Tilimiz

1918 yili Turkiston Komfirqasining topshirig'iga ko'ra, Fitrat (Shokirjon Rahimiy va Qayum Ramazon bilan hamkorlikda) dastlabki ona tili darsligini yaratadi (bu haqda «Ishtirokiyun» gazetasining 1918 yil 1 may sonida «Birinchi ona tili kursi» degan maqola ham chiqqan). Keyinroq olim bu sohadagi ishlarini mukammallashtirib «O'zbek tilining sarfi» (grammatikasi)ni e'lon qiladi. O'zbekiston Maorif nozirligi tomonidan tasdiqlangan bu darslik 1925-30 yillar davomida besh marta nashr etilgan.

Fitrat asarlari haqida fikr yuritilganda, uning zullisonayn ekani qayta-qayta tilga olinadi. Bu bejiz emas. Fitrat ikki xalq taqdirining tarixi, birligini teran anglardi. Shuning uchun ham u ayrim asarlarini tojik tilida yozdi. 1926 yili Tojik tili grammatikasini e'lon qildi.

Fitrat o'zbek tilining targ'ibotchisi sifatida vaqtli matbuot sahifalarida maqolalar bilan ham chiqdi.

Uning o'zbek adabiyoti tarixi, nazariyasi, o'zbek musiqasi va Sharq shaxmatiga oid asarlarini kuzatganda ham adib nechog'li ulkan tilshunos ekani ma'lum bo'ladi. Bu fikrni to'ldirish maqsadida, Mahmud Qoshg'ariyning mashhur «Devonu lug'atit-turk» asarini dastlabkilardan bo'lib, o'rganib chiqib, nashrga tayyorlaganini eslash mumkin. Yana ayrim manbalarning guvohlik berishicha, Fitrat oltoy tillari guruhiga kiruvchi tillar tabiatini uzoq o'rgangan va 30-yillarning o'rtalarida «Qadimgi mo'g'ul tili lug'ati»ni tuzib, nashrga tayyorlagan.

Fitratning bundan yuz yil burun e'lon qilingan quyidagi maqolasi ona tilimiz  davlat tili maqomini olganiga 30 yil to'lgan hozirgi paytda ham dolzarbligini yo'qotmagan. Chunki Fitrat o'zbek tilining, Navoiy kabi, arab va fors tillari unsurlaridan toza bo'lishi uchun kurashgan bo'lsa, keyingi yillarda uni Yevropa tillari iskanjasidan qutqarish zarurati tug'ilmoqdaki, bu yo'lda ham bizga Navoiy va Fitrat ruhi hamroh bo'lgay.

Hamidulla Boltaboyev,

filologiya fanlari doktori.

Abdurauf Fitrat

Dunyoning eng boy, eng baxtsiz bir tili qaysi tildir? Bilasizmi? Turkcha. Shoirlik qilmoqchi emasman, so'zning to'g'risi shudir. Dunyoning eng boy tili turkchadir, eng baxtsiz tili yonaho'l (yana shu) turkchadir. Boylarning baxtsizligi sovet hukumati chog'inda bo'lg'on bir ishdir, bundan burun baxtli edilar deganlar tilimizning holini bilmasdan gapirarlar.

Bir tilning boyligi u tildagi so'zning ko'pligi (kasrati kalimot), undirlik (undirish) kengligi (vus'ati ishtiqoq), yusup tugalligi (mukamalliyati qavoid) bilan bo'lur. Turkchada so'z ko'pligi bormi?) (Arabchilarimizcha aytganda, kasrati kalimot mavjudmi? Bu so'z bukun emas, necha yuz yil burun o'rga chiqmish, deya Navoiyning kitobi turkchaning boyligini ochibgina bildira olmasa ham, turkchada so'z ko'pligini yaxshi biladir. Navoiy yolg'iz yig'lamoqning turlarini ko'rsataturg'on turkcha so'zlarning shunchasini yozadir: Ingramoq, singramoq, ingichqirmoq, yig'lamoq, yig'lamsinmoq, o'kirmoq, siqtamoq.

