Sohibqiron Amir Temurning eng jasur sarkardalari kimlar edi?

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti  Shavkat Mirziyoyev  uchrashuvlardan birida, dunyoga dovrug' solgan Sohibqiron Amir Temur haqida gapirib, shuncha buyuk ishlarni  bobomizning bir o'zlari qilmagandurlar, yonlarida kimlar bor edi, ularni ham bilishimiz kerak, degan edilar. Juda o'rinli fikr. Bu fikrga baholi qudrat javob berishni o'z burchimiz deb bildik. Ushbu esse shu munosabat bilan qalamga olindi.

Sohibqiron Amir Temurning yonida hamsaf va unga muxolif sifatida kurashgan sarkardalarning son-sanog'i yo'q. Lekin ko'zga ko'ringan sarkardalar haqida mashhur tarixchilar G'iyosiddin Alining “Hindiston g'azovoti kundaligi”, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” va Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” nomli kitob­larida ozmi-ko'pmi ma'lumotlar keltirilgan. Bevosita sarkardalar mavzusiga o'tishdan oldin, umuman, janglarda kuragi yerga tegmagan Sohibqiron zakovatini, Turon saltanatining harbiy salohiyatini anglamoq uchun Amir Temur zukkolik bilan barpo etgan, boshqargan, dunyoda yengilish nima bilmagan g'olib va muzaffar Turon lashkari tartibotini ko'rib chiqish maqsadga muvofiqdir.

Tarixiy manbalar guvohlik beradi: Oltin O'rda xoni To'xtamishxon (1391, 1395) va Usmonlilar podshohi Yildirim Boyazid bilan (1402) bo'lgan zamonaning katta urushlarida Turon saltanati lashkari quyidagi tartibda janglar olib borgan:

1. Hirovulning hirovuli(ilg'or qism, avangard) – olti favjdan iborat;

2. Katta hirovul(avangard, ilg'or cherik);

3. Chap qanot qorovuli;

4. O'ng qanot qorovuli;

5. Shiqovul hirovuli (chap tomon – ar'yergardning avangardi) – olti favjdan iborat;

6. Chopovul hirovuli (o'ng tomon – chavandozlar qo'shini) – olti favj­dan iborat;

7. Shiqovul(chap qanot ar'yergardi) – olti qo'shindan iborat;

8. Chopovul(o'ng qanot ar'yergardi) – olti qo'shindan iborat;

9. Javong'or hirovuli (chap)olti qo'shindan iborat;

10. Barong'or hirovuli (o'ng)olti qo'shindan iborat;

11. Qarindoshlar lashkariolti favjdan iborat;

12. Amirzodalar(o'g'illar)lashkariolti favjdan iborat;

13. QalbMarkaz;

14. Yigirma sakkiz aymoq qo'shini28 favjdan tashkil topadi.

Bulardan tashqari, urush maydoni vaziyati, jang ko'lami va dushman askari cho'g'i, salmog'i, kuchini hisobga olgan holda “O'n ikki ming otliq lashkar”, “Qirq ming otliqdan iborat o'n to'rtta zafarli sipoh favjlari” saflariga ham tartib beriladi va janglarda qo'llanadi. Ularning har birida bir necha favj­lardan iborat chaqmoqqadam qorovul, hirovul, javong'or, baron­g'or qo'shinlari harakat qiladi.

