Yurtimizda yetti iqlim tadbirkorlari o'z biznesini yo'lga qo'yishmoqda

Germaniyalik Zingfred Shnayder uzoq yillardan buyon oilasi bilan Nurota tumanining Sentob qishlog'iga kelib dam oladi. Bu yil yurtimizga tashrif buyurgan sayyoh viloyat markazidagi mehmonxonada emas, tog' etagidagi qulay, shinam mehmon uyiga joylashganidan mamnun bo'ldi.

Navoiy shahrida zamonaviy tibbiyot klinikasini qurib, mahalliy aholiga xizmat ko'rsatishni maqsad qilgan amerikalik Mark Entoni Uinters tadbirkorligini rasmiylashtirish uchun yaqinda Navoiy shahar Davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurdi. Xorijlik hamkorga yashil yo'lak tamoyili asosida xizmat ko'rsatildi. Investorlar uchun ajratilgan alohida xonada hujjatlar qabul qilinib, bank to'lovlari va barcha xizmatlar shu yerning o'zida amalga oshirildi. Biznesmen yurtimizga 42 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritdi.

— Aholiga 24 soat tibbiy xizmat ko'rsatadigan tez tibbiy yordam klinikasini yaqin muddatlarda qurib foydalanishga topshirmoqchimiz, — deydi tadbirkor o'z rejalari haqida gapirar ekan. — Biznesni Navoiyda boshlashdan maqsad, yuk tashishga qulay bo'lgan erkin iqtisodiy zonaning shu hududda joylashganidir. Ke­yinchalik tibbiyot sohasidagi faoliyatni respublika bo'ylab kengaytirmoqchimiz. Menga ma'qul bo'lgani, biznes loyihani boshlash uchun rasmiy hujjatlar hech bir ovoragarchiliksiz 15 daqiqa ichida rasmiylashtirildi. Amerikada ham aholiga davlat xizmati ko'rsatadigan markazlar mavjud. Ko'rinishi, jihozlanishi, zamonaviyligi, xizmat madaniyatida biznikidan deyarli farq sezilmadi.

Viloyatning asosiy yetakchi kuchi bo'lgan qishloq xo'jaligi sohasiga ham xorijliklar daromad manbai sifatida katta qiziqish bildirmoqda. Eronlik Ali Shomurod Xatirchi tumanidan 1000 gektar yerga poliz ekinlari ekish, bog' barpo etish niyatida 6 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritib, o'z faoliyatini Xatirchi tuman davlat xizmatlari markazi orqali rasmiylashtirdi.

— To'rt kundan buyon viloyatning unumdor yerlarini ko'zdan kechirish maqsadida Konimex, Nur­ota va Xatirchi tumanlarida bo'ldik, — deydi u. — Sarmoyador sheriklarimiz bilan maslahatlashib, Xatirchi yerlarini ma'qul topdik. Bu hududning yeri unumdor, tuprog'i dehqonchilikka qulay, suvi shirinligi bilan e'tiborimizni tortdi. Tomchilab sug'oriladigan bog'lar, uzumzor-tokzorlar barpo etmoqchimiz, sabzavot ekinlari yetishtirmoqchimiz. Mahalliy dehqonlar tajribasidan foydalanib, hamkorlikda faoliyat yuritishni ko'zlab turibmiz.

Ana shunday xayrli ishga bel bog'lagan yana bir korxona — Xitoyning «XINGYAO» mas'uliyati cheklangan jamiyati Nurota tog'laridan marmar toshlarini qazib olish, maydalash, pardozlash ishlari bilan shug'ullanish niyatida o'z texnologiyalarini yurtimizga kiritmoqda. Mazkur xorijiy korxona ishga tushishi bilan 15 nafar mahalliy aholi ish o'rniga ega bo'ladi. «XINGYAO» MChJ Nurota tumani davlat xizmatlari markazidan ro'yxatdan o'tkazildi. Buning uchun ovora bo'lib viloyat markaziga kelishga hojat qolmadi, boisi, tumanda yangidan qurib bitkazilgan barcha qulayliklarga ega zamonaviy bino shaharnikidan aslo qolishmaydi. Shu o'rinda aytib o'tish joiz, markazning ana shunday yangi binolari Navoiy shahri va Konimex, Uchquduq, Nav­bahor tumanlarida ham foydalanishga topshirildi. Zamonaviy resepshn, elektron navbat, ma'lumot olish uchun monitor, onlayn xizmat olish uchun infokiosk, mobil telefonlarning quvvat olish qurilmasi, bolalar maydonchasi, kutish zali, bank kassasi, naqd pul yechish uchun bankomat, bir vaqtning o'zida 15 ta qabul oynasi fuqarolarga xizmat ko'rsatmoqda. Tuman markazlarida ish boshlagan ushbu muhtasham binolar minglab aholining og'irini yengil, uzog'ini yaqin qilish, qulay va sifatli xizmat ko'rsatish bilan bir qatorda, xorijiy va mahalliy tadbirkorlarning biznes loyihalarining amalga oshishiga zamin yaratib, ulkan imkoniyatlar eshigini ochayotir.

