Abdulla Qodiriyning qaytishi

Nega, biz shundaymiz, nega bir-birimizni sotib kun ko'rishni afzal bilamiz? Nahotki, hali-hanuz bu jirkanch illat qonimizga singib ketgan bo'lsa? Qachon qutulamiz bu sharmandali illatdan?! Qachon?! degan og'ir savollar tomoshabinning tilida aylanaveradi.

Taniqli adib Xurshid Do'stmuhammadning “Yolg'iz” qissasini goh iztirob, goh dard, goh zavq bilib o'qib chiqqach, fikr-mulohazalarimni jamlab, muallifni yangi asari bilan chin dildan tabriklayman, deb yaxshi niyatlar qilib turgan bir pallada ushbu asar asosida tayyorlangan yangi spektaklga taklif etildim.

Tomosha O'zbekiston Davlat drama teatrida bo'lib o'tdi. To'g'risi, yaqin yillarda teatrga bunchalar ko'p tomoshabin yig'ilganini ko'rmagan edim. Xayriyat, zal to'lib ketdi…

Xurshid Do'stmuhammadning “Yolg'iz” qissasi asosida “Jinlar bazmi” nomi bilan sahnalashtirilgan ushbu spektaklni O'zbekis­tonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, taniqli rejissyor Olimjon Salimov o'zi insenirovka qilib, o'zi sahnaga qo'ygan. So'zimizning avvalida aytib qo'yaylik, Olimjon Salimov o'z uslubi, o'z sahna talqiniga sodiq qolib, tomoshabinlar qalbida, xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladigan ajoyib va yaxshi spektal yaratibdi.

Kitob voqealari sahna ko'rinishlari bilan uyg'unlashib birbirini to'ldirib boradi. Kitob ilk sahifalari bilan o'quvchini o'ziga jalb etganidek, spektakl ham dastlabki sahna ko'rinishlari bilan tomoshabinni o'ziga ohanrabodek tortadi, uning qalbiga “qarmoq” tashlaydi. Vujudi bilan sahna voqealariga bog'lanib qoladi.

Asosiy mavzu — buyuk adib Abdulla Qodiriyning 1926 yil mart-iyun oylarida hayotida va ijodida kechgan ayanchli va dahshatli voqealar qamrab olingan. Sahna voqealari ko'proq tarixiy-hujjatlarga asoslangan. To'qima obrazlar kamroq. “Mushtum” jurnalining 27-sonida Abdulla Qodiriyning “Ovsar” taxallusi bilan “Yig'indi gaplar” tanqidiy maqolasi e'lon qilinadi. Qilinadi-yu, bomba portlaganday sho'ro hukumatining paytavsiga qurt tushadi. Maqola chop etishga tayyorlanayotgan paytdayoq bahs-munozaraga sabab bo'ladi. Tahririyat xodimlari – Oshqin (artist I.Ochilov), Shoyusuf (artist K.Rahmonov), Vose' (artist S.Lutfullayev), Mirzarasul (artist S.Sattorov), muallif Abdulla Qodiriy (artistlar B.Usmonov, I.Berdiyev) ishtirokida qizg'in muhokama qilinadi. Ushbu sahnada hamfikr, hamkor, hamjihat ishlayotgan ijodiy jamoadagi do'stlarning niyatlari boshqa-bosh­qa ekanligi ayon bo'la boshladi. Abdulla Qodiriyning xalq nazariga tushib borayotgani, har kuni odamlar tahririyatga uni so'rab, ko'rgani kelishayotgani do'stlarining g'ashiga tega boshlaydi. Xullas, “Yig'indi gaplar” tufayli oralaridan gap qochadi. Endi tahririyatda ham “yig'indi gaplar” qo'zg'alib qoladi.

Oqibat Abdulla Qodiriy maqola chop etilishi bilan qamoqqa olinadi. Qamoq va so'roq sahnalarida spektaklning jonli voqealari aks etgan. Abdulla Qodiriyning oilasidagi og'ir ahvol, adadsiz so'roqlar jarayoni, kameradagi azoblari, ruhiy qiynoqlari tomoshabinni e'tiborsiz qoldirmaydi. Sahnalashtiruvchi rejissyorning mahorati shundaki, tomoshabin ham Abdulla Qodiriyga qo'shilib iztirob chekadi, uning dardi, faryodlariga qalban sherik bo'ladi. Ayrim sahnalarda ko'zlariga yosh keladi.

Sho'ro davrining zug'um mashinasini yurgizgan OGPU xodimlari Belskiy (artistlar B.Mirmaqsudov, S.Xurramov), Agidulin (artistlar R.Ahmedov, Sh.So'fiyev) Mirshabboshi (artist R.Bashkulov), Mirshab (artist K.Bekmurodov) ijrolari ham tomoshabin xotirasida uzoq saqlanib qoladi. Eng muhimi, ular qatag'on davri ruhini, qo'rquv holatini, saltanat azoblarini tomoshabinga yetkaza olgan.

