To'ra Bobolov: Chinakam inson ma'naviyati bilan hurmatga loyiq bo'ladi

Keyingi uch yil ichida mamlakat miqyosida har bir sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar ko'lami kengayib bormoqda. Davlat dasturlari asosida sanoat, qishloq xo'jaligi, ijtimoiy sohalardagi yangilanish va o'zgarishlar davom etib, xalqimiz bunyodkorlik, yaratuvchanlikning zavqi bilan yashamoqda.

Surxondaryo viloyat hokimi To'ra Bobolov bilan muloqotimiz bugungi kunda vohada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni va kelgusida ro'yobga chiqariladigan ishlar, istiqbolli loyihalar ko'lami haqida bo'ldi.

— To'ra Abdiyevich, suhbatimizni, avvalo, Prezidentimizning joriy yil 17-18 oktyabr kunlari Surxon­daryoga qilgan tashrifi va ushbu tashrif doirasida belgilangan muhim vazifalar, viloyatda yaqin kelajakda amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar xususida boshlasak.

— Muhtaram Prezidentimiz joriy yilning o'zida viloyatimizga uch bor tashrif buyurdilar. Bu, albatta, mamlakatimiz rahbarining Surxon eliga bo'lgan cheksiz mehri, hurmati tufaylidir.

Negaki, Yurtboshimiz har galgi tashriflari davomida viloyatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni bilan tanishib, viloyat ahli, faollari bilan bo'ladigan uchrashuv, muloqotlarida shu elning nafaqat buguni, ertasi, balki uzoq tarixi bilan ham qiziqadilar, bizni yanada faollikka, jonkuyarlikka da'vat etadilar.

Prezidentimizning butun mamlakatimiz xalqiga bo'lgani kabi Surxon yurtiga alohida mehr-muhabbatlari juda katta. Shu boisdan ham Yurtboshimizning keyingi tashriflari davomida o'tkazgan yig'ilishida “Har bir vazir, soha hamda tarmoqlar rahbarlariga yil yakunigacha va kelasi yilda Surxondaryo uchun nimalar qilishini aniq yozib, viloyat hokimligiga taqdimot qilish bo'yicha” topshiriq berdilar. Va yana viloyatimiz iqtisodiyotining bugungi hayotini chuqur tahlil qilib, uni rivojlantirish bo'yicha muhim yo'nalishlarni belgilab berdilar.

Jumladan, shu paytgacha rejalashtirilgan loyihalarni bajarish bilan birga, kelgusi ikki yilda umumiy qiymati 13 trillion so'mlikdan ziyod yangi investitsiya loyihalari ishlab chiqilgani qayd etildi.

Nasib bo'lsa, davlatimiz rahbari ta'kidlaganlaridek, 3-4 yil ichida Surxondaryoda tanib bo'lmas darajada o'zgarishlar bo'ladi. Shuni aytishim kerakki, bunga Surxon xalqining tanti va mehnatkash eli aslo shubha qilayotgani yo'q. Yana g'urur bilan aytishimiz mumkin, butun yurtimizda, jumladan, bizning viloyatimizda ham so'nggi yillarda ro'yobga chiqayotgan yangilanish va o'zgarishlar buning yaqqol dalili, isboti bo'lmoqda.

Afsuski, uzoq yillar davomida Surxondaryo biroz e'tibordan chetda bo'lib qolgan edi. Garchi bu zaminda ham judda katta imkoniyatlar, salohiyat, eng muhimi, mard, tanti va mehnatkash odamlar yashasa-da, turli sabablar ro'kach qilinib, yirik loyihalarning amalda tatbiq etilishiga imkoniyat yaratilmagan. Aytaylik, uch yil avvalgi o'tgan davrda vohada birorta ko'zga ko'rinarli sanoat korxonasi bunyod etilmagan, shu bois­dan, aholini ish bilan ta'minlash masalasi ham og'ir ahvolga kelib qolgan edi.

— Keyingi yillarda qanday yorug' o'zgarishlar ro'yobga chiqdi?

— Bu savolga javoban, viloyatimizda o'tgan bir-ikki yil davomida amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha so'z yuritaman.

