O'zbekiston – Koreya: Jurnalistika sohasida hamkorlik rivojlanmoqda

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22-25 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga davlat tashrifi o'zaro munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tardi, ko'p qirrali aloqalarni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.

Bu jarayon 2019 yilning 25 mart kuni Seul shahrida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan Koreya jurnalistlar assotsiatsiyasi o'rtasida o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha kelishuvning imzolanishiga ham turtki berdi. Ma'lumingizki, ana shu Kelishuv bitimiga muvofiq tashrif buyurgan koreyalik jurnalistlar joriy yilning 8-14 oktyabr kunlari yurtimizda bo'ldi.

Mehmonlarning mamlakatimizga tashrifi poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan Koreys madaniyati markazi, “Koryo Sinmun” gazetasi tahririyati, Toshkent viloyatining O'rta Chirchiq tumanidagi “Xvan Man Gыm” muzeyi faoliyati, shart-sha­roitlari bilan tanishuvdan boshlandi.

Ularga Koreys madaniyati markazi raisi Viktor Pak O'zbekis­tonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida turli millat va elat vakillariga ko'rsatilayotgan alohida e'tibor va g'amxo'rlik, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan koreys millatiga mansub fuqarolar bilan ishlash, ularning jamiyatdagi o'rni, turli sohalardagi faoliyati haqida so'zlab berdi.

— O'zbekistonga bundan o'n yilcha oldin, Koreyaning o'sha davrdagi Prezidentining yurtingizga tashrifi chog'ida kelgandim. Oradan shuncha vaqt o'tib, yana mamlakatingizda bo'lish nasib etdi. Yurtingizda o'tgan yillar mobaynida amalga oshirilgan ishlar, o'zgarishlardan hayratlandim, — deydi Koreya jurnalistlari assotsia­siyasi prezidenti Jung Kyu Sung. — Toshkent — jozibador, odamni o'ziga tortadi. Buni sheriklarim ham ta'kidlashmoqda. Bizga bu yerda ke­yingi yillarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, xususan, “Toshkent siti”, estakada usulida qurilayotgan yangi metro liniyasining bunyod etilishi haqida ham gapirib berishdi. O'z ko'zimiz bilan ko'rgan bu kabi bunyodkorlik ishlari poytaxtingizga yanada ko'rk bag'ishlaydi, muhimi, aholiga qulaylik yaratadi.

Koreyaliklar tashrifining ikkinchi kuni ham muloqotlarga boy, har jihatdan mazmunli o'tdi. “Xalq so'zi” va «Narodnoe slovo» gazetalari tahririyati, O'zMTRK media markazi, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida o'tkazilgan uchrashuvlarda jurnalistlar koreyalik hamkasblari bilan tajriba almashish, dildan suhbatlashish, “Master-klass”larda ishtirok etish imkoniyatlariga ega bo'ldilar.

— O'zbekistonlik jurnalistlar bilan tanishish, do'stlashish, suhbatlashish, tajriba almashish yoqimli va qiziqarli, — deydi koreyalik jurnalist Choy Von Jay. — Aslida jurnalist millatidan, davlatidan qat'i nazar bitta ishni — hayotdagi eng muhim yangilik va hodisalardan voqif etishdek ezgu ishni bajaradi. Shuning uchun ham ular (qaysi yurtdan bo'lmasin) bir-biri bilan uchrashganida qandaydir yaqinlikni his qiladi. E'tiborli jihati, bu ko'zga ko'rinmas rishta millatlarni, davlatlarni bir-biriga bog'lashga, sohalar rivojiga xizmat qiladi. O'zbekis­ton Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan Koreya jurnalistlari assotsiatsiyasi o'rtasida tuzilgan hamkorlik kelishuvi ham shu ezgu maqsadga qaratilganiga shubha yo'q.

— Yurtimizga, tahririyatimizga koreyalik hamkasblarimiz kelganidan xursandmiz, — deydi “Xalq so'zi” va «Narodnoe slovo» gazetalari bosh muharriri o'rinbosari Jamoliddin To'xtashev. — Ish jarayonlarimiz bilan yaqindan tanishgan mehmonlar bilan uchrashuv qizg'in muloqotga aylanib ketdi. Koreya bosma nashrlarining bugungi holati va istiqboli xususidagi savollarimizga atroflicha javob oldik. Menga ularning “hamma joyda internet nashrlari bugun “omma­viylashgan bo'lsa ham” gazeta va jurnallarning o'rni bo'lakcha”, degan fikrlari ma'­qul keldi. Bir-birimizdan gazetachilikka oid, ertangi faoliyatimizda asqotadigan jihatlarni o'rganganimiz, hamkorlik qilishga kelishib olganimiz muhim ahamiyat kasb etdi.

Mehmonlarga yurtimiz jurnalistika sohasi rivoji xususida ma'lumot berar ekanmiz, ularga davlatimiz rahbari tomonidan keyingi yillarda qabul qilingan O'zbekiston ijodkorlarini qo'llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish, Madaniyat va san'at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag'batlantirishga oid qarorlari ijrosi doirasida, matbuot va so'z erkinligini ta'minlash bo'yicha amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar haqida ham gapirib berdik.

Koreyalik jurnalistlarning Xorazmga safari

Xorazmda mehmon bo'lgan koreyalik hamkasblarimiz dastlab joriy yil foydalanishga topshirilgan Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining yangi binosi, bu yerda ijodiy jamoa uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Jurnalist emasmi, ular ko'rsatuvlarni tayyorlanish jarayonlari, texniklarning ish uslublari bilan qiziqdi.