Tasavvurimizni yana ham kengaytirish uchun Sohibqiron Amir Temur tarix maydoniga kirib kelgan vaqtda va undan keyin uzoq yillar Turon zaminida maydonlarda ot surgan ayrim sarkarda, qo'shin beklari hamda arboblar nomlarini eslab o'tish o'rinli. E'tibor bering: Amir Bayon-sulduz, Amir Kayxusrav, Amir Husayn, Hoji-barlos, Uljaytu-opardiy, Boyazid-jaloyir, Zindachashm-opardiy, Mahmudshoh Buxoriy, Tug'lug'-sulduz, Bahrom-jalo­yir, Xizr Yasuriy, Tag'ay Bug'a-barlos, Sher Bahrom, Siddiq-barlos, Mengli Bug'a, Tamuqa-qavchin, Amir Muso, Po'lod Bug'a, Tug'lug'-xo'ja, Shingum-bahodir, Tuman-nikudariy, Amir Muayyad-arlot, Jaloliddin-barlos, Sulaymon-barlos, Shayx Muhammad Bayon-sulduz, Amir Saribug'a, Odilshoh-jaloyir, Tobon-bahodir, Oq Bug'a-bahodir, Husayn-bahodir, Malik-bahodir, Durraka-bahodir, Oq Temur-bahodir, Mahmud Barot-xoja, Ali Yasuriy, Hindushoh Qarqara, Arg'unshoh Burdalig'iy, Shayx Ali-bahodir, Murod-barlos, Xoja Shayxzoda, Muhammad Mirak, Shamsiddin Abbos, Siddiq Tobon, Sulton Sanjar, Xudoydodi Husayniy… va hokazo. Shularning o'zi qirq oltita. Bular hali hammasi emas, albatta.

Askar faqatgina askar emas, sarkarda faqat sarkarda emas…

Ha, Amir Temur saltanatida askar faqatgina askar emas, sarkarda faqat sarkarda emas edi. Katta maydonlarda jang qilar ekan, oldilaridan katta soy, yo o'rmon, yo o'r-chaqir chiqib qolsa, askarlar darhol quruvchilarga aylanishar, qo'llaridagi qurol o'rniga, yelkadagi jang xaltasidan bolta, tesha, arra va hokazo qurilish anjomlarini (ular doim xaltada bo'ladi) olib ishga tushib ketishar, soyga ko'prik bog'lashar(Hindistonda Sind daryosiga, Amudaryo, Xo'jand daryolariga qisqa muddatda ko'prik qurganlariday), chakalakzor o'rmonlarda(Mozandaronda bo'lgani kabi) yo'llar ochishar edi. Sarkarda faqat sarkarda emas, u ayni bir paytning o'zida Sohibqiron ishonchini qozongan, davlat arbobi, amir ul-umaro, vazir, yurtni boshqara oladigan hokim, mohir diplomat, so'zamol elchi, uning obro' e'tiboriga munosib saltanatning, xalqning og'irini yengil qiladigan, qaysi vazifaga qo'yilsa ado etishga qodir kamolga yetgan insonlardir. Ular Vatanimiz tarixida beminnat yurtga, xalqqa katta xizmat qilganlari bilan qadrli va e'zozlidirlar.

Hindiston muhorabasiga borayotib Sohibqiron yo'lda Nag'ar degan qal'a­ni yana ham yaxshiroq qurishlarini buyuradi. Yurtga qaytayotganda ko'radiki, shu yerda sharqirab yotgan “suyi asru zebo va latif” ajoyib buloq qal'adan tashqarida qolib ketibdi. Bundan ko'ngli to'lmagan Sohibqiron, Vatanga shoshib turganiga qaramay, darhol: “Qal'ani ulug'roq qilsunlar, andoqkim, bulog' qal'a ichida kirgay!” deb amr etadi. O'zi ish boshida turib nazorat qiladi. Uch kun butun qo'shin katta-yu kichik mehnatga mashg'ul bo'ladi. Sharafiddin Ali Yazdiy hayratga tushib “Zafarnoma”da: Sohibqiron “… andoq jahd qildikim, beklar o'zlari g'isht va balchiq tashidilar…” deb yozadi.

Sohibqiron hayotida qirq besh yil davomida uning yonida turgan, unga beg'araz, sadoqat bilan qaragan fidoyi amirlar haqida alohida to'xtalmoq joiz. Bu sarkardalar Turon saltanati shon-shuhrati yo'lida o'z jonlarini fido qilishga hamisha tayyor turgan kishilardir. Ularning niyati – yurtni obod etish, himoya qilish, asrab-avaylash va Hazrat Sohibqironga sidqidildan xizmat ko'rsatishdan iborat.

Amir Temurning eng yaqin sarkarda safdoshlari ta'rifiga o'tamiz.