Termiz shahri, Sherobod, Jarqo'rg'on, Denov, Sariosiyo kabi tumanlarimizda paxtani qayta ishlaydigan yirik tekstil korxonalari ishga tushirildi. Xususan, davlatimiz rahbari shu yil 30 aprel — 1 may kunlari viloyatimizga tashrifi chog'ida Termiz shahrida ish boshlagan “ZIF TEXTILE” korxonasining tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishgan edilar. Hozirgi kunda berilgan topshiriqlar asosida korxonada 94 milliard so'm mablag' o'zlashtirilib, yiliga 6 million dona tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. 400 ta yangi ish o'rni yaratildi.

Yoki Sariosiyo tumani markazidan qariyb 60 kilometr olisda joylashgan Sangardak qishlog'i va uning atrofidagi o'ndan ortiq aholi punktida xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash uchun besh tashabbus ijrosi doirasida “Sangardak chevarlari” tikuv-trikotaj majmuasi qurilib, ishga tushirildi.

Ushbu yengil konstruksiyali majmua chet elning zamonaviy tikuv-trikotaj dastgohlari bilan jihozlangan. Keng, yorug' sexlar va zaruriy barcha qulayliklar barpo etilgan. Kelgusida bu yerda mingdan ortiq xotin-qiz mehnat qilishi uchun hamma sharoit yaratilgan. Uning dastlabki bosqichida uch yuz nafar xotin-qiz bir smenada tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarmoqda.

Viloyatda chorvachilik, baliqchilik, zamonaviy issiqxonalar barpo etish va boshqa sohalarda ham qator loyihalar o'zlashtirildi. “Yoshlar-kelajagimiz”, “Har bir oila — tadbirkor” dasturlari ijrosi doirasida keng ko'lamli ishlar ro'yobga chiqarilmoqda.

Viloyatning investitsiya va eksport salohiyatini oshirish, ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yangi xizmat turlarini kengaytirishga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy sarmoyalarni jalb etish bo'yicha berilgan topshiriq ijrosi doirasida joriy yilda 103,7 million dollardan ziyod miqdordagi to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiya o'zlashtirildi. Mazkur loyihalarning asosiy qismi sanoat, qishloq xo'jaligi, xizmat ko'rsatish sohalarini rivojlantirishga qaratilgan.

So'nggi vaqtlarda viloyatimiz yirik qurilish, bunyodkorlik maydoniga aylangan. “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz” dasturlari hududlar qiyofasini tubdan o'zgartirib, odamlarning hayotdan rozi bo'lib yashashiga munosib sharoit yaratilmoqda. Buning uchun keng, ravon yo'llar barpo etilib, mavjud ko'p qavatli uylar, ta'lim, tibbiyot, madaniyat va bosh­qa ijtimoiy soha ob'yektlari rekonstruksiya qilinmoqda, yangilari qurilayotir.

Sariosiyo tumanidagi Sharg'un – tog'li shaharchasi viloyatning ko'mir, ohaktosh, kumush, fosforit kabi noyob qazilma zaxiralariga boy hududlaridan biri. Sharg'un ko'mir konini qayta tiklash va samarali foydalanish uchun “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyati hamda Xitoy davlatining Eksim banki tomonidan ajratilgan mablag'lar evaziga 2021 yilgacha yirik hajmdagi bunyodkorlik ishlari bajarilib, bu yerdan yiliga 900 ming tonna ko'mir qazib olish yo'lga qo'yiladi. 600 ish o'rni yaratiladi. Hozir konlarni qayta tiklash barobarida ko'mir qazib olish ishlari davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari shu yilning 30 aprel kuni “Shaxtyorlar shahri”ga tashrifi chog'ida Sharg'un ko'mir konini zamonaviy tarzda qayta tiklash, ushbu hududning qiyofasini tubdan o'zgartirish va aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan tegishli topshiriqlarni bergan edi. Mazkur vazifalarga muvofiq olis va tog'li shaharchada yirik hajmdagi bun­yodkorlik ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

— To'ra Abdiyevich, viloyatning iqtisodiy salohiyati va tabiiy imkoniyatlari yuqoriligi jihatidan albatta, mamlakatimiz taraqqiyotida alohida o'rni bor go'sha. Shunday ekan, yirik sanoat korxonalarini barpo etishda so'nggi yillarda qanday qadamlar qo'yildi?..