— Jamiyat hayotida, media makonda televideniening o'rni va roli katta, — deydi koreyalik mashhur telejurnalist Kim Sung Xvan. — Shu bois butun dunyoda ushbu sohani rivojlantirishga alohida e'tibor beriladi, mablag' yo'naltiriladi. Bu borada Xorazmda televidenie sohasi xodimlari uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar tahsinga loyiq. Viloyat teleradiokompaniyasi ijodkorlari bilan muloqotimiz samimiy kechdi. Ularning qiziqishlari va o'zaro muloqot mavzuidan shuni angladimki, sohada o'zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari nihoyatda keng va har ikkala tomon uchun ham manfaatlidir.

Viloyat teleradiokompaniyasida ikki mamlakat jurnalistlari ishtirokida o'tkazilgan davra suhbati qizg'in muloqot, savol-javoblarga boy tarzda o'tdi. Ikki davlat jurnalistlari anjumani bundan bosh­qacha bo'lishi ham mumkin emas aslida. Suhbat davomida o'zaro ijodiy hamkorlikning bardavomligini ta'minlash, eng ilg'or tajribalar bilan doimo o'rtoqlashib turish, on-layn aloqa imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo'yicha so'z yuritildi.

Shundan so'ng mehmonlar Urganch shahridagi “Do'stlik uyi”da bo'ldi.

— O'zbekiston Koreyaga nisbatan ko'pmillatli mamlakat, — deydi Koreya jurnalistlar assotsiatsiyasi ijrochi direktori o'rinbosari Kim Dong Ki. — Toshkent va Xorazmda bo'lib bunga guvoh bo'lib turibman. Yurtingizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining tinch va do'stona hayotiga havas qilsa arziydi.

Ikki kun davomida Xorazmda bo'lgan mehmonlar Xivadagi “Ichan qal'a” majmui, shahardagi muzey, masjid va yodgorliklarni ziyorat qilib, ular bilan bog'liq qimmatli ma'lumotlarga ega bo'ldilar.

— Xivadagi obidalar bizni behad maftun etdi, — deydi biz bilan suhbatda “Hokook ilbo” filiali prezidenti Kim Sui Van. — Sharqning o'ziga xos betakror an'analarini o'zida mujassam etgan “Ichan qal'a” bilan har qancha faxrlansangiz arziydi. O'ylashimcha, bunday tarixiy manzillar kamdan-kam davlatda uchraydi. Albatta, bu yerda olgan taassurotlarimni Koreyada yaqinlarim va hamkasblarimga so'zlab beraman. Koreya OAVlari uchun materiallar tayyorlash uchun ma'lumotlar yig'ayapman.

Samarqandda Koreya Jurnalistlar assotsiatsiyasining xalqaro jurnalistika markazi ochiladi

Mehmonlar dastlab viloyat matbuot uyida “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samar­qand” gazetalari tahririyatlari, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo'limi faoliyati bilan tanishdi.

Zarafshon vohasi matbuoti tarixi muzeyi koreyalik jurnalistlarda katta qiziqish o'yg'otdi.

— Samarqand O'zbekiston jurnalis­tikasining asosiy beshiklaridan biri bo'lgani juda e'tiborli, — deydi Koreya Jurnalistlar assotsia­siyasi prezidenti Jung Kyu Cun. — Chunki Samarqand Buyuk Ipak yo'lining markazida joylashgani bilan tarixiy ahamiyatga ega. Albatta, bunday maskanda matbuotning tashkil etilishi va rivojlanishi tabiiy.

Mamlakatlarimiz geografik jihatdan bir-biridan uzoq, lekin ko'ngli yaqin, tinchlik va taraqqiyot yo'lida maqsadi mushtarak davlatlardir. Samarqand­dagi “Afrosiyob” muzeyida saqlanayotgan devoriy suratlarda VII asr o'rtalarida Samarqand hukmdorining qadimgi Koreya — Choson elchisini qabul qilish marosimi aks ettirilgani o'zaro bordi-keldilar uzoq yillik tarixga ega ekanini ang­latadi.

Uchrashuv chog'ida kelgusida bu yerda Koreya jurnalistlar assotsiatsiyasining xalqaro jurnalistika markazi faoliyatini ham yo'lga qo'yish borasida fikr almashildi.

Viloyatga tashrif doirasida koreyaliklar “Amir Temur” majmuasi, Registon maydoni, “Afrosiyob” muzeyi va Samarqanddagi boshqa bir qator tarixiy-madaniy yodgorliklarni ham tomosha qildi. Ular “Konigil merosi” qog'oz ishlab chiqarish oilaviy korxonasida ham bo'lib, qog'oz tayyorlanish jarayonlarini o'z ko'zi bilan ko'rdi.

Toshkentga qaytib kelgan mehmonlar — koreyalik jurnalistlar delegatsiyasi a'zolari bilan bo'lib o'tgan muloqotda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa'dulla Hakimov ularga Uyushma faoliyati, davlatimiz rahbari tomonidan milliy jurnalistikamizni yanada rivojlantirish, so'z va matbuot erkinligini qo'llab-quvvatlash borasida ko'rsatilayotgan e'tibor xususida so'zlab berdi.

Xolmurod Salimov,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o'rinbosari.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − thirteen =