali direktori, Oliy Majlis Senati a'zosi Oral Ataniyazova

Tibbiyot fanlari doktori, professor Oral Ataniyazova, 1956 yili Qoraqalpog'iston Respublikasining Xo'jayli tumanida tug'ilgan. 1979 yili Toshkent davlat tibbiyot ins­titutini tugallab, avval tug'uruqxonada shifokor, 1980-1981 yillarda esa Qanliko'l tumani qishloq shifoxonasida ayollar shifokori bo'lib ishladi. So'ngra Leningrad shifokorlar malakasini oshirish institutida klinik ordinaturada o'qidi, Rossiya sog'liqni saqlash vazirligiga qarashli “Ona va bola” sog'lig'ini saqlash markazi aspiranti, Rossiya Fanlar akademiyasi akusherlik va ginekologiya ilmiy-tekshirish institutida doktorant sifatida izlanish olib bordi.

Vatanparvarlik bu — ulug' fazilat. Tabiiyki, kindik qoni to'kilgan joy inson uchun muqaddas. Demak, Vatanni sevish, vatanparvar bo'lish, vatanni ardoqlab asrash va el-yurt manfaati yo'lida xizmat qilish inson tabiatida mavjud bo'lgan ulug' xislat. Mana shu ezgu tuyg'ularni ko'ngliga tugib, ona yurtga xizmat qilishni oliy maqsad bilgan — Oral Ataniyazova bugungi kunda Toshkent pedia­triya tibbiyot instituti Nukus filiali rahbari sifatida ish yuritmoqda.

Oral Ataniyazovani bir paytlari chet elning eng obro'li xalqaro tashkilotiga ishga taklif qilishganda ham, yurt mehri baridan ustun keldi. O'zimizda qoldi. Bilim va tajribasini tug'ilib o'sgan ona yurti rivoji uchun sarflashga bel bog'ladi.

Albatta, yuksak natijalarga erishish professor ayol uchun oson kechmadi. O'tgan asrning 80-yillarini eslar ekan, u zamonlar “Puli borning tili uzun, bilimi borning qo'li kalta”, bo'lganligini, lekin shunga qaramasdan, xalq manfaati uchun kurash olib borganligini aytadi. Eng avvalo, chekka qishloqlarda yashovchi turmush tarzi og'ir vaziyatdagi nogiron farzandlari bor ayollarning salomatligini yaxshilash, ular o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, ekologik madaniyatni oshirish bo'yicha keng ko'lamli ishlarni amalga oshirdi.

Xalqaro loyihalar asoschisi O.Ataniyazova 1991 yili O'zbekistonda birinchilardan bo'lib “Farzand” nodavlat-notijorat markazini ochib ish boshladi. Markazning sa'y-harakatlari bilan xotin-qizlar o'rtasida uchraydigan og'ir kasalliklarning kamayishiga va bolalarda uchraydigan kamqonlik, diareya kasalliklarining oldini olishga erishildi. Aholi o'rtasida vitaminga boy oziq-ovqat, dori-darmonlar va sog'lom turmush tarzini tar­g'ib qiluvchi kitoblar bepul tarqatildi. Mana, oradan 28 yil o'tibdiki, haligacha bu markaz o'zining ish faoliyatini samarali davom ettirib kelmoqda.

Bugun Qoraqalpog'istonda bo'layotgan bunyodkorliklarni, Orol fojiasidan aziyat chekkan Mo'ynoq tumanida olib borilayotgan keng ko'lamli qurilish, obodonlashtirish ishlarini ko'rib ko'zingiz quvnaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Qoraqalpoq diyori butunlay yangi ko'rinishda chiroy ochmoqda. Ayniqsa, Orol dengizi tubida yashil qoplamali to'qayzorliklar yaratish borasidagi ishlar qoraqalpog'istonliklar uchun misli ko'rilmagan ezgu qadamlar bo'lmoqda.

O.Ataniyazova boshchiligida bundan bir necha yil burun Markaziy Osiyo Respublikalari va chet el davlatlaridan Norvegiya, Щvetsiya, Avs­triya singari davlatlarning 14-17 yoshli o'smir yoshlar ishtirokida ilk bora “Orol dengizi fojiasi bolalar nigohida” nomli xalqaro konferensiya o'tkazildi. U konferensiyani o'tkazish uchun 3 yil vaqt sarfladi. O'shanda bolalarga hali Orol fojiasi go'yoki ertakdek bo'ladi, deya oldinda nurli kunlar turganligini aytgandi. Bugunga kelib bu ishlarning samarasi yaqqol ko'rinayapti.

Tibbiyot ilmi fidoyisi O. Ataniyazova 18 yildan buyon Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialiga rahbarlik qilar ekan, sa'y-harakatlari va rahbarlik mas'uliyati bilan olib borgan faoliyati samarasi o'laroq institut yuqori natijalarga erishib, yurtimizning eng namunali oliy ta'lim muassasasiga aylanib bormoqda. Bugungi kunda filialning 2 fakultet,  17 ta bo'limida 1800 dan ziyod talaba o'qiyapti. O'tgan yili Prezidentimizning Qoraqalpog'istonga tashrifi davomidagi topshiriqlariga asosan mo'ynoqlik 50 nafar yoshlar ham shu institutda ta'lim olishmoqda.