Amir joku — barlos

Ana shunday sadoqatli, oqibatli inson maqomiga ega. Qo'rqmas va botir jangchi. Uning to'liq ismi Jokubek ibn Muborak ibn To'g'on ibn Qodon ibn Shar'a ibn Qarochor no'yon (tug'.y.taxm.1316 – vaf. 1384) — barlos urug'ining hurmatga sazovor, yirik, nufuzli beklaridan. Amir Temurga xesh-aqrabo bo'ladi, Sohib­qiron safdoshi va qayinotasi, yaqin kishisi. 1355 yilda Amir Temur uning qizi Turmish-oqaga uylangan, ulardan tug'ilgan o'g'il Jahongir Mirzo keyin valiahd hisoblangan edi.

1360 yil oxirlarida, Temurbekning tarix maydoniga kirib kelgan dastlabki yili, Turonlik amirlar o'rtasida o'zaro janglardan birida yigirma to'rt yoshlik Temurbek qo'shini kimningdir ig'vosiga uchib, tarqab, navkarlar dushman tomonga o'tib ketadi. O'shanda Temurbek yonida yolg'iz Joku-barlosgina sadoqat ko'rgizib qolgan edi. Bu sadoqat umrining oxirigacha davom etdi.

1362 yilda bir guruh barloslar – Sulaymon-barlos, Jaloliddin-barlos, Hinduka-barlos, Siddiq-barlos, Murod-barlos, Tag'ay Bug'a-barlos, toyjivut umog'idan Musabek­(Amir Muso)lar Jeta hukmdoriga bo'ysunishni istamay Sohibqiron Arsafda(Seistondagi cho'l, hozirgi Afg'oniston va Eron chegarasida) ekanida uning huzuriga keldilar. Ularni boshlarini biriktirib kelgan ham sadoqatli do'st Joku-barlos edi.

1363 yilda Temurbekning kishisi 2000 ga yetdi. Dushman Jeta cherigi Keshni bosib olgandi, Temurbek uch yuz kishini ajratib, Joku-barlos va Sulaymon-barloslarga topshirib harbiy sir ishlatishni tayinladi: “Har bir otliq ikki bog'dan shox olib, otning ikki yoniga bog'lasin, undan ko'tarilgan chang-g'ubor dushman ko'ngliga qo'rquv soladi!” Chindan ham, dushman janubdan, Ulug' maydon tomondan ko'tarilgan osmonni qoplagan bahaybat chang-g'uborni ko'rib vahimaga tushib qo'rqib juftakni rostlab qoladi…

1364 yilda Temurbek Ilyosxojaxon boshliq Jeta cherigi bilan jang qilib muzaffariyat qozondi. Joku-barlos o'sha jangda katta shijoat ko'rsatdi. “Loy jangi”da ishtirok etdi. Shu yili Joku-barlos katta qo'shin boshida Xo'jandga jaloyir elini zabt etmoqqa otlandi.

Joku-barlos Hirot hukmdori Malik Husayn Kurt huzuriga, ikki mamlakat o'rtasida muhim ahdu shartni yo'lga qo'yish haqida muzokara qilish uchun elchi maqomida Hirotga bordi.

Sohibqiron davlat boshiga kelganda Joku-barlosga cherik begi unvoni berildi(1370). U saltanatning ilk amir ul-umarosi bo'ldi. 1371 yilda katta qo'shin boshida muholifatchi jangari Zindachashm-opardiyga qarshi Shibirg'onga jo'nadi. So'ng unga muhim vazifa topshirildi — Qunduz, Bog'lon, Kobul singari betartib va besaranjom viloyatlarga tinchlik indirish uchun hokim etib tayinlandi.

1376 yilda Sohibqiron shimoliy sarhadlarni muhofaza qilish niyatida Urusxonga qarshi cherik yig'ib jo'nashdan oldin Joku-barlosga poytaxti firdvsmonand Samarqandni idora qilishni topshirdi.

