Yolg'iz ayolga zug'um

Rayxon Musurmonova bilan u bizga murojaat qilgach, tanishdik. Muomalali, fikrlash qobiliyati joyida. Ammo… U 2011 yil 15 avgustda Qorovulbozor tuman IIB ko'rsatmasi va tuman markaziy poliklinikasi xodimlari “tashabbusi” bilan Buxoro viloyat ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga majburiy tartibda yotqizilgan. Bizga taqdim etilgan daliliy hujjatlar bilan tanishish jarayonida R.Musurmonova dispanserda kuchli qo'rquv tufayli yurak yetishmovchiligi xastaligiga uchragani, natijada 2-guruh nogironi bo'lib qolganini aytadi.

Aslida Rayxon Musurmonova kim? Nega uni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizishgan edi? Rayxon Musurmonova 1968 yili Yakkabog' tumanidagi A.Temur nomli shirkat xo'jaligida tug'ilgan. O'ttiz yildirki, Qorovulbozor tumanida yashaydi. Turmush o'rtog'i vafot etgan. 18 yildan buyon yolg'iz yashaydi. Farzandi yo'q. Hayotning qaltis hazillari, atrofidagilarning qing'ir ishlariga qarshi chiqib, tinchini topolmayotgan jabrdiyda, bechora bir ayol.

— Yugur-yugurlardan charchab, ilk bor 2006 yilda Birinchi Prezidentimizga murojaatnoma yozgandim, — deydi u. — Shundan so'ng, Qorovulbozor tuman hokimligi, “Cho'lquvar” MFY hashar yo'li bilan 2 ta xonadan iborat uy tiklab berishdi. Bundan juda minnatdorman. Ammo uyning kadastr hujjatlarini ololmay sarson bo'ldim.

Ma'lum bo'lishicha, tuman rahbariyati va boshqa tegishli idoralarga qat'iy ko'rsatma berilganidan keyin, oradan ko'p o'tmay uy hujjatlari tasdiqlanib, o'zining esa uyiga ro'yxatga olinishi ta'minlanadi. Biroq shundan keyin tumanda “Rayxon yozuvchi”, “Rayxon ig'vogar”, degan gap-so'zlar bolalaydi.

— 20 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan, sanoatlashgan tumanga men ortiqchami? Hech kimdan,  qo'shnilarimdan ham hatto bir qoshiq yog' ham qarzim yo'q. Odamlarga ko'rpa-yostiq tikib, kimlargadir konservalangan bonka yopib, kun ko'raman. Qorovulbozorlik mutasaddilarning aybi bilan 2-guruh nogironi ekanligim evaziga oladigan 200 ming so'mdan ziyodroq nafaqa puliga qanoat qilib yashab kelayapman.

Odamlar to'y qiladi, tug'ilgan kunini nishonlaydi, oilasi bilan turli bayramlarni dasturxon atrofida o'tirib bayram qiladi. Men esa bir o'zim o'z kulbamda yolg'izman, — deydi u yig'lab. So'ng ko'z yoshlarini artib, arz-holini davom ettiradi:

— Hammasi mana bunday boshlandi: 2011 yil 31 iyul kuni qo'shnim Ruxsat opaning uyidan qaytayotganimda uchastka noziri Fayoz Shodiyev meni ko'rib, xonadon egasi Ruxsat Razzoqovaga: “Bu ig'vogar, yozuvchini nega uyingizga kiritdingiz, siz ham uning izidan bormang, — deganida, Ruxsat opa: “Rayxon yolg'iz ayol, bag'riga bayram tatimaydigan bechora. Azbaroyi zerikkanidan keladi, suhbatlashib, dilini yozib ketadi. Yomonligi o'tmagan. Men yosh bola emasmanki, uning yo'l-yo'rig'i bilan yursam!” — dedi. Ammo uchastka nozirining yuqoridagi gapi menga alam qildi, og'ir botdi. Huquqimni himoya qilishlarini so'rab sudga murojaat qildim. Qorovulbozor tuman sudi binosida sudya F.Tursunov raisligida o'tkazilgan ochiq sud majlisida uchastka noziri F.Shodiyev aytganidan tondi. Lekin baribir, sud jarayonida meni “ruhiy xasta bu ayol”, dedi. Ichki ishlar xodimining yuzsizligidan ajablandim.