Mana sizga bir hodisaning yetti turi uchun otkim, oralarinda ingichka ayirmalar bordir. Turkchada bu hol oz emas. Arabcha nufuz, murur, ubur; u to'g'risinda turkchamizda o'tmoq, kechmoq, oshmoq, ortonmoq bor. Arabcha qand, azm, amal, qarshusinda turkcha tilak, istov, orxan bor. Arabcha zarf yoninda turkcha idish bor, sovut bor. Arabcha fanda manfaat o'rninda turkcha tosix bor, unum bor. Arabcha qalb o'trusinda turkcha yurak bilan ko'ngul bor. Arabcha sadr uchun turkcha ko'ks va ko'krak bor. Turkcha lug'at yozmoqchi bo'lg'onimda, turkcha so'z boyligi to'g'risida bundan ortiq yozolmayman. So'zni turkchada undirik kengligi (ya'ni vus'ati ishtiqoq)ga ko'chiraman. Ilm ishining turkchasidan undirilgan so'zlar shulardir: Bil, bilgay, bilajak, bilgusi, bilar, bilsa, bilsa-chi, bilay, bildi, bilibdir, bilgan, bila boshladi, bila yozdi, bila oldi, bila turdi, bila berdi, bilib, bilgach, bilgali, bilmak, bilish, biluv, bilmov, bilim, bilgi, bilik, bilmas, bilmaslik.

Mana sizga yolg'iz fe'llardan 13 fe'l, qo'shma fe'llardan 6 fe'l. Qo'shma fe'llardan har birining buyrug'i bo'lishi (fe'lning bo'lishlilik kategoriyasi), Holi, kelajagi, sharti, qo'zg'ovi bor. 13* 6=78 bo'lur. Bunlarga uft (fe'llari — fe'lning zamon kategoriyasi), vaqt, sabab fe'llari qo'shilsa, 81 ta bo'lur. Bunga Ism va sifat yozilg'on 18 qo'shilg'onda 99 so'z bo'lur. Bu 99 tasidagi so'z tollug'i (o'zak ma'nosida) buyruqdir (ya'ni bil so'zidir). Demak, turkchada bir tomirdan 98 so'z undiring emish. Emdi yusup tugalligiga (mukammaliyati qavoidga) boqaylik.

Arab, fors, rus, nemis, fransuz tillaridan qay birining sarf (grammatika) kitoblarini olib qarasak, ko'ramizkim, bir so'zni yasamoq uchun bir qancha yozilg'on, undan so'ng shul qoidadan tashqari qolg'on (mustasno) so'zlar deb to'rt-besh so'z ko'rsatilgan. Turk so'zlarinda esa bunday so'z topilmaydur. Yusupsizlik degan hollar turk­cha sarfda sira yo'qdur. Tilimizning avji to'g'risida ham boyligi, tugalligi bilindimi? Emdi so'zni turkchaning baxtsizlikdan qutula olmamishdir. Turk tili dunyoning eng baxtsiz tilidir. Turkchaning baxtsizligi arab bosqini bilan bog'lanmishdir. Arablar bosdiqlari (bosib olgan ma'nosida) o'lkaga yolg'iz hukumatlarini emas, dinlarini, yo'sinlarinida tanitg'on, oling'on edilar. Musulmonlikning tubi, tomiri Qur'on bilan hadisdir. Shuning uchun yangi musulmonlar arabcha o'rganishni o'zlariga vajib deb bildilar, o'qidilar, o'rgandilar, sevdilar. Bundan keyin forscha va turkcha arabcha bo'g'uviga kirib qoldilar. Fors tilining holi butunlay yomonlashdi. Forslar o'z tillarini tashladilar. Yolg'uz kitoblarini emas, o'zaro yozuvlarini ham arabcha yoza boshladilar. Lekin bu ish ko'p cho'zilmadi. Fors tili bir silkinish bilan o'zini arab bo'g'uvidan qutqara oldi. Fors tilining bu silkinishi Eron shoiri Firdavsiyning arabchalikka qarshi qaynag'an, qizig'on eronli bir millatchi edi. O'ttiz yil tirishdi, dong­li «Shohnoma» kitobini yozib chiqardi. «Shohnoma» yozib chiqaruvdan Firdavsiyning ikkita tilagi bor edi: Eron ulusining arabdan sovutib, eronli tuyg'usini bermak va arab tilini Erondan surib chiqarmoq. Shuning uchun «Shohnoma»ning har bir yerinda eronlini maqtagan shoir arablikka kelganda:

