Navoiy viloyati: ishonchli va yorug' qadamlar

Navoiy viloyatiga yengil mashina yaqinlashgani sayin havoga ko'tarilayotgan iliq haroratli rango-rang oqish bulutlar sanoat korxonalarining uzluksiz ishlayotganini anglatib turardi.

Navoiy shahri ixcham bo'lsa-da, juda ko'rkam, shahar ahlining madaniy dam olishlariga mo'ljallab barpo etilgan bog'lar, xiyobonlarda yaratilgan sharoitlar, ko'p qavatli uy-joylarning o'ziga xos uslubda qad rostlagani, mo''jaz ko'chalarning ravonligi ko'zni quvnatsa, piyodalar yo'lkasi qoidalariga haydovchi va yo'lovchilarning qat'iy rioya qilishi bu yerda tartib-qoida amalda ekanligini ko'rsatadi.

Xizmat safarimiz davomida Navoiydagi izchil islohotlar kechayotganiga guvoh bo'ldik. Albatta, bu yerda respublikamizga ma'lum bo'lgan bir qator yirik sanoat obyektlari, jumladan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement” singari yetakchi korxonalar faoliyat yuritadi. Ammo biz viloyatdagi boshqa tizimlar – matbuot, adliya, ta'lim-tarbiya muassasalarida olib borilayotgan yangilanish, o'zgarishlar bilan tanishishni niyat qildik.

Yangicha ishlash vaqti keldi

O'zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Navoiy vi­loyati bo'limi raisi Otabek Aslonov ish uslubida yangicha tadbir joriy etganini quyidagicha gapirdi:

— Ushbu yilning avgust oyi­dan boshlab hokimlik vakillari, tashkilot va boshqarmalar rahbarlari hamda jurnalistlar ishtirokida Press-tur (matbuot anjumani) tashkil etdik. Tadbirlarda tashkilot rahbarlari o'z faoliyatlari yuzasidan OAV vakillari bilan fikr almashadi. Jurnalistlar sohalar kesimida ma'lumotga ega bo'lishadi. Shuningdek, o'zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita mutasaddilarning o'zidan javob olish imkoni mavjud. Bunday tadbirlar rahbarlarda jurnalistlar bilan muloqot o'tkaza olish, axborot berish ko'nikmasini shakllantiradi.

— Viloyatimizda ba'zan qurilish yoki buzish ishlari kutilmaganda boshlanib ketadi, — deydi viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Dilshod Mamarajabov. — Tabiiyki, bu jarayon ko'pchilikda norozilik uyg'otadi. Navbatdagi Press-tur viloyat qurilish bosh boshqarmasi bilan o'tkazilganda ayni shu masala muhokama qilinganidan xabarim bor. Natijada, OAV vakillari viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini tubdan yangilash sari qadam qo'yilayotganiga guvoh bo'lishdi. Deylik, Navoiy shahrida yaqinda foydalanishga topshirilgan “Yoshlar xiyoboni”ning barpo etilishi oldidan boshlangan buzilishlar ijtimoiy tarmoqlarda anchagacha tanqidga uchradi. Bugunga kelib esa mazkur xiyobon, uning tungi ko'rinishi go'zal manzara kasb etgani, nafaqat viloyatdoshlarimiz, balki vohamizga tashrif buyurgan mehmonlarni ham befarq qoldirmayapti.

Albatta, OAVlari bilan mamlakatimizdagi mavjud rasmiy idoralar hamkorlikda faoliyat yuritishsagina ijobiy natijaga erishish mumkin. Buning uchun, avvalo rahbar gazeta o'qishi, tanqidiy yoki o'ta maqtov bitilgan maqolalarga o'z munosabatini bildirib borishi kerak. Markaziy nashrlarga barmoq uchidan qarash mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishlarni xaspo'shlayotgan, tirnoq orasidan kir qidirishga intilayotgan “kuch”larga katta maydon yaratishini unutmasligimiz lozim.

Demak, OAVlariga obuna bo'lish masalasi faqat tahririyatlarda emas, balki hukumat doirasida qo'llab-quvvatlanishi lozimligini davr taqozo etmoqda.

