Eskirmaydigan gazeta

Gazeta, jurnal qachon suyumli bo'ladi? Qachonki, mushtariy ko'ngli tusab turgan gapni topib aytsa. Ha, topib aytsa! Aynan ana shu narsa u nashr bosma bo'ladimi, elektron bo'ladimi, o'quvchining mehriga musharraf bo'ladi.

Mustaqillik sharofati bilan dunyoga kelib katta adadlarda bosila boshlagan, gazetxonlar istab, so'rab o'qiyotgan nashrlarni sariq, nursiz (“jyoltaya”) matbuot deb kamsitishga odatlanib qolganmiz (Aslida, dunyo ommasi xususiy gazetalarni “sariq” matbuot deydi A.B.). Xo'p, u “sariq” bo'lsa, “nursiz” bo'lsa, o'quvchi nega unga talpinadi, yutoqib o'qiydi? Qandaydir ziyosi, ko'ngilga mal­ham bo'lgulik suvaydosi bordirki, odamlar ardoqlaydi-da, demaymiz.

Bu malomatni hozir bir toi­fa o'quvchilarga emas, o'z-o'zimga ham aytayotganimni anglab turibman. Taassufki, kaminaning o'zi ham yaqin-yaqingacha biror partiya, vazirlik yoki davlat muassasasi nazaridan tashqarida chop etiladigan nashrlarning bariga, yoppasiga “sariq matbuot” deb qaraganimni yashirmayman. Hayriyatki, bunday xurkin tasavvurlarim sekin-astalik bilan (!) bo'lsa-da, chekinib bor­yapti…

Bu gaplardan muddao ushbu maqolada bundan roppa-rosa o'n besh yil ilgari (2004 y.) aynan “sariq” matbuot maqomida tashkil etilib, tez orada el og'ziga tushgan, o'z o'quvchilarining qalbidan munosib joy olgan bir ajoyib nashr — “Shifo-info” haqida ikki, uch og'iz so'z aytgim keldi.

Gazeta dastlab bor-yo'g'i ikki ming nusxada chop etilgani, tez oradayoq ellik, oltmish, hatto 70 minglik marrani ko'zlab qolganini ashaddiy gazetxonlar yaxshi eslashadi.

“Shifo…” dunyo yuzini ko'rgungacha ham respublikamizda tibbiyot sohasiga oid qator gazeta-jurnallar chop etilgan. Bu nashrlar, avvalo, siyosat uchun, xo'ja ko'rsingagina “chiqarilgan” ekan endi o'ylasam. Ular bemor shifo topishi uchun asqotadigan materiallar bir yoqda qolib, tizimga oid qonun va qarorlar, tibbiyot amaliyoti uchun mutlaqo keraksiz qonun osti hujjatlari bilan to'ldirib tashlanardi. Shifokor tajribasining zamon talabiga mos yuksalib borishi, malakasining boyishiga nafi tegadigan materiallar onda-sondagina, u ham bo'lsa nursiz holda, ko'zga chalinib qolardi.

“Shifo-info” tibbiyot mat­buotidagi ana shu eski tartib va ko'nikmalarga zarba o'laroq dunyoga keldi, deyish mumkin. Bu albatta, ijodiy jamoa oldiga materiallar mazmun-mo­hiyatidan tashqari, sohani yoritish, muqovani bezatish (dizayn), maqolalarni joylashtirish borasida ham mutlaqo o'zgacha yondashuvni talab etdi. Qi­yinchilik bilan bo'lsa-da, mahalliy matbuotda hukm surib kelayotgan qolip yondashuvlarni buzib, fikri va qarashlarini ixcham, zamonaviy uslublarda namoyon qila biladigan, o'z ishiga ijodiy yondashuvchi qizg'in jamoa shakllantirildi. Natijani mana, mushtariylari mushtoq bo'lib kutadigan bugungi “Shifo-info”ning chiroy-chimmati, materiallar badiiyati, mazmun-mohiyati, ayniqsa, mualliflar geogra­fiyasi-yu ularning intellektual salohiyatida ham ko'rib turibmiz.

