To'ydan oldin nog'ora chalmang!

Mamlakatimizda joriy yil bo'ladigan saylovlarga har bir partiya o'ziga xos tarzda tayyorgarlik ko'rmoqda. Kimdir quruq gaplar, qaerdandir o'g'irlangan chaqiriqlar bilan nimanidir isbotlashga urinayotgan bir sharoitda boshqalar amaliy g'oyalar, takliflar, muhokamalar bilan ish tutishni ma'qul ko'rmoqda.

Shunday sharoitda ayrim partiyalar tomonidan suvni ko'rmay etik yechish holatlari ham kuzatilmoqda. Jumladan, joriy yilning 24 sentyabr kuni “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi karnay-surnay, nog'oralar bilan o'zining Markaziy saylov shtabining tantanali ochilish marosimini o'tkazdi.

Hurmatli, “Milliy tiklanish”chilar saylovda ishtirok etish, etmasligingiz ma'lum bo'lmasdan turib, saylov shtabini ochish to'ydan oldin nog'ora chalish emasmi?

Vaholanki, O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 39-moddasiga ko'ra, “partiyani qo'llab-quvvatlovchi shaxslarning imzolari soni belgilangan eng kam miqdordan yana oz bo'lib chiqsa, mazkur imzo varaqalari to'lig'icha haqiqiy emas deb topiladi. Mazkur holatda Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishiga ruxsat bermaydi.

Agar tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, bu amaliyot O'zbekiston uchun begona emas. 2007 yilgi Prezidentlik saylovlarida o'sha paytda faoliyat yuritayotgan 5 ta partiyadan 2 tasi, ya'ni “Fidokorlar” va “Milliy tiklanish” demokratik partiyalari (hali ular qo'shilishga ulgurmagan vaqtlar) bittadan o'z nomzodlarini taklif etadilar, biroq ikkovi ham o'z nomzodlarini qo'llab-quvvatlash uchun kerakli besh foiz imzolar to'play olmagandilar. Guvohi bo'lganingizdek, kuzatilgan bu ikki holat ham “Milliy tiklanish” nomi bilan bog'liq. Nahot, targ'ibot-tashviqotda turk siyosatining elementlarini ko'chirayotgan milliy tiklanishchilar milliy adabiyotimizning zabardast siymosi Abdulla Qodiriyning “Moziyg'a qaytib ish ko'rish xayrlik, deydilar” naqlini uqmagan bo'lsalar?!

Kamoliddin Ergashev,

O'zbekiston “Adolat” SDP

Yosh adolatchilar qanoti faoli.

Qonun talablarini buzmaylik!

O'tgan hafta “O'zbekiston 24” telekanalida “Adolat” SDP tomonidan 2019 yilning 29 sentyabr kuni Namangan viloyati Yangiqo'rg'on tumanidagi “Beshbuloq” o'yingohida o'tkazilgan “Adolat — har bir inson uchun!” shiori ostidagi miting haqidagi axborot namoyish etildi. Unda “Adolat” SDP vakili Saidolim Abdurahmonov jurnalistga intervyu berar ekan, saylovchilarni partiya nomzodlariga ovoz berishga chaqirdi.

Ma'lumki, bu yilgi saylovlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan “Yangi saylov, yangi O'zbekiston!” shiori ostida o'tishi e'lon qilindi. Buning ma'nosi joriy yil ilk marotaba saylovlar yangi Saylov Kodeksi asosida o'tkazilayotganidir. Ammo “Adolat” SDP vakilining bemavrid qichqirgan xo'rozdek saylovchilarni ovoz berishga da'vat qilgani “Adolat”chi yigitning Saylov Kodeksidan bexabar ekanligini ko'rsatadi.

Bu intervyuni ko'rib, Saylov Kodeksining 44-moddasidagi Saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro'yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e'tiboran boshlanishini esladim.

Boz ustiga hali deputatlikka nomzodlar e'lon qilingani yo'q. “Adolat” SDP vakili odamlarni chalg'itib, qonunga xilof ravishda “yo'q nomzodlar”ga ovoz berishga da'vat etishi esa xalqimizning yuqoridagi iborasini eslatadi.

Darvoqe, 20 sentyabr kuni “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi tomonidan o'tkazilgan Toshkent shahridagi “Anhor-Lokomotiv” bog'ida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a'zosi Muxarram Dadaxodjayeva ham omma oldiga chiqib, barchani partiya nomzodlariga ovoz berishga chaqirdi.

Agarki, Oliy Majlisda qonunlar “kashf” etayotgan deputatlarning o'zi qonun talablarini buzib tursa, boshqalardan nimani kutish mumkin?

Ikrom Xudaybergenov,

O'zMTDP «Yoshlar qanoti» faoli.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 1 =