Azaliy do'stlik va qardoshlik aloqalarining yangi davri

Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida 15 oktyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammiti bo'lib o'tdi.

Sammitda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo'g'on, Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Qozog'iston Respublikasining Birinchi Prezidenti — Elboshi Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi.

Anjumanda kuzatuvchi mamlakat vakili sifatida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Turk­maniston Vazirlar Mahkamasi rai­si o'rinbosari Purli Agamuradov qatnashdi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev sammitni ochar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyevni O'zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a'zo bo'lgani munosabati bilan tabrikladi. O'zbekiston rahbarining bu tarixiy qarori turkiy tilli davlatlarning hamjihatligi va izchil taraqqiyotiga xizmat qilishini qayd etdi.

Haqiqatan ham, O'zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ilk bor to'la huquqli a'zo sifatida ishtirok etdi. Mamlakatimiz ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga joriy yilda qo'shildi.

Shavkat Mirziyoyevning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, uzoq va yaqin davlatlar bilan o'zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari tufayli keyingi yillarda O'zbekistonning do'stlari, xayrixohlari ko'paydi. Qo'shni, yaqin va uzoq mamlakatlar bilan mutlaqo yangi — sog'lom siyosiy va iqtisodiy aloqalar yo'lga qo'yildi. Xalqaro hamkorlikning yangi yo'nalishlari, yangi mexanizmlari joriy etilmoqda.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi ana shunday yangi muloqot maydonlaridan biridir. Bu tashkilot 2009 yil 3 oktyabrda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida tuzilgan bo'lib, dast­lab unga Turkiya, Ozarbayjon, Qozog'iston va Qirg'iziston a'zo edi.

Keyingi yillarda mazkur davlatlar bilan aloqalar mustahkamlandi. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Prezidentimiz 2018 yil 3 sentyabr kuni Qirg'izistonning Cho'lponota shahrida bo'lib o'tgan sammitda faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari Cho'lponotadagi sammitda xalqlarimizni azaldan o'xshash til, mushtarak ma'naviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari bir-biriga bog'lab kelayotgani, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida o'zaro manfaatli sheriklik uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta'kidlar ekan, bu boradagi asosiy yo'nalishlarga to'xtalib, bir qancha muhim tashabbuslarni ilgari surgan edi. Dast­labki tashabbuslar amalga osha boshlaganiga bugun barchamiz guvoh bo'lib turibmiz. Xususan, joriy yil 5 oktyabrda Toshkentda Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi biznes forumi o'tkazildi. Unda O'zbekiston, Turkiya, Qozog'iston, Qir­g'iziston, Ozarbayjon, Vengriyadan 500 dan ziyod tadbirkor qatnashdi.

O'zbekiston bilan tashkilotga a'zo mamlakatlar o'rtasidagi aloqalar faol rivojlanar ekan, ularni huquqiy jihatdan yanada mustahkamlash zarurati paydo bo'ldi. Joriy yil 14 sentyabrda O'zbekiston Respublikasi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to'g'risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi. Mazkur tashabbus tashkilotning kengayishi va uning xalqaro maydondagi nufuzi oshishida jiddiy qadam bo'ldi. Shu bois barcha a'zo mamlakatlar O'zbekistonning bu qarorini mamnuniyat bilan qabul qildi. Rasmiy shaxs­lar, ekspertlar xal­qimizning turkiylar tarixidagi o'rni, bugungi salohiyatini e'tirof etdi.

Aslida turkiy xalqlarning kelib chiqish tarixi miloddan avvalgi ming yilliklarga borib taqaladi. Turk hoqonligi, Qoraxoniylar, G'aznaviylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar kabi qadimgi turkiy davlatlar o'z davrining eng qudratli saltanatlaridan bo'lgan. Ularning ta'sirida turkiy til va turmush tarzi keng yoyila boshlagan, ilm-fan, madaniyat va san'at yuksak rivojlangan, ko'plab buyuk allomalar yetishib chiqqan. Ularning ulkan kashfiyotlari, nodir asarlari nafaqat turkiy tilli xalqlar, balki butun jahon sivilizatsiyasiga salmoqli hissa bo'lib qo'shildi.

Turkiy xalqlar o'rtasidagi yaqinlik nafaqat mushtarak madaniyat, til, din va o'xshash qadriyatlar, balki qadimdan savdo aloqalari yo'lga qo'yilib, o'zaro bordi-keldi, hamkorlik qilib kelingani bilan ham bog'liq. Bu rishtalar sobiq ittifoq davrida uzilib qolgan, cheklangan bo'lsa-da, ammo mustaqillik yillariga kelib qon-qardoshlik tuyg'usi yana eski o'zanini topdi.

2009 yilda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida Turkiya, Ozarbayjon, Qozog'iston va Qirg'iziston bu do'stlik va hamkorlikni yangi bos­qichga ko'tarish maqsadida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish haqida kelishib oldi. Tashkilot faoliyatining asosiy prinsiplari 2016 yilda qabul qilingan Istanbul deklaratsiyasida belgilab qo'yildi.