Dunyo tanigan, tan olgan yurtimiz bor

Bugungi kunda Navoiy viloyatiga “Erkin iqtisodiy zona” maqomi berilgani xorij inves­torlarida o'zgacha qiziqish uyg'otdi. Ayni paytda viloyatga tashrif buyurayotgan chet ellik investorlar oqimi kuchaygani mavjud mehmonxonalarda to'lov narxi xorij valyutasi kursida belgilanganidan ham sezildi.

— Ma'lumki, Konimex chorvachilikka ixtisoslashgan tuman edi. Yaqin yillar ichida sanoatlashgan hududga aylanadi, deb hech kim o'ylamagandi, — deydi viloyat hokimi o'rinbosari Faxriddin Soliyev. — 2019-2020 yillarda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan 25 ta loyiha amalga oshiriladi. Mahalliy tadbirkorlarning tashabbuskorligi oshayotgani, tumanga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarning jalb etilgani natijalar rejadan ko'ra salmoqli bo'lishini va'da qilmoqda. Xususan, bugungi kunda viloyatimizga Kanada, Ukraina, Gretsiya, Xitoy va Hindiston kabi davlatlarning bir qator kompaniyalari muzokaralar olib borish uchun tashrif buyurishdi.

Ayni paytda Konimex tumanida o'z faoliyatini boshlagan “Konimex Nasl Chorva” MChJ bunga misol bo'la oladi. Mazkur jamiyat O'zbekiston — Eron qo'shma korxonasi hisoblanib, loyiha qiymati 1,5 million AQSh dollarini tashkil etdi.

Bugungi kunda korxonada 121 bosh “Golshteyn” zotli qoramol parvarishlanmoqda. Yaqin kelajakda qoramollar sonini ming­taga yetkazish hamda xo'jalik qoshida sut mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash sexini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadda qurilish ishlari jadal olib borilmoqda.

Hammamizga ayonki, bugun dunyo tijoratchilari mamlakatimizga bejizga intilayotgani yo'q, ularning maqsadi yangi bozorda o'zining qo'shimcha ishlab chiqarishini tashkil etish, evaziga mo'may daromad ko'rish ekani ma'lum. Shunday ekan, bundan avval LUKOIL singari xorij investorlari bilan tuzilgan shartnomalardagi xatolik ro'y bermasligi uchun endigi o'zaro bitimlarda zarracha kamchilikka yo'l qo'ymaslik zarur ekanligini davr isbotladi. Puxta reja asosida ertangi kun istiqbolini yaratish ham farz, ham xalqimiz oldidagi qarzimizdir.

Shu kunlarda dunyo investorlarining ma'lum qismi viloyatdagi shart-sharoitlar bilan tanishish, o'z loyihalari asosida hamkorlik faoliyatini yo'lga qo'yish istagini bildirishayapti. Mazkur yilning 8 oktyabrida Hindistonning “Delhi International Airport limited” (DIAL) kompaniyasi tijorat direktori Sanjiv Edvard bilan Navoiy viloyati hokimligi mutasaddilari o'zaro hamkorlik to'g'risida suhbat o'tkazishdi.

Mazkur kompaniya aeroportlar hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, avtomagistrallar qurish ishlari bilan shug'ullanadi. Shuning­dek, shahar infrastrukturasini yangi shaklda barpo etish loyihalarini amalga oshiradi. Bu kompaniya dunyodagi yirik tijoratchi korchalonlar orasida to'rtinchi o'rinni band etib turibdi. DIALning Nepal, Indoneziya, Singapur, Filippin va Gretsiya singari mamlakatlarda faoliyatdagi aktivlari va loyihalari mavjud.

Sanjiv Edvard janoblari Navoiy xalqaro aeroporti va Xalqaro intermodel logistika markazi bilan tanisharkan, o'zaro hamkorlik qilishdan mamnun ekanini bildirdi. Viloyatda amalga oshirilayotgan keng ko'lamdagi islohotlar bu yurtning poydevori mustaham, kelajagi barqaror ekanini anglatadi.

— Bugungi kunda viloyatning barcha tumanlarida xorijiy investorlarni uchratish mumkin. Ular, asosan, xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan korxonalarni barpo etish, ularni eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash loyihalarini taqdim etishmayapti, — deydi F.Soliyev. — Shuningdek, quritilgan meva mahsulotlarini qayta ishlash, paxta tolasidan turli kiyim-kechaklar tayyorlash hamda sanoatning boshqa sohalariga ham investitsiya kiritishga tayyor ekanini bildirishayapti. Viloyatimizda xorijlik ishbilarmonlarning erkin faoliyat yurtishiga barcha qulayliklar yaratilgan.