Qissaning ham, spektaklning ham yorqin obrazlaridan biri Bo'g'ma (artist N.Mirzaahmedov) o'quvchining ham, tomoshabinning ham esida qoladi. Bir qarashda u yomon, iblis odam bo'lib ko'rinsa-da, vujudida to'g'rilik, haqiqat va halollikka yaqin nimadir yashirinib yotganini ko'ramiz. U qancha chapani, dangalchi bo'lmasin, to'g'riso'z, bor gapni shartta yuzing­ga aytadigan cho'rtkesar: “Manga o'xshash odamxo'rdan ko'ra, sanga o'xshash kallali yozuvchidan ko'proq qo'rqadi, marazlar… Yoz, yozadiganingni! Yo ostidan, yo ustidan-de, o'ladigan dunyoda!” deydi u xayrlashish jarayonida Abdulla Qodiriyga.

Spektaklning eng yorqin va esda qoladigan dardli sahnalaridan biri eng yaqin do'stlari, safdoshlari, qalamdosh birodarlari Abdulla Qodiriyni yomon otliq qilib OGPU tergovchilariga sotadilar. Ular o'zlarini yaqin do'st deb, yuziga maqtaydilar, orqasidan sotadilar. Sotqinlik odamlarimiz qonida avloddan­-avlodga o'tib kelayotgan eng yomon illat. Abdulla Qodiriy ham yuzlab qatag'on qilingan ziyolilar kabi sot­qinlik qurboniga aylanadi.

“Jinlar bazmi” (“Yolg'iz”) spektalining tomoshabinni hayrat va hayajonga, chuqur iztirobga soladigan ushbu sahnalarni rejissyor va aktyorlar ansamblining yutug'i deyish mumkin. Buyuk adibning ayanchli taqdirini sahnada ko'rib, yuraklar yig'laydi. Qodiriy faqat qattol zamonning, siyosatning emas, do'stlarning ham xiyonati, chaquvi, sotqinligi tufayli qurbon bo'ladi. Do'stning xiyonati og'ir jinoyat.

Nega, biz shundaymiz, nega bir-birimizni sotib kun ko'rishni afzal bilamiz? Nahotki, hali-hanuz bu jirkanch illat qonimizga singib ketgan bo'lsa? Qachon qutulamiz bu sharmandali illatdan?! Qachon?! degan og'ir savollar tomoshabinning tilida aylanaveradi. Uni qiynoqqa solaveradi. Va beixtiyor sevimli shoirimiz Abdulla Oripovning ushbu misralari yodga keladi:

Surishtirganmiding Qodiriyni yo,

Qalqon bo'lganmiding kelganda balo?

Shuningdek, spektaklda Abdulla Qodiriyning onasi Josiyat aya (O'zbekiston xalq artistlari D.Ismoilova, A. Begmatova, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist M.To'xtayeva), o'g'li Habibullo (I.Usmonov, M.Hikmatjonov), qizi Nazifa (H.Odirboyeva, S.Hikmatjonova), turmush o'rtog'i Rahbarniso (artistlar N.Toshmatova, M.Xurramova), Yusufbek hoji (O'zbekiston xalq artisti E.Nosirov, artist G'.Jumanov), Kalvak maxsum (artistlar P.Normatov, Sh.So'fiyev), Hasanali (artist D.Rahimjonov), vrach, soqchilar, sudya, qiziqchilar guruhi ham o'zlariga berilgan rollarni mahorat bilan ijro etganlar. Sahna bezaklarini rassom Sergey Chufarnov ishlagan. Spektaklning jinlar bazmi sahnasida sho'ro askarlari, xizmatkorlari chalib chiqqan orkestr musiqa asboblarini Abdulla Qodiriyni sotgan do'stlari bo'yinlariga osib olib, chalib chiqadilar. Tomoshabin ularning ahvoliga achinadi. Ular esa bu sharmandali holni o'zlari uchun shon-sharaf deb biladilar. Qatag'on mashinasining bekamu ko'st ishlashiga munosib hissa qo'shadilar. Hukumatni yalab, bir-birlariga choh qazib, sotib kun ko'rishni afzal biladilar. Ular irodasiz qo'rqoqlar edi.

Ulug' adib Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligiga bag'ishlangan ushbu spektakl o'zbek  teatrining navbatdagi yutuqlaridan biri desak arziydi. “Jinlar bazmi” monolog, deb atalsa­­-da, aslida, to'laqonli spektakl bo'libdi. Bu yangi asar chindan ham o'zbek teatrining so'nggi yillardagi jiddiy muvaffaqiyatlaridan biri sifatida baholanishga arziydi.

Buyuk yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning sahna orqali qaytishi faqat tomoshabinlarning emas, balki ziyolilar, yozuvchilar, teatr arboblari, qo'yingki, xalqimiz uchun chinakam bayramdir. Ana shu ma'naviy-ma'rifiy bayram hammamizga muborak bo'lsin! Endi Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodi kitob shaklida, kino asarlar, seriallar, kartinalar ko'rinishida qaytadi va namoyon bo'laveradi. Uning ijodiy merosi bebaho va ulkan xazina.

Ulug' adibning bugun teatr orqali qaytishi yana bir bor qulluq bo'lsin!

Ashurali Jo'rayev.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight − one =