Tashkilot tarkibi Turkiy tilli davlatlar rahbarlari kengashi, Tash­qi ishlar vazirlari kengashi, Katta mansabdor shaxslari qo'mitasi, Oqsoqollari kengashi va Bokudagi Parlament assambleyasi, Nur-Sultonda Turk akademiyasi, Anqarada Turk madaniyati xalqaro tashkilotidan iborat. Turkiy kengash kotibiyati Istanbul shahrida joylashgan.

Bugungi kunda turkiy tilli davlatlarda yashayotgan xalqlarning umumiy soni 150 milliondan oshadi. Ushbu kengashga a'zo davlatlar hududi qariyb 4 million kvadrat kilometrni tashkil etadi. O'zbekiston qo'shilgandan so'ng Turkiy kengash nufusi, salohiyati va ahamiyati jihatidan Yevroosiyo markazidagi yirik tuzilmaga aylandi.

Bu tashkilotning asosiy maqsadi qardosh mamlakatlar o'rtasida ishonch va aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirishdir.

O'zbekistonning mazkur xalqaro tashkilotga qo'shilishi davlatimiz tashqi siyosatidagi tarixiy qadamlardan bo'lib, mamlakatimiz, xalqi­miz uchun g'oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Xo'sh, Turkiy kengashga a'zolik nima beradi?

Avvalo, O'zbekiston tashqi siyosatida yangi yo'nalish ochildi, mamlakatimiz Markaziy Osiyo va undan kengroq mintaqada faoliyat ko'rsatayotgan yana bir yirik xalqaro tashkilotning teng huquqli a'zosi bo'ldi. Ayni paytda xalqimizning milliy o'zligi, olis o'tmishi, tili, tarixiy kelib chiqishi va shakllanishi bilan bog'liq azaliy qadriyatlari hamda qo'shni va uzoq qardosh mamlakatlar bilan do'stona aloqalari qo'shimcha vositalar bilan mus­tahkamlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev sammitda so'zlagan nutqida O'zbekistonning tashkilotga a'zo bo'lishi, hech shubhasiz, tabiiy va tarixiy jarayonlar ifodasi ekanini ta'kidladi. Yurtimiz zaminida umumiy tariximizning shonli sahifalari bitilgani, jahon ilm-fani va madaniyatiga beqiyos hissa qo'shgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug'bek kabi mutafakkirlar, muqaddas dinimiz tarixida o'chmas iz qoldirgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband singari buyuk allomalar, turkiy dunyoni qalam bilan birlashtirgan Alisher Navoiy singari ulug' shoirlar nafaqat o'zbek xalqi, balki barchaning faxru iftixori ekanini qayd etdi.

— Turkiy kengashga a'zolik xal­qimizning tub manfaatlariga to'la javob beradi. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o'rtasida nafaqat madaniy-ma'naviy aloqalar, balki savdo-iqtisodiy munosabatlar ham yangi bosqichga ko'tarilmoqda. Oxirgi uch yilda davlatlarimizning o'zaro savdo hajmi salkam ikki barobar oshdi, mingdan ortiq yangi qo'shma shirkatlar ochildi. Transport qatnovlari kengaymoqda, vizasiz tartib asosida turistlar oqimi tobora ko'paymoqda, xalqlarimizning qardoshlik rishtalari mustahkamlanmoqda, — dedi davlatimiz rahbari.

Shavkat Mirziyoyev sammit kun tartibiga kiritilgan masalalar bo'yicha o'z fikr va takliflarini bildirdi.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlar o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri va ishonchli aloqalar o'rnatish uchun eng qulay sharoitlar yaratib berishni ustuvor vazifa sifatida qayd etdi. Bu borada qo'shma texnoparklar, startap innovatsiya kompaniyalari va venchur jamg'armalari tashkil etish, qo'shma investitsiya jamg'armasi va turkiy davlatlar savdo uylarini birgalikda barpo etish tashabbusini ilgari surdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan yaqinda Toshkentda muvaffaqiyatli o'tkazilgan Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi va Investitsiya forumi aynan shu maqsadga qaratilgan edi. Turkiy kengashning yettinchi sammiti doirasida Bokuda tashkil etilgan biznes forumda mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlari, hududlar va tadbirkorlik sub'yektlaridan 120 nafar vakil ishtirok etdi. Biznes forum yakuniga ko'ra yurtimizdan Ozarbayjonga avtomobillar, maishiy texnika jihozlari va boshqa tovarlar yetkazib berish bo'yicha umumiy qiymati 430 million AQSh dollaridan ziyod bo'lgan 75 ta shartnoma imzolandi.

Davlatimiz rahbari o'z nutqida yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish Markaziy Osiyo — Turkiya transport yo'lagi orqali Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun salmoqli imkoniyatlar yaratishini, “Boku — Tbilisi — Kars” yangi temir yo'lining salohiyatidan unumli foydalanish zarurligini ta'kidladi.