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Termiz shahridagi “ZIF TEXTILE” mas'uliyati cheklangan jamiyatida 94 milliard so'm mablag' o'zlashtirilib, yiliga 6 million dona tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. 400 ta yangi ish o'rni yaratildi.

— Haqiqatan, Surxondaryo ilgari qishloq xo'jaligiga ixtisoslashgan agrar viloyat hisoblangan. Bugun mamlakatimiz bo'ylab amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar viloyatimizda ham o'z aksini topmoqda. Bunyodkorlik, yaratuvchanlik har jabhada qizg'in. Hozirga kelib nafaqat viloyat markazi Termiz shahrida, balki barcha tumanlarda katta-katta qurilishlar bo'lyapti. “Obod qishloq, obod mahalla” dasturi doirasidagi ishlar tufayli chekka-chekka hududlarga fayz kirib kelayotir. Endilikda viloyatimiz sanoatlashgan hududga aylanayapti. Negaki, ko'plab sanoat korxonalari qurila boshlandi. Investitsiya das­turlari, takliflar bilan chiqayotgan chet ellik investorlar ko'paymoqda. O'tgan yilga nisbatan investitsiya kiritish joriy yilning to'qqiz oyida qariyb yuz foizga oshgan. Afg'oniston, Rossiya, Janubiy Koreya, Yevropa davlatlari tadbirkorlari uy-joy, xizmat ko'rsatish, mehmonxona, qishloq xo'jaligi yo'nalishlari va metall ishlab chiqarish bo'yicha investitsiya kiritishga qiziqish bildirmoqda. Yaqinda Janubiy Koreya investorlari Termiz tumanida gugurt ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydi. Endi boshlanishi kutilayotgan yana bir yangi korxona sement ishlab chiqarishga qaratiladi.

Bunyod etilgan va etilajak yirik korxonlar xususida to'xtaladigan bo'lsam, o'tgan yili Sherobod tumanida sement zavodi ishga tushirilgan edi. Joriy yil Jarqo'rg'on tumanida “Surxonsementinvest” xorijiy korxonasi barpo etildi. Bu yerda Germaniya, Avstriya, Rossiya va Xitoydan keltirilgan zamonaviy texnologiya va uskunalar o'rnatildi. Loyiha qiymati qariyb 144 million AQSh dollari bo'lgan korxonaning birinchi bosqichi yakunlangan. Zavod to'liq quvvat bilan ish boshlasa, yiliga 1,1 million tonna sement ishlab chiqaradi. Uning 750 ming tonnasi eksport qilinadi. 1125 kishi ish bilan ta'minlanadi. Yurtboshimiz nav­batdagi tashriflari davomida ushbu zavod bilan ham tanishib, “Surxondaryo viloyatining iqtisodiy imkoniyatlari juda katta. Bu yerda yer osti boyliklari ko'p. Mendeleev davriy jadvalidagi deyarli barcha elementlar bor. Bundan oqilona foydalanishimiz, xalqimiz manfaati uchun ishlatishimiz kerak”, — deya yuqori baho berdilar.

Viloyatimizda bir qancha rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikda kelgusi ikki yil davomida 90,2 million dollarlik 47 ta istiqbolli investitsiya loyihasi amalga oshirilishi ko'zda tutilgan. Xususan, Denov tumani iqtisodiyotini rivojlantirish, tumanda erkin iqtisodiy zona tashkil etish, viloyat eksport salohiyatini oshirish bo'yicha mamlakatimiz rahbari tomonidan qat'iy topshiriqlar berildi.

— Yaxshi bilamiz, Surxondaryo o'zining qishloq xo'jaligi mahsulotlari bilan ham mashhur. Xususan, bir paytlar paxtachilikda ingichka tolali paxta ko'p yetishtirilar edi. Ammo…

— Savolingizga tushundim. Chindan ham Surxon vohasida uzoq yillar davomida paxta yetishtirish, undan mo'l-ko'l hosil olishni yo'lga qo'ygan tajribali dehqonlar, ziroatshunoslar maktabi yaratilgan edi. Ammo bu borada ham yillar davomida qator muammolar yig'ilib qolganligi haqiqat. Lekin baribir, Surxon dehqonlari turli qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirishda boy tajribaga ega.

