Bugunning javohirlari. Prezident maktabidan reportaj

Yangi O'zbekistonimizni yuksak taraqqiyot bosqichiga ko'tarishdek ezgu niyatimizga yangicha va mustaqil fikrlaydigan, o'z Vatanini jonidan ortiq sevadigan, uning yorug' kelajagi uchun sadoqat bilan xizmat qiladigan, fidoyi yoshlarni tarbiyalash orqali erishamiz.

Shavkat Mirziyoyev

Keng islohotlar amalga oshirilayotgan hozirgi kunda har sohadagi yangilanish va rivojlanishlarni ko'rib ko'zimiz quvnaydi. Ayniqsa, ta'lim tizimida bo'layotgan o'zgarishlar nafaqat biz, boshqa mamlakatlar, xalqaro ekspertlarning ham e'tiborini tortmoqda.

Tizimdagi shunday ulkan o'zgarishlardan biri — davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan qisqa muddatda Toshkent shahrida dastlabki Prezident maktabi ishga tushirildi. Nukus, Namangan va Xiva shaharlaridagi shunday maktablar qurilishi jadal davom etmoqda. Kelgusi yil Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg'ona viloyatlarida, 2021 yilda esa Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida Prezident maktablari faoliyati yo'lga qo'yilishi rejalashtirilgan.

Bu yil yangi o'quv yilidan boshlab iqtidorli yoshlar uchun o'z quchog'ini ochgan va mutlaqo yangicha usulda ta'lim tizimi qo'llanilayotgan poytaxtimizdagi   Prezident maktabi bilan yaqindan tanishish niyatida ushbu o'quv dargohida  bo'ldik.

Suratlarda: Prezident maktabi hayotidan lavhalar.

Maktab zamonaviy uslubda, jahon standartlariga muvofiq tarz­da yuksak did bilan qurilgan. Maktab direktori To'laboy Shermatov hamrohligida dars jarayonlari bilan tanishdik. Ilm maskani markazida kattagina kutubxona bor. Ushbu kutubxona kelajak avlodning puxta bilim olishida as­qotadigan tarzda kitob fondiga ega bo'lishi tabiiy.

— Prezident maktablarida o'quv jarayoni “STEAM – ta'lim” dasturi (Science – tabiiy fanlar, Technology — texnologiya­lar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san'at, Mathematics — matematika) dasturi bo'yicha olib boriladi, — deydi maktab rahbari T.Shermatov. — Bu esa iqtidorli yoshlarning fikrlash qobiliyati, iroda, ijodiy salohiyati, moslashuvchanligini rivojlantirishga imkon beradi. Ushbu yo'nalishdagi darslar to'liq ingliz tilida olib boriladi. Ayni paytda maktab “STEAM” metodologiyasi bo'yicha darslik va o'quv qo'llanmalar bilan ta'minlangan.

Ushbu g'oyat nufuzli maktab rahbariga ayrim savollar bilan murojaat qilamiz.

— Avvalo, iqtidorli bolalarga saboq beradigan o'qituvchilar ham yuksak mahoratga ega bo'lishi kerak. Shunday ekan, pedagoglar qaysi mezonlar asosida saralab olingan?

— Kanadaning “Teach Away” hamda Buyuk Britaniyaning “TIC Recruitment” rekruting kompaniyalari bilan hamkorlikda maktabga 30 nafar chet ellik mutaxassis tanlab olindi. Shuningdek, 72 nafar tajribali va malakali mahalliy o'qituvchi ham jalb etildi. Ularning barchasi maxsus imtihondan o'tkazildi. Biz tanlab olayotgan mutaxassislar nafaqat chuqur bilimli, balki pedagogik mahorati ham yuqori bo'lishi kerak edi. Shu tarzda talablarimizga to'la javob beradigan nomzodlar bilan ish boshladik. Ilk natijalar yomon emas. O'quvchilar nafaqat nazariy bilimlarini boyitmoqda, balki ularning qiziqishidan kelib chiqib tashkil etilgan suzish, shaxmat, musiqa, raqs kabi to'garaklarga ham qatnashmoqda. Har bitta o'quvchi bilan individual shug'ullanish bizning — bosh maqsadimiz. O'quvchilarimiz orasida matematikadan yuqori natijalarga erishgan yoshlar ham bor. Ularning bilimlarini yanada boyitish maqsadida Fanlar Akademiyasining eng tajribali, bilimli matematiklarini ham jalb qilish rejamiz bor. Qolaversa, o'quvchilarimiz fanlar bo'yicha xalqaro olimpiadalarga qatnashishini ta'minlash uchun harakat qilyapmiz. Yurtimizga fan olimpiadalarida oltin medal bilan kelgan bilimli yoshlarimizni maktabimiz uchun jalb qilish va o'z tajribalarini bolalarga o'rgatishi uchun sharoit yaratib berishni ko'zda tutyapmiz.

