Umid niyatga, niyat ahdga, ahd harakatga aylansin

Zero, Davlat tiliga bag'ishlangan katta-kichik tadbirlarda sahna markaziga “o'yinbop” qo'shiq va kishi imonini o'g'irlaydigan raqslar emas, balki bedor fikr va chuqur tafakkur, teran o'y va keng mushohada, aniq hamda asosli takliflar chiqmog'i bugun suv va havodek zarur.

Abdulla Qahhor yon daftarida mana bunday mazmundagi yozuv bo'lgan: “Gurjistonda, agar tarixga daxldor bo'lsa, otning eski taqasini ham baxmalga o'rab muzeyga osib qo'yishar ekan…”

Kaminaga ham sho'ro zamonida mana shu yurtga borish nasib etgan edi. Bizda – O'zbekistonda ko'chayu guzarda, maktabu kutubxonada, klub va hammomgacha – hamma yerda qonday qizil matolarga, taxtalarga “ikkinchi”  tilda shior va chaqiriqlar bitilgan bir paytda Gurjistonning poytaxti Tbilisidan tortib kichkinagina kenti Rustavigacha – barcha joyda gurjilarning o'z tili va yozuvi amal qilardi. Ko'chadagi odamlardan biror manzilni boyagi “ikkinchi”  tilda so'rasangiz, besh qadam naridagi joyni ko'rsatib yuborish u yoqda tursin, hatto “bilmayman” degan so'zni ham siz so'ragan tilda aytmay, boshini sarak-sarak qilgancha o'tib ketar edi bu xalq vakillari. Agar o'sha so'roqni ularning ona tilida, mayli, qiynalib, tutilib bo'lsa-da, bersangiz, birdan yuzi yorishib, hamma ishini bir yonga qo'yib, qo'lingizdan tutgancha manzil tomon boshlab borardi. Kinoteatrlari, teatr va muzeylaridagi e'lonlar ham gurji tilida, katta-katta yorqin harflarda bitilib, pastida sarg'ish yoxud kulrangda, mayda harflarda “ikkinchi” tildagi yozuv bo'lar edi.

Holbuki, bu respublika ham sho'roviy ittifoq tarkibida bo'lib, uning mafkuraviy zug'umi gurjilarni ham chetlab o'tmagandi. Shunga qaramay, xalq xalqligicha, millat millatligicha qolishga urinardiki, bu intilish, yuqorida aytganimiz ko'chada ham, idorada ham sezilardi. Shota Rustaveli millatdoshlari qalbidagi o'zlikni anglash va asrash hissining qudratini sezgan Shavkat Rahmon o'z yurtidagi ahvoldan ozurda bo'lib, “Gurjiston mozaikasi” nomli she'rida ne malomatlar aytganini anglashimiz hamon dolzarbligicha qolmoqda…

Zero, u yoxud bu millatning tili “otning eski taqasi” emas. Qolaversa, u baxmalga o'rab muzeyga osib qo'yiladigan o'lik matoh ham emas. Millat yashamog'i uchun til yashashi, muntazam harakatda, muomalada bo'lmog'i shart. O'z tilida fikrlaydigan millatning tafakkuri qanchalar charxlansa, irodasi metinlashsa, o'zgalar tilida so'zlovchi va fikrlovchi kimsalar ruhiyati millat ruhoniya­tidan shunchalar begonalashib, yotlashib boradi.

Bugungi dunyo milliy tillari o'rtasidagi raqobat, ta'sir doirasi uchun kurash moddiy tovarlar bozoridagi raqobat va kurashdan aslo kam emas. Chunki u yoxud bu xalqni o'ziga qaram qilmoq uchun o'sha xalq yashayotgan jug'rofiy makonni bosib olish, odamlar qo'liga kishan solish aslo shart emas. O'sha millatlar qalbini, ruhini duragaylashtirish, ko'nglida aynishni hosil qilishning o'zi ularni har jihatdan bo'ysundirmoq uchun yetarli shart-sharoit hisoblanadi. Qalbni, ruhni o'zgartirishning, ko'ngildagi og'ishni vujudga keltirishning birinchi usuli esa milliy tilga e'tiborni susaytirish, uning qo'llanish doirasini cheklash, davlat va jamiyat boshqaruvidan, rasmiy hujjat va yig'inlardan bu tilni siqib chiqarishdir. Uni choyxona-yu mayxona miqyosiga tushirish, xotinlarning “gap”­lari doirasiga qamash, bozor va mozordagina ishlatish bilan cheklanish, aslida, o'sha til egalarining millat sifatidagi tanazzulidan, milliy qiyofasizlashuvi hamda o'ziga bo'lgan ishonch va hurmati sob bo'lib borayotganidan yaqqol darakdir.