Zahir shutur xo'rdan susimor,

Arabro bajoyi rasidast kor,

Ki taxti Kayanro ko'nad orzu,

Tufu, bar tu, charx kardan tufu! — deb qiyqirmishdir. Bu so'zlarning turkchasi shudir: Tuya suti bilan ilon eti yemakdan boshqa ish bilmagan arabning ishi, shu yerga chiqmishkim, Eron imperatorining taxtini istaydilar. O, shu ishga sabab bo'lgan falak, tufu senga, tufu!

Yana shuning uchundirki, Eronda arabcha hokim bo'lg'on bir zamonda yozilg'on «Shohnoma»da arabcha so'zlar yo'q darajada ozdir. Firdavsiy bu ikki tilakni bilib, ong­lab, ishga kirishganini bildirmakchi o'lib, yozadirkim:

Bas, ranj burdam soli si,

Amam zinda kardam ba dini forsiy —

demishdir. Turkchasi: Bu o'ttiz yil ichida ko'p emkardim (azob chekmoq), Eronni forsicha yozganim shu kitob ila turgizdim, demakdir. Forsi ishda shunday qilib yoqasini qutqormish. Lekin bizning baxt­siz turkchamiz bir Firdavsiy yetishtira olmamish.

Dunyoning eng boy tili bo'lg'on turkchamiz yolg'uz arabcha qumruqlar (zug'um) bilan emas, forsicha tepkilari bilan dahi ezilmishdir. Ko'zlarimizni to'rt ochib qaraylik, dunyoning eng buyuk hakimi bo'lg'on Ibn Sino turkdir. Ikkinchi Arastu atolg'on Forobiy turkdir. Arab tilini mangulik tirgizib kelgan Javhariy turkdir. Vahdati vujud falsafasining imomlaridan o'lgan Jaloliddin Rumiy turkdir. Forsiy adabiyotning payg'ambarlaridan bo'lgan Nizomiy dahi turkdir. Shu yerda otlari yozilg'on kimsalarda yolg'uz turk ulusini emas, butun dunyo­ning ulug' kishilarindan erurlar. Ikki turk ulusi bunlarning asarlarindan osnilonolmay (ajralmoq) qolmish, balki o'zlarini ham yaxshigina taniyolmay qolmishdir. Bunlari o'z biliklarini turk­cha yozsalar edi, bukun turk ulusining holi ehtimolki boshqa turli bo'lar edi. Baxtsizlik bundanda ortiq bo'lurmikan?! Turk o'g'li turk bo'lg'on Mahmud G'aznaviy Firdavsiyni chaqirib, turk ezilishini ko'rsatgan «Shohnoma»ni yozdursun, deya har yo'liga bir oltun bersun. Shu baxtsizlikdirki, turk o'g'li bo'lg'on usmonli hoqonlariga o'z tuyg'ularini forsicha she'r bilan so'ylatmi nedir.

Yana shul baxtsizlikdirkim: Kafkaziya turklarining Qalarin tutmish deya fors tilining hurmati uchun sakson yorinda so'zi o'rnida hashtot dedirmishdir.

