Sug'urta kompaniyasi qachon boy bo'ladi? Qachonki odamlarni norizo qilibmi?..

Fuqarolar bilan o'tkazilgan suhbatlar jarayonida aksariyat haydovchilar tomonidan sug'urta kompaniyalariga ishonchsizlik, sug'urta polislarini yo'l harakati xavfsizligi inspektorlari (YPX xodimlari)ga hujjatni taqdim etish uchungina majburiy olayotganlarini ta'kidlashgan.

Bugun mamlakatimizda qaysiki sohada islohot o'tkazilayotgan bo'lsa, barchasida xalqimizga yengillik va qulaylik yaratish maqsadi ko'zlanyapti. Ammo…

Yaxshi bilasiz, avtotransport vositasini bosh­qarish uchun kamida uchta asosiy hujjat: avtotransport vositasining texnik pasporti, haydovchilik guvohnomasi va sug'urta polisi talab etiladi. Ma'lumki, mamlakatimizda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish ikki shaklda — cheklangan va cheklanmagan sug'urta polisi tarzida amalga oshiriladi.

Cheklangan tarzda foydalanish sug'urta polisi faqat unda aniq ko'rsatib o'tilgan shaxslarga ishonch­noma orqali yoki avtotransport egasining ishtirokida avtomobil vositasini boshqarish huquqini beradi. Cheklanmagan tarzda foydalanish sug'urta polisi esa, ishonchnomaga ega yoki avtotransport egasining ishtirokida istalgan shaxsga boshqarish huquqini beradi.

O'tkazilgan tahlillar va aholi bilan bo'lgan suhbatlar mazkur amaliyot mohiyatan noto'g'ri yo'lga qo'yilganini ko'rsatmoqda. Boshqacha aytganda, avtotransport vositalarining haydovchilariga nisbatan bir qadar adolatsiz amaliyot desa, to'g'ri bo'ladi.

Deylik, avtotransport vositasini chekkaroq hududda boshqarish paytida haydovchining sog'lig'i yomonlashib qoldi va uni zudlik bilan yaqin oradagi tibbiyot muassasasiga olib borish zarurati tug'ildi. Amaldagi tartib bo'yicha haydovchining yonida o'tirgan fuqaroning o'zi bilan haydovchilik guvohnomasi bo'lsa ham ushbu avtotransport vositasini boshqarishga huquqi yo'q hisoblanadi. Vaholanki, bu holatda mulk egasi rozilik berib turibdi, uning professional qobiliyatga ega ekanini tasdiqlovchi haydovchilik guvohnomasi ham bor, buning ustiga, kechiktirib bo'lmas holat. Ammo…

Raqamlarga murojaat qilsak. Birinchidan, statistik ma'lumotlarga ko'ra, mamlakatimizda bugungi kunda sug'urta polislarining aksariyat qismi, deyarli 90 foizi jismoniy shaxslarga to'g'ri keladi.

Ikkinchidan, cheklangan va cheklanmagan tarzda foydalanish bo'yicha sug'urta tovonlari (to'lovlari) miqdori o'rtasida keskin farq mavjud. Xususan, transport vositasidan cheklanmagan tarzda foydalanish bo'yicha sug'urta tovonining miqdori cheklanganidan 3-4 baravar ortiqdir.

Uchinchidan, sug'urta tovoni miqdoridagi bunday keskin tafovut, o'z navbatida, fuqarolar tomonidan narxi pastroq, ammo cheklangan tarzda foydalanish bo'yicha sug'urta polislarini olishga majbur qilmoqda. Jumladan, jismoniy shaxslar tomonidan 98,3 foiz (!), yuridik shaxslar tomonidan esa 72,8 foiz holatda cheklangan tarzdagi sug'urta shartnomalari tuzilgani buni yaqqol ko'rsatib turibdi.

Bundan tashqari, bugungi kunda sug'urta kompaniya­lari tomonidan mijozlarga sug'urta polislari bo'yicha to'lovlarni amalga oshirib berish faoliyati ham yaxshi yo'lga qo'yilmagan. Jumladan, yo'l transport hodisasi bo'yicha to'lanishi lozim bo'lgan mablag'lar o'z vaqtida va to'liq to'lab berilmasligi bois, fuqarolarni ortiqcha sansalorlikka duchor qilish natijasida aholi tomonidan sug'urta kompaniyalariga bo'lgan ishonch yo'qolayapti.

Fuqarolar bilan o'tkazilgan suhbatlar jarayonida aksariyat haydovchilar tomonidan sug'urta kompaniyalariga ishonchsizlik, sug'urta polislarini yo'l harakati xavfsizligi inspektorlari (YPX xodimlari)ga hujjatni taqdim etish uchungina majburiy olayotganlarini ta'kidlashgan.

Binobarin, mazkur muammolarning yechimi yagona bo'lib, sug'urta polislarini faqat bir turda, ya'ni faqat cheklanmagan tarzda foydalanish huquqini beruvchi sug'urta polislarini joriy qilish va sug'urta tovoni miqdorini mo''tadillashtirishni talab etadi.

Yuqoridagi statistik ma'lumotga tayangan holda xulosa qilish mumkinki, sug'urta badalining qulay miqdorga pasaytirilishi sug'urta kompaniyalariga aslo ziyon yetkazmaydi, ayni paytda ularga qo'shimcha mablag'lar kelib tushishini ta'minlash barobarida, fuqarolar huquqini kengaytiradi. Eng asosiysi, mamlakatimizda bir turdagi cheklanmagan tarzda foydalanish huquqini beruvchi sug'urta polislariga ega haydovchilar soni oshib, ularga adolatli va kafolatlangan sug'urta tizimining joriy etilishiga imkon yaratadi.

Sohadagi mutasaddilar takomil izlab, o'zaro manfaatli tizim yaratib, aholiga qulay mexanizmlarni kiritish tadorigini ko'rishi maqsadga muvofiqdir.

Umidjon Sulaymonov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × one =