Integratsiya va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar

Turkiy kengashning 7-sammiti ishtirokchilari, turkiy dunyo hamjamiyatini muhim sana – Turkiy davlatlar hamkorligi kengashini tuzish to'g'risidagi Naxichevan bitimi qabul qilinganining 10 yilligi bilan tabriklash menga katta mamnuniyat bag'ishlaydi.

Ushbu muhim hujjatning imzolanishi mustahkam tarixiy aloqalar, til, madaniyat va ma'naviy qadriyatlar mushtarakligiga asoslangan turkiy davlatlarning samarali hamkorligida yangi davrni boshlab berdi.

Bugun Turkiy kengash a'zo-davlatlar o'rtasida muloqot va kooperatsiyani kengaytirish va mustahkamlash, jahon miqyosida ularning manfaatlarini samarali himoya qilish uchun nufuzli xalqaro platforma hisoblanadi.

O'zbekiston Respublikasi katta turkiy oilaning uzviy bo'lagi sifatida turkiy tilli davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. Mustaqillikning ilk kunlaridanoq O'zbekiston turkiy dunyo hamjamiyati tomonidan qo'llab-quvvatlangan “Turkiston — umumiy uyimiz” degan tashabbusni ilgari surdi. Mamlakatimiz turkiy tilli mamlakatlar davlat rahbarlarining ilk sammitlarida faol ishtirok etdi. 1996 yil 21 oktyabr kuni Toshkent shahrida turkiy tilli davlatlar rahbarlarining tarixiy — to'rtinchi uchrashuvi bo'lib o'tdi. U turkiy tilli davlatlar hamkorligini rivojlantirishda muhim davr­ni boshlab berdi va ma'lum ma'noda zamonaviy Turk kengashini tuzishga asos bo'ldi. O'shanda Toshkent deklaratsiyasini imzolar ekan, davlatlar rahbarlari o'zaro maslahatlashuvlarni muntazam o'tkazish zarurligini qayd etib, turkiy tilli davlatlar rahbarlari uchrashuvlari Kotibiyatini tashkil qilishga kelishib oldi. Bu muhim institut roppa-rosa 10 yil avval Turk kengashining Naxichevan bitimiga muvofiq ta'sis etilgan Hamkorlik kengashining zamonaviy Kotibiyati faoliyatida o'z ifodasini topdi.

Joriy yilda O'zbekiston rasman Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga Naxichevan bitimiga qo'shilish haqidagi ariza bilan rasman murojaat qildi. Mazkur murojaat Tashkilotga a'zo barcha davlatlar tomonidan iliq qarshi olindi, buning uchun ularga chuqur minnatdorlik izhor qilamiz. G'oyat qisqa fursatda — qariyb bir ish kunida ijobiy javob berildi.

2019 yil 14 sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Naxichevan bitimiga qo'shilish to'g'risidagi farmoni imzolandi. Shu kunning o'zidayoq uni ratifikatsiya qilish to'g'risidagi qonun qabul qilinib, O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Kengash Kotibiyati va depozitariysiga O'zbe­kis­ton Naxichevan bitimiga qo'shilishi to'g'risida hujjat yuborildi.

Ishonamanki, O'zbekistonning Turkiy kengashga a'zo bo'lishi turkiy dunyoga integratsiyani mustahkamlashga xizmat qiladi va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Turkiy kengash a'zo mamlakatlarning o'zaro iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga intilayotgani ayni damda g'oyat muhim.

O'zbekiston Kengashga a'zo barcha davlatlar bilan nafaqat ikki tomonlama, balki qator xalqaro tuzilmalar doirasida ham ko'plab sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlik qilish borasida katta tajribaga ega.

Turkiy kengash faoliyati doirasidagi davlatlararo munosabatlarning ijobiy tendensiyalari biz uchun bugungi kunda nafaqat Turkiy kengash, balki BMT, YeXHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Afg'oniston bo'yicha “Istanbul jarayoni – Osiyo yuragi” kabi xalqaro tuzilma va mexanizmlar bilan o'zaro aloqalar doirasida ham hamkorlikni yanada kengaytirishning yangi istiqbollarini ochmoqda.

