Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o'zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida

Aholini jamoat va davlat ishlarini boshqarishga faol jalb etish fuqarolarning huquqiy madaniyati va yuridik savodxonligini oshirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, davlat hokimiyati va bosh­qaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash, tegishli sohalarda davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda samarali qarorlar qabul qilishning g'oyat muhim sharti hisoblanadi.

Shu bilan birga, mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning jadal sur'atlari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtirok etishlaridagi rolini oshirish, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan tamoyillari va normalarini inobatga olgan holda ushbu yo'nalishdagi ularning faoliyatini avj oldirish uchun qo'shimcha shart-sharoitlar yaratish zarurligini taqozo etmoqda.

Jamoatchilik fikrini tahlil etish, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining yanada ochiqligini ta'minlash asosida boshqaruv qarorlari qabul qilinishini sifat jihatdan yangi darajaga ko'tarish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiya­siga muvofiq:

1. O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining quyidagi tartibni o'rnatish to'g'risidagi taklifi ma'qullansin, unga muvofiq ishlab chiquvchi — tashkilotlar tomonidan O'zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joylashtiriladigan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini jamoatchilik tomonidan muhokama qilish natijalari Adliya vazirligiga (huquqiy ekspertiza uchun) va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga (ko'rib chiqish uchun) kiritiladi, bunda, qoida tariqasida, kelib tushgan takliflarni ko'rib chiqish natijalari ko'rsatilishi majburiydir.

2. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga

uch oy muddatda O'zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to'g'risida”gi Qonunini qayta ko'rib chiqish tavsiya etilsin, bunda, shu jumladan, quyidagilar nazarda tutilsin:

xalqaro amaliyotda keng tarqalgan jamoatchilik nazoratining ta'sirchan shakllarini joriy etish;

jamoatchilik nazorati shakllarini amalga oshirish mexanizmlarini batafsil reglamentatsiya qilish, ularni amaliyotda samarali qo'llash;

davlat organlari va tashkilotlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyati, tegishli sohalardagi ishlarning holatini yaxshilashda ularning roli va samarali ishtiroki masalalari.

3. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi (R.S.Qosimov) ikki hafta muddatda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mus­taqil instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish va moliya­lashtirishni ko'zda tutuvchi qarori loyihasini kiritsin, unda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilsin:

institut tomonidan har yili O'zbekistonda fuqarolik jamiyatining holati va uni rivojlantirish tendensiyalari to'g'risidagi ma'ruzani O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo'yicha maslahat kengashining ko'rib chiqishi uchun kiritish va shundan keyin O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berish;

institut tomonidan fuqarolik jamiyati rivojlanishini, jamiyat institutlarining davlat organlari va tashkilotlari bilan o'zaro hamkorlik darajasini, shuningdek, ularning mamlakatni sotsial-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy jihatdan rivojlantirishga, shu jumladan, 2030 yilgacha bo'lgan davrda BMTning Bar­qaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish doirasida qo'shgan hissasini baholash indikatorlarini ishlab chiqish va tasdiqlash.

4. 2020 yil 1 yanvardan boshlab respublika, viloyatlararo nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan 3 baravarigacha, viloyat nodavlat notijorat tashkilotlari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan 1 baravarigacha pasaytirilsin.

2020 yil 1 yanvardan boshlab faoliyatini tuman (shahar), shaharcha, qishloq va ovul hududida olib boradigan nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun davlat boji stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilansin.

5. Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faoliyatini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashga davlat grantlari, subsidiyalar va ijtimoiy buyurtma shaklidagi mablag'lar Qoraqalpog'iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlari va Toshkent shahrining shahar byudjeti, shuningdek, tuman va shaharlar byudjetlarining xarajatlariga qo'shilsin.

Moliya vazirligi bir oy muddatda mazkur bandning talablaridan kelib chiqqan holda O'zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

6. Belgilansinki, respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda, ular faoliyatini moliyalashtirish manbalaridan qat'i nazar, ushbu organ va tashkilotlarning byudjetdan tashqari manbalari hisobidan majburiy tartibda ularning veb-saytlari yaratiladi.

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi hamda O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda:

davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytiga qo'yiladigan asosiy talablarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va taqdim etsin;

Internet tarmog'ida respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarining, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning veb-saytlari mavjudligi va faoliyat yuritishini inventarizatsiyadan o'tkazsin.

Inventarizatsiya natijalari veb-saytlarga nisbatan yangi talablarni inobatga olgan holda keyinchalik davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi veb-saytlarini yaratish va amaldagilarini modernizatsiya qilish bo'yicha choralar ko'rish uchun ikki oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilsin.

7. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” telekanalida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasidagi vazifalarni keng ko'lamda tushuntirish va targ'ib qilishga, aholini tashvishga solayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun olimlar, sotsiologlar, tadqiqotchilar, ekspertlar, jamoat arboblari, xotin-qizlar, yoshlar va fuqarolar ishtirokida doimiy faoliyat yurituvchi “munozara maydonchasi”ni tashkil etishga qaratilgan teleko'rsatuvlar turkumini tayyorlash va namoyish etishni nazarda tutuvchi “Jamoatchilik fikri” tahririyatini tashkil etish to'g'risidagi taklifi ma'qullansin.

Belgilab qo'yilsinki, “Jamo­atchi­lik­ fikri” tahririyatini moliyalashtirish O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining o'z mablag'lari hisobidan, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan teleradiokompaniyaga ajratiladigan byudjet mablag'lari doirasida amalga oshiriladi.

O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ikki hafta muddatda markaziy davlat telekanallarida mamlakatning sotsial-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy hayotiga oid eng muhim masalalarni muhokama qilish maqsadida doimiy asosda maxsus teleko'rsatuvlar (jamoatchilik munozaralari) tashkil etilishini ta'minlasin.

8. O'zbekiston Respublikasining Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi kodeksi loyihasini tayyorlash bo'yicha ishchi guruh 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin, ilg'or xorijiy tajribani o'rganish va shakllangan milliy huquqni qo'llash amaliyoti asosida nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi qonunchilikni kodlashtirish va tizimlashtirish uning asosiy vazifasi etib belgilansin.

Ishchi guruh 2020 yil 1 fevralga qadar manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan O'zbekiston Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi kodeksi loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan birgalikda 2019/2020 o'quv yilidan boshlab to'lov asosida nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini muntazam ravishda tashkil etsin.

10. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo'yicha maslahat kengashi (A.X.Saidov) ikki

oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan belgilangan tartibda kelishilgan quyidagi lo­yihalarni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin:

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo'yicha maslahat kengashi to'g'risidagi nizom;

Davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar ishtirokining xalq­aro standartlarini respublikada joriy etish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi.

11. O'zbekiston Milliy axborot agentligi, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agent­ligiga ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalarini yoritish yuzasidan maqolalar va mavzuga oid ko'rsatuvlar tashkil etish tavsiya qilinsin.

12. Mazkur qarorni amalga oshirish bo'yicha batafsil amaliy chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mas'ul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari barcha chora-tadbirlar belgilangan muddatlarda so'zsiz va sifatli bajarilishini ta'minlasinlar.

13. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 12 dekabrdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga ko'maklashish borasidagi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ–2085-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq o'zgartirish kiritilsin.

14. O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati sohasida qonunchilikning havolaki normalarini amalga oshirish uchun zarur bo'lgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish rejasini;

qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida takliflarni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019 yil 4 oktyabr

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + 8 =