Erkin iqtisodiy zona faoliyati kimga yoqmayapti?..

Dunyodagi ko'plab davlatlarda bo'lgani singari erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish mamlakatimizda ham to'g'ridan-to'g'ri xorijiy inves­titsiyalarni jalb etish, tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Prezidentimizning 2016 yil 26 oktyabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoni qulay investitsiya muhitini yaratishda imkoniyat va imtiyozlar ko'lamini kengaytirdi. Shu kungacha mamlakatimizning 12 ta hududida 21 ta erkin iqtisodiy zona tashkil qilindi.

Biroq, ayrim idora va tashkilotlarning masalaga sust yondoshayotganligi oqibatida erkin iqtisodiy zonalarning samarali faoliyat yuritishiga to'sqinlik qiluvchi muammolar paydo bo'ldi. Misol uchun, “O'ztelekom” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Jizzax erkin iqtisodiy zonasida 2016 yilda amalga oshirilishi lozim bo'lgan uchta yirik loyiha bugungi kunga qadar oxiriga yetkazilmagan va bu korxonalar o'z faoliyatlarini to'xtatgan. Unga ko'ra, “ZIT telekom” qo'shma korxonasi passiv telekommunikatsiya va “Broad­boad Solutions” qo'shma korxonasi telekommunikatsiya uskunalarini hamda “Smart Vision” qo'shma korxonasi IP va video telefonlar ishlab chiqarishi lozim edi.

Ma'lum bo'lishicha ushbu korxonalarda aylanma mablag' to'liq shakllantirilmaganligi, xorijiy valyuta kursining oshib ketishi mahsulot tannarxiga ta'sir ko'rsatgani butlovchi qismlarni olib kelishda xorijiy hamkorlar bilan muammolarni yuzaga keltirgan.

Qizig'i shundaki, shuncha vaqtdan buyon ushbu masala bo'yicha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vaziyatni yaxshilash, o'z tarmog'idagi tashkilot mas'uliyatini oshirish va loyihani kechiktirib bo'lsa ham bajarish bo'yicha yetarlicha tashabbus ko'rsatmayotganligi vazirlikning mamlakatimizda raqobatbardosh axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqarish, yalpi ichki mahsulot ulushida uning o'rnini oshirishga qanday munosabatda ekanligini ko'rsatadi.

Bu turishda yaqin vaqt ichida mamlakatimiz iqtisodiyoti va yalpi ichki mahsulotida axborot texnologiyalarining ulushini orttirishda ijobiy natijaga erishib bo'lmaydi.

Ma'muriy kengashlar va erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari faoliyatining samarali emasligi, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasining sust rivojlanganligi investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirishga to'sqinlik qilib, erkin iqtisodiy zonalarning salohiyatli investorlar uchun jozibadorligini pasaytiradi.

Afsuski, bu kabi muammolarni boshqa erkin iqtisodiy zonalarda ham kuzatishimiz mumkin. Shu bois, erkin iqtisodiy zonalarning samarali ishlashini, qonunchilikda ko'zda tutilgan imkoniyatlardan to'liq foydalanishni ta'minlash maqsadida mazkur masalada Parlament eshituvini tashkil etish vaqti keldi, deb aytish mumkin.

Jamshid Pirmatov,

Ulug'bek Samatov,

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 4 =