Yosh kadrlarni xalqaro miqyosda tayyorlash uchun institutda barcha imkoniyatlar yaratilgan. Filialda Rossiya, Janubiy Koreya bilan hamkorlikda ochilgan xalqaro fakultet, ins­titut filialiga qarashli zamonaviy namunada qad ko'tarayotgan Xalq­aro yuqori texnologiya innovatsion klinikasi, magistratura va doktorantura dasturining mavjudligini e'tirof etsak arziydi. Tinimsiz mehnat natijasida 2019 yil avgust oyida e'lon qilingan “Webometrics” xalq­aro reyting tizimida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalari bo'yicha 3-o'rinni egallab, mamlakatimizning eng namunali oliy o'quv yurtlari qatoriga kirdi.

Shuni ta'kidlab o'tish joizki, “Webometrics” xalqaro reyting tizimi (Webometrics Ranking of World Universites) Ispaniyada 2004 yil tashkillashtirilgan va ayni kunda dunyo miqyosida eng taniqli xalqaro mustaqil ilmiy reyting tizim hisoblanadi. Oliy o'quv muassasalarining reyting natijalari, ilmiy ishlari, ilmiy maqolalari, veb-sayt sifati va boshqa mustaqil ko'rsatkichlar orqali ekspertlar guruhi tomonidan belgilanadi.

Oral Ataniyazova shunday deydi:  — Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali jamoasi uchun bu albatta katta muvaffaqiyat. Mamlakatimiz rahbarining, ayniqsa, oxirgi yillarda oliy ta'lim muassasalariga ko'rsatayotgan e'tibori, imkoniyatlar uchun cheksiz minnatdormiz. Bizning oldimizga qo'ygan eng oliy maqsadimiz, dunyoning TOP 1000 oliy ta'lim muassasalari qatoriga kirish va jonajon O'zbekistonimizning obro'siga hissamizni qo'shishdir.

Oral opa jamoat arbobi, Senator — Xalqaro Parlamentlararo guruhi a'zosi hisoblanadi. U tibbiyot ilmini rivojlantirish, ekologik muhitni yaxshilash borasida siyosat maydonida ham samarali mehnat qilib kelmoqda.

— Men baxtliman, sababi, mustaqil yurtimizda inson manfaati, uning qadr-qimmati yuksak baholanmokda, milliyligimiz ulug'lanmokda, — deydi u so'zini davom ettirib. — Elsevar Prezidentimizga yondosh bo'lib o'z faoliyatimizni olib bormoqdamiz.

Bir paytlar sobiq ittifoq davrida egallab turgan ishimdan bo'shatilganman, qaytib ish topishim qiyin bo'lgan, emin-erkin fikrimizni aytishga, maqsadlarimizni amalga oshirishga yo'l qo'yilmagan. Mustaqilligimiz sharofati bilan men mana shunday yutuqlarga va martabaga erishdim. Hali ham oldinda qiladigan ishlarim, amalga oshiradigan loyihalarim, rejalarim ko'p.

Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan qayta tashkil bo'lgan Buzatov tumanida onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash maqsadida fao­liyati qayta tiklangan sog'lomlashtirish markazini ishga tushirish borasida ishlar olib bormoqdaman. Buzatov tumani respublikamizning olis hududlaridan biri, bu markazni ishga tushirsak u yerda yashovchi aholi tumanning o'zida salomatligini yaxshilash imkoniyatiga ega bo'ladi.

Qahramonimiz nafaqat tibbiyot, ta'lim, siyosat sohasida, balki milliy madaniyatimiz, qadriyatlarimizga ham ixlosi baland ayol. Uning tashabbusi bilan Qoraqalpog'istonning eng chekka hududlarida yashayotgan, milliy musiqa san'atiga qiziquvchi yoshlar ishtirokida “Dem bermes” loyihasi amalga oshirildi.

Shuningdek, hududimizning hosildor yerlarida yetishtirilgan 55 turdagi qovun navlari ko'rgazmasi — “Qovun sayil”lari tashkillashtirildi. Qoraqalpoqlarning milliy taomi hisoblangan “Kavun oksavlak” sayil qatnashchilarga tortiq etildi. Uning galdagi maqsadi Buzatov tumanida kelgusi yili bahorda — Navro'z bayrami arafasida “Qoraqalpoq milliy taomlari”  xalqaro festivalini o'tkazish.

— Bugunga qadar “Qoraqalpog'iston Respublikasida xizmat ko'rsatgan fan arbobi”, “Sog'lom avlod ordeni” sohibasi, Xalqaro Goldman mukofoti sovrindori unvonlariga erishgan bo'lsam, albatta, buni ustozlarimning menga bergan saboq va bilimlarining natijasi deb bilaman. Akademik T.Dominov, U.Oripov, D.Semyonovlardan tibbiyot sohasi bo'yicha bilim olganman va ulardan bir umr qarzdorman, — deydi u.

Go'zal Yakudayeva,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 5 =