Turkcha baxtsizdir. Ming yildan beri ezila kelmishdir. Lekin bitmamishdir. Bitmas, yashamishdir, yashar. Negakim, boydir. Turkcha yashamishdir. Yashar, lekin o'zini arab, fors tillarindan qutqara olurmi, yo'qmi? So'zni bu yerga yetirgach, barmog'imni yaraning o'zagina bosmish bo'ldim. Bu surdig'im­g'a ikki turli javob kelari belgilikdir. Ha, yo'q. Emdi shu yo'q deganlar bilan yurishaylik. Bular deyalarkim, turkcha arab fors tillarindan qutulolmas, nechun? Mana dalillari: a) chunki, arab, fors tillari boydir. Bunin javobini berdikkim, turkcha ham boydir. Chunki, bukungi turk dunyosining bilimli ulug' yozuvchilari shu yo'lga kirmishdir. Bunga javob beramizkim: Turk dunyosining ulug' hakamlari bo'lg'on Forobiy bilan Abu Ali o'z asarlarini arabcha yozorga qo'l qo'ygan edilar. Siz nechun ularning izidan chiqdingiz? Siz Abu Alining izidan chiqqanda, bizda sizning izingizdan chiqa olsak kerak; v) chunki, tilimizda ko'p narsaning oti yo'qdir. Javobimiz: Bu so'zdan tilagingiz nimadir? Shul choqda tilingizdagi arab, fors so'zlarining turkchasi topilmaydur demoqchi bo'lsangiz, so'zingiz yanglishdir. Turkchani bilmas ekansiz. O'rganing. Hozirgi so'zlarimizdagi arabcha, forschalardan bir nechasi uchu turkcha topilmaydir, desangiz to'g'ridir. Biz ham ularn chiqarmoqchi emasmiz. Unlarni olurmiz, lekin o'zimizniki qilurmiz. Turkchalashtirurmiz. Qoidaning turkchasi yo'qdur. Sarfningda turk­chasin topolmadik Ikkisin dahi olurmiz. Lekin, siz kabi Qavoidi sarfiya demasdan, Sarf qoidalari dermiz: ye) chunki, ilmiy istilohlarning turkchasi yo'qdir. Kim dedi buni? Shamsning turkchasi quyoshdir. Kavokibning turkchasi yulduzlardir. Me'onorining turk­chasi suyuq o'tdir. Sahobi ma'ni— yorug' bulut, handasa — o'lchov xat chiziq, zoviya — burchak, puchmoqdir. Kavohi sobita turg'uvchi yulduzdir. Kavkabi zuzaib — quyruqli yulduzlardir.

Tuzuk, bir necha istilohlarning turkchasini bu kungacha topolmag'onmiz, ularni saqlarmiz. Chunki, turk­chamiz qabo (orqada)dir, do'qqi (qo'pol), adabiyot tili emasdir.

So'z bu yerga keldimi? Chidamoq qo'ldan kelmas. Qabolik, do'qqilik ko'rsatmoqchi bo'lib deymizki: Siz ulusingizni sevmaysiz. Shuning uchun turk ulusi va turk tilining siz bilan ishi yo'qdir. Qarshingizdagi kishilar bu so'zni eshitib o'tirmaslar, qilarini qilarlar. Men ulusimni jonimdan ortiq sevaman derlar. Bunlarning mana shu so'zlari ko'muchdir (yolg'on). Tushungizda siz bir xotinni sevsangiz, tirishib, jon chekishib, kuch bilan uyiga kiribsiz, yoniga suqulgandan keyin, yuziga qarab: Men sizni ko'p sevaman, siz ko'n chiroylisiz, lekin shu ko'zingiz ko'p do'qqidir, shuni chiqarib tashlang, burningiz yomon is beradir, shuni kesib oting, desangiz sevgilingiz bo'lg'on xotin ikki-uch tayoq urib sizni quvmasmi? Albatta, quvar. Turk tilini sevamiz, lekin tili qabodir, musiqasi totsizdir, tarizi qorong'udir, deganlarning ham bir-ikki tayoq yeb, quvilmoqlari kerakdir, lekin, turk tili baxtsizdir.

«Ishtirokiyun»

gazetasining

1919 yil 12 iyundagi 32 soni.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − nine =