— Viloyatimizda davlat xizmatlari markazlari orqali joriy yilning o'zidayoq 321 ta xorijlik investor tadbirkorlik ishini davlat ro'yxatidan o'tkazdi, — deydi Davlat xizmatlari Agentligining Navoiy viloyat bosh­qarmasi boshlig'i Bahodir Toshev. — Markazlarda investorlar uchun yashil yo'lak tamoyili asosida sifatli xizmat ko'rsatish yo'lga qo'yilgan. 30 daqiqa ichida chet ellik sarmoya­dor O'zbekistonda biznes boshlashi uchun ruxsatnomaga ega bo'lmoqda. Bundan tash­qari, joriy yilda davlat xizmatlari markazidan ro'yxatdan o'tgan 9660 nafar mahalliy tadbirkorimiz bunyodkorlik, sanoat, ishlab chiqarish, kichik biznes va turizm­ni rivojlantirishda o'z hissasini qo'shib, yangi marralarni zabt etayotir. Ularning 4319 nafari yakka tartibda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardir.

Navbahor tuman davlat xizmatlari markazida mehmon uylari qurish uchun hujjatlarini yil boshida rasmiylashtirgan “Muhabbat bog'i” oilaviy korxonasi qisqa fursatda tog' yon bag'irlarida zamonaviy, bejirim ko'rinishdagi 27 ta mehmon uyini qurib foydalanishga topshirdi. Shu­ning­dek, ushbu tumandan Nodir Qodirov ham «Uchtut javohirlari» oilaviy korxonasini ochib, tadbirkorlik ishini turizm va mehmonxona biznesini rivojlantirishdan boshladi. Oilaviy korxona tomonidan Navbahorning Nur­ota zamini bilan bog'lab turadigan magistral yo'l yoqasidagi chashma suvi oqib turgan tog'li maskanda to'rtta mehmonxona binosi tiklanib, sayyohlarga xizmat ko'rsata boshladi.

Germaniyalik Zingfred Shnayder uzoq yillardan buyon oilasi bilan Nurota tumanining Sentob qishlog'iga kelib dam oladi. Bu yil yurtimizga tashrif buyurgan sayyoh viloyat markazidagi mehmonxonada emas, tog' etagidagi qulay, shinam mehmon uyiga joylashganidan mamnun bo'ldi.

— Turmush o'rtog'im bilan Sentob tog'larini tomosha qilishni xush ko'ramiz, — deydi mehmon taassurotlarini o'rtoqlashib. — Bizni osmono'par baland cho'qqilar, undagi sharshara, buloqlar, xilma-xil o'simliklar dunyosi o'ziga rom etgan. Bu yerda yovvoyi tabiatni uchratish mumkin. Ba'zida tog' cho'qqilarida kunlab qolib ketamiz. Qolaversa, Sentob odamlarining madaniyati, qadriyati, milliy udumlari va oshxonasi bizga juda ma'qul. Ayniqsa, 2136 metr balandlikdagi Fodilvon tog' cho'qqisiga chiqishning zavqi o'zgacha!.. U yerdan qishloq kaftdek ko'rinadi. Ana shunday betakror tabiati bilan yurtingiz juda nodir boyliklarga ega. Endilikda ekoturizmning rivojlanayotgani, sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bizni yanada mamnun etdi.

Olis qishloqlarimizda hamkorlik faoliyatini olib borayotgan, investitsiya kiritgan va kiritayotgan yoki mahalliy aholi bilan birga mehnat qilayotgan yoxud sayyoh sifatida tashrif buyurgan minglab xorijliklarni jamoat joylarida uchratishimiz kunlik hodisaga aylandi. Muhimi, har bir qo'yilgan qadamning xayrli ekani, yurt ravnaqi yo'lida xizmat qilishidir.

Hilola Ismatova

Navoiy viloyati.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + 11 =