R.Musurmonova taqdim qilgan hujjatlar bilan tanishdik. Umrida biron marotaba ruhiy xastalik bilan davolanmagan hamda psixiatr, narkolog nazoratida yoki shifokorlar tili bilan aytganda, “D” ro'yxatiga olinmagan R.Musurmonovani xalq posboni bo'lmish F.Shodiyev nega jinniga chiqardi? Bunga uning asosi bormidi?

Yana yuqoridagi sud ajrimiga murojaat qilsak: “O'sha kuni, ya'ni 2011 yil 31 iyul kechqurun Qorovulbozor shahridagi “Baxt” to'yxonasida tanishim Hurmat opaning o'g'li Sherzod uylanayotganligi munosabati bilan to'yda edim. Feruz G'afurov ismli fuqaro kelib tashqarida meni kimdir so'rayotganligini ayt­di. To'yxonadan chiqsam R.Musurmonova baqir-chaqir qilib: “Meni Ruxsat opaga “yozuvchi” deb aytibsan, deya ko'pchilik oldida haqoratlab, ustingdan yozaman, ishdan oldiraman deb do'q-po'pisa qildi”, deydi F.Shodiyev suddagi o'z ko'rsatmasida.

Rayxon Musurmonova bundan ajablanib:

— Men uchastka inspektorini to'yxonada emas, kuppa-kunduzi ko'chada ko'rganman. Qo'shnilarim guvoh. Tan olaman, Fayoz Shodiyevning g'alati harakatlaridan, hiylasidan qo'rqib tuman prokuraturasiga meni ig'vogar, yozuvchi deganligi uchun ariza yozganman. Ammo tuman prokuraturasi arizamni rad etdi. F.Shodiyevning yonini oldi, — dedi…

Buni qarangki, jinoyat ishlari bo'yicha Qorovulbozor tuman sudi sudyasi F.Tursunov R.Musurmonovaga uchastka noziriga tuhmat qilganlik aybini qo'yadi. Unga Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 40-moddasini qo'llab, jarima qo'llaydi. So'ngra go'yo rahm­dillik qilib, O'zbekiston Respublikasi MJtKning 21-moddasini qo'llab, ma'muriy javobgarlikdan ozod etadi. Bu hol oddiy bir bechora ayol ustidan tumandagi huquq idoralari vakillarining ojiz insonni masxara qilgandek tasavvurni uyg'otmaydimi?!

Bu mulohazamiz bejiz emas. R.Musurmonovaning quyidagi so'zlariga e'tibor qarating:

— 2011 yil 15 avgust kuni ertalab soat 9:00 lar atrofida tuman IIB xodimlari Fayoz Shodiyev, Mus­tafo Hamroyev va yana ikki nafar xodim uyim oldidagi quduq yonida, qo'shnilarim Maysara opa, Feruza Bekbo'lsinova (hozir Qozog'istonda yashaydi) va Jo'ra bobolar bilan suhbatlashib turgan paytimda, ularning guvohligida, sizni “UVD”ga chaqirishayapti, deb meni olib ketishdi. Keyin bilsam, aldashgan ekan. “Tez yordam” mashinasida meni majburlab viloyat ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga olib borishdi, dag'dag'a qilishib, vrach Qurbonovga topshirib ketishdi.

Kasalxonada juda qo'rqdim. Chunki, odamlardan eshitgandim, u yerda agar istashsa, sog'lom odamni ham bitta ukol bilan jinni qilish mumkin, degan gap-so'zlarni. Shundan juda qo'rqdim… Qo'shnim Jo'ra bobo (hozirda marhum) meni ko'rgani keldi. Davolovchi vrach Lyudmila Fayzullayevna Jo'ra boboga: “Mahallangizdan ma'lumotnoma olib kelsangiz, Rayxon Musurmonovaga javob beramiz, bu bizning kasalimiz emas”, dedi. O'zim eshitdim…

