To'y to'yday bo'lsin…mi?

To'y va boshqa marosimlarni ixchamlashtirish bo'yicha ko'pdan buyon gapirib kelinayotgani, zarur choralar ko'rilayotganiga qaramasdan, hali-hamon joylarda haddan oshish holatlari uchrab turibdi. Kimdir to'y oldi va keyinida “to'ychalar”ni avj oldirib, xurmacha qiliqlarni o'ylab topayotir. Mast bo'lib olib, davlatimiz ramzlaridan bo'lgan pulni mehmonlarning boshi uzra sochishni odat qilishyapti. Bu shunchaki illat emas, balki xalqimiz va davlatimiz ramzlariga hurmatsizlik hamdir.

Oliy Majlis palatalari qarori bilan tasdiqlangan “To'y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag'ishlangan tadbirlarni o'tkazish tartibi to'g'risida”gi Nizomda ana shu jihatlar inobatga olingan. Unga ko'ra, endilikda oilaviy tadbirlar o'tkazilishini tartibga solishda ijtimoiy adolat va qonuniylik, milliy urf-odat va qadriyatlarga sodiqlik, boshqa din va millat vakillarining urf-odatlarini hurmat qilish hamda jamoatchilik fikrini inobatga olish tamoyillariga rioya etiladi. Shuningdek, endilikda milliy an'analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo'lgan turli rasm-rusumlar, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan boshqa tadbirlarni o'tkazishga yo'l qo'yilmaydi.

To'yning asrlar davomida shakl­langan o'z qonun-qoidalari bor. Azaldan millatimizga xos tutumlar, udum, urf-odatlar fayzli, ibratli, ortiqcha isrofgarchiliksiz o'tkazilib kelingan, to'y boshida turgan insonlar tejamkorlikni maqbul taomil deb bilganlar. Afsuski, bugun unday emas…

Barchamizning ko'z o'ngimizda haddan oshish, kimo'zarlik avj olmoqda. To'y kortejlari, son-sanoqsiz tog'oralaru oldi-berdilar, qiz tomonni kuyovning uyini xorij mebellari, asbob-anjomlari bilan to'ldirib berishi hamda o'ylab topilgan boshqa holatlar oila iqtisodiga putur yetkazishdan tashqari, aholi orasida tabaqalanish kuchayishiga olib kelmoqda. Ayrim odamlar o'ylab topayotgan bunday soxta tadbirlarni ko'r-ko'rona odatga aylantirib olyapmiz. Shuhrat qozonish, boshqalarga o'z “men”imizni ko'rsatib qo'yish uchun qilayotgan bu harakatlarimiz xalqimizga qimmatga tushmoqda. To'y qilaman deb katta qarzga botgan, sog'lig'ini yo'qotgan yurtdoshlarimiz ko'p kuzatilyapti. Eng yomoni, bu rasm-rusumlar odatga aylanib boryapti.

Masalan, “kelin salom” faqat oila davrasida, yangi kelinning o'zga bir xonadonga moslashishi uchun o'tkaziladigan oilaviy udum edi. Avvaliga u 30-40 kishilik ziyofatbozlikka, bugungi kunga kelib esa katta xarajat talab qiladigan marosimga aylanib ulgurdi.

— Ilgarilari qiz kuyovning uyi­ga mebelu boshqa ro'zg'or anjomlarini olib borishi uyat sanalar edi, — deydi sotsiolog Mansur Bekmurodov. — Chunki, qiz bolaning o'zi bebaho mukofot, bir xonadondan ikkinchisiga qalin evaziga keltiriladigan qimmatbaho oliy mavjudot edi. Uni beqadr mahsulotga aylantirishdi. Qiz bola boshqa xonadonga o'tishi uchun o'zi bilan birga mebel, gilam, idish-tovoq, ko'rpa-to'shak, hatto uyi­ning pardasigacha barcha-barcha buyumni olib bormasa, bo'lmaydigan holatga keltirib qo'yildi. Bu “soxta tad­bir”­ni xalqimizning o'ta zararli an'anasiga aylantirib qo'yishdagi befarqligimiz oqibati. Chunki, jamiyat bu bilan kurashmadi. Natijani esa ko'rib turibsiz.

Rassom xandasi. Husan Sodiqov karikaturasi.

To'y — insonning oila qurish, baxt­li, tinch-totuv turmush kechirishiga erishish, avlodlar bardavomligini ta'minlash yo'lidagi sa'y-harakatlari ifodasi emasmi? Maqsad ikki yoshga baxtu iqbol tilab, yangi oilani elga ma'lum qilishmi? Kattalarning nomaqbul odatlar, molu dunyoga, ho-yu havasga ruju qo'yayotgani farzandlarimiz ma'­naviya­tida o'z izini qoldirayapti. Hatto yigitlarning bo'lajak kelindan hech andishasiz qilayotgan ta'masi — istaklarini eshitib, mardlik, g'urur, oriyat qaerda qoldi, deysiz.