— Maktabni tugatganlarga qanday imtiyozlar beriladi?

— Prezident maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo'ladi. Bu xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta'lim muassasalariga kirish imkonini beradi. O'quvchilarning kelajakda qaysi kasbni tanlashiga qarab, shu sohaga yo'naltirib boramiz. Ammo o'quvchilar qaysi kasb­ni tanlamasin, dunyoqarashi keng bo'lishi uchun adabiyot, san'at, musiqa fanlari chuqur o'rgatiladi. Sababi, O'zbekiston nomidan chet elga borgan vakillarimiz har sohada o'z fikriga va dunyoqarashiga ega bo'lsin. Shuning uchun debat suhbatlarini tashkil qilganmiz, bunda bolalar o'rtaga tashlangan mavzuda o'z fikrini erkin bildira oladi. Bularning bari kuchli pedagoglarimiz tomonidan nazoratga olinadi. Tasavvur qiling, misol uchun, o'quvchi fizika fanini yaxshi o'zlashtirsayu ammo bilimini jamiyatga yetkazib bera olmasa, bilimi faqat qog'oz va yozgan maqolasida qolib ketadigan bo'lsa, bundan xalq manfaatdor bo'la olmaydi. Biz tarbiyalagan bolalar esa ham nazariyada, ham uni amaliyotda qo'llashda hech bir qiyinchilik sezmaydi. Sababi, mana shu debatlar unga o'z fikrini to'g'ri ifoda etishni ham o'rgatadi.

— Yaqinda Prezidentimiz Shav­kat Mirziyoyev ham maktabga tashrif buyurib, o'quv jarayonlari bilan tanishdilar. Davlat rahbarining fikrlari qanday bo'ldi?

— Ha, shu yil 10 sentyabr kuni davlatimiz rahbari o'zlari bosh bo'lib qurdirgan maktabga tashrif buyurdilar. Biz ularni mamnuniyat bilan kutib oldik. Har bir sinfxonaga kirib, o'quvchilar bilan suhbatlashdilar. Dars jarayonlarini kuzatdilar. Biz pedagoglarga tavsiya va maslahatlar berib, ketar chog'larida “Men eng aziz va shu kunning eng bilimli brilliant javohirlarimni — bolalarimni sizlarga ishonib topshirib ketyapman. Bolalarni ko'z qorachig'idek asrab-avaylash sizning burchingiz”, deb tayinladilar.

Maktabda ayni paytda 144 ta o'quvchi emas, shuncha farzandimiz tahsil olyapti deb hisoblaymiz. Biz bitta katta oila sifatida bolalarga ta'lim bermoqdamiz. Xudo xohlasa, Yurtboshimiz va xalqimizning ishonchini, albatta, oqlaymiz.

Ann Baillie,

London (ingliz tili o'qituvchisi):

— Yurtingizda ilk bora tashkil etilgan Prezident maktabida faoliyat yurita boshlaganimdan mamnunman. Avvaliga, bilimga chanqoq yoshlarning bu darajada dunyoqarashi keng ekanini bilmagandim. Barcha darslar ingliz tilida bo'lib o'tmoqda, shunday bo'lsa-da, bu umidli bolalar ingliz tilida ravon so'zlamoqda, bemalol o'z fikrini bildirib, savol bermoqda. Men bergan topshiriqlarni a'lo darajada bajarib, yana qo'shimcha mashg'ulotlar bering, deb so'rab turishadi. Prezidentingiz ta'kidlaganlaridek, haqiqatan ham bu bolalar bugungi O'zbekistonning ertasi va eng nodir durdonalaridir.

Lobar Usmonova,

ingliz tili o'qituvchisi:

— Bolalar bilan ingliz tilida ishlash qiyin bo'lmayapti. Ko'z tegmasin, o'quvchilarda shakllangan yuksak iqtidorni ko'rib, hamkasbim, hamkorim Ann Baillie bilan hayratda qolyapmiz. Har biri o'zgacha dunyo. Asosiy darslardan tashqari o'quvchilarim bilan qo'shimcha yana erkin suhbatlar o'tkazamiz. Ochig'i, o'quvchilarim bilan ishlash judayam maroqli. Hamma ustozlar kabi men ham ularni mana shu maktab o'quvchisiga xos tarzda ulkan yutuqlarga erishishini xohlayman. Maktabimizda darslar ikkita o'qituvchi hamkorligida o'tiladi. Xorijdan kelgan mutaxassis o'z tajribalari va bilimlaridan kelib chiqsa, mahalliy o'qituvchilar esa uni bizning hayotga, mentalitetga moslab o'tadi. Biz xorij ravnaqi uchun emas, o'zimizga xos, yetuk inson, iqtidorli mutaxassis bo'lib yetishadigan, bilim, tafakkuri bilan dunyoni lol qoldiradigan kadrlar yetishtirishni reja qilganmiz.

