Ulug' adibning so'nggi manzili…

(“O'ylab topilmagan hikoyalar” turkumidan)

Ha, aytganday, Eski shaharning Jangoh mavzeidagi keyinroq Abdulla Qodiriy nomi berilgan bog'da yozuvchining haykali o'rnatilgan. Haykaltarosh o'z asarini bu zotning fojiali qismati qanday yakun topganini yaxshi bilib, anglab yaratibdi. Adib g'ishtlar ichidan yig'lamsirab chiqib turganday, ya'ni haqqoniy tasvirlanibdi…

Bu voqeaga 30 yilcha bo'ldi. Unda yurtimiz hali mustaqillikka erishmagan, ammo sobiq Ittifoqning kursisiga zil ketib, “qayta qurish, qayta buzish”, degan davr kechayotgan pallalar edi.

O'shanda poytaxtdagi eng muhtasham tomoshagohlarning birida Abdulla Qodiriy tavalludiga to'qson besh yil to'lishi tantanali nishonlanayotgan edi. Tomoshaxona odamlar bilan liq to'la, “dangira-dungur”u, “gumbura-gumbur” avjida. Ular orasida atoqli adibimizning haqiqiy muxlislari qancha-yu, shunchaki tomosha uchun kelganlari qancha — bilish qiyin. Ammo marhum adib aza-to'yining to'rida — sahnani to'ldirib qo'r to'kib o'tirganlardan ikki-uch chin qalam ahli-yu, uch-to'rt mehmonni istisno qilganda, qolganlari shunchaki — xizmat yuzasidan kelganlar. Yana ro'yxat bo'yicha taklif etilgan kazo-kazolar. Yana adibni tirikligida turtganlar qolmagan bo'lsa-da, uning go'riga bir zamonlar rosa g'isht qalaganlar ham bor edi. Taassuf. Ko'ra-bila turib oqni qora, haqiqatni yolg'on qilib ko'rsatuvchilar, ezgulikni yerga urib, nohaqlikka qulluq qiluvchilar, ichi qora hasadgo'ylar va hokazo… Ular “zamona haliyam bizniki, xo'sh, senlarning qo'lingdan nima kelardi?” deganday pastdagilarga, oddiy odamlarga yuqoridan gerda­yib, ko'zoynaklarini yaltiratib qarashar, o'z suyanchiqlari — o'rtani egallab olgan mustabid mafkura amaldorlariga yaltoqlanishardi. Shu topda xayolimdan kechgan o'yga qarang, mabodo mo''jiza yuz bersa-yu, maslagu imonda sobit Abdulla Qodiriy tirilib bu yerga kelib qolsa va o'z to'yida o'tirgan bu imoni sust “zot”larni ko'rsa bormi, izlariga shartta qaytvorgan bo'larmidilar…

Lekin har qalay, tavallud to'yi, kelgan mehmonni “ket”, deb bo'lmaydi, buning ustiga adibning bu safargi tavallud kuni yaxshilab “uyushtirilgan”. (Adibni otgan mustabid tuzum bu bilan go'yo o'z aybini “yuvib” yubormoqchiday…) Adibning minbarga chiqib bo'zlagan bir-ikki muxlislaridan keyin boshlanib ketgan turli “tabrik”lar, “gulduros qarsaklar” tugagach, uning hayot qolgan yakka-yu yagona o'g'li Ma'sud aka so'z oldi. Uning gaplari sal boshqacharoq chiqdi. “Men otam otib o'ldirilgan joyni uzoq izlab, oxiri topdim, — dedi Ma'sud aka. — U Bo'rijar arig'ining narigi tomonidagi bir tepalik ekan. O'ttizinchi yillarda bu yerga kechalari kimlarnidir olib kelib otishlarini keksalar bilishar ekan, hattoki, uyi shu tepalikka yaqinroq bo'lganlar “oh-voh” ovozlarini ham eshitisharkan. Ertalabga borib qarashsa, naridan-beri ko'mib ketilgan do'ngliklardan otilgan odamning qo'li yo oyog'i chiqib qolgan bo'larkan, uning ustiga tuproq tortib, marhumning ruhiga bir pora qur'on o'qib, duoyi-fotiha ham qilib qo'yisharkan… Men otamni otgan odamni ham izlab-izlab topdim, hozir nafaqaxo'r ekan. Undan: “Mening otam o'limi oldidan nima dedi, shuni aytib bering”, desam, u kishi: “Aytolmayman, bu — sekret”, deydi. Axir, mening otam begunohdan-begunoh otilgan bo'lsa, oradan shuncha yil o'tgan bo'lsa, buning yana nimasi “sir” bo'lishi kerak?” Ma'sud akaning gaplarini eshitib, “E, Xudo, bunday gaplarni shu qadar bosiqlik, dardini ichiga yutib, ko'zlari yoshlanmasdan ayta olgan odamga o'zing to'zim ber!”, deysan kishi beixtiyor. Ma'sud aka hay'atda o'tirgan amaldorlarga murojaat qilib: “Iltimos, otamning oxirgi so'zlarini bilib beringlar”, dedi. Hay'atdagilar esa inson bolasi toqat qilolmaydigan bunday dil nolasiga o'zlaricha “chuqur ma'noli” bosh qimirlatish bilan javob qildilar.