Jo'ra bobo ertasi kuni yana dispanserga keldi: “Rayxon, xafa bo'lma qizim, mahalla raisi “spravka” bermadi. Shuni aytgani kelgandim. Ammo yo'lda tanishim Ashurni ko'rdim. U senga nisbatan haqsizlik bo'lganini, seni chiqarib olishini aytdi, deb ko'nglimni ko'tardi, — deydi Rayxon opa. — Bilasizmi, havoning issig'ida, yo'lkira to'lab, savob uchun ikki kun Qorovulbozor — Buxoro yo'llarida yurgan Jo'ra boboning niyati xolis ekan, salkam 10 yil ko'rmagan bir tanishi Ashur akani bekatda tasodifan uchratibdi. Ashur aka “tilxat” yozib meni 10- kuni dispanserdan olib chiqdi. Biroq hujjatlarda men go'yoki 24 kun ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida davolanganmishman…

Buxoro viloyat ruhiy-asab kasalliklari dispanseri 10 kun saqlangan R.Musurmonovani nima sababdan 24 kun “yotdi” deya rasmiylashtirdi? Biz ushbu savolga javob olish maqsadida muassasa bosh vrachi o'rinbosari T.Karimovga murojaat qilganimizda u kishi shifoxona yopiq tartibli bo'lganligi uchun ma'lumot berolmasligini aytdi. Axiyri, viloyat ruhiy-asab kasalliklari dispanseri bosh vrachiga 2019 yil 2 iyulda yozma ravishda murojaat qildik. Natijada:

Sizning 2019 yil 2 iyuldagi xatingizga asosan ushbuni ma'lum qilamizkim, 1968 yilda Qashqadaryo viloyati Yakkabog' tumanida tug'ilgan, Qorovulbozor tumani Baxt ko'chasi, 60-uyda yashovchi Musurmonova Rayxon yashash joyi masalasida turli tashkilotlarga shikoyat arizalari yozishi, murosasizligi sababli (?!) Qorovulbozor tumani tibbiyot birlashmasi vrach-psixiatri A.Sodiqov yo'llanmasi bilan Qorovulbozor tuman IIB xodimi F.Shodiyev tomonidan keltirilib, viloyat ruhiy-asab kasalliklar dispanseriga 2011 yil 15 avgustdan 2011 yil 9 sentyabrgacha “Ostraya situatsionnaya reaksiya” tashxisi bilan davolanib, yashash joyiga javob berilgan”, kasalxona bosh vrachi G.Ivaщenkoning imzosi ostida, 2019 yil 3 iyuldagi 01/1103-son bilan ro'yxatga olingan”, degan javob xatini oldik.

Ish jarayonida sohaga daxldor o'nlab mutaxassislar bilan muloqotda bo'ldik. Mutaxassislarning fikricha: “Ostraya situatsionnaya reaksiya”, degani “O'tkir asabbuzarlik yoki o'tkir stress holati”, deyilarkan.

Bunday asabbuzarlik barchada kuzatilishi mumkin. Sodda qilib aytganda, tomorqangizga qo'shnining tovug'i o'tsa ham asabingiz buzilishi mumkin. Bu albatta, mutaxassislar xulosasi. Biroq Rayxon Musurmonovaning sog'ligida stress holati kuzatilgan ham deylik, ammo u holda QVPda yoki oddiy poliklinikada tinchlantiruvchi muolaja qilinsa bo'lmasmidi?!

Tibbiyot qoidasi bo'yicha R.Musurmonovada kasallik alomati kuzatilganda uning yaqin qarindoshlari roziligi va tashabbusi bilan tibbiy ko'rikdan o'tkazilishi, agar yaqinlari bo'lmasa yolg'izligi inobatga olinib, MFY raisi va jamoatchilikning tuman tibbiyot birlashmasiga yozma ravishda murojaati bilan amalga oshirilishi, dastlab nevrologiya dispanserida yotqizilib, test qilinib 3 kun muddat ichida mutaxassis shifokorlar jalb etilgan holda, konsilium qilingach, aniqlangan kasallik asosida talab qilinadigan shifoxona yoki muassasaga joylashtirilishi kerakligini nahotki psixiatr A.Sodiqov bilmasa?!

— Yo'q. A.Sodiqov bilardi. Shuning uchun boshqa tumanga ishini o'zgartirgan bo'lsa kerak, — deydi Rayxon Musurmonova.