Har qanday nashrning muvaffaqiyatida bosh omil bu, albatta, uning mualliflaridir. Yangi jamoa bu narsani juda yaxshi ilg'ardi. Shuning uchun bo'lsa kerak, ular jug'rofiy qamrovni keng oldi. Turli sohalarning yuksak malakali, o'rinli fikr ayta oladigan mutaxassis kishilarini nazardan qochirmadi. Ularni iloji boricha “Shifo-info”ning doimiy jonkuyar muxlis-muallifiga aylantirib olishga intildi. Va bunga muvaffaq bo'ldi ham.

“Shifo-…”da nafaqat tibbiyot xodimi, balki boshqa soha kishilarining ham dilidagi gaplar turdosh nashrlarga qaraganda yorqinroq, jozibaliroq shaklu shamoyillarda aks etadi. Bularning bari “jamoa – gazeta – muallif – mushtariy” oralig'ida qizg'in oqibat rishtalarining vujudga kelgani natijasi, deyish mumkin. Ushbu tajribani boshqa tahririyatlar ham o'rgansa, o'zlashtirsa arziydi.

Ko'p nashrlar Tahrir hay'ati yoki Jamoatchilik kengashini alohida urg'u bilan e'lon qilib boradi. Ism-shariflarni o'qib odamni vahm bosadi: shugina gazeta yoki jurnal orqasida shunday “kazo-kazolar” turganini ko'rib tahririyatga havas qilasan. Biroq o'z “kazo”lari bilan sira uchrashmaydigan jamoalarni ham bilamiz. Ayrim tahririyatlar hay'at a'zolarini yil – o'n ikki oy ko'rmaydilar, bir birlarini eslamaydilar ham. “Falon maqolani pistonchiga ko'rsatib oldik” yoki “Hay'atimizning piston a'zosi shu songa falon narsani yozib beradi”, degan gaplar mutlaqo quloqqa chalinmaydigan tahririyatlar qancha.

“Shifo-info”da bu borada munosabat mutlaqo boshqacha. To'g'ri, bu gazeta tahrir hay'atida ham obro', martaba borasida toshi yengil odamning o'zi yo'q. Oldi bir necha davlatlar fanlar akademiyalarining akademiklari, faxriy professorlari, fan doktorlar. Eng kamida fan nomzodi-dotsent rutbasidagi ma'lum va mashhur shaxslar. Barchalari “Shifo-…”ga parvona, kamarbasta, desak mubolag'a bo'lmaydi. Har sonda hay'at a'zolaridan kamida ikki, uchtasi tibbiyotimizning eng dolzarb mavzulariga bag'ishlab jiddiy, tahliliy chiqishlar qilishadi. Bundan tash­qari, mushtariyni qiziqtirgan tashxislar, kasallikni bartaraf etish bo'yicha maslahatlari, kishilarni tashvishga solgan muammolar yechimiga bag'ishlangan qisqa, sodda tilda bitilgan materiallari bilan qatnashadilar.

— Xo'jako'rsinga tirkalgan hay'at a'zosi yo'q bizda! — deydi gazetaga muassis bo'lgan xususiy korxona direktori Far­hodjon Normatov. — Avvalo, hay'at a'zolari ijodiy imkoniyatlaridan unumli foydalanolmayotgan bo'lsa, gazeta jamoasining o'zi aybdor. Nashr uchun jon kuydirmaydigan, tahririyat bilan muntazam aloqada turmaydigan hay'at a'zosi bilan xayr­lashish kerak… Biz shunday qilamiz!

Qani endi, ana shu tamoyilga barcha tahririyatlar ham amal qilsalar!..

“Shifo-info”ni ommabop-hammabop qilgan jihatlardan yana biri xalq tabobatiga katta ehtirom bilan yondashishi, nazarimizda. Deylik, bir kasallikka qarshi zamonaviy tibbiyot qanday kurashadi-yu xuddi shu dardga xalq tabobati qanday yondashadi: har ikki tajribaga ham yonma-yon, baqamti joy taqdim etilishi mumkin. Demak, jamoa tibbiyotimizning yanada yuksak parvozlari uchun baravar xizmat qiladigan bu ikki qanotni bir-biridan aslo ayro tasavvur etmaydi. Va to'g'ri qiladi!