Kengash maslahatlashuv davlatlararo munosabatlarni muvofiqlashtiruvchi mexanizm va Markaziy Osiyo, Kavkaz, O'rta Sharq va Yevropada teng huquqli, o'zaro manfaatli xalq­aro hamkorlikni ilgari surish vositasi sifatida ulkan imkoniyatlarga ega. Mening nazarimda, a'zo davlatlar o'rtasida biror-bir muammo yoki kelishmovchilik yo'qligi Kengashning eng muhim afzalligi hisoblanadi. Uning barcha a'zolari Turkiy kengash faoliyati xalqaro va mintaqaviy kun tartibiga oid dolzarb masalalar bo'yicha mushtarak yoki yaqin yakdil qarash va pozitsiya­larga amal qiladi. Demak, iqtisodiyot, investitsiyalar, innovatsiyalar va yuqori texnologiya­lar, muqobil energetika va ekologiya, transport va kommunikatsiyalar, turizm, ilm-fan, ta'lim va tibbiyot kabi ustuvor sohalarda faol hamkorlik qilish uchun hech qanday to'siq yo'q.

Turkiy kengash davlatlari o'rtasidagi har tomonlama hamkorlikning amaldagi darajasi bizni g'oyat ruhlantiradi. Ayni paytda uning haqiqiy salohiyati ancha yuqori. Bizda yanada yuksak natijalarga erishish uchun barcha zarur imkoniyatlar, eng asosiysi, qat'iy siyosiy iroda bor. Bu esa, shubhasiz, xalqlarimiz manfaatlariga to'la javob beradi.

Shu ma'noda, O'zbekiston hamkorlikning muhim jihatlari va yo'nalishlarini belgilab oldi. Biz ularni faol qo'llab-quvvatlashga tayyormiz.

Bu, birinchi navbatda, o'zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish bilan bog'liq. Bugungi kunda mazkur yo'nalish hamkorlikning lokomotivi bo'lishi darkor, chunki u xalqlarimiz farovonligining asosidir. Bunda mamlakatlarimiz yetakchi sanoat korxonalari, investitsiya kompaniyalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlari o'rtasidagi kooperatsiyani kuchaytirish, shuningdek, mintaqalararo samarali hamkorlikni yo'lga qo'yish zarur.

Transport va tranzit sohalaridagi yaqin kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishdan manfaatdormiz. Integratsiyalashgan transport aloqasi tarmog'ini tashkil qilish dunyoning asosiy va mintaqa bozorlariga chiqish imkonini beradi. Bu yerda so'z, avvalo, Shimol-Janub va Sharq-G'arb xalqaro transport yo'laklari, Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy, Shimoli-Shar­qiy va Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlari bilan bog'lovchi avtomobil, temir yo'l va havo yo'llari haqida bormoqda.

Shu maqsadda mintaqada transport in­fratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha strategik jihatdan muhim qator loyihalar amalga oshirilgan. “Andijon — O'sh — Irkeshtom — Qoshg'ar” avtomobil yo'lagining rivojlanishi, shuningdek, “Xitoy — Qirg'iziston — O'zbekiston” temir yo'li qurilishi boshlanishi bilan yanada ulkan imkoniyatlar ochilmoqda.

Barcha sohalarga ilg'or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsiyalarni joriy qilish har qanday davlatning raqobatbardoshligi va barqaror taraqqiyotini belgilab beruvchi omil hisoblanadi. Shuning uchun Turkiy kengash mamlakatlarini innovatsion rivojlantirishni biz ustuvor vazifa deb hisoblaymiz.

Shu munosabat bilan biz kelajak texnologiyalarini o'zlashtirish bo'yicha dastur va loyihalarni ilgari surish maqsadida innovatsion rivojlanishga mas'ul idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari va venchur kompaniyalari o'rtasida yaqin hamkorlikni yo'lga qo'yishni taklif etamiz.

