«Matbuotning vazifasi faqat «shov-shuv» ko'tarish emas…»

Xorazm viloyatining Xiva tumanida chop etilayotgan “Xiva tongi” gazetasi bosh muharriri Sherjon Masharipov bilan bo'lgan suhbatimiz ham tuman gazetalarining matbuotdagi o'rni, ular aytayotgan So'zning qadru qiymati haqida bo'ldi.

Bugun matbuot haqida turli mulohazalar, munozaralar, aksil fikrlar avj olayotgan bir zamonda tuman gazetasi degan ibora har kimda turlicha fikr uyg'otishi tabiiy. Bugun markazda chop etilayotgan gazetalar safiga tuman gazetalarini qo'yib taqqoslash biroz mushkul. Biroq masalaga mohiyatan yondashsak, bu gazetalarning cho'g'i baland, chunki yetishib chiqayotgan ijodkor va jurnalistlarning, ziyolilarning ko'pchiligiga dastlab tuman gazetalari ustozlik qiladi, o'z zaminining birorta iste'dodiga befarq bo'lmaydi.

Xorazm viloyatining Xiva tumanida chop etilayotgan “Xiva tongi” gazetasi bosh muharriri Sherjon Masharipov bilan bo'lgan suhbatimiz ham tuman gazetalarining matbuotdagi o'rni, ular aytayotgan So'zning qadru qiymati haqida bo'ldi.

— Sherjon aka, nazarimda bugun xalqning dardi ko'payib ketayotganday… Ba'zida gir atrofing aylana muammolar oqimiga tushib qolganday his qilasan o'zingni. Siz nima deb o'ylaysiz, odamlar muammolarga tez yechim topish ishtiyoqiga tushib qolishganmi yoki ota-bobolarimiz dasturulamal qilib olgan “sabr” degan fazilatdan mosuvo bo'lishganmi, yoxud ustoz shoir Matnazar Abdulhakim aytganiday, jurnalistlarning o'zlari muammoli joylarga “Tez yordam” mashinasi monand chinqirib yetib borishayaptimi?

— Bu dunyoda eng uyg'oq kasb egasi jurnalist, deb aytgan bo'lardim. Uning vujudi uxlashi mumkin, biroq qalbi hech qachon uxlamaydi. Siz aytmoqchi, Matnazar akaning fikrlari davomida Gyotening “Dunyo darz ketsa uning chizig'i shoirning yuragidan o'tadi”, degan gapi bejizga keltirilmagan. Bu chiziq faqat shoirning emas, So'zni bayroqday ko'tarib chiqqan har bir odamning yuragidan o'tadi.

Hech bir zamon muammolardan xoli bo'lmagan. Faqat, gazetalar, jurnalistlar bu borada, ya'ni muammolarni o'rganish, unga chora topish borasida doimo ilg'or, peshqadamdir.

Gazetamizda “Sizni tahririyat eshitadi” degan ruknimiz bor. Shu ruknda biz xat orqali kelgan, o'zi tashrif buyurgan yoki qo'ng'iroq orqali qilingan murojaatlarga javob beramiz. Gazetamizda rang-barang materiallarning berilayotgani hayot bilan hamqadam bo'lishimizda deb bilaman.

— Bugun ijtimoiy tarmoqlarning bosma ommaviy axborot vositalaridan o'zib ketgani bor gap. Ijtimoiy tarmoqlardagi tezkorlik, keskinlik, xolislik bosma nashrlarda yetishmayapti deb o'ylaysizmi?

— Ijtimoiy tarmoqlar, deylik, oddiy kun.uz, xabar.uz va hokazo saytlarini oladigan bo'lsak, bir kunda kamida 3-4 ta shov-shuv bo'ladigan materiallarni beradi. Biroq matbuotning vazifasi faqat shov-shuv ko'tarish emas, vaziyatni o'rganib, uni tahlil qilish, muammoga yechim topish va vaziyatni to'g'ri va xolis baholashdan iborat.

— Lekin bir gapni aytmoqchi edim, bunday fursatda bosma ommaviy axborot vositalari ham qo'lini cho'ntakka tiqib, ijtimoiy tarmoqlar tar­qatgan axborotlarga mahliyo bo'lib o'tiravermasa kerak…

— Bugun axborot dunyoni boshqaryapti. Kecha ham shunday edi va bu ertaga ham davom etadi. 1996 yilda Xivaga Fransiya prezidenti Fransua Mitteran kelgan edi. Buyuk martabali mehmon Xiva go'zalligidan qattiq hayratlangan edi. Bularning har biri gazetalarimiz sahifalarida tarixiy dalil sifatida saqlanib turibdi. Aytmoqchimanki, gazeta u axborot tarqatuvchi vosita sifatida faqat bugunga xizmat qilishi mumkin. Biroq u tarix, arxiv, solnoma sifatida har qanday asr­ga xizmat qiladi. Mana, ko'ryapsizmi, bosma axborot vositasining xizmatini? Hech shubhasiz ayta olamanki, agar buyuk yozuvchimiz Abdulla Qodiriy yoki Abdurauf Fitratning publitsistikasi agar o'sha zamonda allaqaysi saytlarda chop etilganda edi, ehtimol bugun bosma holatda biz uni ko'zimizga surib o'qiy olmagan bo'lar edik. Aynan bosma omma­viy axborot vositasi bo'lgani uchungina biz ulardan har qanday zamonda bahramand bo'layapmiz.

— Jadidlarimiz chiqargan gazetalarni o'qisam, ularning publitsistikasi juda pishiq bo'lganini, har bir davr uchun muhim bo'lgan masalalar ko'tarilganini ko'raman. Sizningcha, bugungi jurnalist — kim? Bugungi kun jurnalistikasidagi salohiyat va jur'atni millat oydinlari bo'lgan jadidlarimiz jurnalistikasi bilan solishtirib bo'ladimi? Ya'ni bugungi kun jurnalisti uchun jur'at va jasorat etikasi qay darajada muhim deb o'ylaysiz?