Joriy yilda viloyat pillakorlari 1627 tonna sifatli xomashyo tayyorladi. 93 ming gektar maydondagi g'alladan 532,5 ming tonna hosil yig'ib olindi. Viloyatimizda 17181 gektar maydonda meva, 13300 gektarda uzum yetishtiriladi. Hozirgacha 114700 tonna meva, 83300 tonna uzum olindi. Ayniqsa, viloyatimiz paxtakorlari bu yil salmoqli hosil yetishtirdi. Hozirgacha topshirilgan 85 foizdan ziyod paxta hisobidan 820 milliard so'mdan oshiqroq daromad olinib, 100 milliard so'mga yaqin sof foyda ko'rilgani, mavsum yakunigacha bu ko'rsatkich 135 milliard so'mdan oshishi kutilayotgani fikrimga yorqin dalildir.

Endi ingichka tolali paxta xususidagi mavzuga kelsak, chindan ham surxondaryolik dehqonlar ingichka tolali paxta yetishtirish bo'yicha katta tajribaga egadirlar. Mamlakatimiz rahbari bu borada yillar davomida e'tibordan ma'lum darajada chetda qolib kelayotgan ingichka tolali g'o'za navlarini ko'paytirish va ekin maydonlarini kengaytirish, olimlarni rag'batlantirish bo'yicha topshiriqlar berdi. Joriy yilda viloyatimizda qariyb 5 ming gektar yerda ingichka tolali paxta yetishtirilgan bo'lsa, kelgusi yildan bu ko'rsatkich keskin oshiriladi. Yurtboshimiz 2018 yil yanvar oyida viloyatimizga safari chog'ida paxta-to'qimachilik klasterlari tashkil etish bo'yicha ko'rsatmalar bergan edi. Shu asosda viloyatda 6 ta to'qimachilik klasteri tashkil etilgan. Ular hozircha viloyatimiz jami paxta maydonining 67 foizdan ziyodrog'ini qamrab olgan bo'lib, kelgusi yilda bu ko'rsatkichni 100 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

— Paxtachilik haqida gap ketarkan, majburiy mehnatga yo'l qo'yilmasligi tufayli ayni mavsum pallasida qiyinchiliklar ham bo'lishi tabiiy. Bu yil paxta terimiga asosan kimlar jalb qilingan?

— To'g'ri, bu yilgi mavsumga bosh­qacharoq yondashayapmiz. Terim otryadlari tashkil qilindi. Ularni shakllantirish, avvalo, fermerlarning o'z zimmasiga yuklatilgan. Ya'ni, avvalo, fermer xo'jaligi a'zolari, ularning mehnatga layoqatli, voyaga yetgan yaqinlari, ko'ngilli terimchilar paxta yig'im-terimi bilan mashg'ul.

Ikkinchidan, mahallada vaqtincha ishsiz bo'lib turgan fuqarolarni terimga jalb qilish ham yaxshi samara beryapti. Bundan tashqari, yig'im-terim uchun kunlik terim pullarining berilishi ish sur'atini oshiryapti. Terimda faol qatnashganlar moddiy va ma'naviy jihatdan rag'batlantirib borilyapti. Qishloq ahliga paxta terimi mavsumidan so'ng g'o'zapoyani teng taqsimlash tartibini ham joriy qilish ko'zda tutilgan. Hozir ijtimoiy soha va boshqa barcha byudjet tashkilotlari xodimlari paxta yig'im-terimida ishtirok etayotgani yo'q. Endi majburiy mehnatsiz ham hosilni yig'ib olishga o'rganishimiz kerak. Paxta bo'lsa, unga yuqorida aytganimdek, paydar-pay puli to'lab turilsa, xalqning o'zi hosilni to'lig'icha yig'ib olishiga shubha yo'q. Chunki paxta xarid narxi yildan- yilga oshib bormoqda. Paxta terib odamlar yaxshigina daromad qilishyapti. Shunday ekan, o'z-o'zidan majburiy mehnatga o'rin qolmaydi ham.