Ma'lumki, turkiy tilli mamlakatlar xalq­lari butun insoniyatning boyligi hisoblangan o'ziga xos bebaho madaniy-tarixiy va ma'naviy merosga ega. Mamlakatlarimizda turkiy va islom sivilizatsiyasining tarixiy yodgorliklari, buyuk olimlar, shoir va mutafakkirlar, rassomlarning merosi asrab-avaylanadi. Bu bebaho boylik butun insoniyat mulki bo'lib, undan butun dunyo bahramand bo'lishi kerak. Ziyorat turizmini faol rivojlantirish bunga xizmat qiladi. Turizm industriyasi iqtisodiyotning tarkibiy qismi sifatida mamlakatlar va xalqlarni yaqinlashtirishda muhim rol o'ynaydi.

Bugunimiz va kelajagimiz istiqbolini belgilar ekanmiz, biz, shubhasiz, xalqlarimizning ma'naviy-axloqiy qadriyatlari, boy tarixi va madaniyati, ularning ko'p asr­lik do'stligi, yaxshi qo'shnichilik va o'zaro anglashuv an'analariga tayanamiz. Madaniy-gumanitar hamkorlik davlatlar o'rtasidagi munosabatlar muhitini shakllantiradi, insonlarni birlashtiradi. Qozog'istonda O'zbekiston yilining va O'zbekistonda Qozog'iston yilining o'tkazilishi, O'zbekiston, Qirg'iziston va Turkmaniston madaniyat kunlari va qo'shma do'stlik konsertlari, festivallari, ko'rgazmalari, shuningdek, insonlar qalbida iliq tuyg'ularni jo'sh urdirgan ko'plab bosh­qa qo'shma tadbirlar tashkil qilinishi bundan yorqin dalolatdir. Bu Turkiy kengashning barcha mamlakatlari uchun yaxshi an'anaga aylanishi va, shubhasiz, xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlik va o'zaro anglashuvni mus­tahkamlashga xizmat qilishiga ishonchim komil. Biz inson kapitalini rivojlantirish sohasida o'zaro hamkorlik qilish uchun katta salohiyatga egamiz. Tajriba almashish, qo'shma ta'lim, ilmiy va madaniy loyihalar, yoshlar ta'lim-tarbiyasi bo'yicha istiqbolli dasturlarni amalga oshirish Turkiy kengashning ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylanmog'i darkor.

Dunyoda globallashuv, beqarorlik va qarama-qarshilik kuchayib borayotgan sharoitda aynan yaqin va o'zaro manfaatli hamkorlik barqaror rivojlanish va taraqqiyotga erishish, tinchlik va xavfsizlikni ta'minlashda muhim rol o'ynaydi. Fikrimcha, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik, odam va qurol savdosiga qarshi kurashish bo'yicha Turkiy kengash mamlakatlari huquqni muhofaza qilish organlari sa'y-harakatini muvofiqlashtirish turkiy tilli davlatlar ko'p qirrali hamkorligining asosiy jihatlaridan biriga aylanmog'i darkor.

Bugungi kunda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yangi, yanada jadal va mas'uliyatli taraqqiyot bosqichiga qadam qo'ymoqda. Bu qardosh mamlakatlar va xalq­lar o'rtasidagi izchil va har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashni talab etadi.

Turkiy tilli davlatlarning siyosiy irodasi, ochiq va konstruktiv siyosati, davlatlar rahbarlarining muntazam uchrashuvlari tufayli mintaqada o'zaro ishonch muhiti yuzaga kelmoqda. Bu jarayonda O'zbekiston ham faol ishtirok etmoqda.

Turkiy xalqlarning buyuk namoyandasi, qirg'iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov mamlakatimizning tarixdagi roli haqida gapirar ekan, «Vizantiya slavyan davlatlari taqdirida qanday rol o'ynagan bo'lsa, o'zbek xal­qi turkiy tilli mamlakatlar taqdirida xuddi shunday rol o'ynagan», deb ta'kidlagan edi.

Bugun ham tarixiy taraqqiyotning yangi va ayni damda murakkab bosqichida O'zbekiston Respublikasi turkiy tilli davlatlar o'rtasidagi do'stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va kengaytirishga munosib hissa qo'shishga tayyor.

Turkiy tilli davlatlar xalqlarini Turkiy kengashning 10 yilligi bilan yana bir bor chin qalbimdan muborakbod etib, ularga tinchlik, omonlik va farovonlik tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

«Hurriyet Daily» gazetasi (Turkiya),

2019 yil 15 oktyabr

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + seven =