1383 yilda Mozandaron sari otlangan Amir Temur Termiz guzarida Amudaryoga ko'prik bog'lab o'tib, Murg'ob daryosi bo'yiga yetdi. Kobuliston hokimi Joku-barlos Hazratni ziyorat qilib, muborak diydoriga musharraf bo'ldi, muzofotdagi vaziyatdan batafsil so'ylab berib Sohibqironni mamnun etdi va uning ijozati bilan Kobulga qaytdi. E'tiqodi mustahkam bu inson doim saltanatning muhim topshiriqlarini ado etardi.

Amir sayfiddin — nekuz

Amir Temurning ishonchli safdosh va yaqin sirdosh do'stlaridan biri Amir Sayfiddin-nekuzdir(tug'.y.taxm.1336 – vaf.1401). Uni Hoji Sayfiddin ham deyishadi; nukuz (nikudar) qavmining nufuzli vakili. Atoqli lashkarboshi, munajjim, bilimdon, o'ta ma'rifatli, kamtar bir kishi. Fidoyi inson. Yoshlik yillaridan boshlab Temurbek bilan hamisha hamqadam, hamroh. 1363 yilda Xorazm yoqdan qaytayotgan Temurbek, katta dushman quvib kelayotganini ko'rib, Amudaryoga ot soldi, uning xotini Uljoy Turkon-oqa ham mardona otini daryoga burdi! O'shanda orqada Amir Sayfiddin, do'stiga sadoqat ko'rgizib, ham Temurbekka, ham Uljoy-oyimga ko'z-quloq bo'lib, qo'riqlab, dushmanlardan himoya qilib kelgan edi. Ular sog'-salomat daryodan o'tib oladilar.

Amir Sayfiddin Toshkent yonida Chinos mavzeida yuz bergan Loy jangida (1365) Temurbek qo'shinining so'l qanoti (javong'or)da savash qurgan. 1366 yilda katta cherik bilan Amir Husaynga qarshi jangga yuborilgan. 1367 yilda Temurbek 243 kishi bilan Qarshi shahrini zabt etish uchun jangga otlandi. Qarshida 12 ming — Temurbek navkaridan qariyb 50 barobar ko'p qurollangan askar yig'ilgandi. Qarshi darvozasi qattiq tambalangan, berk edi. Sohibqiron suv to'la tarnov orqali shaharga kirib darvozani ichkaridan ochishga erishadi. Va shaharni oladilar. Amir Sayfiddin o'sha jangda shijoat bilan qatnashadi va shaharning Xuzor darvozasini ishg'ol etadi.

1379 yilda Gurganj ostonasida Xorazm voliysi Yusuf So'fi(Xorazm voliysi ayrimlar qutqusiga uchib, Amir Temurni yakkama-yakka jangga chorlagan edi) chaqirig'iga ko'ra maydonga tushmoqchi bo'lganda Amir Sayfiddin Sohibqiron otining jilovini mahkam tutib yo'lga turib oldi: “Bandalar tirik turib ravo ermaskim, siz urushqali borgaysiz…” Baribir Sohibqironni to'xtatish iloji topilmadi. U dushmanni chorlab, maydonni ikki bor aylandi va suronlar ostida g'olibona ortiga qayt­di. Yusuf So'fi ko'ngliga qo'rquv tushib jangga chiqmadi.

1380 yilda Amir Sayfiddin Hirotga Malik G'iyosiddinga elchi bo'lib bordi va uni Samarqand qurultoyiga taklif etdi.

1382 yilda Xurosonga ot­lan­­gan Sohibqiron Amir Sayfiddinni Kalot shahrining eng mustahkam mash­hur darvozasi “Darbandi Arg'unshoh”­ni egallashga jo'natdi. 1383 yilda Kech va Mekron(hozirgi Pokiston) yo'lini to'sib olgan amir Tuman-nikudariyni insofga chaqirishga elchi bo'lib bordi.

1386 yilda Iroq hukmdori Sulton Ahmad-jaloyir Tabrizga kelgandi. Sohibqiron Amir Sayfiddinni bir jamoat yigitlarga bosh qilib uni quvib tutib kelishga, so'ngroq katta cherik boshida Boyazid qal'asini zabt etishga yubordi.