— Yaxshi ma'lumki, bugun mamlakatimiz bo'ylab turizm sohasini rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda va bu respublikamiz iqtisodiyoti uchun sezilarli samara beradi. Surxondaryoda ekoturizm, etnoturizm va ziyorat turizmini rivojlantirish uchun imkoniyatlar yuqori. Bu yo'nalishda olib borilayotgan ishlar xususida to'xtalsangiz?

— Ha, viloyatda turizm sohasini, yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun qator vazifalarni amalga oshirishga kirishilgan. Ayni paytda viloyatimizda 384 ta tarixiy obida mavjud. Bularning har biri mamlakatimiz fuqarolari va yurtimizga kelayotgan sayyohlar uchun qiziqarli. Al-Hakim at-Termiziy, Imom Termiziy, Sulton Saodat, Kokildor ota, Qirqqiz ota nomlari bilan ataladigan ziyoratgohlarimizga ham o'zimizdan, ham chet ellardan kelayotgan ziyoratchilar oqimi ko'paymoqda. Demak, ziyoratgohlarimiz shunga yarasha ta'mirlangan, zarur shart-sharoitlar yaratilgan bo'lishi kerak. Bugun Termiziy bobolar ziyoratgohlariga eltuvchi infratuzilmada barcha sha­roitlar bor, qolganlarida ham shunday sharoitlarni yaratish rejalashtirilyapti.

Surxondaryoning o'ziga xos iqlimi nuqtai nazaridan ekoturizmni rivojlantirish uchun imkoniyat esa juda yetarli. Hududda shunday go'shalar borki, yoz o'rtasida ham to'rt faslga guvoh bo'lish mumkin. Bu yerlarning havosi ekologik jihatdan toza, musaffo. Bunday joylarga, xususan, Sangardak va Boysunga xorijdan tashrif buyuruvchilar soni ortib bormoqda. Ayni vaqtda ushbu manzillarga eltadigan yo'llarni rekonstruksiya qilish, zarur infrastruktura ob'yektlarini yaratish ustida ish olib boryapmiz.

Surxondaryoda agroturizmni rivojlantirish uchun ham yetarlicha sharoit bor. Chunki iqlimimiz o'zgacha, ancha issiq. Meva-chevalar va poliz ekinlari boshqa joylarga nisbatan bizda bir oy avval pishib yetiladi.

Yana shu maqsadda Termiz tumanida 100 gektarlik issiqxona barpo etildi. Sherobod va boshqa tumanlarimizda ham zamonaviy issiqxonalar qurilmoqda. Yil bo'yi qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtiriladi. Misol, Sherobodning anorlari naqadar mashhur bo'lsa, Termiz tumani va Jarqo'rg'onda limon, Angorda turli ko'katlar yetkazib berilyapti.

— Yetishtirilayotgan ushbu mahsulotlarni chetga eksport qilish borasida qanday ishlar olib borilyapti?

— Bizda yirik “Termiz Kargo sentr” — logistika markazi faoliyat olib boradi. Bu yerda mahsulotlar yig'iladi, saqlanadi va eksportga yo'naltiriladi. Lekin tan olib aytishim kerak, mahalliy tadbirkorlarimizda mahsulotlarni saqlash va o'rash bo'yicha hozircha ko'nikma yetarli emas. Hozir bu masalada ham yaxshi natijalar uchun harakat qilinyapti. Mahsulot saqlovchi bir qancha sovuqxonalar qurishga kirishildi, mana hozir Sherobodda qurilmoqda.

Yuqorida aytganimday, Sherobodning anori boshqa hech qaerda uchramaydigan mahsulot. Uni ko'proq tadbirkorlar kelib olib ketishyapti. Ular mahsulotni saqlab, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa xorijiy davlatlarga eksport qilmoqda.

— Yo'llarni mamlakatning qon tomirlari deymiz. Demak, bu hududlarga ham tegishli. Yo'l ravon bo'lsa, manzilimiz bexatar, ishimiz oson bo'ladi. “Olmaota — Termiz” trassasining viloyatdan o'tuvchi qismi ta'mirlanibdi. Ammo viloyat markazidan o'tuvchi ichki yo'llar, ayniqsa, “Boysun — Sariosiyo” yo'llarining ahvoli juda achinarli ahvolda. Ularga qachon navbat keladi?

