Qamal ostidagi muhabbat

Shu zahotiyoq Erik kutubxonaga jo'nadi va yangiliklar yozilgan gazetalarni titkilay boshladi. Nihoyat, u izlayotgani — ayolning Sarayevo ko'chalaridan yugurib o'tayotgan rasmini topdi. Rasmning tagiga uning ism-familiyasi yozilgandi. U Mirsada Byurik ekan.

1992 yil yoz oylarining yakshanba tonglaridan biri edi. Erik Adam Arizona shtatidagi Foneks shahridagi kvartirasida kir yuvish bilan o'zini ovutar, o'tmishini eslamaslikka harakat qilardi. O'tgan kun qayg'usi sabab televizordagi yangiliklar ham deyarli qulog'iga kirmas edi…

Ikki yil oldin Erik juda baxtli yashardi, chunki u Suzi ismli ajoyib ayolga uylangandi. Kutilmaganda Erikning baxtli kunlari to'satdan yakun topdi. Suzi 33 yoshida yurak xurujidan olamdan o'tdi. Mana, ikki yildan buyon Erik o'z yog'ida o'zi qovrilyapti. Divanga cho'kdi deguncha xayollari yana Suziga ketaveradi.

Yana televizor muruvvatini buradi, muxbir Olimpiada o'yinlariga tayyorgarlik ko'rayotgan yuguruvchi bosniyalik ayol haqida hikoya qilayotgandi. “Bu ayol kunda ikki marta Sarayevo ko'chalaridan yugurib o'tadi”, derdi muxbir. “Sarayevo?” Erik hayratlandi. Ha, Sarayevoda fuqarolar urushi bo'layotibdi, qanday qilib shunday vaziyatda olimpiadaga tayyorgarlik ko'rish mumkin? Erik diqqat bilan televizorga qaradi. Yoshgina ayol Sarayevo ko'chalaridan boshini baland tutib yugurardi, go'yo snayperlar uni ham nishonga olishga harakat qilayotgandek edi. Ayol esa tinimsiz kamera tomonga qarab qo'yardi. Shu tariqa yangilik nihoyasiga yetdi.

Erik ekranga uzoq tikilib qoldi. U hayratdan qotib qolgandi. Bu ayolda qanaqa mardlik xususiyati borki, u urush ketayotgan payt­da o'z maqsadiga erishish, Olimpiada chempioni bo'lish uchun yuguradi. Qoyil! Erik tuyqus u ayol bilan uchrashgisi va suhbatlashishni juda-juda xohlayotganini sezdi. Lekin bu oson ish emas, sportchi ayol dunyoning narigi chekkasida yashaydi. Erik hatto uning ismini ham bilmaydi.

Shu zahotiyoq Erik kutubxonaga jo'nadi va yangiliklar yozilgan gazetalarni titkilay boshladi. Nihoyat, u izlayotgani — ayolning Sarayevo ko'chalaridan yugurib o'tayotgan rasmini topdi. Rasm­ning tagiga uning ism-familiyasi yozilgandi. U Mirsada Byurik ekan. Erik gazetadagi xabardan bildiki, u hozir Sarayevoda emas, Ispaniyaning Barselona shahrida, Yozgi olimpiada o'yinlariga tayyorgarlik ko'rmoqda.

Erik Mirsadaga xat yozdi, xatda uni televizorda ko'rganligini, ko'rib hayratga tushganini, Amerikada ham uni ardoqlaydiganlar bor ekanligini bitdi. “Agar men sizga yordam bera oladigan bo'lsam, iltimos, menga xabar qiling”, u xatini shunday deb tugatdi.

Mirsadaning olimpik poygasi uch ming metr bo'lib, u bu musobaqada yutmadi, lekin finish chizig'ini kesib o'tayotganida to'planganlar uni olqishlab qichqirishdi va o'rnidan turib qarsak chalishdi.