Podsho ug'ruqi(podsho harami, tegishli mulozim-xizmatkorlar, oshpazlar, kiyim-kechak, yeguliklar, tirikchilik ashyolari, ot-arava va hokazo, katta karvon)janglarda podshoga hamroh bo'ladi. Uni boshqarish juda ishonchli kishilarga topshiriladi. 1387 yil kuzida, tovushqon yili, tarix 789 da Sohibqiron Fors sari yo'l oldi. Ug'ruq Ray bilan Sariqqamishda qishni o'tkazsin, degan farmon sodir bo'ldi, uni Amir Sayfiddin boshqardi.

1389 yil martda To'xtamishxon qo'shini bostirib kelayotganda, Sohibqiron Umarshayx Mirzo va Amir Sayfiddinga: “Xo'jand(Sirdaryo)siga ko'prik solinsun!” deya farmon qilindi. Ko'prik tez fursatda qurib bitkazildi.

1391 yilda To'xtamishxon urushida Amir Sayfiddin Turon qo'shini javong'orini boshqardi. U mardonalik ko'rgizib hammadan burun jangga kirdi, qilich tortib, dushmanni chopdi. Boshqalar uvvos solib undan keyin jangga otildilar. Urush g'alaba bilan tugagach, Amir Sayfiddin yana ug'ruqni boshqardi va shu yilning dekabr oyida Toshkentga keltirdi. Yurish o'n bir oy davom etdi.

1394 yilda Sohibqiron Gurjistondagi Baztoz viloyatini zabt etish uchun Amir Sayfiddinni bir jamoat beklar bilan ilg'or jo'natdi. Baztoz zabt etildi.

1395 yil To'xtamishxon jangida — Amir Sayfiddin qanbul(lashkarning bir qismi)da edi. Dushmanning bir firqasi unga hamla qildi. U dar­hol otdan tushib kamoni dastasiga qo'l urib, g'animni mardona tirboron qildi. Dushman ko'payishib borardi. Amir Sayfiddin Xudoga tavakkal qilib, yovga qarshi shunday shiddat bilan tashlandiki, undan ortig'ini tasavvur qilish mumkin emas! Tog'day sabot bilan savash qilayotganda Jahonshoh ibn Joku ikkinchi tomondan kirib, dushmanga mardona hamla qildi! Dushmanlar qochdilar.

1395 yilda Amir Sayfiddin Muhammad Sulton lashkariga qo'shilib Sherozga otlandi, lashkar Hurmuzgacha(Hind okeani sohili) borib qayt­di.

1396 yil 18 iyul Alanchuq qal'asini zabt etish Amir Sayfiddinga topshirildi.

1397 yilda Amir Sayfiddin valiahd shahzoda Muhammad Sultonga maslahatchi hamroh bo'lib Mo'g'uliston sarhadiga jo'nadi, Ashpara shahrida bo'ldi, Xudoydodi Husayniy, Shamsuddin Abboslar ham birga edilar. Bularning zimmasiga Ashpara qal'asi atrofini devor bilan mus­tahkamlash, istehkomga aylantirish, xandaqlar yordamida ihota qilish vazifasi qo'yilgan. Shuningdek, Taroz va Sayram tomonlarda ekinzorlar tashkil qilib, donlar uchun katta omborxonalar qurish, otlarga yemlar g'amlash vazifasi yuklatilgan(Xitoyga yurish tayyorgarligi ko'rilayotgandi).

Amir Sayfiddin doim Sohib­qiron yonida jangchi, sarkarda, munajjim, elchi, maslahatchi, yaqin sirdosh do'st bo'lib xizmat qilgan fidoyi zotdir.

Abbos — bahodir

Sohibqiron hurmatiga sazovor bo'lgan pahlavon yigitlardan biri sadoqat va ixlos sohibi Abbos —bahodir(tug'.y.taxm.1340-vaf.1387) ko'zga ko'ringan lashkarboshilar safidan joy olgandi. Uni o'zaro muomalalarda Abbosbek, Abbos bahodir-qipchoq deb ham atashardi. O'limni pisand qilmaydigan, chaqqon, jangovar yigit bo'lganini aytadilar. Temurbek uni vaziyat havosini olish niyatida turli shahar va viloyatlarga jo'natardi. Uning olib kelgan qimmatli ma'lumotlari Temurbekni mulohazalarga undar, ozodlik yo'lidagi kurashda mustahkam bo'lish, adashmaslik, yog'iy havosini olish va to'g'ri yo'lni tanlashda katta yordam berardi. Uning Turon yurtida kezmagan joyi yo'q edi. 1365 yil “Loy jangi”da jon olib, jon berib savash qurgan.