— To'g'ri, yo'l masalasi Surxondaryo­dagi eng og'riqli masalalardan biridir. M39 xalqaro yo'li Termizdan Dehqonobodgacha xalqaro standartlar talabi bo'yicha mukammal ta'mirdan chiqarildi.

Hozir Boysundan Sariosiyogacha bo'lgan ichki yo'lni ikki chiziqli qilib, xalqaro standartlar darajasida ta'mirlash bo'yicha aniq dastur tuzilgan. Bu ishga shu yildan kirishamiz, ishlar boshlab yuborilgan.

M41 “Termiz — Dushanbe” yo'lining Sariosiyogacha bo'lgan qismini kapital ta'mirlash ishlariga kelgusi yilning fevral oyidan kirishiladi. “O'zavtoyo'l” davlat qo'mitasi mutaxassislari bilan birgalikda ishlayapmiz. Mana shu yo'l to'rt chiziqli yo'l qilib kengaytiriladi. Ya'ni, bu nafaqat vaqt va masofani qisqartirish, balki xavfsizlikni ta'minlash uchun Jarqo'rg'on, Qumqo'rg'on va Sho'rchi tumanlari markazlarini chetlab o'tadigan yo'l bo'ladi.

— Rahbar ma'naviyati haqida nima deya olasiz?  Sizning­cha rahbar ishbilarmon, uddaburon bo'lishi barobarida, ma'naviyat, ma'rifat degan sifatlarga qay darajada ega bo'lishi lozim?

— Inson kim bo'lishidan qat'i nazar, u birinchi navbatda inson, odam bo'lishi shart. Chinakam rahbar esa avvalo ma'naviyati, tarbiyasi, bilimi, odobi, axloqi bilan hurmatga loyiq bo'ladi.

Qolaversa, katta-kichik rahbarlik bu — mas'uliyat, ishonch. Birinchi nav­batda xalqimizning, Prezidentimizning ishonchi. Bunday ishonchga sazovor bo'lgan kishi ma'naviyatni o'zining bosh shiori, mezoni deb bilmog'i ham farz, ham qarzdir. Mana, o'zingiz ayting, davlatimiz rahbari nega birinchi navbatda ma'naviyatga, ma'rifatga, kitobxonlik masalasiga, o'qituvchilar mehnatiga yuksak e'tibor, g'amxo'rlik ko'rsatmoqda. Chunki bu bejiz emas. Ma'naviy daraja bo'lmasa, ilmu ma'rifatdan uzoq bo'linsa, hamma ishlar befoyda, bari bekor.

Aytmoqchi bo'lganim, ma'naviyat ona allasidan boshlanib, ustoz o'gitlarigacha, ota ibratiyu rahbar salohiyatigacha sayqallanib, shakllanib boradi. Rahbarlarda bu fazilat tug'ma xislatday bo'lishi kerak. Albatta, rahbar kishi o'zini ko'z-ko'z qilmasligi, zo'raki “donishmandlik”dan xoli bo'lishi lozim. Ma'naviy dunyosi barkamol, ishchan va yetuk rahbar xalq ichiga yashirincha oralamaydi. Yuzma-yuz, ochiq muloqotda bo'ladi. Bizda ma'naviyati butun, halol mehnati tufayli nomi el aro qadrli bo'lgan rahbarlar ko'p. Ularning ayrimlari dunyo­dan o'tib ketdi, ba'zilari esa xozir ham oramizda, el iftixori bo'lib ishlab yurishibdi. Hayot tarzi, rahbarlik san'ati yosh kadrlar uchun ibrat maktabi bo'lgan mahalliy rahbarlar haqida o'ylarkanman, ko'z oldimga Eshniyoz Rustamov keladi. U kishi g'oyat og'ir-vazmin, chuqur mulohazali inson edi. 1965 yildan 1992 yilgacha Sho'rchi, Jarqo'rg'on va Denov tumanlariga rahbarlik qildi. Bu insonda ayrim rahbarlarda uchrab turadigan badxulqlik kabi yomon odatlar yo'q bo'lgan. Har qanday holatda o'zini shaxsiy manfaatlardan, mayllardan tiya olgan. Shu kishining ko'p xislatlarini atoqli davlat arbobi Sharof Rashidovning fazilatlariga o'xshatishgan. Sharof Rashidov Surxondaryo­ga kelsa, albatta, u kishi bilan uchrashmasdan ketmas ekan. Surxon zamini tarixdan ma'lumki, ulug' avliyolar, allomalar yurti. Necha-necha Termiziylar qoldirib ketgan ulug' ma'naviyat sarchashmalaridan bugun nafaqat yurtimiz, balki butun jumlai jahon bahramand, desam xato bo'lmasa kerak.