Keyin sahnada childirma “gij-bang”lab, raqqosalar xirom qila boshlashdi. Endi tavallud to'yining “badiiy qismi” boshlangan edi. Allaqaysi san'atkor Abdulla Qodiriymi, yo Otabekmi bo'lib chiqdi, kimdir uning “yor”i bo'ldi, xullas, bo'yama-bejama, chuchmal ashula-yu raqs­lar avjiga chiqdi, tomosha ishqibozlariga Xudo berdi.

Sahnadagi o'yin-kulgi endi boshlangan edi hamki, men Ma'sud akaning tashqariga chiqib ketayotganini ko'rib qoldim. Adibning katta o'g'li — Habibullo aka bilan yaqin edim, Ma'sud akani garchi bilsam ham shaxsan tanishligim yo'q edi. Shunday bo'lsa ham unga shu topda nimadir degim keldi-yu, orqalaridan chiqdim. Qarasam, u kishi kiyimlar yechib qoldiriladigan joyga qarab yurdilar. Ha, turgan gapki, otib o'ldirilgan otaga bag'ishlangan bunaqa “gij-badang” tomosha uning ko'ngliga sig'masdi. Men qadamimni tezlatib u kishiga yetdimu, Ma'sud akani to'xtatdim, keyin, aniq esimda yo'q, tovushim og'zimga tiqilib: “Ma'sud aka, shunday og'ir gaplarni ayta olganingiz uchun sizga ming rahmat, otangizning ruhi-poklari qo'llasin”, deganday gap qildim. “Rahmat”, dedilar Ma'sud aka xuddi otasinikiga o'xshagan tim-qora, tiyrak ko'zlarini menga tikib. Bu yog'i — kasbim matbuotchilik emasmi — men u kishidan o'sha mash'um tepalik qaerda ekanini so'radim. U kishi o'sha tepalik Yunusobod tomonda, Bo'rijar arig'ining narigi qirg'og'ida ekanini, nomini esa “B…tepa” deyilishini aytdi. (Hayhot, qarangki, o'sha davrda bu tepalikda begunohlarni otib tashlab, yana ustiga shahar axlatlarini ham tashlashar ekan. Shuning uchun bu yer shunday deb atalar ekan). Men u tepalikning hozir bor-yo'qligini surishtirdim. Ma'sud akaga mening ketma-ket shitob bilan savol berishim uncha o'tirishmadi, shekilli, qoshlarini bir chimirib oldilar, keyin tepalikning tuprog'ini olib, undan shu yo'lning bu yonidagi xumdonda g'isht yasalganini aytib berdilar. “Ammo o'sha tepalikning tuprog'i g'isht yasash uchun yaramabdi, suyilib ketaveribdi, shunda bir mashina tuproqni o'sha tepalikdan, bir mashinani esa bosh­qa tepalikdan olib, aralashtirib keyin g'isht qilishgan ekanlar…” Suhbatimiz nima bilan tugagani aniq esimda yo'q, men Ma'sud akaning qo'llarini siqdim, nimalardir yaxshi tilaklar tiladim.

Ertasiga esa ataylab o'sha, Ma'sud aka aytgan tepalikni ko'rgani bordim. Ammo u tepalikdan nomu nishon qolmagan, yo'lning chap tomonidagi g'isht xumdoni ham yo'q edi. Abdulla Qodiriy xoki aralashib ketgan tuproqdan yasalgan g'ishtlar…

Bu voqeadan keyin men “Shahidtepa qaerda?” degan maqola yozdim va unda Ma'sud akadan olgan ma'lumotlarim, o'zim borib surishtirganlarim asosida Abdulla Qodiriy, Cho'lpon va o'ttiz yettinchi yilning bosh­qa siyosiy qatog'onlari qatl etilgan joy Bo'rijar arig'i yonidagi tepalikda ekanligini ma'lum qildim. “Turkiston” gazetasining (hozirgi “O'shlar ovozi”) 1992 yil 1 aprel sonida bosilib chiqqan bu maqola mazkur masala haqidagi birinchi ma'lumot edi. Keyinchalik bu yerda hozirgi “Shahidlar xotirasi” majmui qurildi.

Ha, aytganday, Eski shaharning Jangob mavzeidagi keyinroq Abdulla Qodiriy nomi berilgan bog'da yozuvchining haykali o'rnatilgan. Haykaltarosh o'z asarini bu zotning fojiali qismati qanday yakun topganini yaxshi bilib, anglab yaratibdi. Adib g'ishtlar ichidan yig'lamsirab chiqib turganday, ya'ni haqqoniy tasvirlanibdi…

Muxtor Xudoyqulov,

yozuvchi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + 3 =