Sayilgoh ko'chasida…

Sayilgohning naq “yuragi”da o'zini “zamonaviyman” deb atagan balog'at yoshdagilar yengil-elpi qo'shiqlarga monand raqsga tushayotgani hayron qoldirdi. Ajablantirgani, ular orasida erta-indin bitta oilani gullata oladigan Barchinoydek suluv o'zbek qizlari ham bor.

Bizni yo'qlab qishloqdan poytaxti azimni ko'rib ketish maqsadida kelgan qarindoshlarimizni ishdan keyin shahar tomoshasiga olib chiqadigan bo'ldim. Rang-barang chiroqlar bilan shaharning jozibadorligi yanada oshadigan manzillarni ko'z oldimga keltirib, mehmonlarni poytaxtimizning Sayilgoh ko'chasiga boshladim.

Mahalliy aholi va sayyohlar bilan doimo gavjum Toshkent shahridagi ushbu maskan kundan-kunga chiroy ochayotganini e'tirof etmay iloj yo'q.

Soat kechki 19-20:00lar oralig'i. Sayil­goh ko'chasida har qachongidan ham hayot qaynagan. Talabalar, farzandlari bilan sayrga chiqqan ota-onalar, sevishgan yoshlar-u, qariyalar, xullas, bu yerda jamiyatning barcha qatlamini uchratish mumkin.

Atrof go'zal tus olib, zamonaviy o'rindiqlar bilan boyitilgan. Ko'rgan odamning bahri dili ochiladi, ammo birozdan so'ng, ta'bimizni xira qiladigan vaziyatlarga duch keldikki, buni qalamga olmaslikning ham imkoni yo'q.

Sayilgohning naq “yuragi”da o'zini “zamonaviyman” deb atagan balog'at yoshdagilar yengil-elpi qo'shiqlarga monand raqsga tushayotgani hayron qoldirdi. Ajablantirgani, ular orasida erta-indin bitta oilani gullata oladigan Barchinoydek suluv o'zbek qizlari ham bor. Hammaning nigohini o'ziga qaratib, behayo raqs tushishiga qaraganda bu hol ularga odatiy. Qizlarning raqsdagi harakatlaridan, ochig'i, yonimda turgan qarindoshlarimdan uyaldim. Biz-ku, bunaqa holatlarga ora-sira duch kelamiz, ammo endigina poytaxt­ning nafasini his qilayotgan hamqishloqlarim ko'zini qayoqqa olib qochishni bilmay qoldi.

Yo'lda charchagandirsiz deb, ularni o'rindiqqa chorladim. Lekin eng so'nggi urfda yasalgan o'rindiqlarga ham yoshlarimiz shu qadar “ma'noli” so'zlarni yozib-chizib ketishganki, hayratdan yoqa ushlaysiz. O'rindiqning atrofi turli xil ranglarda yozilgan tuturiqsiz nomalarga, ishq izhorlariga to'lib ketgan. Yaqindagina shu zamonaviy o'rindiqlar sayyohlar eng ko'p tashrif buyuradigan manzillarga o'rnatilganida hamkasbim bilan faxrlanib “Bo'larkan-ku”, deganimiz kechagidek yodimda.

Bugun esa… Aslida ko'rganlarim holva ekan. Xiyobondagi favvoralar atrofi, kichik ariqlar yelim idishlar va shirinlik qog'ozlari bilan to'lib toshgan. Yo'q-sa har qadamda axlat qutilari turibdi. Biroq insonlar sayr qilib, madaniy hordiq chiqaradigan maskan uzra uyum-uyum chiqindilar yig'ilgan. Beixtiyor xayolingizdan: “Nahotki insonlar shu darajaga borsa? Chiqindini maxsus idishga joylashga ham farosat yoinki madaniyat yetishmasa bularda?”  degan og'riqli o'ylar kechadi.

Xorijiy davlatlar ko'chalarining farovonligiga havas qilishimizni matbuot orqali bot-bot bildirib turamiz. Ammo o'zimizda undanda yaxshi sharoitlar yaratilganida qadrlay olmayapmiz. Obodonchilik ishlariga qanchadan-qancha mablag'-u, peshona teri sarf qilinganini nahotki bugungi yoshlar his qilmasa? O'z or-nomusini arzon raqslar bilan to'kayotgan qizlar-chi? Ertaga ulardan namunali uy bekasi chiqishiga ishonish mumkinmi? Farzandini qaerda, kimlar bilan yurganini bilmay, dardi faqat moddiy boylik bo'lib qolgan ko'chadagi “ko'cha qizlar”ning ota-onalari ertaga afsus qilib qolishmasmikan?.. Yoki tavba, tavba deylikku, bundaylarning ota-onalari ham insoniylikda farzandlaridan esh emasmikan? Qaydam. Olmaning tagiga olma tushadi deyishadi!

Tong saharlab ota-onamiz tengi yoshi ulug' farroshlarning ko'cha supurib yurganini hamma ko'radi. Ammo hozirgi ancha-muncha yoshlar hayotga shunchalar befarqki, ularning mehnatdan qoraygan qo'llari zahmatini o'zida his qila bilmaydi…

Feruza Rahimova.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × four =