A.Sodiqov bilan u hozirgi kunda ishlayotgan Vobkent tuman tibbiyot birlashmasida uchrashdik. Suhbat asnosida bizga tuman hokimi I.Murodovning (u kishi shifokor bo'lmasa, nima haqi bor?) maxsus gerblik blankasidagi imzosiz, lekin R.Musurmonovaning nomini qoralovchi fikrlar bildirilgan xatni hamda “Cho'lquvar” MFY yig'ini raisi O'.Xayriyev nomidan xuddi shu mazmunda imzoli tavsifnomani va o'zining nomiga R.Musurmonovaning tilidan yozilgan tilxatlarni ko'rsatdi. Bildikki, bu ayolni u hali ham “jinni” degan fikrdan qaytmagan.

Bizni esa taajjublantirgani boshqa narsa: ya'niki, hech bir mutaxassis shifokorga maxsus tekshiruvlarsiz kimlarningdir, mayli kim bo'lsa ham-da, tibbiyot sohasining vakili bo'lmagan mahalla raisi yoki tumandagi birorta rahbarning (balki bu yozuvlar soxtadir. Sh.N.)yozuvini pesh qilib, insonni ruhiy kasal, xalqona aytganda “jinni” deb topishga huquq berilmagan-ku?!

Ta'kidlash joizki, yuqoridagi voqealar, gap-so'zlarga qariyb yetti yildan ko'proq vaqt bo'lgan. Ammo… Voqealar rivoji yana davom etmaganida, to'g'rirog'i davom ettirilmaganida Rayxon Musurmonova tahririyatimizga ehtimol shikoyat qilmagan, biz ham ushbu jurnalistik surishtiruvimizni o'tkazmagan bo'larmidik.

Lekin…

— Shu yilning 5-6 mart kunlari kuchli yomg'ir yog'ishi natijasida uyimdan chakki o'tgani uchun uni ta'mirlashda yordam so'rab, dastlab tuman hokimiga, so'ng tuman xotin-qizlar qo'mitasi raisi Sh.Yuldashevaga bordim, so'ng viloyat hokimi o'rinbosari F.Ibragimovaga murojaat qildim. Natija bo'lmagach, 9 mart kuni viloyat hokimi O'.Barnoyevning Qorovulbozor tuman aholisi bilan sayyor qabuli borligini, qabul tumandagi Musiqa va san'at maktabida rejallashtirilganini eshitdim.

Viloyat hokimining kelishini kutib turgandim, Qorovulbozor tuman IIB boshlig'i o'rinbosari Eshon To'rayev, uchastka inspektori Hayot Ikromov, xodimlar Rustam Qo'ldoshev, Jahongir Ochilovlar meni ko'rib, u yerdan ketishimni aytishdi. Men ko'nmagach, majburan uchastka inspektorining “Matiz” rusumli mashinisiga o'tqazib, “Cho'lquvar” MFYga olib kelishdi. Shu orada, ular meni yana viloyat ruhiy-asab kasalliklari kasalxonasiga jo'natishlarini eshitib qoldim, darrov tutingan opam Maysara Karimovaga qo'ng'iroq qildim. Idorada uchastka inspektori Hayot Ikromovgina qolgan edi. Bosh­qalari ketishgandi. (Rayxon Musurmonovaning bu so'zlarini M.Karimova yozma ravishda tasdiqladi. Sh.N). H.Ikromov Buxorodan chaqirilgan “Tez yordam” mashinasini kutib turgandi, — deydi R.Musurmonova.

Tuman markaziy poliklinikasi vrachi Z.Karakulova va psixiatr vrach Azamat Xolovlar “yo'llanma” berishmagach, “Tez yordam” mashinasi Buxoroga “ quruq” qaytadi.