Tarozining adl pallasi

Sherzod Bahromov,

Navoiy viloyati adliya boshqarmasi boshlig'i:

— Prezidentimizning 2019 yil 9 yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to'g'risida”gi Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida ichki tartibda ish reja ishlab chiqdik. Belgilangan vazifalarni adolat tarozisiga qo'yib, xolis amalga oshirishda aholi bilan Navoiy televideniesi orqali qilinayotgan jonli muloqot asqotayapti. Bundan tashqari, “Adliya minbari” teleko'rsatuvi jonli tarzda efirga uzatilayapti. “Shaxs – oila — mahalla — ta'lim muassasasi — tashkilot — jamiyat” tizimida hamkorlikni yo'lga qo'ydik.

Albatta, Adliya tizimida qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish, odamlarni rozi qilish bosh masala hisoblanadi. Shu kungacha tashkilot va idoralarga 105 ta taqdimnoma, 24 ta ma'muriy javobgarlikka tortish bo'yicha takliflar kiritilgani, taqdimnomalarga asosan 72 nafar shaxslar intizomiy javobgarlikka tortilib, 2 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgani sohada amaliy ishlar qilinayotganini ko'rsatadi. Bundan tashqari, 23 nafar shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilib, sudlarga kiritilgan 7 milliard 400 million so'mga yaqin da'vo arizalari qanoatlantirilgan. Shunday paytda tarozining adl pallasi kimning qo'lida ekanligi bilinib qoladi.

— Bizda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga jiddiy e'tibor qaratiladi, ularni o'z vaqtida o'rganib chiqish choralari ko'rilib, e'tibor takroriy murojaatlarning oldini olishga qaratiladi, — deydi Sh.Bahromov.

Ta'lim yangilanish pallasida

Nurbek Ulug'berdiyev,

Navoiy viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig'i:

— Navoiy viloyatidagi ta'lim-tarbiya muassasalarida o'qish 5 tilda, ya'ni o'zbek, rus, qoraqalpoq, qozoq va tojik tillarida olib boriladi.

2018 yil yakunida mahalliy byudjet qo'shimcha orttirilgan mablag'lar hisobidan maktablarning moddiy-texnika bazasi mustahkamlash va qurilish-ta'mirlash ishlari uchun 39,3 mlrd. so'm ajratilgan va bu ko'rsatkich Respublikada har bir o'quvchiga ajratilgan mablag'lar bo'yicha viloyat hokimligi eng yuqori reytingni egalladi.

Boshqarma tashabbusi bilan shahar va tumanlarda “Iqtidorli yoshlar klubi” tashkil etildi. Klubga iqtidorli va iste'dodli o'quvchi-yoshlar qamrab olindi. Natijalar esa yomon emas — 2019 yil 30 mayda umumta'lim maktablari o'rtasida o'tkazilgan “Eng obod maktab” tanlovining Respublika bosqichida Navoiy shahar 13-umumiy o'rta ta'lim maktabi g'olib bo'ldi. Shuningdek, aniq fanlar olimpiadasining Respublika bosqichida Navoiy shahar 8-umumiy o'rta ta'lim maktabi 11-sinf o'quvchisi Parizoda Axatova Rus tili va adabiyoti (milliy sinflarda) fanidan 1-o'rinni, Xatirchi tumanidagi 6-umumiy o'rta ta'lim maktabi 11-sinf o'quvchisi Durdona Olimova Davlat va huquq asoslari fanidan 2-o'rinni, Uchquduq tumani 9-umumiy o'rta ta'lim maktabi 11-sinf o'quvchisi Gulperizat Qonarbayeva Qozoq tili va adabiyoti fanidan 3-o'rinni qo'lga kiritdi.

Shuningdek, 2019 yilning yanvar oyida Qozog'istonda Jautikov nomidagi 15-Xalqaro olimpiadada Zarafshon shahar 12-umumiy o'rta ta'lim maktabining 11-sinf o'quvchisi Soliboy Razzoqov fizika fanidan ishtirok etib, 3-o'rinni egalladi va bronza medali sohibi bo'ldi.

