E'tiborsizlik, loqaydlik shunchalikmi?

Tandirda pishgan issiq nonni kim xushlamaydi deysiz. Qishloq joylarda esa tandirxonasi bo'lmagan uyni topish qiyin. Ammo ayrimlar uni somonxonaning yoniga qurishayotgani, alal-oqibat yong'in sodir bo'lishiga sabab bo'layapti. E'tiborsizlik, loqaydlik qanday noxush oqibatlarga olib kelishini o'ylamayotirlar.

Ishtixon tumaniga qarashli Isaxon qishlog'ida yashovchi fuqaro A.Said­xonovning turmush o'rtog'i B.Ravshanova tandirga olov yoqqanda undan uchgan cho'g'ni shamol uchirgan, cho'g' molxona yonidagi somon g'arami ustiga tushib, yona boshlaganda uy bekasi cho'g'ni o'chirishga ulgurolmaydi. Natijada molxona tomining 30 kv. metr joyi va unda saqlanayotgan bir qishga yetarli somon yonib, kulga aylangan.

— Yaxshiyam o't o'chiruvchilar vaqtida yetib keldi. Bo'lmasa, olov uyga o'tib ketardi, — deydi xonadon sohibi.

Bu ham mayli, bunisiga nima deysiz: tumandagi Ko'ktepa qishlog'ilik N.Mamarasulov qurilishi to'liq bitmagan uyiga somon g'aramini joylaydi. Ko'rgilikni qarang, xonadon bekasi M.Karimova hovlini supurib-sidirib bo'lgach, chiqindisini aynan bitmagan uy oldiga to'plab yoqib yuboradi. Olov cho'g'i havoda uchib, somon g'arami ustiga tushadi. “Voy do-od, uyga o't ketdi!!!” — hay­qirig'idan qo'shnilar jonlanadi.

Ammo gurullab yonayotgan olov birpasda bitmagan uyning 25 m.kv shifti yog'ochlarini va mollarga ozuqalik uchun yig'ilgan somonni kulga aylantiradi.

Tuman yong'in xizmati xodimlari xalq orasida yong'inning oldini olish borasida profilaktik suhbatlar va tegishli tushuntirish ishlari olib borishayotganiga qaramasdan, joriy yilning o'tgan davrida tumanda 70 ga yaqin yuqoridagi kabi noxush holatlar ro'y bergani achinarlidir. Shu sabab ayrim loqayd va e'tiborsiz fuqarolarga nisbatan qonuniy chora ko'rishga to'g'ri kelayapti.

O'zlari moddiy zarar ko'rishayotgani rost, binoyiday kishilarning molxona yoniga tandirxona qurishlari yoki somonni qurilishi bitmagan uyda saqlashlarini ko'rib, nahotki shuncha narsaga yetgan aqlingiz shunga yetmaydi, degingiz keladi.

Azizbek Ro'ziyev,

Samarqand viloyati,

Ishtixon tumani FVB YoXB inspektori,

katta serjant.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 − 6 =