Shayx Nuriddin – bahodir

Jaloyir qavmining nufuzli vakili Sari Bug'a-jaloyir oilasida tavallud topgan. Amir Temur nazariga tushgan yosh mohir sarkardalardan biri. U Amir Temur nabirasi Ibrohim Sulton Mirzo ibn Shohrux Mirzoning ustozi va atkasi­(otabegi). 1393 yilning 27 martida Sheroz yaqinida Amir Temur va Muzaffariylar sulolasi so'nggi hukmdori jangari Shoh Mansur askarlari o'rtasida kechgan jangda o'z lashkari bilan qatnashgan. Ushbu muhoraba Shoh Mansurning halokati bilan yakunlangan, ayni paytda Muzaffariylar sulolasi ham tugatilgan.

1394 yilning qishida Ko'histonni zabt etgan. 1395 yilning 28 fevralida Sohibqiron Amir Temur bundan to'rt yil avval Qunduzcha daryosi bo'yidagi jangda yengilgan bo'lishiga qaramay hali tavbasiga tayanmagan Oltin O'rda xoni To'xtamishxonga qarshi Darband sari yurishga otlandi. Terek daryosi bo'yida kechgan dahshatli jangda Sohibqiron Amir Temurning hayoti kutilmaganda jiddiy xavf ostida qolgan. Shu palla hayqirgancha yetib kelgan Shayx Nuriddin darhol dushmandan o'lja olingan aravalarni bir-biriga bog'lab qo'rg'on qildi va ularni Sohibqironni himoyalash istehkomiga aylantirdi. Boshqa amirlarni chorlab, ellik nafar navkari bilan nayza-yoylarni qo'lga olib, beomon dushmanni o'qqa tutdi! Shayx Nuriddin va boshqa yetib kelgan amirlarning sadoqati, jasorati va matonati tufayli Amir Temur yov tajovuzidan omon qoldi. U Saroy-Berkani zabt etish janglarida ishtirok etdi.

Shayx Nuriddin 1396 yilda Fors viloyatidan undirilishi lozim bo'lgan soliq ishlarini izga solish uchun Sherozga yuborildi. 1398 yilda Hindiston yurishida ot surdi. Shu yilning 29 sentyabrida o'z qo'l ostidagi lashkari bilan Jamula daryosidagi orol hokimi Muborakshohning o'n ming kishilik qo'shinini tor-mor qildi. 1399 yilning 10 yanvarida Ganga daryosi bo'yida Amir Temur podsho o'g'ruqini boshqarishni Shayx Nuriddinga topshirdi.

Mag'rib sari qilingan yetti yillik yurishda ham Shayx Nuriddin mardlik namunalarini ko'rsatgan. Shomda Sohibqiron 1400 yilning dekabrida Shayx Nuriddin, Sevinchakbek va Shohmaliklarni o'ttiz ming jangchiga bosh qilib Damashq tomon jo'natgan. Bag'dod fathida (1401 yilning avgust oyi) Mironshoh Mirzo rahbarligidagi qo'shinda sarkardalardan biri sifatida qatnashgan, jasorat ko'rgizib shotu-narvonlar yordamida birinchi bo'lib shaharning baland devoriga chiqqan va olqishlarga sazovor bo'lgan.

Shayx Nuriddin Gurjistonda, Rumda — Kemoh qamalida, Ankuriya jangida, Bursani olishda, mustahkam Izmir shahrini zabt etishda faol qatnashdi. Qaerda bo'lmasin, u jonbozlik ko'rsatib harakat qildi, Sohibqiron ishonchini oqlashga sid­qidildan tirishib haqli ravishda katta obro'-e'tibor qozondi.