— Yaqinda shunday bir voqeaga guvoh bo'ldim, — deydi Respublika xotin-qizlar qo'mitasi bo'lim boshlig'i Dilorom Qo'ziyeva. — Kelin tomon bo'lajak kuyovga sarpo qilish maqsadida uni do'konga chaqiradi. Kuyovga esa ular tanlagan sarpo yoqmaydi. O'zi undan uch baravar qimmatroq sarpo tanlaydi va sotuvchiga “Qaynotamga aytarsiz, pulini tashlab ketadi”, deydi. Sotuvchi bo'lajak qaynotaning eng yaqin do'sti bo'lib, bu holatdan hayratga tushadi. U do'stiga bunday yigitga qiz bermasligini maslahat berib, “Hali to'y bo'lmasdan turib, qaynotadan ta'ma qiladigan yigit ertaga oilani ta'minlashda katta muammolarga uchramaydi deb kim ayta oladi”, deydi. Shu bois bu to'y to'xtatiladi.

Ayrim yigitlarda “ota-onasi badavlat qizga uylangach, hayotim moddiy qiyinchiliksiz o'tadi” degan qarash shakllanib ulgurgani afsuslanarli. Bunda ham kattalarning ta'siri ko'zga tashlanadi. Kelin olib kelgan mebellar xorijniki bo'lmasa, sarpo-surug'lar va o'ylab topilgan boshqa rasm-rusumlarda kamchilik bo'lsa, qaynonaning e'tirozi, xarxashasi ortib borayotgani bor gap. Bu esa ukalarimizda qaynota-qaynonaning kuyoviga bergan moddiy ko'magiga ishonib qolish, mas'uliyatsizlik, boqimandalik xususiyatini shakl­lantiryapti.

— Xalqining ma'naviy merosi bo'lgan to'y unutilmas, quvonchli voqea, — deydi Toshkent shahar “Nuroniylar” kengashi a'zosi, tarix fanlari nomzodi Iskandar Hayitov. — Dabdaba-yu mashmasha bu go'zal ma'naviyatni buzadi, xolos. Ortiqcha sarf-xarajat, isrofgarchilikdan bo'lak hech narsa emas. “Farovonlik zamonida orzu-havas qilsak nima bo'pti, nega boshqalar aralashaveradi?” — deydiganlar bor albatta. To'g'ri, jamiyatda odamlar orasida yashar ekanmiz, eldan chiqishga haqqimiz yo'q. Birgina sizning orzu-havasingiz minglab odamlarning hayotiga ta'sir ko'rsatishi, ma'naviy muhitni izdan chiqarishi mumkin. Shunday ekan, bu ishlar nazoratga olinishi shart.

Nikoh to'ylarini ikki yoshning jamiyatga yangi oila bo'lib kirganini bildirish ekanini yoshlarning ongiga singdirish kerak. Afsuski, bu ota-onalarning jamiyatdagi o'rnini belgilash rolini o'ynab kelmoqda. Qisqasi, bu kattalarning o'z shaxsiy “men”ini qondirishining bir ko'rinishidir.

Bir oilani bilaman. Oila boshlig'i bir necha yildan buyon Rossiyada ishlab kelyapti. Bu orada qiz chiqardi, ikki o'g'lini uylantirdi. “Eldan kam bo'lmay” deb, dan­g'illama to'y qildi. Yillar davomida peshona teri evaziga kelgan mablag'ini bir kunlik to'yga sarfladi. To'ydan ke­yingi “salom”, “challari”, “yo'qlov”larni o'tkazgunicha bo'lari bo'ldi. Endi tashvishlari aridi, u ham issiq uyida, oila a'zolari bag'rida yashaydi, deb o'ylagandik. Yo'q, u ancha qarzga botgan, qarzidan qutulish uchun yana o'zga yurtga ishlagani ketishga majbur edi.

Inson orzulari bilan go'zal. Ammo bu orzular sog'lig'ingizni boy berish, yaqinlaringizdan yiroqda, sog'inch va iztirobda umrguzaronlik qilish evaziga ijobat topmasligi kerak.

Bugun nafaqat qiz chiqarayotgan, balki kelin qidirayotgan xonadon ham to'ylarni ixcham, kamxarj qilib o'tkazish, eldan chiqmagan holda to'y boshlash tarafdori. Agar biz chindan isrofgarchilikka qarshi bo'lsak, xalqimizning qadimiy va eng mo''tabar udumi bo'lgan to'y-marosimlarini musobaqaga aylanib ketishining oldini olgan bo'lamiz.

— Ishonchim komil to'ylarimiz tartibga tushadi, — deydi Mansur Bekmurodov. — Avvalo, elu yurt nazarida bo'lgan insonlar, turli lavozimdagi davlat xizmatchilarining to'y-marosimlarini Senat Nizomidan chetga chiqmagan holatda o'tkazishga erishsak, boshqalarga namuna bo'la olamiz.

Bundan yuz yil avval yirik alloma Mahmudxo'ja Behbudiy: “To'y va ta'ziyag'a sarf qilinaturg'on oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yo'lig'a sarf etsak, anqarib ovrupoyi­lardek taraqqiy etarmiz va o'zimiz-da, dinimiz-da obro'y va rivoj topar. Yo'q, hozirgi holimizg'a davom etsak, din va dunyog'a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo'lmaydur”, degan edi.

Ha, yillar davomida yiqqanimizni bir kunlik ho-yu havasga emas, farzandlarimiz ilmu kamoliga sarflasak, bir kun o'z mevasini beradi. Zero, baxt yaltiroq va soxta hashamda emas, bilim va ma'rifatda.

Risolat Madiyeva.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + one =