Saidazim Shavkatov,

Prezident maktablari loyihasi monitoring bo'limi yetakchi mutaxassisi:

— Joriy yilda Toshkent shahridagi Prezident maktabiga maktabning 5-10 sinflariga hujjat topshirgan 7 mingga yaqin o'quvchilardan 144 nafari qabul qilindi.

Prezident maktablarida asosiy va dastlabki sinovlar “Cambridj Assessment International Education” mutaxassislari tomonidan o'tkazildi.

Bugungi kunda Prezident maktabi internat sifatida faoliyat ko'rsatmoqda. O'quvchilar haftaning 5 kunida maktab hududida ham o'qib, ham yashaydi. Dam olish kunlari esa ota-onasi bag'rida bo'lishadi. Mazkur dargohning boshqa maktablardan yana bir ustun tomoni shundaki, ta'lim olayotgan o'quvchilar maktab formasi, o'quv qurollari, oziq-ovqat bilan to'liq bepul ta'minlanadi.

Bunday shart-sharoit hammani qoniqtiradi, albatta. Ammo bolalarning ota-onadan uzoqda ruhiy ahvoli barqaror kech­yaptimi deya maktab psixologi Dilorom opa Isoqovaga yuzlandik.

— Bolajonlarning ruhiy ahvoli biz uchun nihoyatda muhim, — deydi u. — Iqtidorli yoshlar stressga moyil bo'ladi. Oiladan uzoqda bo'lgan hozirgi ahvolni tushungan holatda bolalarga mehr berishga, ko'nglidan o'tayotgan o'ylarni bilishga qiziqamiz. To'garaklarga ham bolalarning psixologiyasidan kelib chiqib yo'naltirib boryapmiz. Bolalarni hayotning turli xil qiyinchilik va sinovlariga bardoshli qilib tarbiyalash, bunday pallalarda o'zini yo'qotib qo'ymasligining oldini olish bo'yicha ham darslar ishlab chiqyapmiz. Ayniqsa, ularda manmanlikka yo'l qo'ymasdan liderlik xarakterini shakl­lantirish juda muhim. O'ziga bo'lgan ishonch yuqori bo'lsa, kelajakda ko'p marralarni, yutuqlarni egallaydi. Har kuni bir mavzu atrofida fikr yuritamiz. Masalan, ertalab radiodan: bugungi kunga rahmat aytish, minnatdorchilik kuni e'lon qilamiz va darslarni ham shu mavzularga bog'lab o'tamiz. Har doim shukr qilib yashashimiz kerakligi, shukronada hikmat ko'pligini tushuntiramiz. Insho, maqolalar, video roliklar tayyorlashga erkin qo'yib beramiz. Har bir bola buni qanday ifoda etishni ma'qul ko'rsa, istagan tarzida amalga oshiradi. An'analarimizni qadrlashga ham o'rgatib boryapmiz. Xalq uchun xizmat qilishga, mehr-muhabbatga, vatanparvarlik va to'g'riso'zlikka undaymiz. Ko'proq ularga o'quvchining odob-axloqi yuqori o'rinda bo'lishi kerakligini singdiramiz. Maktabimizda hamma bir-biriga tabassum bilan murojaat qiladi. Bilasizmi, bolalar shunaqa psixologiyaga egaki, tabassum qilib turgan odamga “ochiladi,” xo'mrayganlardan qochadi.

Dars vaqtidan keyin kutubxona sari yo'l olgan o'quvchilar bilan suhbatlashishni lozim topdik.

Pahlavon G'ulomov,

5-sinf o'quvchisi:

