Jinoyatga jazo muqarrar

Joriy yil 5 oktyabr kuni Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi 23-umumta'lim maktabida jinoyat sodir bo'ldi. Fuqaro B.Yu. (1982 y.t., ishsiz) shu yerda ishlaydigan turmush o'rtog'i bilan o'zaro janjallashib qoladi. Oqibatda oshxona pichog'i bilan unga jarohat yetkazgan. Ularni ajratmoqchi bo'lgan maktab direktorini ham tanasining turli qism­lariga uch marotaba pichoq urib, har ikkalasining joniga suiqasd qilgan.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni tuman prokuraturasi B.Yu.ga nisbatan JKning 25,97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atgan va u protsessual tartibda ushlangan. Ayni vaqt­da tergov harakatlari olib borilmoqda.

* * *

Andijondagi maktabda esa pedagoglar kaltaklangan. Ushbu hodisa ham aynan 5 oktyabr kuni sodir bo'lgan. Fuqaro U.T. va boshqalar jamoat joyi, ta'lim-tarbiya maskani – 50-umumta'lim maktabi hududiga kelib, jamiyatda yurish-turish qoidasini mensimasdan turli beo'xshov harakatlar qilishgan. Ular mazkur maktab direktori o'rinbosarlari lavozimida ishlovchi Sh.O'rmonov hamda G.Ashurovlar bilan hech bir asossiz o'zaro janjallashishgan. Janjal vaqtida ular pedagoglarga tan jarohati yetkazishgan.

Bunga maktab direktori o'rinbosarlari T.U.ning turmush o'rtog'i, mazkur maktabda o'qituvchi vazifasida ishlovchi Yu.D.ni kiyinish madaniyatiga rioya qilmagani bois tanbeh berganlari sabab bo'lganligi aytilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

* * *

Fuqaro S.T. (1956 y.t. ishsiz) Afg'oniston fuqarosi (1989 y.t. MChJ rahbari) N.G.ga Yunusobod tumanida joylashgan «Oloy dehqon bozori» AJ yonida qurilish uchun yer maydoni va Toshkent shahridan 2 xonali uy olib berishni va'da qilib, undan 10.000 AQSh dollarini olib, o'zlashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan shu yil 7 oktyabrda Bosh prokuratura Departamentining Shayxontohur tumani bo'limi fuqaro S.T.ga nisbatan JKning 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo'zg'atgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

* * *

Ma'lumki, ayni paytda paxta yig'im-terim mavsumi davom etmoqda. Jarayonda paxta qabul qilish maskanlarida ham turli darajadagi jinoyat ishlari kuzatilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shumanay tuman bo'limi o'tkazgan tekshiruvda, “Shumanay paxta qabul qilish maskani” mansabdor shaxs­larining jinoiy qilmishi aniqlandi. “J” fermer xo'jaligi tomonidan joriy yilning 13-15 sentyabr kunlari 2.580 kg. paxta xomashyosi topshirilgan, lekin yuk xatlari va “ECAS” elektron dasturiga soxta ma'lumotlar kiritilib, umumiy qiymati 20,8 mln. so'm bo'lgan 5.940 kg. xom­ashyoni qo'shib yozish holati kuzatildi. Ya'ni, jamiyat pul mablag'larini talon-toroj qilish maqsadida hujjatlar soxtalashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan “Shumanay paxta qabul qilish maskani” mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura

matbuot xizmati.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + 20 =