Olimpiadadan keyin Mir­sada Sarayevoga qayta olmadi, chunki bu juda xavf­li edi. U Bosniyaning g'arbidagi Sloveniya degan davlatda qochoq sifatida qo'nim topdi. Oiladan ajralib qolgan Mirsada o'zini yolg'iz his etib, Erikning xatiga javob berishga qaror qildi. Bir amallab Bosniyacha-inglizcha lug'atdan foydalanib, xat yozdi. Biroz muddatdan keyin Erik Mirsadaga javoban yana bitta xat va o'zining rasmini jo'natib yubordi. Keyingi bir necha oy davomida to'rt marotaba xat Erik va Mirsada orasida tinimsiz parvoz qilib turdi. Nihoyat, Erik yaqinda Yevropada bo'lishini va yo'l-yo'lakay Sloveniyaga ham kirib o'tmoqchiligini ta'kidladi. U Mirsada bilan uchrashmoqchi edi.

…Tungi soat to'qqiz… Mirsada Erikni kutib, shaharning bir chekkasida turardi. Shu payt kichkinagina yo'lovchi mashinadan jigarrang soch, ko'k ko'zli odam tushib keldi. Bu Erik edi. U Mirsadaga qarab yurdi. Unga inglizchada “Qalaysiz?” — dedi. “Yaxshi” zo'rg'a javob qaytardi Mirsada. So'ng ikkalasi bir-biriga qarab qoldi. Erik bosniyacha gaplasha olmas, Mirsada esa inglizchani deyarli bilmas edi.

Mirsada, Erik va bir tarjimon Mirsadaning kichkinagina hujrasiga borishdi. Ular quyosh chiqquncha gaplashib chiqishdi. Afsuski, Erik ketishi kerak. Agar u yo'lga chiqmasa, AQShga bo'ladigan parvozga kech qoladi. Mashinaga yaqinlashar ekan, Erik Mirsadaning ko'zidagi ma'yuslikni payqadi. To'satdan: “Men bilan AQShga ketishni xohlaysanmi?” — dedi. “U yerda seni bog'lab, chirmab tashlaydigan arqonlar yo'q”. “Qaytishingga ham, albatta, bilet sotib olaman”, dedi Erik. Mirsada yig'lashni boshladi. “Yo'q”, — u javob qaytardi. “Rahmat. Lekin yo'q”.

“Yaxshi, agar qachonlardir fikring o'zgarib qolsa, men bilan bog'lanishing mumkin”, dedi Erik.

Mirsada Erikning taklifini haftalar davomida o'yladi. Nihoyat, u Amerikaga borishga qaror qildi.

1993 yilning mart oyida Mirsada Arizonaga yetib keldi. U Erikning uyini oson topdi, chunki Erik manzilini aniq-tiniq yozib qoldirgandi. Ular avvaliga aka-singildek yashay boshlashdi. Bu orada Mirsada ingliz tilini o'rgandi, kollejda saboq oldi. Vaqt o'tishi bilan Mirsadaning yuragida Erikka nisbatan muhabbat uyg'ondi. Va ular 1993 yilning dekabr oyida turmush qurishdi.

1996 yilning yozi edi. Olimpiya mash'alasi Arizona shtatining Foneks shahri bo'ylab Jorjia shtatining Atlanta shahriga qarab harakatlandi. Mirsada o't­gan olimpiada o'yinidan buyon erishgan narsalarini o'ylay boshladi: Amerikaga kelib, ingliz tilini o'rgandi, kollejni tamomladi, yana nimaga erishdi ekan? Qiziq. Ana u, Foneks shahri ko'chalarida Olimpiada mash'alasini ko'tarib chopayapti. Mirsada bu ko'chadan xuddi Sarayevo ko'chalarida yugurayotgan chog'laridagidek boshini baland qilib, yugurib o'tyapti…

Ingliz tilidagi

“Real hayotda bo'lgan

voqealar” kitobidan

Nosir Sherboyev tarjimasi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 6 =