— Albatta, jurnalistikamiz jur'atli bo'lishi shart. Ammo jur'atli bo'lish bu og'zingga kelgan gapni aytish degani emas, jasoratli bo'lish bu voqelikni oyog'ini osmondan qilib ko'rsatish ham emas. Siz juda to'g'ri aytdingiz, har qanday jur'atning, har qanday jasoratning etikasi bo'lishi kerak. Abdurauf Fitratning “Tilimiz” maqolasini o'qib ko'ring. U har qanday davrda eskirmaydigan, o'z latofatini yo'qotmaydigan maqola. Ularda tahlil bor, muammolarga keng miq­yosda yondashish bor, keskinlik bor, mulohaza va taklif bor. Lekin har bir masalaga yuksak sharqona madaniyat va etika bilan yondoshilgani seziladi. Mening nazarimda vujudi emas, qalbi ziyoli odamning mulohazasi ana shunday bo'ladi. Fitratning o'sha maqolasi yozilgandan buyon juda ko'p suvlar oqib o'tdi. Biroq tilimizning naqadar boy va shuning barobarida naqadar “baxtsiz” ekanligini hozirgi kungacha mening nazarimda Fitratchalik hech kim ochib berolgani yo'q.

Ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev maqolalaridagi teranlikni, Farruh Jabbordagi uchqur mahoratni har bir asr jurnalistikasi bilan taqqoslasa bo'ladi, nazarimda. Ziyo ko'rgan odamlar o'z millatining ziyolilarini, millat oydinlarini qadrlay oladi.O'zi yashayotgan zamondan, o'z faoliyatidan qoniqmaslik hissi yaxshi, albatta. Biroq biz bu uchun Vaqtga, kelgusi asrlarga ters qarashga mahkum emasmiz.

— Xiva sayyohlar shahri. Gazetani tayyorlashda bu jihatga ham e'tibor qaratasizlarmi?

— Xiva turizm shahri bo'lgani uchun yiliga bir milliondan ortiq ichki va tashqi sayyohlar kelishadi. O'tgan yilning o'zida 1 million 300 nafar turist kelib ketgan. “Xiva sayyohlar nigohida” degan rubrikamiz bor. Shunda sayyohlarning Xiva haqidagi taassurotlarini berib boramiz.

Yana bir hayratlanarli narsani aytib o'tmoqchiman. 1994 yilda Xyu Bernede degan fuqaro Londondan Xivamizga yetti yarim ming kilometr yo'l bosib mototsiklda kelgandi.

Men undan shuncha yo'l bosib mototsiklda kelmasdan samolyotda kelsangiz bo'lardi-ku, desam, “yo'q, men tabiiylikni yaxshi ko'raman, yo'l-yo'lakay qancha mamlakatlarni ko'rib keldim. Maqsadim shuki, bobom bundan 120 yil avval Xivada bo'lgan, borib kitob yozgan. Men o'sha kitobning davomini yozmoqchiman”, degandi.

— Oldinlari oliy o'quv yurtlarini bitirganlar o'zi yashayotgan viloyatga borib, o'z faoliyatini boshlagan. Bugungi kunda esa hamma iloji boricha markazda qolishga talpinmoqda. Bu turishda bora-bora mahalliy ishxonalarda yetuk kadrlarga talab kuchayishi bor gap. Bu holni siz qanday baholaysiz?

— Agar respublikamizda bugungi kunda 1500 dan zi±d ommaviy axborot vositalari bo'ladigan bo'lsa, bular orasida “Xiva tongi”ning o'z o'rni, o'z ovozi bor. Ba'zida hayron qolaman, bizdan o'tgan asrning 40-50 yillaridagi gazetalarni so'rab kelishadi. Kitobxonlikka yo'l gazetadan boshlanadi-da.

Endi kadr masalasi faqat “Xiva tongi”ning emas, butun o'zbek matbuotining muammosi. Viloyat va tuman gazetalarida faqat fidoyi odamlargina qoldi. Chunki tuman gazetalarining adadi yoki sifatini poytaxt gazetalariga solishtirib bo'lmaydi.

Aynan shu kadr masalasi bo'yicha shu yil “Hurriyat” gazetasida Sherzod Qudratxo'jayevning maqolasi chop etildi. Undan ke­yingi sonda “O'zligini izlayotgan o'zbek matbuoti” degan maqola chop etildi. Bunda aynan tuman gazetalariga ko'proq urg'u berilgan.

— Ayni paytda gazeta obunasini ko'paytirish yuzasidan qanday amaliy ishlar olib borilyapti?

— Yaqinda men “Qiziltepa tongi” gazetasi bosh muharririning maqolasini o'qib qoldim. Unda o'rganadigan, tajriba qiladigan narsalar juda ko'p ekan. Pochta aloqasi bilan ham, “Matbuot tar­qatuvchi” bilan ham ishlamas ekan. Gazetani o'zi chiqarar va o'zi tarqatarkan. Juda havasim keldi. Bu gazetaning adadi hozir ham 10000 dan kam emas. Kelgusida biz ham shu tajribani amalda qo'llashimiz kerakligini his qilayapman. Bu bozor iqtisodi sharoitida “Olma pish, og'zimga tush” deb o'tirib bo'lmaydi. Bir paytlar bizning gazetamiz ham o'n ming adadda chop etilgan. Hozirgi payt­da esa yil boshida 3000 taga yeta olyapmiz, xolos.

Go'zal Begim

suhbatlashdi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + 1 =