Amir Shohmalik

(Taxm.1350 – vaf. 1426 y., 21 yanvar) Sohibqiron Amir Temur uning kelajakda favqulodda arbob, sarkarda bo'lishini zukkolarcha ichki shuur bilan sezib, mehr bilan tarbiyalagan, o'stirib voyaga yetkazgan taniqli sarkarda va arbob. 1391 yilning 16 iyulida Qunduzcha daryosi bo'yida To'xtamishxon askarlari bilan kechgan jangda ko'rsatgan bemisl jasorati uchun uni tarxonlik unvoni bilan taqdirlash, ayni payt­da unga parvonachi mansabini berish haqida farmon e'lon qildi. Ozgina izoh: tarxonlik yuksak unvon hisoblanadi (tarxon mo'g'ulcha: ozod, ma'nosida)bu unvonni olgan baxti chopgan inson saroyda Amir Sohibqiron huzuriga xohlagan paytda kira olish huquqiga egadur. To'qqizta gunoh qilmaguncha, uning o'zi va farzandlari so'roqqa tutulmaydur. Tegishli o'ljasi taqsim etilmaydur, barcha soliqlardan ozoddur…

Amir Temur uni 1393 yilda valiahd Muhammad Sulton sardorligida Eronning olis Hurmuz viloyatini zabt qilishga yuborgan. 1398 yil yoz oylarida Temurbek hukmiga asosan Hindistonda Eryob qal'asida masjidlar bunyod etishga tayinlangan. 1398 yilning qishi boshlanishida Hindistondagi Ponipat shahri yaqinida Sulton Mahmudxon bilan yuz bergan jangda qo'shinning javong'orini boshqargan, Mirat(Mirt) qal'asini qo'lga kiritgan. Oliy farmonga ko'ra, 1401 yilning iyun-iyul oyida Shohrux Mirzo bilan birga o'g'ruqqa bosh bo'lib, Tabriz tomon yo'l olgan. Amir Temurning Mag'ribga qilgan yetti yillik yurishida eng yirik sarkardalardan biri sifatida o'ta faollik ko'rsatgan. Rumdagi Tartum qal'asini olti kunda fath etgan sarkardalar safida o'zining harbiy mahorati bilan yarq etib ko'zga tashlangan. Ankuriya jangida qo'shin markazi (qo'l)ning ilg'ori (mang'lay)dan joy egallagan. 1403 yilning boshida janubi-g'arbiy Onado'lidagi Egridir va Nasibin qal'alarini zabt etishda matonat namunalarini ayon etgan. 1403 yilning 24 iyulida Sohibqironning oliy farmoniga binoan Gurjistondagi Kartin qal'asi ro'parasida uch ming kishilik qal'ani uch kunda bunyo­d etdirgan… Amir Shohmalik Sohibqiron Amir Temurni nihoyatda hurmat qilar, o'zining valine'mati deb bilar, bundan benihoya faxrlanardi.

Jahonshoh ibn Joku

Sohibqiron Amir Temurning nomdor sarkardalaridan biri. Joku-barlosning o'g'li. 1381 yilda Hirotni olgan Amir Temur Jahonshoh ibn Jokuni qo'shinning ilg'or qismi(hirovul, mang'lay)ga sardor qilib Sabzavorga yuborishni lozim topdi. 1383 yilda esa oliy ra'y uni o'n ming kishiga bosh qilib buzg'unchi dug'lat amiri Qamariddinni tutishga jo'natdi. Sohibqiron Jahonshoh ibn Jokuga shunday hukm qildi: “Qamariddin boshiga borib jahd qilib, qo'lga tushirgaysan!”