Dunyodagi hamma narsaga globallashuv nusxi urayotgan bugungi kunda milliy tillar yana bir og'ir sinovdan, taqdir tegirmonining zil-zambil toshi ostidan o'tishiga to'g'ri kelmoqda. Oradan o'ttiz-qirq yil kechib, bu tillarning qanchasi va qay holda saqlanib qolishidan fol ochishni manaman degan bashoratchi ham bo'yniga olmasa kerak.

Shunday ekan, ona tilimizning taqdiri ertaga nima bo'lishi bugun biz qiladigan amaliy ishlarga chambarchas bog'liqligini xalqning qanchalik katta qismi anglashi juda ko'p narsani hal qiladi. Ming afsuslar bo'lsinki, mana shu anglovning ko'lami, darajasi, miqyosi odamni jiddiy tashvishga soladi, ruhiyatingda ezgin kayfiyatni qo'zg'aydi.

Ustuvor huquqiy maqom olganiga o'ttiz yil bo'lgan davlat tilining ayni davlatda qo'llanish amaliyotida kuzatilgan notekis holatlar, qonun qabul qilingan pallalar va istiqlolning dastlabki yillarida erishilgan ijobiy natijalarning yildan-yilga qo'ldan boy berilishi,  ojizgina fikrini ham na o'zbek tilida va na ajnabiy tilda eplab ifoda eta oladigan kishilarning o'z fojiasini ang­lamay bemalol umrguzaronlik qilishi singari hollar o'sha anglovning chinakam darajasidan darak beradi.

XX asrning taniqli faylasufi Erix Fromm “Inson qalbi” nomli kitobida o'sha qalb xususida “Seni faqat haqiqatgina xalos eta oladi” deb yozgandi. Agar biz fikr yuritilayotgan sohadagi tashvishli ahvoldan qutilishni rostdan ham xohlasak, mavjud reallikka — haqiqatning yuziga tik qarashimiz, uni to'la tan olmog'imiz, bundan keyingi amallarimizni ana shu achchiq haqiqatdan kelib chiqib rejalashtirmog'imiz talab etiladi. Chala-yarim ishlar bilan, da'vat va nasihat bilan, tan­qidbozligu tadbirbozlik bilan biror muammo hal bo'lib qolmagan, hal bo'lib qolmaydi ham.

“O'zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o'ttiz yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi Prezident qaroriga shu nuqtai nazardan razm solinsa, mamlakat rahbariyati hozirga qadar sohada erishilgan yutuqlarni e'tirof etgani holda, millat va davlat tiliga bo'lgan e'tibor hamda e'zozni mutlaqo yangi bosqichga ko'tarish vazifasini ayni shu millat va davlat oldiga qo'yayotganiga amin bo'lamiz. Bunga qarorning muqaddima qismidagi, jumladan, “Vatanimiz mus­taqilligining ma'naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o'zbek tilining ahamiyati tobora ortib borayotganini hisobga olib” degan muhim o'rinlar misol bo'la oladi. Axir, milliy mustaqillikni til mustaqilligisiz, dil istiqlolisiz, iroda erkinligisiz tasavvur etib bo'ladimi?

Gap “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganidan buyon birinchi marotaba ushbu sanaga bag'ishlab alohida qaror qabul qilinganidagina emas, balki, hamma gap mazkur qarorda va uning ilovasidan o'rin olgan ma'naviy-ma'rifiy chora-tadbirlar dasturida ko'zda tutilgan ishlar yordamida jafokash tilimiz mavqeini o'ziga yarashiqli darajaga ko'tarishga, “dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo'lgan o'zbek tili”ning biror-bir kimsa tomonidan kamsitilishiga yo'l qo'ymaslikdek, uning tinimsiz takomillashib, sayqallanib borishidan o'zini shu yurt, shu Vatan farzandi hisoblaydigan millionlarning birdek manfaatdor bo'lishiga erishishdek ezgu va qat'i maqsadlar ko'zlanayotganida!

