Ismim aytsam, tanisaydi giyohlar

Oy nurida…

Oy nurida kashta tikkan chevar edim,

Bir olamni, bir onamni sevar edim,

Kunchiqarga sho'xi shodon boqib-boqib,

Elday o'tsa bu kunlar deb qo'yar edim.

So'ng bo'linib ketdim ming bir bo'laklarga,

Umrim berdim ziyosi yo'q falaklarga!

Ko'klamlarim, bayramlarim qolib ketdi,

Hayratlarim, hayronlarim qolib ketdi,

Quyoshning ming jilvasidan nusxa olib,

Gul solganim gilamlarim qolib ketdi.

So'ng bo'linib ketdim ming bir bo'laklarga,

Umrim berdim rostu yolg'on halaklarga!

Qani mening butunligim, bunyodligim,

Qani mening qishin yozin obodligim,

Evoh dunyo, bug'doy donday sochding meni,

Qani mening yorug' kunday pok zotligim!?

Oh, bo'linib ketdim ming bir bo'laklarga,

Umrim berdim qumdan sarob tilaklarga!?

Bir qush bo'lib kelgan edim bog'laringa,

Uchib qo'ndim pastu baland tog'laringda,

Tarqamadi osmoningda tumanlaring,

Qoyalarga urildim gul chog'larimda.

Evoh, dunyo bo'lding ming bir bo'laklarga,

Oshna qilding hayosi yo'q yuraklarga…

 

Sizdan

Sizdan menga nurlar kelar osmon-osmon,

Yuragimda shodliklarim xirmon-xirmon.

Hayotimning ma'nosini topgandayman,

Ishq ahlining sharobidan totgandayman.

Ey, qalbimning bu dunyoda yorug' kuyi,

Balki sizni izlaganman umrim bo'yi,

Sizni ko'rgan ro'yolarni, o'pib suyib,

Tirikchilik dunyosidan o'tgandayman…

Pastu baland ko'chalarda zoru sarson,

O'tgan ketgan nechalarga bo'lib hayron,

Yig'lab ketdi mendan, qancha davru davron,

Yashamasdan, bu kunlarni kutgandayman!

Sizni ko'rgan lahzalarim afsonadur,

Ismingizning shu'lasidan mastonadur,

(Menam dildor, bir so'yladim Sultonimga)

Ikki dunyo bu so'zlarim yagonadur!

Sizdan menga nurlar kelar osmon-osmon,

Yuragimda shodliklarim xirmon-xirmon.

Hayotimning ma'nosini topgandayman,

Ishq ahlining sharobidan totgandayman…

* * *

Men senga atalgan shunday mevaman,

Yuragimni ushat, ol bir so'zimni.

Matnazar Abdulhakim

Fasllar aylandi

atrofimda jim,

Jim ketib boradi oyning sharpasi

Kelar yo'llaringa

ko'zimni tikdim.

Ko'nglimni asradi orzu havasim.

Fursatlar sog'indi qadamlaringni,

Bir menmi adashgan,

bir menmi shoshgan…

Shamollarga sochdim

alamlarimni,

Bir menmi tunlarning bahridan kechgan…

Bir asov daryoning to'lqinidirman,

Qismat qirg'og'iga sig'mayin toshdim,

Bilmayman,

Kimman va,

qandayin sirman

Nega xayolinga ko'nglimni ochdim?..

Tongning sohiliga chiqdim seni deb,

Seni deb sochlarim parishon bo'ldi,

Hanuzam yo'llarim intizor senga,

Umidim shu'lasi kel endi…

Qurbat vodiysiga kelgin Sarvarim,

Umr sohilidan yog'dular terdim,

Bir senga atalgan hayot guliman,

Yuragimni ushat va bir so'z degin!

Fursatlar sog'indi

qadamlaringni…

 

Najotiyga

Sen bir osmon uchib chiqsam,

Qanotlarim kuymagan,

Sen bir jahon kirib borsam,

Iforinga to'ymagan.

Men bir shamol, bir nolakor,

Kunu – tunlar tinmagan.

Mulki Sultoniga borib,

Aytib – aytib yig'lagan.

Sen bir olam o'ylasam ham,

Xayollarim yashnagan!

Sen bir Zuhro, zulmatlarda

Yog'dusini to'shagan!

Men bir tog'man ota bo'lib,

Yo'lingdan tosh ko'chirgan,

Onang bo'lib semurg'larning,

Ko'ksidan sut ichirgan.

Sen bir ziyo, bir nafasda,

Hayotimni o'zgartgan,

Sen bir go'yo, bitta sasda,

Vayronamni tuzatgan.

Men bir so'zon, sening bilan,

Qaroliklar ketgaydir.

Gul umrimning ming yil bitmas,

Yarolari bitgaydir!

Sen bir dunyo, tegrasida

Shodliklarim barq urgan,

Sarviqaddimni tik tutsam,

Mag'rib mashriq teng kelgan.

Men bir oshiq, men bir muhtoj,

Hanuzam mubtalodurman,

Seni bergan Quyoshimga,

Hamdlar aytib boradurman!

Sen osmon uchib borsam,

Qanotlarim kuymagan,

Men bir shamol, men nolakor,

Kuylab-kuylab to'ymagan…

* * *

Ehtimol yodingda yo'qdirman,

Umiding,

Dodingda yo'qdirman…

Xayolingda xascha makonim yo'qdir,

Poyinga otilgan cho'g'dirman!

 

Qahhor baxshi Rahimovga

Elim desam yuragimga nur kirar,

Tomirimga osmon kirar, sir kirar.

Borlig'imda bir iltijo hayqirar;

Elim desam ikki dunyom gurkirar!

O, bilmayman bu qandayin tabobat,

Toshin quchsam topgaydurman halovat,

Olislardan sog'inch tortib kelganda,

Ko'ksimdagi g'amlar erur toabad.

Shu tuprog'ning guliman, gavhariman,

Tog'larining boshidagi zariman,

Ko'k ishqida uchib ketgan qushmanu,

Kel deganda keladigan, boriman.

Shu borliqning shamoliga yuz chaysam,

Shu kenglikning kamolida ulg'aysam,

Ismim aytsam, tanisaydi giyohlar,

Ismin aytsa, dunyolariga yoysam.

Yuragimga quvvat kerak yoronlar,

Menga sinmas qanot kerak yoronlar,

Elim desam, biznikisan desalar,

Menga shunday dastxat kerak yoronlar.

Menga shunday nurxat kerak yoronlar!

 

Ozodaman

Kamalakdan rangin qurog'im,

Xazon emas hech bir yaprog'im.

Inson emas ishongan tog'im,

Oyzoda men, Ozoda menman.

Ruhim oppoq ezgu bayrog'im,

Olis emas oydin yirog'im,

Bir qarasam, yetgay titrog'im,

Oyzoda men, Ozoda menman.

Ishonaman tunlar sehriga,

Yorim chiqar qismat bag'ridan,

Hilpiraymiz sevgi shahrida,

Ozoda men, Oyzoda menman.

Yonar porlab shamim chirog'im,

Gulning yaprog'idan tarog'im,

Muhabbatdir yolg'iz yarog'im.

Oyzoda men, Ozoda menman.

 

Ozoda Bekmurodova

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 4 =