Toza tarbiya bulog'i

Mamlakatimizda bugungi kunda izchil tarzda olib borilayotgan Harakatlar strategiyasining mag'zida ma'naviyat masalasi ham turgani rost. Shu asno muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil iyulda ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish bilan bog'liq qarori qabul qilinganini alohida e'tirof etishimiz joiz. Mazkur qarorning eng ibratli jihati ko'pdan hammamizning og'riqli dardimiz bo'lib kelayotgan “jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga to'sqinlik qilayotgan ichki tahdidlar – el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug'-aymog'chilik, oilaviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga e'tiborsizlik kabi holatlar”ga barham berishga qaratilgan kompleks tadbirlar tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish yo'llari ko'rsatilib, bizni o'ylash va harakat qilishga undaganidir.

Zotan, ushbu qoralamada ham yuqorida sanalgan har qanday kamchilikni bartaraf etishga qodir barkamol inson tarbiyasi va undagi bevosita onalarning roli haqida so'z yuritamizki, jamiyatning barqaror rivojlanishida, ayniqsa, bu tarbiyaning roli beqiyosdir.

Muqaddas bitiklarda yozilishicha, inson borki, tavallud topgan lahzalarida faqat fitrat (sof tabiat) ila tug'ilar ekan. Uning iymoniymi, nasroniymi, shaytoniymi bo'lib ulg'ayishi esa keyingi tarbiyasi bilan bog'liq bo'larkan. Buni o'qib-uqib bilganlar umr bo'yi o'zlarini gunohu xatolardan poklab borishga harakat qilar, farzandlariga ham tinimsiz toza tarbiya buloqlaridan suv tutar ekanlar.

Afsuski, keyingi paytlarda yuqoridagiday qadriyatlarimizdan bahramand bo'lib, dunyo donishmandlarining hikmatlarini o'qib farzandu oila baxt-saodati uchun astoydil harakat qilayotganlar qatorida Istiqlolday ulug' ne'mat bergan bugungi betimsol imkoniyatlarning qadriga yetmay, suiiste'molliklar ichida, hayotni faqat mol-matoh to'plashu maishatli yeb-ichmoqdan iborat, deb hisoblaydiganlari ham uchrab turibdi. Tarbiya masalasini farzandiga faqat hashamli kiyim-kechak olib berishu oziq-ovqat va pul ta'minoti deb tushunadigan ota-onalar ham bor.

Ibrat hikmati

Xatirchi tumanida “G'ofirjon Abduxoliqov” fermer xo'jaligi bor. Uni ilk faoliyat boshlagan 2005 yillarda asli kasbi pedagog bo'lgan Sanoatxon O'rinova bosh­qargandi. Yeri ham unchalik ko'p emas, 20 gektarcha kelardi. Lekin yil sayin yiriklashib-kengayib borayotgan fermer xo'jaligining mahsulot yetishtirish imkoniyati ham orta bordi. Hozirgi kunda 60 gektardan ziyod maydonda dehqonchilik qiladigan fermer xo'jaligini endilikda Sanoatxonning katta farzandi Bobosher Xoliqov boshqaradi. Paxta, g'alla, pilla yetishtirib, qoramolchilik va parrandachilik bilan shug'ullanadigan mazkur xo'jalikning fayzu barokoti yil sayin ortib borayapti.

— Qaynotam Abduxoliq Halimov juda salohiyatli dehqon, usta paxtakor bo'lib, u kishini mamlakatimizda ham yaxshi tanishar edi. Turmush o'rtog'im rahmatli G'ofirjon Abduxoliqov ham ota izidan yurib, jamoa xo'jaligini boshqarayotgandilar. Taqdirning yozig'i shu ekan, hayotdan erta ketdilar. Lekin ishlarini davom ettirishga o'g'lim yosh edi, fermerlik harakati boshlanayotgan yillar edi. Tumanimiz hokimi, ishbilgich yosh rahbar Erkinjon Turdimovning daldalari bilan fermer xo'jaligi tashkil qildim va belimni mahkam bog'lab, dalaga chiqib ketdim. Bu narsa ham qayg'ularimga taskin bo'ldi, ham qaynotamu turmush o'rtog'imning xayrli ishlari to'xtab qolmadi. Shukrki, dilbandimiz Bobosherjon ham institutni bitirgach, avval yoshlar tashkilotida, keyin bankda ishlab yurdi-yu asta-sekin yonimga kirdi…