Sababini bilish hamda Buxorodan “Tez tibbiy yordam” mashinasi borgan-bormaganligini aniqlash maqsadida “103” Tez tibbiy yordam stansiyasi” boshlig'iga uchrashdik va bo'lim boshlig'i D.Qosimova imzosi bilan 26.07.2019 yilda yozilgan quyidagi tartibda ma'lumotnomani oldik:

Ushbuni yozib ma'lum qilamanki, psixonevrologik brigada 9.03.2019 yil Qorovulbozor tumaniga chaqiriqqa borishgan. Soat 12-30 dan 15-30 gacha. Vrach J.Sharipov va feldsher D.Bozorova tomonidan 1968 yilda tug'ilgan bemor Musurmonova Rayxon ko'zdan kechirilgan va “Umumiy nevroz. Isterik tip” tashxisi qo'yilgan va hech qanday ruhiy o'zgarishlarni ko'rmagach, yashash joyida qoldirilgan”.

Shu yerda yana bir aql bovar qilmas holatga duch keldik… Negadir 2019 yil 9 mart kuni “Tez tibbiy yordam stansiyasiga” chaqiriq R.Musurmonova nomidan berilgan. Davolanuvchi “bemor”ning o'zi ham – R.Musurmonova. Aslida esa ma'lum bo'lishicha, “Tez tibbiy yordamga” erkak kishi qo'ng'iroq qilgan, lekin negadir o'z ismi, familiyasini sir tutgan… Ko'rsatilgan telefon raqami o'chirib qo'yilgan… Biz buni stansiyaning 23-sonli chaqiriq kartasiga nazar solganimizda aniqladik. Shundan so'ng R.Musurmonovaning Qorovulbozor tuman IIB xodimlarining “hiylasi ko'p” deganiga ishonmasdan ilojimiz qolmadi.

Bundan ko'rinadiki, viloyat hokimi qabuliga o'z dardini aytish uchun borgan Rayxon Musurmonova, viloyat ruhiy kasalliklar dispanseriga qo'ng'iroq qilib, “Meni olib ketinglar”, degan ekan-da?!

Albatta, ushbu qing'ir harakatlarni sodir etganlarni tegishli huquq-tartibot idoralari aniqlashi va aybdorlarga o'z munosabatini bildirishi zarur deb hisoblaymiz.

Qolaversa, 120 chaqirim yo'l bosgan avtomashina davlatga qancha ziyon yetkazdi? Avtomashinaning o'sha kungi xarajati kimning zimmasida? Soliqdan tiyinlab yig'ilayotgan byudjet mablag'lari havoga sovurilayotganiga aniq dalil emasmi bu?!

— Bechora ayolga bunchalik zug'um qilish adolatdan emas! Rayxon cho'rtkesar. Haq talashadi. U o'zi uchun o'zi kurashayapti. Men sog' insonlarni kasal qilish uchun emas, balki bemorlar umriga-umr qo'shish uchun o'qiganman. Psixiatr, narkolog ro'yxatiga turmaganga qanday “napravleniya” beray. Mendan tuman IIBga qarashli uchastka ins­pektori talab qildi, lekin ko'nmadim. Chunki Xudodan qo'rqaman, — deydi, Z.Karakulova biz bilan suhbatda.

— Men ham shu fikrdaman. Bizda ro'yxatda turmaydimi, yo'llanma berolmaymiz, — dedi tuman markaziy poliklinikasi psixiatr vrachi A.Xolov. (Har ikkala shifokorlar fikri audio yozuvida mavjud Sh.N.).

Ko'nglimizdan beixtiyor shunday o'y kechdi: qiziq, 2011 yildan buyon yolg'iz ayol R.Musurmonova bilan daxanaki “jang”ga kirishgan tuman mutasaddilarining boshqa qiladigan ishi qolmaganmi?..

Shifokorlardan so'ng, tuman hokimi o'rinbosari, xotin-qizlar qo'mitasining yangi raisi Shahnoza Rahmonova bilan uchrashdik. U kishi ish boshlaganiga ikki kun bo'lgani, bu nizolardan mutlaqo bexabar ekaniga qaramay bizga amaliy yordam ko'rsatdi. Tuman IIB boshlig'iga qo'ng'iroq qilib R.Musurmonovaning shikoyat arizasida ismi ko'rsatilgan xodimlar bilan uchrashish uchun imkoniyat yaratib berganidan xursand bo'ldik. Tuman hokimi o'rinbosari, xotin-qizlar qo'mitasi raisining huzurida tuman IIB boshlig'ining birinchi o'rinbosari podpolkovnik Eshon To'rayev, o'rinbosari podpolkovnik Sanjar Hayitov, uchastka inspektori Hayot Ikromov hamda “Cho'lquvar” MFY­ning yangi raisi Akram Jabborovlar bilan uchrashdik. Suhbat asnosida IIB xodimlari R.Musurmonova haqida biror-bir jo'yali ijobiy fikr bildirishmadi. Uchastka inspektori H.Ikromov: “Rayxonni vrach Karakulova siylayapti-da”, dedi xolos.

