Madhiyamizni ingliz tilida kuylagan qishloq muallimasi

Oddiygina, hokisorgina muallima madhiyani kuylab bo'lgach, majlisxona gumburlagan qarsak sadolari va ol­qishlar og'ushida qoldi. Ko'rinishidan ancha mag'rur, qolaversa, ingliz tilini mukammal biluvchi vazir o'rinbosari qo'lini ko'ksiga qo'yib…

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rais­ligida 2019 yil 23 avgust kuni xalq ta'limini rivojlantirish, pedagoglar malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirish masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishidan so'ng tashkil etilgan Ishchi guruhi tumanlardagi maktablarda ham bo'lib, o'qituvchilar bilan yuzma-yuz muloqot o'tkazdi. Respublika oliy va o'rta-maxsus ta'lim vaziri o'rinbosari M.Xolmuhammedov Qiziriq tumanining yozgi majlisxonasida to'plangan o'qituvchilar, maktab direktorlari bilan qariyb ikki soat suhbatlashdi.

Vazir o'rinbosari Prezidentimizning maktab va o'qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirishga bo'lgan e'tiborlari haqida so'zlar ekan, minbardan tushib, muallimlar yoniga keldi va tabiiy hamda ijtimoiy fanlar o'qituvchilarining dunyoqarashini, tajribasi, bilim salohiyatini qisqacha savollar bilan sinovdan o'tkazdi.

Navbat xorijiy tillar muallimlariga keldi. Bu fanlar o'qituvchilari berilgan savollarga baholi qudrat ingliz, rus, nemis, fransuz tillari bo'yicha javoblarini aytdilar. Vazir o'rinbosari navbatdagi o'qituvchi yoniga borib, sof ingliz tilida savol berdi. Muallima Qiziriq tumanidagi 52-umumiy o'rta ta'lim maktabida dars berishini aytib, O'zbekiston Respublikasi davlat madhiyasini ingliz tilida kuyladi.

…Ming nafar kishi to'plangan majlisxonada jimlik. Ayol o'qituvchining ohangi har bir kishining qalbiga xuddi muqaddas ona allasiday simillab kirib borar edi…

Oddiygina, hokisorgina muallima madhiyani kuylab bo'lgach, majlisxona gumburlagan qarsak sadolari va olqishlar og'ushida qoldi. Ko'rinishidan ancha mag'rur, qolaversa, ingliz tilini mukammal biluvchi vazir o'rinbosari qo'lini ko'ksiga qo'yib:

— E qoyil, mamlakatimizning Qiziriqdek chekka hududidagi maktablarda o'z kasbiga fidoyi bo'lgan shunday o'qituvchilar bor ekan-a! — deya qulluq qildi.

Suratda: Oliy va o'rta ta'lim vaziri o'rinbosari (o'ngda) M.Xolmuhammedov, Qiziriq tuman xalq ta'limi bo'limi mudiri X.Muhammadiyev va ingliz tili muallimasi Gulnoza Xushmurodova.

Bunday e'tirofga sazovor bo'lgan muallima Gulnoza Xushmurodova, aslida, Angor tumanida tug'ilib, voyaga yetgan. Shifokor otasi, muallima onasi tarbiyasini olgan qiz o'rta maktabni, kollejni bitirib, ingliz tili o'qituvchisi bo'lishga intildi. 2010 yilda Termiz davlat universitetining chet tillari filologiyasi fakultetini bitirib, 2011 yilda Qiziriq tuman markazidan qariyb 15 chaqirim uzoqlikdagi “Obod yurt” mahallasidagi ibratli xonadonga kelin bo'lib tushdi. Turmush o'rtog'i geografiya fani o'qituvchisi, 5 yoshli Mubinaxon ismli qizaloqlari bor.

Gulnoza ayni paytda 1-toifali ingliz tili o'qituvchisi. O'z fani bo'yicha tinimsiz izlanadi, o'quvchilarini ona tilimizdan tashqari ingliz tilini ham mukammal bilishlarini istaydi. Bunday mehnatlari tufayli shu yil 11-sinfni bitirgan shogirdi Suyunboyeva O'g'iloy TerDUning ingliz tili fakultetiga o'qishga kirdi.

— Men ingliz tili muallimasi bo'lish ahdimdan aslo voz kechmadim. Dastlabki yili o'qishga kirolmagach, universitet qoshidagi “Til markazi”da tahsil oldim. O'qishga kirgach, talabalik chog'larimda Hakim at-Termiziy bobomizning xotiralariga bag'ishlab o'tkazilgan xalqaro kurash musobaqalari chog'ida xorijiy mehmonlar huzurida tarjimonlik qilganman, — deydi Gulnoza.

Biz 52-maktabga kunning ikkinchi yarmida bordik. Darslar allaqachon tugagan. Lekin Gulnoza ingliz tili to'garagi qatnashchilari bo'lgan 25 nafar o'g'il-qizga mashg'ulot o'tayotgan ekan. O'quvchilar biz bilan ingliz tilida salomlashishdi va biz ham bilganimizcha inglizchasiga alik olib, ba'zi savollarni berdik…

Ha, Gulnozadek fidoyi muallimalarimiz bor ekan, biz O'zbekiston  farzandlari o'z g'ururimizni, faxr-iftixorimizni o'zga tillarda ham bayon etib, ko'klar toqiga chiqaveramiz!

Chori Alimov.

Surxondaryo viloyati.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × one =