Maktabda bolalar janjallashsa…

So'nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar o'rtasidagi zo'ravonlik, janjal oqibatlari aks etgan videolar ko'payib borayotganini kuzatib, ko'ngil xira tortadi. Ba'zan ommaviy tus olgan bu janjallar o'nglab bo'lmas holatlar bilan ham yakunlanadi. Eng yomoni, ayrim toifa kishilar tomonidan bu vaziyat tasvirga olinib, ommaga tarqatilayotganidir.

To'g'ri, bu kabi “tomoshalar” kimlargadir qiziq tuyular, ammo uning millat ma'naviyatiga salbiy ta'siri juda og'ir asoratlarga olib kelishi-chi?

Xalqimiz azaldan farzand tarbiyasidagi nozik jihatlarga, ayniqsa, uni mehnatkash, mehr-oqibatli, irodali va mard insonlar bo'lib yetishishiga alohida e'tibor qaratgan. Urushqoqlik millatimizga xos sifat emas. Afsuski, biz bunday janjallarga barham berish, tomonlarni murosaga chaqirish o'rniga holatni telefonimizda yozib olib, ommalashtiryapmiz.

— Milliy madaniyatimizda dag'al, qo'pol muomalani shirinsuxanlik bilan yumshatish degan go'zal tamo­yil bor, — deydi Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi raisi o'rinbosari Muhammadjon Quronov. — Keyingi paytda shu qadriyat unutilyapti. Maktabda sinfdoshi bilan urushib qolgan bolaning otasi yoki onasi sinfga borib janjal qilyapti. Bu nihoyatda katta pedagogik jaholatdir. Chunki ota-ona bolaga shunday vaziyatda o'zini qanday tutishda namuna bo'lishi kerak. Qo'pollikka qo'pollik bilan javob berish, keyinchalik qo'l ko'tarish, musht­lashish, ba'zan pichoqbozlik, og'ir hodisalarga sabab bo'lmoqda. Bunga ayrim o'quvchilarning o'quv muassasalariga pichoq olib borib, bir-biriga sanchiyotgani misoldir.

Atoqli adib Abdulla Qahhor: “Mikrob qanchalik xavfli bo'lsa, uni shunchalik kattalashtirib ko'rsatadigan zarrabin zarur” degan edi. Agar maktabda mingta bolaning ichida ikkita bola urushib qolgan bo'lsa, juda katta shov-shuv bo'lishi, o'quvchi va o'qituvchi, ota-onalar oldida bu qattiq muhokama etilishi zarur. Shunda boshqa bolalar janjallashish qanchalar yomonligini anglab yetishadi. Hozir esa mushtlashganlar maqtanyapti. Kim ustun kelgan bo'lsa o'sha “qahramonga” aylanyapti. Bu nihoyatda zararli tendensiya. Ikki bolaning urushishi jazosiz, e'tiborsiz qolayotgani bosh­qa bolalarga ham mana shu illatni yuqtirishga ko'rib-bilib yo'l qo'yishni anglatadi.

— Mening taklifim, maktabda yuz beradigan janjallar juda katta fojiaga aylantirilishi kerak, — deydi Muhammadjon Quronov. — Ta'lim to'g'risidagi qonun, o'quv dargohining ichki tartib-qoidalari asosida muhokama etilishi shart. Bolaning shaxsi kamsitilmagan holda qilgan xato ishi ko'rsatib berilsa, shunda qarab turgan bosh­qa bolalar janjal qanday oqibatlarga olib kelishining guvohi bo'ladi. Ertaga shu holat yuzaga kelsa, unda “Men to'g'ri qilyapmanmi?” degan ma'naviy tormoz ishga tushadi.

Insonni uch xil axborot jalb qiladi. Birinchisi, uning ehtiyoji, ikkinchisi, qiziqishi va uchinchisi, ma'naviy holati bilan bog'liq. Qiziqarli, boshqa yerda uchramaydigan ma'lumot internetda kengroq ta'sir ko'rsatadi va tobelikni yuzaga keltiradi. Virtual olamga qaramlik esa insonda jizzakilik, bezovtalik va xayoldan ketmaydigan fikrlarning paydo bo'lishiga sabab bo'ladi. Olimlarning tad­qiqoticha, jangari kompyuter o'yinlari va filmlar bolada qiziqqon va murosasiz, atrofdagilarga nisbatan befarq, shaf­qatsiz munosabatda bo'lish, o'z hissiyotlarini ustun qo'yish kabi salbiy xislatlarni shakllantiradi.