Sanoatxonning hayotidagi eng og'riqli, dolg'ali, zahmatli davr haqida qisqagina hikoya bo'lgan bu gaplarning mazmunu masalasi naqadar yukdor edi. Avvalo, o'zi ona tili va adabiyoti fani o'qituvchisi bo'lsa-da, oilasi, juftiga sadoqati tufayli matonatli mehnati, usta dehqonlarning qadrini joyiga qo'yib ishlatib, o'zi ham ulardan ish o'rganishi-yu fidokorligi sababidan haqiqiy Dehqonoyimga aylangan qahramonimiz shaxsiy ibrati va tarbiya-saboqlari bilan yilma-yil o'g'li Bobosherjonni ham komil deh­qon darajasida kamolga yetishiga xizmat qildi.

Oqibatli, haqiqiy izbosar o'g'il ham 2016 yildan e'tiboran onasining qo'lidan ishini to'lig'icha olib, fermer xo'jaligini ibratli darajada boshqara boshladi. Bobo, ota qoni bilan o'tgan ishbilgichlik, zaminga muhabbat, yosh bo'lsa-da, uniyam usta dehqonga aylantirdi. Lekin u yillar davomida birov bilib, birov bilmas, onajoni Sanoatxon O'rinovadan ko'p narsalarni o'rgandi. Masalan, mehnat qilayotganlarning qadrini joyiga qo'yishni, adolatni, yaxshilik qilishu savobkorlikni, mehribonligu muomala madaniyatini o'zlashtirdi. Kezi kelganda eng yaqinlarining to'y-ma'rakasiga ham borolmay, dalasiga parvona bo'lishday fidokorlikni-da mehribonida ko'rib, bunday jonnisorlikni-da yuqtirib oldi o'ziga.

Sanoatxonda hamisha yana bir go'zal xislat bardavom edi. Qayno­tasi va juftidagi eng ibratli fazilatlarni diliga tugib yurgandi-yu mavridi kelishi bilan ularni o'g'lining fe'liga sing­dirishga harakat qilayotgan edi.

Ana shular bois bugungi kunda mazkur fermer xo'jaligi ishlab chiqarish ko'rsatkichlari bo'yicha viloyatda yuqori o'rinlardan birida turibdi. Har yili g'alladan gektariga 70 sentnerdan oshirib hosil olishayotgan bo'lsa, paxtachilikda ham hosildorlik 45-50 sentnerni tashkil etayotir. Xo'jalik pillakorlari esa har yili bir tonnadan ziyod pilla yetishtirib, ishlovchilarning xonadoniga fayzu baraka kirib borishiga imkon yaratishmoqda.

O'g'li yoniga kirib, asosiy ishning yukini olgach, Sanoatxon endi qiz uzatib, o'g'il uylantirib, nevara to'yi qilib, ishchilarining ana shunday orzu-havaslariga bosh bo'lib, qalbi quvonchlarga to'lib yashamoqda.