G'urur bilan aytishim kerak, Surxon diyori Shukur Holmirzayev, Tog'ay Murod, Nodir Normatov, Ro'zi Choriyev, Tesha Saydaliyev, Shafoat Rahmatullayev kabi ijodkorlarni yetishtirdi. Bugungi kunda esa Erkin A'zam, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid, Mirzo Kenjabek, Salim Ashur, Esh­qobil Shukur va boshqa iqtidorlar bilan faxrlansak arziydi. Yana qanchalab ilm-fanda, san'at sohasida katta yutuqlarga erishgan, erishayotgan yurtdoshlarimiz, umidli yoshlar haqida to'xtalishim mumkin. Aytaylik, mamlakatimizda yosh avlodni jismonan sog'lom, ma'nan yetuk insonlar etib tarbiyalashga qaratilayotgan e'tibor xususida ham alohida to'xtalish joiz. Vohamizda sportchilari xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, O'zbekiston dovrug'ini dunyoga tarannum etmoqda.

Misol uchun, shu yil 9-21 sentyabr kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida bo'lib o'tgan boks bo'yicha jahon chempionatining o'ta og'ir vazn bo'yicha chempioni hamda chempionatning eng yaxshi sportchisi, deb topilgan surxondaryolik mohir charm qo'lqop ustasi Bahodir Jalolov butun xalqimizning faxriga aylandi.

Prezidentimiz viloyatimizga tashrifi chog'ida Bahodirning yutuqlarini alohida e'tirof etib, bu muvaffaqiyatlar ortida tinimsiz mehnat va katta matonat yotganligini ta'kidladilar. Bizni katta sportga qadam qo'ygan har bir o'g'il-qizning iqtidori, mahoratini o'z vaqtida qo'llab-quvvatlashga, sport bilan muntazam shug'ullanishi uchun yetarli sharoit va imkoniyat yaratib berishga da'vat etdilar. Va bu faoliyatimizning muhim va ajralmas qismi bo'lib qoladi.

Surxondaryoda sportning barcha turlari tizimli ravishda rivojlanib borayotgan bir paytda endi harbiy xizmatchilar, aholi va yoshlar o'rtasida ot sportini rivojlantirish va tar­g'ib qilishga, ular o'rtasida ushbu sport turi bo'yicha turli musobaqalarni tashkil etib borishni maqsad qilganmiz. Viloyatdagi harbiy qism­lardan birining negizida ko'p tarmoqli ot sporti majmuasini tashkil qilish ham rejalashtirilgan.

Xabarlaringiz bor, Prezidentimiz vohamizga tashrifi chog'ida Denov tumanidagi harbiy qismda bo'lib, Vatanimiz himoyachilari bilan muloqot qildi. Ularning ma'naviyatini, jangovar shayligini oshirish bo'yicha tegishli topshiriqlar berdilar.

Shunga muvofiq hozirda harbiylar qismlarini uchqur va naslli otlar bilan ta'minlab, askarlarni ot minishga o'rgatish, vohaning qadimiy musiqa asbobi — do'mbira chertishga ko'nikmasini shakllantirish, mardlik, jasorat, sadoqat va vafo kabi buyuk qadriyatlar ulug'langan “Alpomish” singari noyob dostonlar mutolaasini yo'lga qo'yishga e'tibor kuchaytiriladi.

Albatta, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan ulug'vor g'oyalar, tashabbus va vazifalar ijrosini bekamu ko'st ado etish, bu nafaqat iqtisodiyotda, balki ilmu fan, sport, adabiyotda, muxtasar aytganda, ma'naviyat va ma'rifat sohasida buyuk bobolarimiz singari ulug' ishlarga qodir ekanligimizni amalda namoyon etishimizga shubha yo'q.

— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

Suhbatdoshlar:

Toshtemir Turdiyev,

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

Azimbek Samadov,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × four =