Ana shu ma'noda Prezidentimizning bu qarorini faqat bayram tadbirlarini o'tkazishga bag'ishlangan hujjat, deb o'ylasak va uning ijrosiga shu nuqtai nazardangina yondashsak, bizningcha, jiddiy xatoga yo'l qo'ygan bo'lamiz. Zero, Davlat tiliga bag'ishlangan katta-kichik tadbirlarda sahna markaziga “o'yinbop” qo'shiq va kishi imonini o'g'irlaydigan raqs­lar emas, balki bedor fikr va chuqur tafakkur, teran o'y va keng mushohada, aniq hamda asosli takliflar chiqmog'i bugun suv va havodek zarur. Chunki milliy til ravnaqi borasida ana shu millat vakillari jon kuydirmasa, uning obro'si va ertangi kun taqdiri xususida bugun jiddiy o'yga tolmasa, buning uchun esa davlat tilining huquqiy maqomi o'z joyiga qo'yilmasa, qilingan barcha harakatlar zoe ketishi hech gap emas.

Mamlakatda davlat tiliga amal qilinishi borasida yig'ilib qolgan muammolar esa to'lib-toshib yotibdi. Beistisno barcha hududlarda ko'zga cho'pdek tiqiladigan reklamalar ahvoli, firma va korxonalar, mayda-chuyda do'konlardan tortib super va gipermarketlarga, to'yxona-yu taomxonalargacha tanlanayotgan ajnabiy nomlar, idoralararo munosabat va aloqa hujjatlari, hatto o'zbekning qorako'z bolalari qulog'iga azon aytib(!) qo'yilayotgan ismlargacha bu muammolarning tobora ko'payib borishiga “xolis xizmat qilayotgani” hech kimga sir emas. (Hamma bilib, ko'rib turgan bu narsalardan misollar keltirish orqali “qahramonlik” qilish vaqti allaqachon o'tganini, bu yo'l bilan muammolar ildizini quritib bo'lmasligini tan olish ham yuqorida aytganimiz — haqiqatning yuziga tik boqish hisoblanadi! R.Q.)

Ta'kidlanganidek, davlat va jamiyat boshqaruvida, ilm-fan va ta'limda, sog'liqni saqlash va xizmat ko'rsatishda, kerak bo'lsa, xorij mamlakatlari bilan o'zaro aloqalarda ham davlat tilining faol qo'llanilishiga erishmasdan turib, uning mav­qei va obro'sini yuksaltirishga  umid qilib bo'lmaydi. Zero, tilning mavqei va obro'si o'z-o'zidan, faqat yaxshi niyat-u puch umidlar bilan hosil bo'lib qoladigan natija emas. Milliy til qancha faol, muntazam va keng miqyoslarda qo'llansa, millat vakillarining tafakkuri ham shuncha faol­lashadi, fikr ufqlari kengayadi. Faol tafakkur, ufqlari keng fikr, teran mulohaza esa fan va texnika rivojining ham, siyosiy iroda kuchining ham, madaniy va ma'rifiy takomilning ham ajralmas shartidir. Ana shunday millatnigina boshqa millatlar taniydi, tan oladi, hurmatga va e'zozga loyiq sanaydi. Duragay kayfiyat, duragay ruhiyat, duragay til va tafakkur bilan biror xalqning xalq bo'lib qolganini hozircha insoniyat tarixi bilmaydi.

… Umid qilib charchamaydigan xal­qimizda “Hali ham kech emas” degan gap bor. Bu masala — o'ttiz yildan buyon davlat tili nomida bo'lgan ona tilimizning mavqei va obro'sini o'ziga yarashiqli maqomlarda ko'rish umidi ushalishiga ham, iloho, kech bo'lmagan bo'lsin. Buning uchun esa Siz bilan bizdan umidni niyatga, niyatni ahdga, ahdni esa qat'iyatli harakatga aylantirish talab etiladi. Bizningcha, mamlakatimiz rahbari e'lon qilgan “O'zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o'ttiz yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi shu yilning 4 oktyabrida imzolagan qarori xal­qimizga shu huquqni, shu shijoat va qat'iyatni qayta taqdim etishi bilan ham qimmatlidir.

Rahmon Qo'chqorov,

Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti,

filologiya fanlari nomzodi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 − 2 =