“Aqlli uy”ning aqlga sig'mas yutug'i

So'nggi yillarda respublikamizda ilmiy va innovatsion faoliyatni qo'llab-quvvatlashda tizimli ishlar olib borilayapti. Ayniqsa, iqtidorli yoshlarning milliy va xalqaro musobaqalarda qatnashib, yaxshi natijalarga erishishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e'tibor qaratildi.

Yaqinda Janubiy Koreyada o'tkazilgan “Inter­national Robot Donghae Challenge — 2019” xalqaro tanlovida turli davlatlardan kelgan yoshlar o'zlarining innovatsion ixtirolari bilan qatnashdi. Ushbu tanlovda o'zbekistonlik bir guruh yoshlar ham ishtirok etib, yuqori o'rinlarni qo'lga kiritishdi.

— Meni ixtiroimning natijasidan ham ko'ra, xal­qaro arenada Vatanimiz bayrog'ining baland ko'tarilgani ko'proq hayajonlantirdi, — deydi toshkentlik Nurilloh Ubaydullayev. — Tanlovga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko'rgandim, buning uchun do'stim bilan ko'p izlandik. Yaratgan ixtiroimizning nomi “SMART HOUSE”, ya'ni “Aqlli uy”, deb nomlangandi. “Aqlli uy”ning ustunligi shundaki, unga uy ichidagi olovni sezadigan “Fire sensor” o'rnatilgan. Uning vazifasi olovni sezgan paytida uyning eshik va derazalarini avtomatik ravishda ochib yuboradi. O't ketganda xona ichida qolgan odam xohlagan eshik yoki deraza orqali tashqariga chiqishi mumkin. Qo'shimcha ustunligi shundaki, xonada gaz hidi bo'lsa, qo'llanma ogohlantirish uchun ovoz chiqaradi va o'sha xona derazalari avtomatik ravishda ochiladi. Uyda hech kim bo'lmagan taqdirda “GSM MODULE” qurilmasi siz­ga va o't o'chiruvchilarga xabar jo'natadi. Undan tashqari, xona namligini va haroratini ko'rsatadigan “Display” ekran o'rnatilgan.

Nurilloh 6-7-sinfdan boshlab shu sohaga qiziqib keladi. Ijtimoiy tarmoqlarda, mahalliy va xorijiy teledasturlar orqali ko'rsatiladigan barcha “Robototexnika” haqidagi yangiliklarni kuzatib boradi. Farzandidagi bu qobiliyatni ko'rgan ota-onasi uni Toshkent Turin politexnika universiteti huzuridagi akademik litseyga olib borishdi.

— Tanlovda qatnashayotgan paytimda, o'sha joyning o'zida menga yangi g'oyalar keldi, — deb so'zini davom ettirdi Nurilloh. — Ularni keyinchalik amalga oshirish uchun yon daftarchamga yozib oldim. Kelajakda yasagan uyimizni yanada rivojlantirmoqchiman. Ya'ni, unga o'rnatilgan maxsus kamera uyga kirgan odamni rasmga olib, u haqdagi ma'lumotlarni qo'l telefoningizga yuboradi.

— Aslida, mana shunday katta musobaqalarda qatnashishni orzu qilardim, — deydi tanlovning yana bir ishtirokchisi, yosh ixtirochi Boburjon Ortiqov. — Lekin bu uchun, avvalo, ko'p o'qishim va yangiliklar yaratishim kerakligini angladim. Mana, orzularim amalga oshmoqda.

Biz yasagan ixtirolarimizni Janubiy Koreya Respublikasiga tayyor holatda olib borishimiz kerak edi. Lekin tanlovdagi qonunga o'zgartirish kiritildi. Endi har bir ishtirokchi o'z ixtirosini 2 soat ichida yasab, uni tushuntirib berishi talab etildi. Bundan biz ozgina taraddudlanib qoldik, lekin tezda o'zimizni qo'lga olib, “Aqlli uy”­imizni 2 soat ichida taxlab, bajaradigan ishini tushuntirib berdik. Ingliz va koreys tillarini yaxshi bilganimiz qo'l keldi, albatta, shu bois, yuqori natijalarga erishdik.

Boburjon hozirda Toshkent shahar 300-umumta'lim maktabining 8- sinf o'quvchisi. Bolaligida o'yinchoq samolyot va mashinalarga qiziqib, ularni buzib qaytadan yasagan Boburjon hozir “Robot mashina”lar ixtiro qilishga kirishgan. Kelajakda shu soha bo'yicha yetuk mutaxassis bo'lishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan.

Nargiza Bobomurodova,

«Hurriyat» muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × five =