Qo'rqinchli, xavfli xatti-harakatlar insonni hayajonlantiradi. To'satdan yuz beradigan xavfli holatlar ularda zavq uyg'otadi. Ekrandagi xavf­ni his qilar ekan, bu jangovarlik uning romantik, fan­tas­tik istaklarini go'yoki qo'llab-quvvatlaydi. Shuning uchun bu filmlar afsuski, yoshlar orasida mashhur.

Bunday tasvirlarga tarbiyasida sayozlik kuzatilgan bolalar o'ch bo'ladi. Farzandlarimiz kamolida aql bilan berilgan tarbiya yotadi. Agar shu tarbiyani bera olmasak, ular hayot hukmiga tashlangan bolalarga aylanishadi. Hayot ulardan kimni yasasa, shunday odamlar bo'lib yetishishadi.

Yoshlarda o'zini ko'rsatishga moyillik kuchli. Bu turli ko'rinishda yuzaga chiqmoqda. Bugun ko'cha-ko'yda urushayotgan yigit-qizlarni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish, shu orqali o'zini ko'rsatish, ko'proq e'tirofga sazovor bo'lish, “layk” yig'ishga o'chlik holatidan kelib chiqyapti. Nima emish, kim ko'p “layk” olsa, u go'yo aqlli, obro'li emish! Ochig'ini aytganda bunday fikr qilishning o'zi nechog'li ma'naviy qashshoqlik belgisidir. Mazkur muammo nafaqat bizda, balki butun dunyo­da rivojlanib bormoqda. Ma'naviy nochor kimsalar shu orqali fikr tartibsizligini yuzaga keltiryapti, huquqiy normalardan tashqari, oddiy etika, insoniy odob-axloq mezonlarini unutib qo'ymoqda.

— “Bir kun janjal bo'lgan joydan qirq kun fayz-baraka ketadi” deb bejiz aytishmagan, — deydi O'zbekis­ton Milliy universiteti dotsenti To'lqin Eshbek. — Ilgarilari biror uyda kelishmovchilik chiqsa, bu uyat sanalardi. Oriya­t kuchli edi. Dardini elga das­turxon qilmagan oila mard sanalgan. Bir-birini tushunmaslik, kelishmovchilik bo'lishi tabiiy. Aqli bor odam buni joyi­da yaxshilik, murosai madora yo'li bilan hal qiladi. Urush-janjalni tar­g'ib qilish, alangalatish — gunoh. Oilada janjal bo'lsa uni tasvirga olib, “Mana, akam ukamni uryapti” demaymiz-ku. Mahalla, shu yurt biz uchun yagona oila emasmi? Mushtlashuvlarni ijtimoiy tarmoqqa olib chiqib, butun dunyo­ga ovoza qilish bilan oila, jamiyat, yurt ohorini, fayzini to'kamiz xolos.

— Ertalab bolasini bog'chaga olib borayotgan yoshgina onaning tarbiya usuliga guvoh bo'lib, rosti hayratlandim, — deydi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Gulchehra Umarova. — “Bog'chada seni kimdir ursa, sen ham qaytarib ur, tushundingmi?” deya uqtirardi u norasida farzandiga. Ehtimol uning nuqtai nazari to'g'ridir, axir, hech qaysi ona bolasining kaltak yeyishini istamaydi. Ammo jigargo'shasini urushishga undagandan ko'ra, tarbiyachiga “Bolalar urushishayotgan ekan. E'tibor qarating” deyish ham mumkin-ku. Agar bu chora natija bermasa boshqa yo'l qidirish kerak, zinhor urushishni emas. Afsuski, bolalardagi tajovuzkorlikning ildizi ham oiladagi ma'naviy muhitga borib taqalyapti.

Murakkab va tahlikali zamonda yashayapmiz. Hayot sinovlari ba'zan insonni toliqtiradi, hissiz, befarq qilib qo'yadi. Yoshlardagi qiziqqonlik, jizzakilik sababi shundandir. Ammo hayot — insonning intilishlari, orzu-umidlari, yaratuvchanligi bilan go'zal. Biz azaldan bag'ri keng, diyonatli, mehridaryo xalq bo'lib kelganmiz. Farzandlarimizga ana shu insoniylik ziynatlarini sing­diraylik. Toki ular qalbida turmush tashvishlari emas, ilm­ga, ma'rifatga bo'lgan muhabbat ildiz otsin.

Risolat Madiyeva,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × three =