Aslidaku, tabobatning millati yo'q. Ammo milliy tabobat bo'lgan, bundan keyin ham bo'ladi. Aks holda, Sharq tabobati, G'arb tabobati, Hind tabobati, Chin tabobati, Turon, Tibet tabobatlari degan sirli, falsafiy iboralar paydo bo'lmagan bo'lardi. “Shifo-info” ularning har biriga katta hurmat bilan yondashadi. Keyingi paytlarda bir oy davomidagi sonlarini alohida bir xalq tabobatiga bag'ishlab borayotgani ham o'quvchilarni mamnun qilyapti.

Har bir soni qatidagi biron bir kasallik tashxisidan tortib davo jarayonigacha bo'lgan jarayonni o'zida jamlagan qo'shimcha sahifa (vkladыsh)lar ham o'quvchi uchun ajoyib qulaylik. Zarurat tug'ilsa ajratib olinib, kitobcha shaklida qo'lma-qo'l o'qilishi mumkin.

Ijodiy jamoaning gazetaning tili ustida ishlashi, materiallarning qiziqarli va o'qishli chiqishi uchun chekadigan zahmatlari borasida ham aytadigan gaplarimiz ko'p edi. Ammo maqola hajmi bilan bog'liq andisha bois so'zni muxtasarroq qilishga majburmiz. Gapimiz quruq bo'lmasligi uchun hech bo'lmasa, materiallarga qo'yilgan sarlavhalardan misol keltiramiz. “Yo'talib ko'ringchi… yohud kasallikni ovozidan tanish…”, “Men saratonni yengdim, yengilmadim”, “Uzoq yashashni istaysizmi? Unda seving!”, “Siz “Shifo-info”ni o'qiyapsizmi? Demak…”.

Ajoyib, topilma sarlavhalar, shunday emasmi?

Ha, “Shifo-info” asli tibbiyotga bag'ishlangan nashr. Lekin unda o'z chiqishlari bilan ishtirok etayotgan mualliflar silsilasini ko'rib, “Shifo-info” hammaniki – butun xalqniki, deyish mumkin.

Darhaqiqat, gazetaning shakl­lanishida siyosat, jamoat arboblari, olimu ulamo, shoiru shuaro, san'atimizning mashhur namoyandalaridan tortib, oddiy quruvchi va dehqongacha o'z hissalarini qo'shishini ko'rib, gazeta haqiqatan xalqning suyukli minbariga aylanganiga ishonasan!

Odatda, shifotalab inson riyozat tortib doktorga boradi. “Shifo-info” bilan do'st tutunganlar esa o'zining ko'p kasalliklarini uyidan chiqmay o'zlari davolashi mumkin. Chunki gazeta bilan mamlakatning eng mashhur doktorlari, xoziq tabiblari holingizni so'rab, uyingizga o'zlari “kirib kelishadi”. Bu gapni men shaxsiy tajribasidan o'tkazgan odam sifatida aytayapman.

Kaminaning ham ko'p yillardan buyon qiynab kelayotgan dard­lari bo'lardi. Lekin qaysi bir xoziqqa oldin borishini bilmay, yillar o'tardi. Bir kuni “Shifo-info”da chop etilgan “Tibet lamalarining besh mashqi”ga ko'zim tushdi-yu mushkulimning kushodini topganday bo'ldim. Avvali Xudo, lekin ana shu mashqlarga ham ixlos qildimmi, tez orada ortiqcha bir pudcha vazndan, eski dardlarimning esa aksariyatidan xolos bo'ldim…

Bularning barchasi uchun ushbu gazetaning ajoyib olijanob jamoasiga aytolmagan rahmatlarimiz ham bor.

Abdunabi Boyqo'ziyev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 4 =