Yo'llarni tutashtirgan orzular

Umumxitoy jurnalistlari assotsasiyasi 1 milliondan ortiq jurnalistni birlashtirgan, shuningdek, dunyoning ko'plab davlatlari jurnalistik tashkilotlari bilan aloqa o'rnatgan hamda hamkorlik to'g'risida shartnomalar imzolagan.

Aslida inson uchun ko'p narsa kerak emas: Dunyo tinch, yurting, oilang farovon, taning sog' bo'lsa, bas. Insonning kuch-qudrati, saodati, quvonch-shodligi zamirida ana shunday omillar mujassam va ular millati, irqi, kasbi-koridan qat'i nazar, yer yuzidagi barcha odamlarning orzu-tilagi. Bu orzu-tilakning amalga oshishi ham o'zimizga, ezgu niyatlar bilan yashayotgan insonlarga bog'liq.

Umumxitoy Jurnalistlar Assotsi­a­siya­sidan shu yilning 27 sentyabr — 2 oktyabr kunlari Pekin shahrida “Bir makon, bir yo'l — 2019” loyihasi doi­rasida o'tadigan Xalqaro jurnalistlar forumi va Xitoy Xalq Respublikasining 70 yilligiga bag'ishlangan tantanalarga taklifnoma olganimda xayolimdan dastavval ana shu o'ylar o'tdi.

Xitoy Xalq Respublikasida avval ham bo'lganman, Buyuk xitoy devori bo'ylab sayr qilganman, chin mamlakatining tarixi, madaniyati, bugun butun dunyoni lol qoldirayotgan yutuqlari bilan tanishganman. Biroq bu taklif men uchun juda muhim edi.

Avvalo, Pekinda o'tadigan xalq­aro jurnalistlar forumining o'zi xalqaro mediaolamning eng yirik voqealaridan. Jurnalistika sohasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilinadi. Qolaversa, Umumxitoy Jurnalistlar assotsiatsiyasi bilan o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish niyatimiz ham bo'lib, bu borada kelishib olishimiz lozim. Yana Xitoy Xalq Respublikasining 70 yilligi tantanalari. Do'st mamlakatning qutlug' ayyomida ishtirok etish, ularning quvonchiga sherik bo'lishning ham shukuhi bor.

Bayram ruhi Pekin xalqaro aeroportidayoq sezilib turardi. Dunyoning eng yirik poytaxtlaridan bo'lgan bu shahar uch ming yillik tarixga ega. Bilasiz, u o'zining zamonaviy osmono'par binolari bilangina emas, qadimiy me'moriy obidalari bilan ham shuhrat taratgan. Umuman, bu shaharda barcha davrlar me'moriy uslublari o'z o'rnini topgan. Bugungi kun nafasi va olis tarix sadolari bir-biriga shu qadar uyg'unlashib ketganki, ularni bir-biridan ayro tasavvur qila olmaysiz.

Bayramona libos kiygan Pekin ko'chalaridan mashinamiz g'izillab ketarkan, bundan ikki yil avvalgi tashrifimdan ke­yin shaharda qanday o'zgarishlar bo'lganini kuzatib bordim. To'g'risi, bayram shukuhidan o'zga yangilik sezmadim. Salobatli Pekinga yasan-tusan yarashib turardi. Yangilik va hayajonlar esa oldinda edi.

28 sentyabr kuni erta bilan “Dustlik” mehmonxonasi zalida biz kutgan media anjuman — xalq­aro jurnalist­lar forumi o'z ishini boshladi.

Forum Xitoy tomoni ilgari surgan va global iqtisodiy rivojlanish belbog'i sifatida Yevroosiyo mamlakatlarini bir-biri bilan bog'lashi maqsad qilingan “Bir makon — bir yo'l” loyihasi doirasida tashkil qilingan bo'lib, “Mamlakatlar o'rtasidagi do'stlik aloqalarini rivojlantirishda ommaviy axborot vositalari hamkorligini kuchaytirish masalalari”ga bag'ishlandi. Forumda Osiyo, Yevropa va Lotin Amerikasidagi 50 ga yaqin davlatlardan Jurnalistlar uyushmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Forum jurnalistlar tashkilotlarining hamkorligi platformasi nizomini qabul qildi. Unda asosiy e'tibor jurnalistlarning axborot makoni xodimlari sifatida butun dunyoda tinchlik barqaror bo'lishidagi o'rni va xizmatiga qaratildi. Bu jarayonda xolislik va haqqoniylik bosh mezon bo'lishi zarur. Dunyoda sodir bo'layotgan voqea-hodisalar haqida jurnalist aytgan so'z voqealarning omma tomonidan qabul qilinishiga katta ta'sir ko'rsatadi. Globallashuv kuchayib borayotgan hozirgi jarayonda ommaviy axborot vositalari, jumladan, jurnalistlarning yaqin hamkorligi, kasbiy birodarligi, xolisligi yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda, bashariyat oldidagi mas'uliyati tobora yuksalib bormoqda.