Lekin hamisha shunday. Qahramonimiz g'ira-shira tongda turib, po-yu piyoda dalaga otlanadi. Va yana har kuni dalalarni o'ngu so'lga, ortu oldga qadamlab chiqib, yumushlarni sarhisob qilib, shundan o'ziga ruhiy quvvat olib, ishning samarali, barokatli borishigayam imkon yaratayotgan dalaning fidokor Begoyi­mi bo'ladi. Kechagi kunda ana shunday ishbilgich “Fermer opa” bo'lib, bor kuch-imkoniyatini yaratuvchanlik ishlariga safarbar etgan bo'lsa, bugun millatimiz onalarining ibratli hayot tarziga muvofiq umrguzaronlik qilayotgan Sanoatxon hoji aya bo'lib o'g'liga madad qo'lini cho'zadi. Teng­doshlariga ezgulik va xayrli ishlar qilish borasida, aniqrog'i, farzandlarini to'g'ri yo'lga yo'llash masalasida alohida ibrat ko'rsatadi. Xullas, qissadan hissa, sifatida aytishimiz joizki, qachonki unga o'xshaganlarga duch kelsak, qahramon shoirimizning “Shundaylar bo'lmasa agar dunyoda, Bunchalar muhtaram bo'lmasdi ayol” degan misralari tilu dilimizda jaranglayveradi.

Jasoratmi, shijoat?

Navbahor tumanining “Yangi qo'rg'on” qishlog'ida Sobirjon ism­li yigit istiqomat qiladi. Baxtsiz tasodif tufayli bolaligu o'smirligining orasida bir oyog'idan ayrilgan bu yigit bugun bir oyog'i bilan traktor haydaydi, yer chopadi, mol boqadi. Ayniqsa, uning xususiy traktori tomiga chiqib, bir oyoqda turganicha telejkaga o't-o'lan bosayotgan yigitlarga jo'yali maslahat berayotganini ko'rganda, o'z-o'zidan dilingda iftixor hissini tuyasan kishi. To'rt muchasi sog'lom, lekin na ahliga, na jamiyatga foydasi tegmay yurgan kaslarga duch kelganda esa ayniqsa, bu faktning ibrati buyukligi yaqqol ko'zga tashlanaveradi.

— Oyoqqa bir o'roq kirishi bilan ham shunday bo'larkanmi?! Nima iloj, chirish kasali boshlanib, avj olib ketgach, bir oyog'imdan ayrilishdan boshqa iloj qolmadi, avvaliga tushkunlikka tushdim. Ayniqsa, bu ahvolimga qarab ota-onam shu qadar ezila boshlashdiki.., — deya dilidagilarni to'kib soldi qahramonimiz bir lahzalik suhbatimiz asnosida. — Ochig'i, men ularni bunday ahvoldan qutqarishim kerak edi. Shuning uchun dast­lab hunar o'rganib, poyab        zal ta'mirlovchi usta sifatida ish boshladim. Lekin o'quvchilik paytimdayoq qishloq traktorchilariga ergashib, g'o'za qator oralariga ishlov berib yurganlarim xayolimni tortaverdi. Rahmatli Ahad Xayrullayev degan sobiq xo'jalik raisi bo'lardi. O'sha — men uchun og'irdan og'ir kechayotgan kunlarda shu insonning mehribonchiligi bilan tugab borayotgan xo'jalikning eskigina traktorini sotib oldik. Shundan boshlab hayotimga yangi mazmun kirdi…

Lekin xuddi ana shu nuqtalarda mavzumizning yana bir qahramoni faoliyati ham yaqqolroq ko'zga tashlanadi. Umr bo'yi qishloqda hamshira, mahalla faoli, sarkori, kayvonisi bo'lib el-yurtiga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan Sobirjonning onajoni Mo'mina Azimova bunday kezlarda farzandiga chin maslakdosh bo'la oldi. Nafaqat so'zu daldasi, maslahatlari, ruhiy quvvatlashlari bilan balki, el-yurt ishiga fidokorligi, shaxsiy ibrat ko'rsatishlari bilan ham Sobirjonga o'sha kunlarda chin insonlik yo'lini ko'rsatib beroldi.

