Shaxram G'iyosov: «Otam orzularini menda ko'radi»

Asosiysi, u o'z vazn toifasida dunyo chempionligini qo'lga kiritishi kerak. Bundan tashqari, Shaxram «Rio-2016»dagi xatosini «Tokio-2020» Olimpiadasida to'g'rilashi lozim. Bu kunlarni ko'rishga esa ko'p vaqt qolgani yo'q…

Mamlakatimizdan yuzlab dunyo tan olgan charm qo'lqop ustalari yetishib chiqqan. Butun dunyoga mash­hur birinchi o'zbek jahon chempioni Rifat Risqiyevning nomi boks tarixida alohida tilga olinadi. Mustaqillik yillarida esa o'zbek boks maktabining dovrug'i yanada oshdi. Bokschilarimizning jahon va Osiyo chempionatlari hamda dunyo Olimpiadasida qo'lga kiritgan yutuqlari xalqaro miqyosda e'tirof etila boshlandi.

Hozirgi kunda yurtimizda Andijon, Toshkent va Buxoro boks maktablari shakllandi. Buxoro boks maktabida tarbiyalangan atletlar barcha musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotganini ta'kidlab o'tish joiz. Aslida, ushbu qadim o'lkada ko'pchilik milliy kurashga qiziqadi. Kurash ushbu hudud aholisining qon-qoniga singib ketgan, desak mubolag'a emas. Ammo boksga ham buxorolik yoshlarning qiziqishi baland.

Bir paytlar Buxoro boks maktabi tarbiyalanuvchilari Narimon Atoyev, Abbos Atoyevlar sportning ushbu turida katta natijalarga erishgan. Ulardan keyin mazkur boks maktabidan bir necha yil oralig'ida yalt etgan sportchi ko'zga tashlanmadi. Ammo XXI asrning ikkinchi o'n yilligida bu maktabning shonli tarixi yana tilga olina boshlandi. Boks bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi tarkibiga Shaxram G'iyosov va Shahobiddin Zoirov singari mahoratli atletlar kirib keldi.

Bu ikki charm qo'lqop ustasining so'nggi yillarda qayd etayotgan natijalari mamlakatimiz nufuzini xalqaro maydonda nechog'li yuqoriga ko'targanidan xabaringiz bor, albatta. Ayniqsa, Shaxram G'iyosov boks ixlosmand­lari va yoshlarimizning haqiqiy kumiriga aylandi. To'g'ri, u 2016 yilda Rio-de Janeyroda o'tkazilgan Olimpiada o'yinlarida yurtimizga oltin medalni olib kelolmadi. Shunday bo'lsa-da, uning Rioda o'tkazgan har bir jangi va g'alabalari barchamizga manzur bo'ldi.

“O'z yo'lim va kuchim bo'lishi kerak”

Shaxram G'iyosov 1993 yilda tug'ilgan. Bolaligidan sportning ushbu turi bilan shug'ullanishni boshlagan. Boks to'garagiga ilk qadam qo'ygan kunidan boshlab katta g'alabalarga erishishni maqsad qilgan. Bu borada unga oilaviy muhit va otasining ko'magi asqotdi.

— Otam yoshligida professional bokschi bo'lishni orzu qilgan, — deydi Shaxram ommaviy axborot vositalari vakillariga bergan intervyusida. — Afsuski, o'sha paytda imkoniyat, shart-sharoit bunga monelik qilgan. U kishi agar farzandim o'g'il bo'lsa, albatta, sportchi qilaman, deb niyat qilgan ekanlar. Men shu kungacha nimaga erishgan bo'lsam, ota-onamning mehnati va qo'llab-quvvatlashi natijasi deb bilaman.

Shaxramning boksga kirib kelishi Muhammadqodir Abdullayev va Abbos Atoyevning nomlari jahon ringlarida baland yangragan paytlarga to'g'ri keldi. U ushbu charm qo'lqop ustalarining har bir jangini sinchiklab kuzatardi. Xatolari va g'alabalarini o'zicha tahlil etardi. Murabbiyidan ularning xatti-harakatlari haqida so'rab, jang­larda ularni takrorlashga intilardi. Lekin hech qachon ikkinchi Muhammadqodir yoki bosh­qa jahon darajasidagi bokschi bo'lishni o'ylamagan. Har doim Shaxram G'iyosov bo'lishga intildi. O'zining boksda yangi yo'nalishi bo'lishini istardi.

Uning xalqaro maydondagi birinchi yirik g'alabasi 2014 yilda qayd etildi. O'sha yili u talabalar o'rtasida Yakutskiyda o'tkazilgan jahon chempionatida oltin medalni qo'lga kiritdi. Ushbu g'alaba uning faoliyatida muhim o'rin tutadi. Chunki u mazkur musobaqada ishtirok etish orqali xalqaro janglar “ta'mi”ni tatib ko'rdi. Xorijlik bokschilar ham o'ziga o'xshagan oddiy yigitlar ekaniga amin bo'ldi. Agar barcha qiyinchiliklarga dosh bersa, jahon ringlariga nomini muhrlab qo'yishiga ishondi. Bu ishonch va qat'iyat bokschimizga kuch berdi, dalda bo'ldi.

Olimp cho'qqisida qolgan alamlar

2016 yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o'tkazilgan Olimpiada o'yinlarida o'zbek bokschilari qayd etgan natija butun dunyo sport ixlosmandlarini lol qoldirgani yodimizda. Ana shu dunyoni o'ziga qaratgan yigitlar ichida G'iyosov ham bor edi.