Lekin o'sha kunning ertasigayoq tuman hokimligining yordami bilan Rayxon opaga “Artel” rusumli gaz plitasi berilib, holidan xabar olinibdi. 4-sektor boshlig'i tomonidan oziq-ovqat, shakar va dori-darmon mahsulotlari yetkazilibdi hamda uyini ta'mirlashga kirishilganini eshitib xursand bo'ldik.

Rayxon Musurmonovaning haq-huquqini talab qiluvchi, yuzing-ko'zing demasligi, cho'rtkesarligiga bizning kuzatuvimizcha qaysidir bir jihatdan, avvalo, unga nisbatan mahalliy idoralarning salbiy munosabati ta'siri borga o'xshadi. Uchastka inspektorining, kerak bo'lsa, unga panada turib bu yumushni topshirayotganlarning noxolis munosabati bilan sog' ayolni jinniga chiqarib, ruhiy xastalar davolanadigan dispanserga tiqib, xo'rlashini aslo oqlab bo'lmaydi.

Agarda o'sha kuni shifokor Z.Karakulova va A.Xolovlar ham IIB xodimlariga yon berganlarida bormi, R.Musurmonovaning keyingi hayoti qanday kechardi?.. Tasavvur qilish qiyin emas. Bilganimiz, hali ham bechora ayol yashaydigan uyning suvog'i qilinmabdi, ta'mirlanmabdi. “Yomg'ir yog'sa tomdan o'tadigan chakkidan uy ichida o'rdak boqsa bo'ladigan suv yig'iladi”, deydi Rayxon Musurmonova.

Bugun yurtimizda nechog'li ulkan o'zgarishlar yuz bermoqda. Mamlakatimiz rahbari tomonidan ming-minglab beva-bechora, kam ta'minlangan fuqarolar va nogironlarga yangi uy-joylarning kalitlari topshirilayapti. Maqsad — odamlarni rozi qilish. Qiynalib yashayotganlarning holidan xabar olish.

Tarixi ming yillarga borib taqaladigan Buxoroda ham ko'p ezgu ishlar ro'yobga chiqarilayotganidan ko'z yumib bo'lmaydi, albatta.

Netaassufki, viloyatning Qorovulbozor tumani mutasaddilari, huquq-tartibot idoralari hamda sog'liqni saqlash sohasi vakillariga, tuman faollariga yuqoridagi ishlar yarashadimi?!

Yurtimizda ayollar haq-huquqiga oid qo'shimcha qonunlar qabul qilinmoqda. Nima bo'lganda ham yolg'iz, bechora ayolning haq-huquqini bu darajada kamsitish nafaqat qonunlarimizga, hech bir insoniylikka ham to'g'ri kelmaydi.

Darvoqe, o'zining azbaroyi ruhiy xasta emasligini isbotlash uchun Rayxon Musurmonova viloyat, respublika sog'liqni saqlash muassasalariga murojaat qilishiga majbur bo'ldi. Qo'limizga quyidagi ma'lumotnomani tutqazdi. U  viloyat ruhiy-asab kasalliklari dispanseri mudiri L.S.Hamdamova va vrach psixiatr A.J.Ro'ziyevalar tomonidan 2019 yil 24 sentyabr­da №1493-son bilan berilgan bo'lib, qayd etilishicha, Rayxon Musurmonova Buxoro viloyat ruhiy-asab kasalliklari dispanseri ro'yxatida turmaydi.

Hayotda nimalar bo'lmaydi! Tuman mutasaddilari ikki xonadan iborat uyini ta'mirlashga ko'mak so'ragan nochor ayolga yordam berish, uni yupatish o'rniga tuhmat uyushtirib, jinnixonaga tiqishlari…

Shu ham insofdanmi?!

Shavkat Nosirov,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + 13 =