Bunday misollarni ko'plab keltirish mumkin. Viloyatimizda ta'limga alohida e'tibor qaratilgan, iqtidorli, ya'ni barcha fanlarni a'lo o'zlashtirgan o'quvchilar taqdirlanib kelinadi. Bu o'quvchi-yoshlarning o'tilgan darslarni o'zlashtirishida ko'tarinki kayfiyat bag'ishlaydi.

Bizda kuchlilar tarbiyalanadi

— Bizda sport turlari bo'yicha federatsiyalar soni 44 ta bo'lib, 23 ta olimpiya, 5 ta milliy va 16 noolimpiya sport turlari bo'yicha 632 ta murabbiylar mashg'ulotlar olib borishadi. Murabbiylarning 186 nafari ayol murabbiylardir, — deydi viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig'i Shahlo Narziyeva. — Seksiyalarda sport bilan muntazam shug'ullanuvchilar soni 90647 nafarni tashkil etdi.

Men faxr bilan aytishim mumkin, ushbu yilning 9 oyi davomida viloyatimiz 18 marta Respublika chempionati va kuboklariga mezbonlik qildi. Bunga sabab, viloyatimizda sport musobaqalarini o'tkazish o'yingohlari talabga javob bera olishini doim nazorat qilamiz. Yil boshidan 986 ta omma­viy sport tadbirlari o'tkazilgan bo'lsa, unda ishtirok etgan 114092 nafar yoshlarning shikast topmasligi, birinchi nav­batda, e'tiborimizda bo'ldi.

Bizni quvontirgani sportchilarimiz Jahon chempionatida 29, Osiyo chempionati va kuboklarida 71 ta, Xalqaro sport musobaqalarida 94 ta, O'zbekiston Respublikasi chempionati va kubogi musobaqalarida 725 ta medalni qo'lga kiritgan bo'lsa, shundan 195 ta oltin, 206 ta kumush, 324 ta bronza medallaridir.

Bolalarga berilgan dunyo

Prezidentimizning 2019 yil 14 maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonidagi belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan Qiziltepa tumanida yil yakuniga qadar kichik biznes sub'yektini 1007 taga, qo'shma va xorijiy korxonalar sonini esa 20 taga yetkazish ustida ish olib borilayapti.

Tumanda bo'lganimizda bizning e'tiborimizni Davlat xususiy-sherikchilik asosida qad rostlayotgan maktabgacha ta'lim muassasalari o'ziga tortdi. Ularning soni hozircha to'rtta ekan. Mazkur bolalar muassasasida yaratilgan sharoitlar ko'ngilni quvontiradi. Bolalarning barkamol ruhda tarbiya topishida maxsus tarbiya maskani o'quv-o'zlashtiruv, rasmchilik, kashtachilik, badiiy gimnastikasi xonalari kerakli qo'llanma va shug'ullanish uskunalari bilan jihozlangan. Tashqi hovlisi kamalak rangda tovlanuvchi bolalar o'yingohi, favvora va landshaft bilan bezatilgandir.

— 2019 yil 11 oktyabrda tumanda yana bir davlat xususiy-sherikchilik asosidagi maktabgacha ta'lim tashkiloti ochildi, — deydi Qiziltepa tuman Maktabgacha ta'lim bo'limining Davlat xususiy-sherikchilik asosidagi maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish sho''basi metodisti Zulxumor Ismoilova. — 75 o'ringa mo'ljallangan ushbu maskan “Camomile” (ingliz tilidan tarjima qilganda “Boychechak” ma'nosini beradi) deb ataladi. Bundan Malikobod ahlining quvonchi cheksiz. Sababi, tadbirkor Sarvinoz Rahmonova tomonidan ishga tushirilgan “Camo­mile” bolalar bog'chasi o'ziga xos dizayn uslubida barpo etildi. Bu yerda bolalar o'zlarini erkin his qilishi, har bir daqiqalarni mazmunli o'tkazishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Bog'cha o'quv va mash­g'ulotlar o'tkazish uchun kerakli xonalar va jihozlar bilan ta'minlandi, rassomchilik, intellektual shou o'yinlari va sport musobaqalari muntazam o'tkaziladi. Yuvinish xonalari, basketbol va futbol o'yingohlari, basseyn va attraksion maydonchalari mavjud.