Tadbirda Platformaning maqsad-vazifalari, uning tashkiliy organlari tanishtirildi. Xususan, “Bir makon — bir yo'l” loyihasi doirasida jurnalistik tashkilotlar hamkorligi platformasi Prezidiumi raisi, Buenos-Ayres Jurnalistlar uyushmasi prezidenti Lidiya Irma Fagel ekani ham uning qanchalik keng qamrovli ekanidan dalolat beradi. Xullas, platforma barcha ishtirokchilar tomonidan qo'llab-quvvatlandi, uning yanada mukammal bo'lishi uchun taklif-tavsiyalar berildi.

Men ham so'z olib, mamlakatimizda ayni shu maqsadlarda amalga oshirilayotgan islohotlar — OAVni yanada demokratlashtirish borasida so'nggi uch yilda amalga oshirilgan yangilanishlar jarayoni haqida gapirib berdim.

Forumning yana bir voqeasi Umumxitoy jurna­listlar assotsiatsiyasi bilan O'zbekiston Jurnalist­lari ijodiy uyushmasi o'rtasida O'zaro hamkorlik to'g'risidagi kelishuv imzolangani bo'ldi. Kelishuv har ikki tomon ishtirokida ishlab chiqilib, mamlakatlarimiz ommaviy axborot vositalari hamda jurnalistlari o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, media turlar, media ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida trening­lar, OAV sohasidagi muhim va dolzarb masalalar bo'yicha axboriy safarlar tashkil etish kabi tadbirlar ko'zda tutilgan.

Keling, shu o'rinda Umumxitoy jurnalistlar assotsiatsiyasi haqida biroz ma'lumot beray.

Umumxitoy jurnalistlari assotsi­atsiyasi 1957 yili Pekinda tashkil topgan. U o'zining Milliy konsulligiga ega bo'lib, har besh yilda bir marta saylanadi. Assotsiatsiya tarkibida 217 ta a'zo tashkilot bor, ularning 156 tasi davlat tasarrufidagi media tashkilotlar, 29 tasi milliy yangiliklar tayyorlash tuzilmalari, 32 tasi esa hududlardagi jurnalistik tashkilotlardir. Umumxitoy jurnalistlari assotsasiyasi 1 milliondan ortiq jurnalistni birlashtirgan, shuningdek, dunyoning ko'plab davlatlari jurnalistik tashkilotlari bilan aloqa o'rnatgan hamda hamkorlik to'g'risida shartnomalar imzolagan.

Forum ishtirokchilari uchun turli qiziqarli tadbirlar taklif etildi. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganligining 70 yilligi tantanalarini yoritishga qaratilgan media markaz faoliyati bilan tanishuv barchada katta qiziqish uyg'otdi.

1 oktyabr kuni keng nishonlangan Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 70 yilligi tantanalari o'zining ulug'vorigi, rang-barang tadbirlari bilan, tabiiy, unutilmas bo'ldi. Unda Xitoyning paydo bo'lishi, uning dunyoning buyuk va qudratli mamlakatlaridan biriga aylanishi, salohiyati va iqtidori o'zining keng aksini topdi.

Shunday qilib taassurotlarga boy safarimiz ham oxirladi. Uning davomida ko'rgan-kechirganlarim, turli mamlakatlar jurnalistik tashkilotlari vakillari bilan muloqotlar, O'zbekiston va Xitoy jurnalist­lar uyushmalari o'rtasidagi o'zaro hamkorlik to'g'risidagi kelishuv esa milliy mediamuhitda yangi bosqich bo'lishiga shubha yo'q. Zero, Buyuk ipak yo'li buyuk madaniyat yo'lidir:

Konfutsiy va Navoiy

Donolarning dil izhori xos kelur,

Aytganlari bir-biriga mos kelur.

Konfutsiy — bu o'sha Kong Chyu, Kong Fu Zi,

Navoiydek elga manzur har so'zi.

Konfutsiy der: “Neki mahbub, er kishi,

Boshqaga ham ravo ko'ray, der kishi”.

O'zgarsa ham davru davron havosi,

Boqiy erur Navoiyning navosi:

“Xaloyiqqa ko'rma qilib benavo,

O'zingga ravo ko'rmaganni ravo”.

Buyuk Ipak yo'li o'tgan har makon

Buyuk Hikmat yo'li bo'lib quchdi shon.

Shu yo'ldadir mangu yo'lchi — quyosh, oy,

Ziyosidan qalblar chaman, ellar boy.

Mamlakatlar bir-biriga bermish qo'l:

Bitta osmon, bir makonu bitta yo'l!

Sa'dulla Hakimov,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi.

Suratda: Umumxitoy jurnalistlari assotsiatsiyasi prezidenti Chjan Yannun (chapdan), O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa'dulla Hakimov o'zaro hamkorlik to'g'risidagi kelishuv chog'ida.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + 8 =