Navbatdagi PRESS-TUR Konimex tumanida o'tkazildi

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo'limi tashabbusi bilan shahar-tumanlarda o'tkazilayotgan Press-turning navbatdagisi Konimex tumanida bo'lib o'tdi. Mahalliy va respublika OAV vakillari – 20 nafar jurnalist ishtirok etgan tadbir davomida qatnashchilar tumanda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o'zgarishlar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdi.

Darhaqiqat, bugungi kunda 37 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qilayotgan hudud taraqqiy etmoqda. Ayniqsa, so'nggi ikki yil ichida tumanga investorlarning tashrifi, qolaversa, mahalliy tadbirkorlarning loyihalari ko'payib, yangi-yangi zamonaviy korxonalar faoliyat boshlayapti.

Naslli qoramolchilik, yo'l va binolar qurilishida ishlatiladigan mahsulotlar ishlab chiqarish hamda issiqxonachilik yo'nalishidagi “Konimex Nasl Chorva” O'zbekiston — Eron qo'shma korxonasi, “Navoiy Gips Xomashyo”, “Riverstone Powders”, “Konimex — Askomj” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari bugungi kunda hududdagi istiqbolli korxonalardan sanaladi. Press-tur doirasida jurnalistlar mazkur korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, tadbirkorlar, investorlar hamda ishchi-xodimlar bilan muloqot olib borishdi.

— Yaqinda O'zbekistonda 50 yil davomida biznes yuritish borasida shartnoma imzoladik, — deydi eronlik investor Xassan Shabanali. — Yurtingizda Navoiy viloyatining to'liq erkin iqtisodiy hudud, deb e'lon qilingani bizni o'ziga jalb etib, Konimexda ish boshlaganmiz. Bu yerda ming boshgacha qoramol parvarishlash sig'imiga ega zamonaviy qoramolchilik binosini tashkil etayapmiz. Kuni kecha tuman hududidan bizga ming gektar yer ajratib berildi. Mazkur dasht yerlarida tomchilab sug'orish orqali ozuqa yetishtirishni yo'lga qo'yamiz.

O'tgan yildan buyon faoliyat yuritayotgan “Riverstone Powders” MChJ MP-1 markali aktivlashtirilgan mineral kukun ishlab chiqaradigan yurtimizdagi yagona sub'yekt sanaladi. U ishlab chiqarayotgan mahsulot yo'l qurilish korxonalariga yetkazib berilmoqda. Mazkur modda asfalt qoplamaga qo'shilgach, yo'lning chidamlilik darajasini ikki barobarga oshiradi hamda undan foydalanish muddati ham shunchaga ko'paya­di. Ushbu korxona bugungi kunda faoliyatini kengaytirib, Markaziy Osiyo bo'yicha o'z mahsulotlarini eksportga chiqarish harakatida.

Jurnalistlar tadbir davomida nafaqat iqtisodiy soha, balki tumanning ijtimoiy hayoti bilan tanishish maqsadida “Kenimex tanы” gazetasi tahririyati, tuman Bolalar va o'smirlar sport maktabi faoliyati, qolaversa, Davlat xizmatlari hamda Ma'naviyat va ma'rifat markazlarining yangi binolarini borib ko'rishdi.

Press-tur yakunida tuman hokimi Muratxan Egamqulov ishtirokida matbuot anjumani tashkil etilib, jurnalistlar o'zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan tuman rahbari bilan yuzma-yuz muloqot olib borishdi.

Tuman markaziy bozoridagi savdogarlarning noroziligi qanday yechim topgani, tuman gazetasi faoliyatiga e'tibor qaratilish-qaratilmasligi, investorlarni jalb qilish borasida yana qanday ishlar olib borilayotgani, joriy yilda tumanga qo'shib berilgan hudud — Zafarobod qo'rg'onida aholi uchun qanday o'zgarishlar amalga oshirilayotgani kabi savollar anjumanga qizg'in ruh bag'ishladi.

— Yaqin uch yilda Konimex chorvachilikka ixtisoslashgan tumandan sanoatlashgan hududga aylandi, — dedi M.Egamqulov. — 2019-2020 yillarda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan 25 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Mahalliy tadbirkorlarning tashabbuskorligi tobora oshayotgani va tumanga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiya­larni jalb etish bo'yicha ishlar jadallashganini inobatga olsak, natijalar rejadan ham ko'ra salmoqli. Xususan, bugungi kunda tuman hokimligi va Kanada, Ukraina, Gretsiya, Xitoy va Hindiston kabi davlatlarning bir qator kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ular muvaffaqiyatli yakun topsa, sutni, junni hamda qo'y terisini qayta ishlash, granulalangan tuz ishlab chiqarish, mavjud mahsulotlarni eksportga chiqarish kabi yo'nalishlarda yangi va zamonaviy korxonalar tashkil etiladi.

— Konimex ijtimoiy tarmoqlarda viloyatimizning eng ko'p tanqidga uchrayotgan hududlaridan sanaladi, — deydi biz bilan suhbatda “Navoiy yoshlari” gazetasi muharriri, tadbir ishtirokchisi Sanjar Qurbonov. — Biroq bu yerda bo'layotgan o'zgarishlarning ko'lami boshqa shahar-tumanlarimizga qaraganda ko'proq desak, xato emas. Press-tur jarayonida bunga amin bo'ldik. OAV bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda ham mazkur yangilanishlar jarayonini xolis yoritib borsak, bu katta ish bo'ladi. Shu jihatdan olib qaraganda bugungi Press-tur alohida ahamiyatga ega bo'ldi.

Uyushma tomonidan an'anaviy tarzda o'tkazilib kelinayotgan bu galgi tadbir dasturidan tumanning folklor jamoalari hamda iste'dodli yoshlarning chiqishlari ham o'rin olgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Ozod Mustafoyev,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

Navoiy viloyati bo'limi mutaxassisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × three =