Qiziltepa tumanida barpo etilayotgan shinam hamda zamonaviy o'quv jihozlari bilan ta'minlangan DXShlarida bilim va tarbiya olgan bolajonlar kun kelib, yurt ravnaqiga hissa qo'shadigan yetuk kadrlar bo'lib yetishib chiqishiga ishonchimiz ortdi. Bu yerda ta'lim o'zbek tilidan tashqari, ingliz va rus tilida va mental arifmetika o'rgatiladi. Badiiy gimnastika to'garagi tashkil qilingan.

Yana navoiy e'tirofda

Mamlakatimizda maktabgacha ta'lim sohasi rivojiga jiddiy e'tibor qaratilayapti. Zamonaviy uslubda barpo etilayotgan bolalar bog'chalarida tarbiya­lanayotganlar nafaqat ona tili qoidalarini, balki, ingliz, rus va boshqa tillarni ham o'rganishayapti.

Navoiy viloyatida qad rostlayotgan hukumatga qarashli va davlat xususiy-sherikchilik, nodavlat — xususiy bog'chalariga viloyat aholisi o'zgacha hurmat bilan qarayotganida sabab bor, albatta. Kun tartibiga kiritilgan mashg'ulotlar o'z kasbining bilimdonlari tomonidan olib boriladi. Soha mutaxassislari til o'rgatish, rasmchilik, kubiklardan turli shakl­lar yasash soatlarida bolalarga bolalarcha munosabat bildirishadi, ya'ni ularning ongi qabul qila oladigan o'qitish, o'rgatish uslubidan foydalanishadi.

Misol uchun, Navoiy shahridagi 26-sonli “Turnaxon” maktabgacha ta'lim muassasasasi tarbiyalovchisi Mavluda Kubayeva nainki, viloyatda, balki respublikada ham yetakchi-tarbiyachi ekanini isbotladi. U ushbu yilning avgust oyida o'tkazilgan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” ko'rik-tanlovining Respublika bosqichida “Eng ijodkor tarbiyachi” nominatsiyasi yo'nalishida 1-o'rinni qo'lga kiritdi.

— Albatta, bundan butun jamoamiz bilan birgalikda faxr­landik. Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar ichida bizning viloyatning e'tirof etilishi qanchalik hayajonli ekanini yurak-yurakdan his qildik. Axir bundan faxrlanmay bo'ladimi?! — deydi Navoiy viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig'i O'tkir Tillayev.

Viloyatning nufuzi yildan- yilga oshib borayapti. Erishilayotgan muvaffaqiyatlarda hududda sanoat korxonalarining tez taraqqiy etayotgani, xorij texnologiyasining eng zamonaviy uskunalari ishlab chiqarishga tatbiq etilayotgani, qolaversa, xomashyodan tayyor mahsulotni chetga eksport qilish imkoniyati oshgani ham madad bo'lmoqda.

Mahalliy buyudjetga tushum ko'paysa, odamlar turmushida farovonlik bo'ladi. Oiladan xotirjam odam jamiyat haqida o'ylay boshlaydi. Xalqimiz bolajon bo'lgani uchun, birinchi nav­batda, maktabgacha ta'lim tizimiga, maktabga mablag' yo'naltiradi. Viloyatdagi maktabgacha ta'lim tashkilotlarining yutug'i ham ana shunda.

— Men g'olib bo'laman, deb hech o'ylamagan edim. Tanlovda ishtirok etayotganlarning barchasi g'olib bo'lishga loyiq edi. Sahnadan turib, ismi sharifimni o'qishganida hayajondan yig'lab yubordim. Hali-hali eslasam, ko'zimga yosh keladi. Davlatimiz bizlarning yetakchi tarbiyachi bo'lishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib qo'ygan. Faqat biz o'z ustimizda ishlab, bolajonlarni o'z bolamizdek ko'rib, ta'lim-tarbiya berishimiz kerak, — deydi “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” Respublika ko'rik-tanlovi g'olibi Mavluda Kubayeva.

Yusuf Jo'rayev,

Ubaydullo Xo'janiyozov,

“Hurriyat” muxbirlari.

Siroj Aslonov (O'zA) olgan suratlar.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + seven =