— O'qituvchilar oilasida tug'ilib o'sganman. Boshlang'ich ta'limni esa 300-conli maktabda oldim. Prezident maktabi qurilishi haqida Prezidentimizning qarori chiqqanida dadam:  —“O'g'lim, shu maktabga  imtihon topshirib ko'rmaysizmi?” — dedilar. Onam bo'lsa, “Haftada bir marotaba uyimizga kelsa,  sog'inib qolaman-ku”, dedilar. Imtihon topshirish fursati kelganida  biroz  hayojon  bo'ldi. Birinchi imtihondan  oson o'tdim, ikkinchisida qiynaldim. Natijalar e'lon qilingach, qarasak maktabga qabul qilinibman.  Avvaliga bu yerga sinfdoshlar butunlay boshqa bo'lgani uchun ko'nikishim qi­yinroq bo'ldi, lekin hammasi bir haftalarda iziga tushib ketdi. Ayni paytda ushbu maktabga o'qishga kirganimdan faqat mamnunman. Darsdan bo'sh vaqtlarimda  ID tizimini o'rgan­yapman. Ustozlarim o'zim o'ylab yurgan ilovani ishga tushirishda kerak bo'ladigan dasturlarni o'rgatishmoqda. Ayni paytda bu ilovaning  boshlang'ich va  to'liq to'ldirilmagan variantidan sinfdoshlarim bilan foydalan­yapmiz. Yaqin kunlarda  bu ilovadan  barcha tengdoshlarim  foydalanadi.

Oilamizda bog'chaga boradigan ukam va singlim bor. Ular ham a'lo baholarga o'qishini, menga o'xshab Prezident maktabida tahsil olishini  xohlayman. Ota-onamdan minnatdorman, menga ishonch bildirishgani uchun. Ayni paytda chet tillarini ham puxta o'rganyapman, sababi, kelajakda diplomat bo'lmoqchiman. Diplomatlar esa  bir nechta tilni puxta bilishi kerak.

Muxlisa Xo'janiyozova,

5-sinf o'quvchisi:

— Garchi dadam quruvchi bo'lib ishlasalar-da, bizning yaxshi ta'lim olishimiz uchun barcha imkoniyatni yaratib berganlar. Prezident maktabi ochilishi haqida eshitib, akam ikkimizni chaqirib: — “Bilaman, bilimingiz yaxshi, ammo Yurtboshimiz  ishongan o'quvchi bo'lishingiz uchun yanada ko'proq bilim olishingiz kerak”, — deb bizni ruhlantirdilar. Akam ikkimiz o'zimizni xuddi shu maktabning o'quvchisidek his qilib, diqqatimizni yanada ko'proq o'qishga sarfladik.

Imtihonlarni yaxshi topshirdik, ammo akamga ozgina ball yetmay o'qishga kira olmadi. Ota-onamning yuzini yorug' qilib, men o'qiy boshladim. Maktabimizda bolalarning ilm olishi uchun barcha sharoitlar bor.  Ijodiy muhit ham yuqori. Har bitta bolaning  fanlardan tashqari, bir nechta qiziqishlari bor. Men rasm chizishga qiziqaman va  bu borada  ustozlarimiz menga yanada yaxshiroq chizishim uchun mahorat darslarini o'tmoqda.

Shahzod Samandarov, 

10-sinf o'quvchisi:

— Avvaliga, Turin Politexnika universitetining akademik litseyiga hujjat topshirmoqchi bo'lgandim. Prezident maktabi haqida xabar topganimdan keyin hujjatlarimni shu yerga topshirdim. Maktabda rus tilida o'qiganman, shu bois imtihonlarda qiynalmay deb, ingliz tilida emas, o'zbek tilida imtihon topshirdim. Bu dargohda o'qiyotib, tanlovda adashmaganimni his qilyapman. Maktabimizda hamma bir-biri bilan ahil. Yuqori texnologiyalar asosida o'tilayotgan darslar bizga ma'qul kelmoqda.

Darhaqiqat, sinfxonalarda noan'anaviy usulda malakali pedagoglarning darsini bolajonlar bajonidil o'zlashtirmoqda. Sinfxonalar zamonaviy tarzda har bir fanga monand jihozlangan. Futbol, basketbol, tennis maydonchalari, suzish havzasi, jismoniy tarbiya zallari ham yuqori talabga to'laqonli javob beradi.

Yaxshi dam mehnatga hamdam deganlaridek, bolalar yaxshi dam olishi uchun tashkil etilgan yashash xonalari ham eng so'nggi jihozlar bilan bezatilgan. Eng muhimi, o'quvchilar xavfsiz rejimda.

Ularning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish uchun tashkil qilingan kutubxona tahsinga loyiq. Unda milliy va xorijiy o'quv adabiyotlarning eng saralari jamlangan. Elektron shaklda o'qimoqchi bo'lganlarga kompyuterlar Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi tarmog'iga ulangan. O'quvchilar bemalol ushbu imkoniyatdan unumli foydalanib, bilimlarini oshirmoqda. Turli xil tadbirlar uchun mo'ljallab qurilgan muhtasham amfiteatr ham diqqatni tortadi.

Bularning barchasi yosh avlodning puxta bilimli, keng va sog'lom dunyoqarash egasi bo'lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.

Feruza Rahimova,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + twenty =