Uning Rio ringlarida ko'rsatgan janglari haqida turli fikrlar va mulohazalar bildirildi. Chunki uning raqibiga beradigan tezkor zarbalari ularni shoshirib qo'ygan edi. Dunyo ringlarida hech kimga «non» bermay kelayotgan kubalik va marokashlik, qozog'is­tonlik bokschilar o'shanda Shaxram bilan ehtiyotkor bo'lib hisoblashgani hali yodimizda.

Ushbu Olimpiadada ko'pchilik bokschimizning oltin medalni qo'lga kiritishiga ishongan edi. Uning finalgacha bo'lib o'tgan janglari shundan dalolat berar edi. Olimpiada chempionligi uchun kechadigan janggacha bo'lgan yo'lda dunyoda o'z o'rniga ega bo'lgan kuchli bokschilarni yenggan atletimiz hal qiluvchi mahorabada kuchli qarshilikka duch keldi.

Afsuski, Shaxram mazkur jang­da azaliy raqibi qozog'istonlik Daniyar Yeleusinovdan ochkolar hisobida mag'lubiyatga uchradi. Yakunda u Rio-de-Janeyroda bo'lib o'tgan XXXI yozgi Olimpiya o'yinlarida kumush medal bilan ortga qaytdi. Mazkur sovrin mamlakatimiz boks­chilari qo'lga kiritgan ilk Olimpiada kumush medali sifatida ham tarixda qoldi. Boks­chimiz finalgacha litvalik Eymantas Stanyonis, kubalik Ronel Iglesias va marokashlik Muhammad Rabiyni yenggan edi. Finaldagi mag'lubiyat nafaqat Shaxramga, hatto o'zbek muxlislariga ham juda alamli ta'sir qilgani aniq.

Azaliy raqiblar «jangi» gamburgga ko'chdi

Olimpiadadan so'ng bokschimiz ruhiy tushkunlikka tushgani yo'q. Aksincha, u oldinda turgan jahon va qit'a chempionatiga hozirlik ko'ra boshladi. 2017 yil Shaxram uchun ancha muvaffaqiyatli keldi. Dastlab Toshkentda o'tkazilgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo'lga kiritdi. Mazkur musobaqa finalida ham hamyurtimizga qozoq bokschisi ro'baru keldi. Bu safar esa vatandoshimizning qo'li baland keldi. Shu yilning sentyabr oyida Gamburgda o'tkazilgan jahon birinchiligi ham Shaxram uchun omadli keldi. Jahon chempionligi uchun kechgan uchrashuvda vakilimiz «London-2012» Olimpiadasi oltin medal sohibi, kubalik Ronel Iglesiasga hech qanday imkoniyat qoldirmay dunyo chempionligini tantana qildi. 2017 yilda Osiyo boks federatsiyasi ham Shaxramni qit'aning eng kuchli bokschisi deb e'lon qildi.

To'qqiz jang, to'qqiz g'alaba

2017 yildan boshlab bokschi o'z imkoniyatini professional boksda sinab ko'rishga ahd qildi. Bu borada u dunyoga mash­hur Amerika Qo'shma Shtatlaridagi promouter kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi. Shaxram prof ringdagi ilk jangini 2018 yil 10 martda o'tkazdi. Jangning sakkizinchi soniyasidayoq raqibi — argentinalik Nikolas Velaskesni nokaut qildi. Shu yilning 21 aprel kuni esa bokschimiz vengriyalik Gabor Gorbichni mag'lubiyatga, meksikalik bokschi Daniel Echeveriyu­ni esa birinchi raunddayoq nokautga uchratdi. Ganalik Albert Mensga qarshi o'tkazilgan bellashuvda esa uchinchi raundda raqibini texnik nokautga uchratib, professional boksdagi to'rtinchi g'alabasini tantana qildi. Professional ringdagi ikki yillik faoliyati davomida buxorolik charm qo'lqop ustasi to'qqizta jang o'tkazishga ulgurdi. Barchasida uning qo'li baland keldi. Jang­larning 7 tasida raqiblarini muddatidan avval nokautga uchratdi.

Shaxramning navbatdagi jangi shu yilning 24 avgustida Meksikaning Ermosilo shahridagi «Sentro de Usos Multiples» arenasida o'tkazilganidan xabaringiz bor. Shu kuni u taniqli va o'z vazn toifasida professional bokschilar orasida yetakchi va kamarga asosiy da'vogarlardan biri, kolumbiyalik sobiq jahon chempioni Darlis Peresga qarshi ringga ko'tarildi. O'n raundga mo'ljallangan jang muddatidan avval yakuniga yetdi. Birinchi raundning 30 soniyasi o'tib ulgurmasidan o'zbekistonlik bokschi chap qo'lda kuchli va aniq zarba yo'llab, raqibini ringga qulatdi. Jangning bunchalik tez yakuniga yetishini kutmagan raqib anchagacha ring bo'ylab gandiraklab yurganini butun dunyo ko'rdi.

Bitta o'n raundlik jang o'tkazish uchun bir necha oy tayyorgarlik ko'rib, ringga chiqqanda, bellashuvning 30 soniyasidayoq bir musht bilan qulash hech bir bokschiga hurmat olib kelmaydi. Afsuski, kolumbiyalik bokschi bilan shunday holat yuz berdi. Bu ham bo'lsa Shaxramning mahorati va o'z ishiga professional tarzda yondashganidan dalolat beradi.

Professional boksda G'iyo­sovning oldida murakkab va mashaqqatli janglar turibdi. Asosiysi, u o'z vazn toifasida dunyo chempionligini qo'lga kiritishi kerak. Bundan tash­qari, Shaxram «Rio-2016»dagi xatosini «Tokio-2020» Olimpiadasida to'g'rilashi lozim. Bu kunlarni ko'rishga esa ko'p vaqt qolgani yo'q…

Jobir Xo'jaqulov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + 5 =