Kaspiyday jo'shqin ohang

O'zbekistonda Ozarbayjon davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvida erishilgan bitimga ko'ra, davlatlararo madaniyat va adabiyot kunlari o'tkazilishi bundan keyin an'anaga aylanishi tabiiy.

Shu kunlarda Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari o'lkamizda davom etayapti. Tadbir doirasida ozarbayjonlik san'at namoyondalari xorazmlik muxlislar tomonidan iliq kutib olindi. San'at ustalarining jozibali taronalari ixlosmandlar qalbini bir qur zabt eta oldi.

Xorazm san'ati ayrim jihatlari bilan ozar san'atiga hamohang, lahjasi ham yaqin, shu sabab ikki millat vakillari bir-birlarini tarjimonsiz tushunishadi.

Uch kun davom etgan mazkur do'stlik bayramini Xorazm viloyat hokimligi Ozarbayjon davlatining yurtimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda o'tkazdilar.

Festival dasturiga binoan mehmonlar Xiva osori-atiqalari maskani — “Ichan qal'a”dagi tarixiy va me'moriy yodgorliklarni tomosha qilishdi. Qadimiy qal'a uzra qardosh xalq taronalari yangradi. Bu yerda Ozar elining an'anaviy liboslari ko'rigi ham o'tkazildi.

Har ikkala millat pazandalari hozirlagan milliy taomlar nafaqat xivaliklar, balki, qadimiy obidalar maskaniga tashrif buyurgan sayyohlarga ham manzur bo'ldi.

Tadbir doirasida Urganch davlat universiteti “Madaniyat saroyi”da talabalar va professor-o'qituvchilar ozarbayjonlik taniqli shoira va publitsist So'na Valiyeva, yozuvchi Komron Aliyev va boshqa mehmonlarni iliq kutib olishdi. Oliy ta'lim dargohida uyushtirilgan ilmiy-amaliy anjuman “O'zbekiston va Ozarbayjon madaniy hamda adabiy aloqalari: Husayn Jovid va Cho'lpon asarlari — jahon dramaturgiyasining yuksak namunasi“ mavzuiga bag'ishlandi. Anjuman davomida Urganch va Boku davlat universitetlari o'rtasida o'zaro hamkorlik me'morandumi imzolandi. Ozarbayjonlik mehmonlar universitet kutubxonasiga o'zbek va ozar tillarida bitilgan kitoblar to'plamini hadya qilishdi.

Shundan so'ng, viloyat musiqali teatrining muhtasham binosida “Bizning abadiy do'stligimiz” shiori ostida qator tadbirlar uyushtirildi. Bu yerga yig'ilganlar qardoshlarimiz ijodi namunalari: suratlar va an'anaviy liboslar ko'rgazmasi bilan ham tanishdilar.

O'zaro do'stlikning yorqin timsoliga aylangan mazkur bayram haya­jonli ay±m kechasiga ulandi. Unda Xorazm viloyati hokimi F.Ermonov va G.Aliyev nomidagi Ozarbayjon Milliy madaniyat markazi direktori, Ozarbayjon Respublikasining yurtimizdagi elchixonasi kotibi S.Abbosov so'zga chiqdilar.

Abdulla Sobirov,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − nine =