— Qancha ko'p el koriga yarasang, savob ish qilsang, hayoting­ga shunchalik barokot inishi rost ekan, — deydi Mo'mina opa iftixor bilan. — Sobirjonimning bugun qator-qator pritsepli traktorlari bor. Qishloq fermerlariga, aholiga qo'l-qanot bo'lib, paxta, bug'doy, somon, beda, dag'al xashak tashiydi, o'ruvchi “Kir” uskunasi bilan o't, poya o'radi, o'g'it sepib, xalq xo'jaligining hamma sohasiga xizmat qilaveradi. Lekin ish haqi uchun talashmaydi, insofni unutmaydi…

— Alloh menga bir oyoqda bo'lsam-da, ikki oyoq bilan qilinadigan ishlarni bajarish imkonini berib qo'yibdi. Shunga shukr qilaman. Shular bois ham hech kimni noumid qaytarmayman, xizmat haqi uchun talashmayman. Shundan bo'lsa kerak, xonadonimda barakotim ziyoda…

Sobirjonning beg'ubor, nurli chehrasida savobpeshalik, fidokorlik, zahmatkashlik va kuydi-pishdilik fe'li shundoqqina charaqlab ko'rinib turibdi. Eng e'tiroflisi, uning bu fazilatu zahmatlari davlatimiz tomonidan ham munosib taqdirlandi. 2016 yilda “Jasorat” medaliga loyiq ko'rildi. Bu mukofot nafaqat qahramonimizni, uning ezgulikka ibrati bilan farzandini sog'lardan-da salomat ruh bilan tarbiyalab, el ishiga qo'shib kelayotgan onajoni Mo'mina Azimovani ham beqiyos quvontirdi. Yetmishga yaqinlashgan bo'lsa-da, kuchiga kuch, g'ayratiga g'ayrat qo'shdi. U bugun har lahzada iftixor bilan shunday deydi:

— Har kuni tongimiz eshikdan yo'qlab keluvchilar bilan birga otadi, kunlarimiz fidokorona mehnat bilan davom etadi. O'zim ham, o'g'lim ham elga kerakligimizdan baxtlimiz.

* * *

Dunyo donishmandlaridan biri: “Bizga yaxshi onalarni beringlar, biz yaxshi odamlar bo'lib yetishamiz”, degan hikmatni aytgan ekan. Aslida, yaxshi ona deganda qanday onani tushunamiz? Farzandi, oilasi uchun fidokor, Vatani-xal­qiga muhabbatli, savobpesha, ezgu-xayrli ishlarni yaxshi ko'ruvchi, Allohdan qo'rqib, ikki dunyo saodatini istaydigan, halol-pokiza, munisa-mushfiqa ayolni tushunamiz. Bunday ona, ayol bo'lish uchun esa albatta, kitobxon, ziyoli, Allohni tanigan inson bo'lmog'i kerak!

Ulug' Sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlari: “Kelin tanlashda qizning yetti pushtini surishtirdim”, degan tuzukni bizga bekorga meros qoldirmaganlar. Demoqchimizki, avvalo, yetti pushtini surishtirib, kelin qilish bir masala bo'lsa, kitobxonlikka, ziyoga intilish yana bir muhim masaladir. Zotan, muhtaram Yurtboshimiz bugun bekorga kitobxonlikka asosiy e'tiborni qaratayotganlari yo'q. Yuqoridagi qahramonlarimiz (va ularga o'xshagan o'nlab, yuzlab yurtdoshlarimiz) esa fikrimizning yorqin isboti sifatida jamiyat­aro ibratli umrguzaronlik qilishmoqda. Sanoatxon til va adabiyot fani o'qituvchisi, Mo'minaxon opa ham qishloqning bir ziyoli ayoli sifatida charchagan ruhingizga nimadan orom qidirasiz, deya bergan savolimizga, kitobxonlikdan, ayniqsa, Qur'onu hadis, yana hikmatlar shodasi jamlangan kulliyotlardan, deya javob berishdi. Mana, ma'naviyatning suv ichar buloqlari, ayniqsa, farzandini, barobariga jamiyatni tarbiyalaguvchi onalarimiz mashg'ul bo'ladigan buyuk qo'llanmalar…

Salima Umarova,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + 4 =