Oilada ibrat maktabi yaratilmasa… “Oyog'i yerdan uzilganlar” safi ortaveradi

Xalqimizda “Oyog'ing yerdan uzilmasin” degan naql bor. Bir qarashda odatiy gapdek tuyuladi. Lekin buning uchun bir bahiya kifoya. Keling, gapni sal uzoqroqdan boshlaylik.

Tarix sahnasiga birrov nazar tashlasak har qanday ulkan xatolarning zamirida “oyoqning yerdan uzilishi” yotganini ko'ramiz. Yaqinda O'zbekiston xalq shoiri Xurshid Davronning “Shayx Kubro tushlari” asarini o'qib chiqdim. Unda mo'g'ullar tomonidan yurtimizning ishg'ol qilinishi manzaralari yoritilgan. Ayanchli ahvolda o'lim topgan Muhammad Xorazmshoh, unga ta'sir o'tkazib, mamlakat taqdirini boshi berk ko'chaga olib kirib qo'ygan Turkonxotun taqdirida ayni shunday manzaralar aks ettirilgan. Ayshu ishratga berilgan Muhammad Xorazmshoh alaloqibat Kaspiy dengizidagi orollardan birida kafanlik ham topilmay o'z kiyimida dafn etilgan bo'lsa, Turkonxotunning bir umr yashab ko'rgan “lazzat”lari mo'g'ullar qarshisida tiz cho'kib turgan holidagi arzimas lahzalarda unut bo'ldi…

Bir yigitni bilaman. Yoshligidan ko'p mashaqqat tortdi. Ulg'ayib qo'li pul ko'rdi. Bo'lganda ham, behisob mablag'ni “aylantirdi”. Oxiri nima bo'ldi? Oyog'i yerdan uzildi. Na qarindosh urug', na do'stu yaqinlarni “tanimay qoldi”. Tabiiyki, o'zi bilan o'zi hisob qilishga ham vaqti bo'lmadi. Qo'sha-qo'sha uylar qurdi. Mashinalarni ermakka almashtirdi. Yana nima ishlar qilgani bir o'ziga va Xudoga ayon. Xullas, oradan ko'p o'tmay nima yoki nimalar bo'ldi-yu bor-budidan ayrildi. Uylar sotildi. Mashinalar qolmadi. O'zi ijarada yashay boshladi. Yana bo'ynida bir olam qarz bilan. Pulini so'rab, qidirib yurganlarning sanog'i yo'q?!

O'sha yigitning onasi bilan suhbatlashib qoldim. O'g'lidan nolidi: “Hech kimning aytganini qilmaydi. Qanday muammosi borligini ham bildirmaydi. Ha, deydi ishontirib bu yoqqa o'tadi, ho'p, deydi kulimsirab boshqa yoqqa ketadi. Oxirgi paytlar xavotir olib qoldim, o'zini biron nima qilib qo'ymasin deb. Rahmatli otasi ma'naviyatli, ilmli kishi edi. Erka o'sgan o'g'lim kimga tortdi, bilmayman”.

E'tibor qilgan bo'lsangiz, bularning barchasiga avlodlar o'rtasidagi rishtaning mustahkam emasligi sabab bo'layapti. Shu qadar jon kuydirib farzandining taqdiri uchun harakat qilgan onaning bolasi shu ahvolda. Xo'sh, unda katta stol qarshisida ota-onasi va mehmonlardan ko'rib, piyolani to'qishtirayotgan, hali maktab yoshiga yetmagan norasidalarning kelajagi nima bo'ladi? Kayfi tarang kelib, o'g'illarining oldida xotinini ichkariga sudrab kirib ketgan ota vaqt o'tib o'g'illari bir qizni kelin qilasiz, deb yetaklab kelganida nima deya oladi?!

Yana o'sha xatolik. Ibrat bo'ladiganlar bir namunaga, nasihatga muhtoj bo'lib turibdi. Oilada ibrat maktabi yaratilmas ekan, chiqarilayotgan ma'naviyatga doir kitoblar, maqolalar, ilmiy ishlar, uchrashuv-u muloqotlarning nafi bo'larmikan? Kaminani qiynayotgani nima bilasizmi? Mana shu yozayotganlarimizni “oyog'i yerdan uzilganlar”ning jilla qursa bir nafari o'qirmikan? O'qisa bir lahzaga to'xtab, xatti-harakatlariga, faoliyatiga sinchiklab razm solarmikan, xulosalar chiqarib, o'zini tutishga harakat qilarmikan?

Qaydam. Boshqalarni ayblash, jamiyatni, boringki bashariyatni ayblash juda oson. Lekin fikrimizcha, ishni har kim o'zini tuzatishdan boshlagani ma'qul. Bu xususda qaysidir kitobdan quyidagi iborani ko'chirib qo'ygan ekanman: “Siz qismatni, fasllarni, shamol yo'nalishini o'zgartira olmaysiz. Lekin o'zingizni o'zgartirishingiz mumkin. Koinotdagi yulduzlar burji o'zgarishlariga javob bera olmaysiz, lekin qanday kitob o'qishingiz, kimlardan saboq olishingiz kerakligi faqat Sizning qo'lingizdadir. Gapirgan har gapingizga o'zingiz javob berasiz!

Aziz Norqulov

Baxmal tumani.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + three =