Transport va logistika markazlarini barpo etishda a'zo mamlakatlar hududidagi dengiz portlarining zamonaviy infratuzilmasini ishga solish hamda tashqi savdo yuklarini tashishda Turkiy kengashga a'zo mamlakatlar uchun o'zaro kelishilgan chegirma va imtiyozlarni qo'llash masalasini ko'rib chiqish taklif etildi.

Shavkat Mirziyoyev sayyohlik sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish zarurligini qayd etdi hamda O'zbekiston Tashkilotning o'tgan yili ishlab chiqilgan «Zamonaviy Ipak yo'li» sayyohlik das­turida faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. 2020 yilda ko'hna Xiva shahri «Turkiy dunyo­ning madaniyat poytaxti» deb e'lon qilinishi qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga, abadiy do'stligimizni mustahkamlashga katta hissa qo'shishini ta'kidladi.

Prezidentimiz Kengashga a'zo mamlakatlar aholisining 40 foiz­idan ortig'i yoshlar ekanidan kelib chiqib, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida Turkiy kengash doirasida Yosh tadbirkorlar forumini ta'sis qilish va uning birinchi yig'ilishini kelasi yilda O'zbekistonda o'tkazishni taklif qildi.

O'zbekiston Prezidenti madaniy-gumanitar sohalar ahamiyatiga alohida to'xtalib, Kengashga a'zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat “Turkiy adabiyot xazinasi” deb nomlangan yuz jildlik kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish taklifini ilgari surdi.

— Biz Tashkilot qoshidagi Xalq­aro turkiy akademiyaga a'zo bo'lib kirishga tayyormiz. Shu bilan birga, Kengashga a'zo mamlakatlarning zamonaviy adabiyot va san'at, tarix va me'morchilik sohasida ulkan yutuqlarga erishgan ijodkorlarini rag'batlantirish maqsadida Xalqaro TURKSOY mukofotini ta'sis etishni taklif etamiz, — dedi davlatimiz rahbari.

Shavkat Mirziyoyev pirovardida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga raislik Ozarbayjon Respublikasiga o'tishi munosabati bilan Ilhom Aliyevni qutlab, unga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Turkiy kengashning bu galgi sammiti kichik va o'rta tadbirkorlikni rivojlantirish mavzusiga bag'ishlandi. Shu munosabat bilan sammitda turkiy davlatlarning iqtisodiy hamkorligi va hamjihat taraqqiyoti bilan bog'liq masalalar ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida hujjatlarni imzolash marosimi bo'ldi. Delegatsiyalar rahbarlari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammiti deklaratsiyasi, Turkiy kengashning muvofiqlashtiruvchi qo'mitasini tashkil etish to'g'risidagi qaror va bosh­qa hujjatlarni qabul qildilar.

Turkiy kengashga a'zo davlatlar rahbarlarining O'zbekiston Respublikasining to'la huquqli a'zo sifatida Tashkilotga qo'shilishi to'g'risidagi Qo'shma bayonoti sammitning muhim voqeasi bo'ldi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifingda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bagdad Amreev delegatsiya rahbarlarining samarali muloqoti mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlariga mos ravishda o'zaro foydali sheriklik o'rnatish bo'yicha navbatdagi qadamlarni belgilashga imkon berganini ta'kidladi.

Sammit doirasida Boku shahrida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo'g'anning uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Davlat rahbarlari bir-birini samimiy qutlar ekan, mamlakatlarimiz o'rtasidagi do'stlik, ko'p qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Turkiya Prezidenti O'zbekiston rahbarini mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qo'shilgani bilan samimiy tabriklab, bu qaror ikki tomonlama aloqalar va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi.

O'zbekiston va Turkiya Prezidentlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar, shuningdek, bo'lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ko'rib chiqdilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Vengriya hukumati rahbari Prezidentimizni O'zbekistonning kengashga qo'shilgani bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tashkilot doirasida hamkorlikni rivojlantirish mamlakatlarimiz o'rtasidagi ko'p qirrali sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Suhbat chog'ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi sheriklik istiqbollari ko'rib chiqildi.

Amaliy hamkorlikka oid, avvalo, qishloq xo'jaligi, chorvachilik, sanoat, farmatsevtika, turizm va boshqa yo'nalishlardagi loyihalarni ilgari surishda ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning uchrashuvlarini muntazam tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Xalqaro ahamiyatga molik, jumladan, O'zbekiston – Yevropa Ittifoqi yo'nalishidagi sheriklikning dolzarb masalari ham ko'rib chiqildi.

Turkiy kengash sammiti doirasida Bokuda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog'iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari Nursulton Nazarboyevni Turkiy kengashning faxriy raisi etib saylangani hamda Turkiy dunyoning oliy ordeniga sazovor bo'lgani bilan tabrikladi.

Elboshi Nursulton Nazarboyev o'z navbatida O'zbekistonning Turkiy kengashga qo'shilishi ushbu tuzilmaning xalqaro nufuzini va hamkorlik samaradorligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga oid, shuningdek, global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Respublikasiga tashrifi yakunlandi.

Matnazar Elmurodov,

O'zA maxsus muxbiri.

Toshkent – Boku – Toshkent.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − 8 =