Bu san'at sudya uchun ham juda zarur

Til borki, millat bor. Ko'hna tarix o'z ona tiliga ega bo'lmagan xalqni millat sifatida e'tirof etmaydi. Tilni millat ramzi sifatida anglar ekanmiz, uni ko'z qorachig'iday asrash, boyitish, talaffuz me'yorlariga to'la rioya qilish, buzgan, chalkashtirgan holda talqin etishning har qanday ko'rinishlariga qarshi turish yurtimiz fuqarosining vatanparvarlik burchidir.

Til, matn, talaffuz, deganda aksariyat yurtdoshlarimiz nigohida ko'pincha qalam ahllari, ya'ni ommaviy axborot vositalari, kitob va ilmiy hamda ommabop maqola va ma'ruzalarni irod etuchi ijodkorlar siymosi gavdalanadi. Chindan ham shunday. So'z va ibora yo'q joyda kitob ham, gazeta yoxud jurnal, hatto internet aloqasi va muloqot vositalari ham mavjud bo'lolmaydi. Kurrai-zaminimiz “oynai jahoni” ham usiz faoliyat ko'rsata olmaydi. Tilu zabonga ega bo'lmagan xalq va millatni esa hatto tasavvuringizga ham sig'dira olmaysiz.

Shu o'rinda til va matnni qurol qilgan badiiy va publitsistik ijod ahliga eng yaqin turuvchi kasb sohiblari kimlar, degan savol tug'iladi. Nafsilambirini aytganda, qalamkashlikni kasb qilgan jurnalist, nasr va nazmda ijod qiluchi yozuvchi-shoirlar, ilm-fan ahllari safida sudya libosidagi insonlar ham borligini, albatta, e'tirof etmoq joiz.

Huquq sohasining oddiy xodimi sifatida yaqinda chamalab ko'rdim: sudya maqomidagi kasbdoshlarimizning har biri yiliga o'rtacha o'z bo'yi barobar qalinlikdagi qog'ozga matn bitar ekan. O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yurist O'ktam ota Rahimov, ushbu kasbning taniqli sohiblaridan Durdiboy Matmurodov, Sharifboy Bobojonov, Ro'zimat Xudoyberganov, Sultonmurod Xo'jamurodov, Odilbek Karimov, Hasanboy Muhammadjonov, Ulug'bek Bekturdiyev, Olimboy Masharipovlarning bu boradagi malaka va mahoratiga shogirdlik tuyg'usi-la tan beramiz.

Ustoz qalamkashlardan eshitganim bor: matnda so'zlarni takror qo'llashdan doimo tiyilmoq darkor. Uni bitta jumlada bir necha bor qo'llamoq matn bituvchining no'noqligidan darak beradi.

Bitiklarimiz aniq, lo'nda, sodda va tushunarli tarzda yozilsagina ma'no-mazmuni kishilar, shu jumladan, manfaatdor taraflarning ong-tafakkuridan ham chuqur joy oladi, ta'sirchanligi ortib, nainki sudya, balki ushbu dargohning ham nufuzi, obro'-e'tibori yuksaladi. Jumla bitish mahoratini ozroq bo'lsa-da, egallay olmagan xodimning malakali sudya qiyofasida shakllanishini tasavvur etish amri mahol.

Ayni mahalda esa bir qator hamkasblarimiz bitayotgan sud hujjatlari, matnlarda qaytariq so'z va iboralar, uzundan-uzoq va hatto takroriy jumlalar ham uchrayaptiki, bu holat nihoyatda katta va teran til hamda so'z boyligimiz namunalarini chuqur egallashga bo'lgan e'tibor keskin kuchaytirilishi zarurligini taqozo qilayapti. Bu boradagi salohiyatimizni oshirishning eng maqbul yo'li nazarimizda kitoblar, gazeta va jurnallar mutolaasiga alohida e'tibor qaratishdan iborat.

Zero, Prezidentimiz yurtimizda kitobxonlik darajasini yuksaltirish masalasini bejiz kun tartibiga qo'yayotganlari yo'q. Ommaviy nashrlar ham tilimiz xazinasini boyitishda alohida muhim ahamiyat kasb etishini unutmaslik zarur. Sudyaning doimiy hamrohi so'z, ibora, jumla ekani va hamisha ana shu “dastyor”lar qanotida faoliyat ko'rsatishi huquqshunos kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug'ullanuvchi ilm-fan va ta'lim dargohlari ustoz-muallimlari e'tiborini doimo jalb etib tursa, deymiz. Bunda til ilmiga oid ta'lim soatlari va dasturlarini yanada ko'paytirish va boyitishning ahamiyati, ayniqsa, katta. Qalovini topsa, qor ham yonadi, de­yishadi. Binobarin, sudyaning amaldagi qonunlar, me'yoriy hujjatlarda ifodasini topgan atamalar, so'z va iboralar doirasida faoliyat ko'rsatishi zarurligini ham tilga olmoq zarur.

Jahon ilmiy va ijodiy jamoatchiligi buyuk Alisher Navoiy bobomizning mashhur “Xamsa” asari jami 12 mingdan ziyod turkiy so'z va iborani o'zida mujassamlashtirganini millatimizning katta va bebaho til boyligi sifatida e'tirof etgan. Bu – yer yuzidagi manaman, degan millatlar, chunonchi, ingliz, rus, arab, xitoy, ispan, nemis, fransuz tillarida so'zlashuvchi xalqlar bisotidagi so'z boyliklaridan kam emasligini tasdiqlovchi ishonchli dalildir.

Ushbu qimmatli ne'matni o'zlashtirmoq va undan oqilona foydalanmoq biz — sud-huquq jabhasi xodimlari uchun ham farz, ham qarz, u ishimizga mudom katta naf keltirishiga shak-shubha yo'q. Til boyliklarini o'zimiz bitayotgan hujjatlarda muvaffaqiyatli qo'llamoqni esa davrning o'zi ham talab, ham taqozo etayapti.

Akbar Aminov,

jinoyat ishlari bo'yicha Hazorasp tuman sudi raisi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − seven =