1384 yilda Sohibqiron notinch shahar Qandahorga yurish qiladi. Bundan oldin Jahonshoh ibn Jokuga qal'ani zabt etishni tayinlaydi. Sarkarda buni a'lo darajada ado etdi va qal'a dorug'asini asir olib, Sohibqironga yubordi… Sohibqiron Jahonshoh ibn Jokuni ko'p maqtadi, lutflar qildi, uni cherikka bosh qilib Zobuliston viloyatiga qarashli osoyishtaligi yo'q Kalot shahriga yubordi. Jahonshoh ibn Joku borib ul shaharni musaxxar qildi va muzaffaru mansur Hazrat Sohibqiron Amir Temur qoshiga qaytdi…

1384 yilda otasi Joku-barlos vafot etgandan so'ng Amir Temur hukmiga ko'ra, Kobuliston viloyati otasining mulki ekanligi e'tiborga olinib, merosxo'r sifatida unga xos mulk qilib muhrlab berildi. Sohibqiron nabirasi Pir Muhammad Mirzoning eng ko'zga ko'ringan beklari safida bo'y ko'rsatgan. Qunduz, Bag'lon va Kobul hokimi lavozimida faoliyat olib borgan. Sohibqironning deyarli barcha harbiy yurishlarida qatnashgan, qo'lga kiritilgan g'alabalarga katta hissa qo'shgan. 1395 yilgi To'xtamishxon urushida u Turon qo'shinlari amir ul-umarosi edi…

Amir Sulaymonshoh

U Amir Dovud-dug'lat bilan Sohibqiron opasi Qutlug' Turkon-oqaning o'g'li. Atoqli sarkarda, ulug' bek. 1389 yilning boshida Amir Temurning O'ljoy Turkon-oqadan tug'ilgan qizi Sulton Baxt-begimga uylangan. Eronga qilingan uch yillik yurish vaqtida (1386–1388) Abbos-bahodir bilan Turon saltanati bosh­qaruviga mas'ul etilgan, yurtdan ko'z-quloq bo'lib turish topshirilgan, Samarqandda qolgan. 1389 yilda Turkiston viloyati zabtiga yuborilgan. 1390 yilda Jetaga jo'natilgan yigirma ming kishilik qo'shinga sardorlik qilgan. 1391 yili Qunduzchada Oltin O'rda lashkari bilan Turon qo'shini o'rtasida yuz bergan muhorabada ilg'or qism(hirovul) qo'mondoni etib tayinlangan.

1397 yilning may oyida Xuroson viloyati Shohrux Mirzoga topshirilganda Amir Sulaymonshohning mirzo mulozamatida bo'lishi belgilangan. Hindiston (1398 –1399), Eron (1399), Shom (1400), Misr (1401), Gurjiston va Bag'dod (1401) hamda Rum viloyati (1402–1403)ga qilingan harbiy yurishlarning faol qatnashchisi. Ankuriya jangida qo'shinning o'ng qanotini boshqargan, Oqshahr va Qorahisorni zabt etishda qatnashgan, Qaysariya va Sivos yerlaridan qora totorlarni boshqa joyga ko'chirish ishiga mas'ul etib tayinlangan. 1404 yilda Eronning Ray, Qum va Koshon viloyatlarini hamda Nur qal'asini Sohibqiron nabirasi Rustam Mirzo bilan birga ishg'ol etgan. Shu yilning aprelida Omul hokimi Iskandar Shayxiy isyonini bostirishga yuborilgan. Ixlos va fidoyilik ko'rsatgani uchun Amir Temur oliy farmoniga binoan Ray, Rustamdor va Feruzko'h yerlari unga bag'ishlangan…

Amir Temurning farzandlari Umarshayx Mirzo, Mironshoh Mirzo, Shohruh Mirzo, nabiralari valiahd Muhammad Sulton, Pirmuhammad Mirzo, Abu Bakr Mirzo, Xalil Sulton, Rustam Mirzo, Umar Mirzo, Ibrohim Sulton, Iskandar Mirzolar ham ajoyib sarkardalar edilar, harbiy salohiyat ularning qonida gupirib turardi.

Yuqorida nomlari zikr etilgan va etilmagan sarkardalarning omadi, baxti shunda ediki, ularga dunyo­da tengi yo'q, Abulmuzaffar Abulmansur Sohibqiron Amir Temur Ko'ragon kabi jahon tarixida kuragi yerga tegmagan, yengilmas buyuk lashkarboshi bilan hamnafas yashab, Buyuk jahongirga shogird bo'lishdek sharafli martaba nasib etgan edi.

Muhammad Ali,

O'zbekiston xalq yozuvchisi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 − 7 =