Umrning bir kuni

Akademik Asqar Xolmurodov odatdagi turmush tarziga aylangan ish kunlarining birida qat'iy qarorini amalga oshirishga kirishdi. U ko'pdan beri mahzun kayfiyatda yurar, ijtimoiy hayotda ro'y berayotgan o'zgarishlarni tasavvuridan o'tkazib, mantiqni aniq ko'rmayotgandi. Go'yo kurash boshlangan, ammo omad qaysi tarafda ekanligini bilib bo'lmasdi.

Hamma o'z haqiqatida sobit, boshqa bilan hisoblashmas, qolaversa, muqobil fikrga o'rin ham yo'q, uni hech kim ting­lamasdi. O'shanda yuqori lavozimda o'tirgan bir mulozimga ziyolilarning maoshini oshirish haqida gap boshlagandi, e yo'q, be yo'q bozordagi chapanilardek so'kinib yubordi. Holbuki, o'sha vaqtda olim parlament qo'mitasi raisi va kengash a'zosi edi.

Bu hol A.Xolmurodovning kayfiyatiga ta'sir qildi, bezovta bo'lib yurdi: “Xalqning taqdiri kimlarning qo'lida?” Bu noxushlikni tezda unutdi. NATO bosh qarorgohidan katta loyihada hamkorlik qilish uchun kelgan taklif yana yorug' dunyosiga qaytardi. Fan va texnologiyalarning keyingi asrlardagi yo'nalishini belgilaydigan bunday yirik strategik loyihaga hammani ham sheriklikka taklif etishavermaydi. Axir uning ikki yuzdan ortiq maqola va tad­qiqotlari bioximiya fanining oltin xazinasiga kiritilgan edi-da.

A.Xolmurodov ishchan kayfiyatda institut laboratoriya mudiri Qahramon Davronovni chaqirtirdi. Suhbat qisqa va aniq bo'ldi:

— Seni bugun direktor o'rinbosarligiga tayinlayman.

Taklif kutilmagan edi, Qahramon Davronov e'tirozini yashirib o'tirmadi:

— Qanday bo'larkan? Institut katta dargoh, bizning yo'nalishimiz yaqin. Qolaversa, bir viloyatdanmiz. Bu mahalliychilikka o'xshab qolmaydimi?

Direktor e'tirozlarni qat'iy rad etdi. Ilmiy kengash chaqirildi va rahbar o'z qarorini e'lon qildi. Albatta, bu to'xtam turli qarashlarga sabab bo'ldi.

O'sha kun Toshkent qalin qor ko'rpasi qo'ynida edi. Uch-to'rt kun oldin yoqqan laylak qorning hali cheti ham ochilmagandi. Asqar aka zimmasidagi bir yukdan xalos bo'lgandek yengil tin oldi. U o'z yechimidan mamnun edi. Keyin Fanlar akademiyasiga o'tdi, kotibiyatga kirib, o'z qarorini ma'lum qildi. Kunning qolgan qismida Oliy Majlisda band bo'ldi. U yuqorida aytganimizdek, parlamentda Fan, ta'lim, madaniyat va sport qo'mitalari raisi va Oliy Majlis Kengashi a'zosi edi.

Kunning davomi ham odatdagidek kechgandi. Oqshom yumushlarini saranjomlab uyiga borgan, ovqatlanib, shu kungi gazeta-jurnallar bilan tanishishga kirishgandi. Mutolaaga sho'ng'ib ketganidan qabul qilishi lozim bo'lgan dorilarni unutgandir ehtimol. Anig'i — turmush o'rtog'i Lyudmila Shvachko (u ham biolog olima) katta zalda o'sha paytlari endi urf bo'layotgan xorij seriallari tomoshasiga butun borlig'i bilan g'arq bo'lgancha o'tirardi.

Qahramon Davronov eslaydi: “Tayinlovdan keyin yangicha kayfiyat bilan ishga keldim. Darhol ish boshqaruvchimiz kirib keldi-da: “Eshitdingizmi?” dedi. “Nimani?” “Asqar G'aniyevich…” “Nahotki?…” Dod dedimmi, baqirib yubordimmi, bilmayman. Afsuski, shunday fojia ro'y bergandi”.

Shu taxlit Yakkabog'da tug'ilgan, 35 yoshida Kiyevda biologiya fanlari doktori ilmiy darajasini himoya qilgan, yigirma yildan ko'proq umri davomida Ukrainada fanda katta kashfiyotlari bilan tilga tushgan, e'tirof etilgan, hozirda O'zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Mikro­biologiya instituti direktori, jamoat arbobi bu yorug' olamni tark etdi. O'shanda u 58 yoshda edi (taqdirni qarang, otasi ham shu yoshda vafot etgan ekan).

— Ko'pchilikda, ayniqsa, olimlarda ichki sezish tuyg'usi kuchli bo'ladi, — deydi tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent G'ulom Jalolov. — Asqar aka: “Otamning yoshidan o'tsam, uzoq yashab ketaman”, degan gapni ko'p takrorlardi. Chamasi, otasining yosh ketgani unga yomon ta'sir qilgan, chet ellarda yurib, yetarlicha o'g'illik xizmatini qila olmagani armon bo'lib qolgan.

Ha, taqdir bitigi shunday yozilgan ekan. Albatta, endi chinakam kamolotga erishgan, e'tirof etilgan akademikning rejalari ko'p bo'lgan. Negaki, butun faoliyati davomida maqsad sari faqat olg'a intilgan olimning istiqbolida keng maydon ochilgan, uni dunyo ilm-fani tanir, e'tirof etgan, endi u chinakamiga xalqi, Vatani nomidan so'zlashga ma'naviy huquq olgandi.

— Asqar aka chinakam o'zbek farzandi edi, — deydi ul zotni yaqindan bilgan G'ulom Jalolov. — Kiyevdagi uyining bir xonasini o'zbekcha qilib yasatib qo'ygandi: shohi-atlas ko'rpachalar, paxta gulli idishlar. Devorda rubob va doira. Shirali ovozi bor edi, to'lqinlanib qo'shiq kuylardi. Umuman, rahmatlik har tomondan barkamol inson edi. Badiiy adabiyotni, she'riyatni nozik tushunardi. O'zi ham she'r­lar yozar, hatto ukrain tilidan tarjimalar ham qilgandi. Mehribon, dilkash, g'amxo'r. Ingliz, rus, ukrain, polyak tillarini mukammal bilardi. Qo'li shirin pazanda – xullas, xalqimizga xos barcha ijobiy fazilatlar unda mujassam edi.

Shundanmi, ukrain olimlari uni iftixor bilan “Ikki xalqning farzandi”, deb ataganlar. Ilmiy faoliyatiga ham yuksak baho berib, “Ukraina fanining yorug' yulduzi”, deb ulug'laganlar, eng nufuzli olimlar uni: “U Ukraina mikrobiologiya fani vitaminologiya bo'limiga asos soldi”, deb ta'riflaganlar. Shu tufayli Ukraina FAning A.Palladin nomidagi nufuzli mukofotiga loyiq ko'rilgandi.

1985 yilda O'zbekistonga qayt­gach, Mikrobiologiya instituti direktorligida ish boshlagan Asqar Xolmurodovning faoliyati yanada keng qamrovli bo'ldi. Yurtimiz ilmiy hayotida faol ishtirok etdi. Akademik, keyinroq vitse-prezident bo'ldi. Istiqlol yillarida olimning yuksak xalqaro nufuzi yosh davlatimiz ilm-fanini jahonga tanitishda katta rol o'ynadi, ko'plab yirik ilmiy anjumanlarda yurtimiz nomidan, ba'zan delegatsiya rahbari bo'lib qatnashdi.

— Asqar akaning ishonchi menga qanot bo'lgandi, — deydi Qahramon Davronov. — Rahbarligi ostida butun qobiliya­timni ishga solib ishlash ishtiyoqi bor edi, nasib etmagan ekan. U zotdan bizga juda katta ilmiy va ma'naviy meros qolgan. Jamoamiz yetuk olim va jamoat arbobining nomini doim faxr bilan tilga oladi. Merosini o'rganish maqsadida o'qishlar, konferensiyalar tashkil etiladi. 70 yilligi munosabati bilan “Yakkabog'da tog'lar ham bor” degan xotira kitobi nashr etildi. Asqar Xolmurodovning ilmdagi fidoyiligi, insoniy fazilatlari biz uchun har doim o'rnak.

Qahramon Davronov yaqinda institut direktorligiga tayinlanibdi. Unga ishonch bildirilib, ilmiy markazning nufuzini yanada oshirish, salohiyatini dunyoga namoyish etish vazifasi yuklanibdi. Zero, bu borada tilga olishga arziydigan yutuqlar bor. Asqar Xolmurodovning faoliyati bunga yorqin misol. Qolaversa, yurtimizda boshlangan yangilanish nafasi yana boqiy qadriyatlarga keng yo'l ochayapti. Totalitar sharoitda turli ziddiyatlarni yengib, o'z iqtidorini dunyoga namoyish qila olgan, o'zbek nomini yuksak minbarlardan jaranglatgan buyuk olim hayot yo'li ham bugun Prezidentimiz tashkil qilgan maxsus maktab talabalari uchun yorqin o'rnakdir. Bir paytlar Xolmurodovlar yagona chiqqan bo'lsa, endi Prezident maktablari bag'ridan o'nlab iqtidor sohiblari dunyo sahniga yo'l olib, xalqimiz, millatimiz nomini tarannum etgusidir. Illo, bunga to'la asoslar bor.

Hakim Sattoriy.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − seven =